Asosiy mavzular
22 noyabr 2019

RTdan va'z: Biz qo‘y emas, baliqmiz

O‘tgan hafta «Milliy tiklanish» partiyasi Qashqadaryoda neft ishlab chiqarayotgan «Lukoyl» shirkatining tanobini tortib qo‘yishni talab qildi. Chunki bu idoraning Qashqadaryoda ishlayotgan o‘ris amaldori o‘zbek ishchilarini «qo‘ylar» deb atabdi.

“Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” bosh energetigi Ivan Aleksandrovich Shilov Dehqonobod tumanidagi Jarquduq gaz tayyorlash majmuasi ishchilarini «qo‘y podasi», deb haqorat qilgani saylov poygasiga kirgan partiyalar og‘zida saqich bo‘ldi.

Qo‘y masalasiga bundan oldin o‘zlarini liberal demokratlar va xalq demokratlari deb ataydigan partiyalar ham o‘z munosabatini bildirgan edi.

O‘zbeklarni qo‘y degan janob Ivan Aleksandrovich Shilov zudlik bilan Moskvaga chaqirildi. Putin bovo uning qulag‘ini burab qo‘ysa kerak, degan yaxshi gumondamiz.

Gapning to‘g‘risi, janob Shilov o‘zbeklarni qo‘y deb xato qilibdi. Bir paytlar Usmon Haqnazarov bo‘lib oqsaroyu ko‘skaroylari titratgan jurnalist Bobomurod Abdullaev ham o‘zbeklarni qo‘y deb atasak haqimiz ketadi, degan edi.

Abdullaevga ko‘ra, qo‘y har xolda ma'rab ovoz chiqaradigan maxluq. Tepsang ham g‘iring demaydigan o‘zbeklarni baliq desak arziydi. Chunki baliq og‘zi bor-u, lekin gapirmaydigan yaratiq. Bu baliqni gazetaga o‘rasangiz, o‘sha gazeta ham uyatdan qip-qizarib ketgan bo‘lardi.

YuMURTO MUSTAQILLIGI

Limon bog‘larini yaratgan va mamlakatni katta tovuqxonaga aylantirib, yumurto mustaqilligiga erishgan, hammamiz uchun xurmatli prezidentimiz janobi oliylari Shavkat Mirziyoev ham baliqning millatimiz uchun ahamiyatini ta'kidladi. https://president.uz/ru/lists/view/2998

13 noyabr kuni prezident yig‘ilish o‘tkazib, baliqlarning tansiq turlarini yetishtirishga topshiriq berdi.

Yurtboshining ishonishicha, O‘zbekiston ustiga baliq yomg‘iri yog‘iladi. Tasavvur qiling, laqqa va sazan baliqlar osmondan duvva to‘kildi.

Shundoq olib tangasini qirtishlab, tovaga solib yesang bitta qo‘zichoq yeganday bo‘lasan. Amudaryo bo‘yidagilar laqqani dengiz qo‘zisi deb ataydi.

Prezident amriga ko‘ra, bundan buyon laqqa, osyotr, forel, ilonbaliq, sazan, cho‘rtanbaliq, umuman, itbaliqdan boshqa barcha dengizu daryo ne'matlari o‘zbekistonliklar dasturxoniga qo‘yiladi.

Ayniqsa, baqachanoq, sakkizoyoq va qisqichbaqalar yetishtirish ustivor masala qilib qo‘yildi.

Mutlaqo baxtiyor bo‘lishimiz uchun sakkizoyoq yetmay turuvdi o‘zi.

Hurmatli yurtdoshlar, agar oralaringizda kimdir o‘z hammomidagi vannasida baliq boqayotgan bo‘lsa, yugurib borib buni rahbarlarga aytib qo‘ying. Sizni ulug‘ tadbirkor deb atab, moshin padarka qivormasa meni akula yeb ketsin.

Hammomdagi vanna cho‘milish uchun emas, balki baliq yetishtirish uchun hovuz sifatida baliqchilik vazirligida ro‘yxatdan o‘tadi. «Har bir oila – baliqchi tadbirkor» degan formula hayotga tadbiq etiladi.

