Asosiy mavzular
28 noyabr 2019

«Erk» partiyasi lideri Muhammad Solih kutilayotgan saylovni tanqid qildi

Turkiyada yashayotgan O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih 27 noyabr kuni «Nastoyashee vremya-Aziya» TV dasturi uchun bergan intervyusida kutilayotgan saylovni tanqid qildi.

Muhammad Solih: So‘z erkinligi jabhasida ham ahvol jiddiy o‘zgarmadi. Bu sohadagi soxta liberalizm bir-ikki blogerning korruptsiya va mansabdorlarning zo‘rovonligini tanqid qilishi bilan darrov chatnay boshladi. O‘zbekistondagi iqtidor Karimov rejimi yuziga surilgan atir-upadan boshqa hech qanday siyosiy islohotga qo‘l urmadi. Yuksak minbarlardan yangrayotgan nutqlar qip-qizil populizmdir.

Saylov komissiyasi tarafidan ro‘yxatga olingan mana shu beshta partiyaga qarang: ularning hammasi qo‘g‘irchoq partiyalar! Beshtasini ham O‘zbekistonning sobiq hukmdori Islom Karimov shaxsan o‘zi tuzgan. Ulardan hech biri o‘zbek xalqining manfaatlarini tamsil etmaydi. Ularning asos vazifasi o‘lkada «ko‘ppartiyaviylik» taassurotini yaratish, ko‘ppartiyaviylikni imitatsiya qilishdir.

Bu partiyalar o‘zlarini hukumatga muxolif sanaydilar, ammo ular 25 yil davomida hukumatni maqtash va diktator Karimov jinoyatlarini ma'qullash bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Chunki Karimov ularni dunyoga keltirdi, Karimov «sayladi». ULAR SAYLOVGAChA SAYLANDILAR.

Ular bugun ham xalq tarafidan emas, prezident tarafidan «saylanmoqdalar».

O‘zbekistonda o‘zga fikrlilarni ta'qib etish davom etmoqda. Yaqinda rejim tanqidchisi jurnalist Davlat Nazarni «shubhali» bir yuk mashinasi «shubhali shaklda» urib ketdi va jurnalist o‘ldi. Boshqa bir muxolif fikrli faol Shabnam Olloshukurova Urganchda norozilik yurishni dastaklagani uchun jinnixonaga tashlandi.

Jamoatchilikning muttasil talablariga qaramasdan, Karimov rejimi tarafidan soxta ayblar bilan ayblanib qamoqqa tashlangan siyosiy mahbuslar Akrom Malik va Rustam Abdurahmonov hali ham ozod qilingani yo‘q.

Yaqinda o‘tadigan bu soxta «saylov»ni kuzatishga keladigan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti missiyasi bu tashrifi bilan O‘zbekistondagi antidemokratizm va postkarimov rejimining siyosiy repressiyalarini mashrulashtirishdan boshqa narsaga xizmat qilmaydi.

Savol: Muxolifatning bu saylovni tan olishi uchun nima yuz berishi kerak?

Muhammad Solih: Bugungi iqtidorning qo‘lidan kelmaydigan shu ishlar amalga oshishi kerak: keyingi 30 yil ichida Karimov rejimi tarafidan nohaq ayblanib, jazolangan muxolifat arboblari oqlanishi lozim. Surgundagi muxolifat liderlari o‘lkaga qaytib kelishi uchun ularga yo‘l ochilishi kerak. Muxolifatning saylovda qatnashishi haqida rasmiy bayonot berilib, muxolif nomzodlar rasman ro‘yxatga olinishi kerak. Bu eng zarur va birinchi shartlardir. Ammo bu shartlarni bajaradigan bir hukumat yo‘q bugun O‘zbekistonda.

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2019
Rassom Kirpi Eltuz.com
7 dekabr 2017
1 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari – Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda ...
10 yanvar 2018
14 yanvar kuni denovliklar o‘tgan yili Ginnesga kirgan mega palov rekordini yangilashmoqchi. Rassom Tuz esa rekord kontseptini yanada ulkanroq ...
28 oktyabr 2015
Ertalab bir qo‘shnimnikiga oshga chiqqandim. Bir katta jome-masjidining imom-xatibi xam kelibdi. 30-35 yoshlardagi yigit ekan. Juda chiroyli gaplarni gapirib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...