Kir-chir bo‘lib yuvinmay yursak ham dasturxonimizda sakkizoyoq bo‘ladi. Shukur qilaylik, birodarlar.

Bu haqda o‘ylayottan prezident, qizlari, kuyov va amma-xolalarini mullalar duo qilishini talab qilaylik.

Ular shu kungacha Mulla Umar bilan Bag‘dodiyni ichida duo qilib yotishuvdi. Ularning duosi bois necha ming o‘zbek beliga bomba bog‘lab IShIDga sallot bo‘lib yollanib, jallodga aylandi.

Bu IShIDchi o‘zbeklarning ko‘pi zambarak yemiga aylanib o‘lib ham ketishdi. Tirik qoganlari Turkiyada qamoqda yotibdi.

O‘tgan kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li “Turkiya ishidchilar uchun otel emas. Bervoramiz ularni chiqqan joyiga”, dedi.

Gapning qisqasi, Turkiya IShID jallodi bo‘lgan 82 ta radikal dindorni O‘zbekistonga qaytaradigan bo‘ldi. «Toshkent siti»dan uy berishsa kerak ularga, chunki Jasliq yopiq.

O‘zbekistondagi mullavachchalar qalbi esa IShID va «Tolibon»ga mehr bilan limo-lim. Zotan, biz mehribon xalqmiz. Bobur aytganidek, mehr ko‘p ko‘rguzdik, ammo mehribone topmadik.

6 noyabr kuni Tojikistondagi chegara zastavasiga hujum qilgan IShIDchilar ham o‘zbek bo‘lib chiqdi. Vatanga intilayapti ular, vatanga. Buni olqishlash uchun masjidlarda elektr bilan ishlaydigan radiokarnayga izn bersa ham arziydi.

Lekin shu o‘rinda IShIDga askar yetkazib bergan yolg‘iz biz emasligimizni aytishimiz joiz bo‘ladi. Masalan, Qozog‘istonning Chimkent, Qirg‘izistonning O‘sh, Tojikistonning Xo‘jandidagi tili bir, pasporti boshqa millatdoshlarimiz ham IShID safida jang qilib mana uylariga qaytishmoqda.

Taomilga ko‘ra, shu yerda chet el abarlari boshlanishi kerak. Bosdik tugmani.

ChYeT EL XABARLARI

AQShda peshanasida dumi bor kuchuk tug‘ildi. Bunday dum mamlakat rahbari sha'niga qasidalar bitayotgan shoirlarimizga juda yarashgan bo‘lardi.

Hukmdor o‘shanda nafaqat sha'niga aytilgan maqtovlarni eshitish, balki shoirning qiroatiga mos dumini likillatishidan ham zavqlangan bo‘lardi. Axir shoir o‘z hukmdorini bor ovozi bilan maqtasa-yu, dumini qisib turgan bo‘lsa, juda shubhali ko‘ringan bo‘lardi. Bas, yurtboshini madh etarkan, dumni ham astoydil likillatish joiz.

ERTAKLAR YaXShILIKKA YeTAKLAR

Ko‘plar meni ertakchi deb ataydi va va'z ichida ertak bo‘lishini kutishadi. Ammo ertak aytish ham xatarli maslak ko‘rinadi. Yaqinda moshina urib o‘ldirgan jurnalist Davlat Nazar ham o‘limidan oldin bir-ikki ertak yozgan edi.

Aslida ertaklar yaxshilkka yetaklar. Ertak eshitgan odam o‘zini baxtiyor his qiladi. Chunki uni ajdar yemadi, otasi o‘rmonda adashtirmadi.

Eng muhimi, ertakdagi o‘zi kal bo‘lsa ham podshoning qiziga uylanib, tansoqchilar boshlig‘i bo‘lib, Tesla minib yurgan Otabek hikoyasi odamni to‘lqinlantiradi.

Ijtimoiy so‘rov natijalarida O‘zbekiston vatandoshlari dunyodagi eng baxtiyor qavm sifatida qayd qilinadi.

Ko‘plar bunga shubha qiladi. Gaz yo‘q, chiroq yo‘q, sal gapga qamalib yoki mashina urib ketadigan mamlakat vatandoshlari baxtiyor bo‘lishi mumkin emas, deyishadi.

Yana birovlar esa jinnixonaning oltinchi palatasida baxtiyorlar yashaydi, deb ishonishadi. Mayli, buni Nafosat Olloshukurova jinnixonadan chiqqanida so‘rab bilib olamiz.

Men esa o‘sha so‘rov natijalarining haqiqiyligiga ishonaman. Eng kamida Mirziyoev oilasi baxtiyor.

Bir xorij nashriyoti o‘zbek ertaklari haqida kitob chiqaruvdi.
Bu kitobga rasm chizish vazifasi menga yuklandi. Asnoda o‘nlab ertak kitoblarini o‘qib chiqdim.

Ertaklardan biri baxtli odam haqida edi…

BAXTLI ODAM HAQIDAGI ERTAK

Qadim zamonda bir podshohning bolasi tuzalmas kasalga chalinibdi.
Tabiblar bolaning dardiga uzoq vaqt darmon topisha olmabdi.
Alal-oqibat bir tabib «Bu bola baxtli odamning choponini kiysagina tuzaladi», deb diagnoz qo‘yibdi.

Shotirlar butun mamlakatni kezib bitta ham baxtli odam topa olmagach, podshohning o‘zi oddiy kiyinib, ko‘chama-ko‘cha keza boshlabdi.

Podshoh yurib-yurib, shahar chekkasidagi qiyshayib turgan bir vayrona uy oldiga borib qolibdi. Ichkaridan «Voy qanday baxtiyorman», degan sas kelibdi.

Podshoh saroyiga qaytib, vayrona uyga shotirlarini yuborib,»tez o‘sha baxtiyor kishining kiyimini keltiring» deb buyuribdi.

Shotirlar borib vayrona ichiga kirishsa, baxtiyor odamning choponi yo‘q ekan.

Ana shunaqa.

NUQSONNI FAZILATGA AYLANTIRISh

Reklama sanoatida «nuqsonni fazilatga aylantirish» degan tryuk bor. Masalan, kichkina mashina reklama qilinsa, «u kichik, lekin park qilishga qulay», deyiladi. Shu ma'noda qo‘rqoqlik fazilatga aylantirilayotganiga ham misollar bor.

Men suhbatlashgan kishi O‘zbekistonda yashaydi va o‘zini donishmand deb biladi. Ismini aytishga qo‘rqdi. Mana bu gaplar u kishining donishmandona mulohazalaridan bir parcha:

«Qo‘rqmaslik yaxshi, lekin kitoblarda, ertaklarda yaxshi. Hayotda qo‘rqmaslarning ahvoli ne kechishini ko‘rib turibmiz. “Paqir panada bo‘ladi”, “ketni qisgan boy bo‘ladi”, degan gaplar shunchaki gap emas. Xalqimizning ming yillik xulosasi.

“Egilgan boshni qilich kesmas”, degan maqol ham qo‘rqoqlik haqida. Masalan, armiyada siz dedlarga qarshi borsangiz, ular sizni urib mayib qilib qo‘yishadi. Umrbod majruh bo‘lib yashaysiz. Agar siz aqlli bo‘lsangiz, siz ularning paypog‘ini yuvib qo‘ygan bo‘lib, vaziyatga chap berasiz. Joningiz omon bo‘ladi.

Yana bir misol. Bosqinchilar uyingizga bostirib kirishdi va ayolingizni zo‘rlay boshladi. Agar siz bu bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatsangiz, ular sizni o‘ldiradi. Oqibatda farzandlaringiz yetim qoladi.

Bunday paytda eng kam talafot ko‘riladigan yo‘lni tanlash kerak. Qo‘rqmayman, jasurman deb o‘zingizni, oilangizni va qarindoshlarni xavf-xatarga qo‘yish ham yaxshi emas.

Buni sizga 10 sutka qamoqda o‘tirgan xorazmlik shoir ham, jurnalist erini mashina urib o‘ldirgan beva ham aytishi mumkin.

Mana, masalan, Kun.uz Toshkent hokimi, ayni paytda biznesmen va gangster Ortiqxo‘jaev jurnalistlarni shessekundda geylarga aylantira olishi, keyin dengizga cho‘ktirishi mumkinligini aytdi. Ular shu zahoti hokimning sha'masini tushunishdi va murojaat yozishdi.  

«Bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘raymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz”, deyishdi bizga ular.

ITVAChChALAR

Men bir paytlar taniqli rus aktyori va rejissyori, hozirda marhum Leonid Filatov bilan muloqotda bo‘lgandim. Leonid Filatov 1990 yili «Sukinы deti» (Itvachchalar) degan kino olgandi.

Kino bir isyon haqida. Teatrga yangi rahbar kelib, tsenzura o‘rnatganidan g‘azablangan ijodkorlar isyon qiladi. Ular bu isyonni teatr ichida qilishadi. Bu ijodkorlar teatr tashqarisidagi butun xalq ularni qo‘llab-quvvatlayotganiga ishonishadi.

Ammo film finalida aktyorlar ko‘chaga chiqib, bo‘m-bo‘sh shaharni ko‘rishadi. Hech kim ularni qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q edi. Shahar uxlab yotar edi.

Leonid Filatov donishmand bir kinochi o‘laroq, xalq rostdan ham qo‘ylar podasi bo‘lishi mumkinlishini aniq ko‘rsatib bergan edi bu filmda.

Internetning virtual tarmog‘ida ONLAYN bo‘lgan o‘nta kalning dod-voyi butun xalqni tamsil qilmaydi.

Toshkent halqa yo‘lidan narida yashayotgan millionlagan xalq OFFLAYN. Ular kechqurun O‘zTV ko‘rsatuvlarini ko‘rishadi.

Qo‘shiqchilarning zaytun yog‘iga qo‘y etidan tomoq pishirgani aks etgan TV shoularini tomosha qilishadi. Juda nari borsa ,»Zirapcha»da bir eks fohishaning dardini eshitib, ko‘ziga yosh olishadi. Ular bu TV tomoshalarini ham elektr kelgan paytda ko‘rishadi.

Aksar xalq OFFLAYN bo‘lib turgan paytda internet deb atalgan istakon ichidagi bo‘ron o‘sha istakonning ichidayoq tinib qolyapti. Bamisoli o‘sha Leonid Filatov filmidagi millatning uyg‘oq odamlari teatr binosi ichida isyon qilgani kabi.

Filmda xalqim meni quvvatlaydi deb o‘ylaydigan faol o‘lib qoladi.
Film qaxramonining finalda aytgan «Biz shunchaki itvachchalarmiz» degan gapi qissadan xissa kabi yangraydi.

Ammo…

Bugungi O‘zbekistonni zuluk kabi so‘rib, talayotgan qaroqchilar galasi ONLAYN.

Prezidentning o‘zi, xotini Ziroat kennayi. Qizlari va ularning ochopot erlari ham uzun kun internetda o‘tirishadi.

Ko‘cha o‘g‘rilari va bu o‘g‘rilarni hukumatda tamsil qilgan Ortiqxo‘jaev ham ONLAYN.

Hokimning kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari degan lavozim egasi bo‘lib mamlakat yerlarini ko‘tarasiga va ulgurji sotayotgan itvachchalar ham ONLAYN.

Mamlakat ichi va tashqarisidagi demokratiya va liberalizmga ishonadigan o‘nta kalning internetdagi faolligi bu itvachchalarni cho‘chitmoqda.

O‘g‘rilar yorug‘likni va oshkoralikni sevmagani kabi bu itvachchalar ham so‘z erkinligidan qo‘rqishadi.

Demak, «Pushkin aytganidek ,»Sibir konlarining tagida chekkan zahmatimiz ketmas behuda».

O‘g‘rilar ONLAYN bo‘lgan zamonda to‘g‘rilar OFFLAyN bo‘lmasin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
2 dekabr 2021
1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykali buzib tashlandi. Haykal badiiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston xalq ...
15 fevral 2021
O‘zbekiston prezidentining kenja kuyovi Otabek Umarov 13 fevral soat 18lar atrofida Toshkent markazidagi ko‘chada yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Prezident davlat ...
25 iyul 2018
Rassom Azizbek Eltuz.com
7 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...