Asosiy mavzular
21 yanvar 2020

Oltinlarimizni nega sotyapmiz?

O‘zbekiston so‘nggi yillarda tobora ko‘proq oltin sotmoqda. Shunga qaramay, mamlakatning tashqi savdo aylamasida salbiy saldo hajmi oshib boryapti. 

Masalan, mamlakat 2018 yilda 70 tonna oltin sotgan bo‘lsa, 2019 yilda taxminan 5 milliard dollarga 110 tonna oltin eksport qildi.  

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 90-100 tonna atrofida oltin qazib olinadi. 

Marhum prezident Islom Karimov davrida bu oltinlarning taqdiri noma'lum edi. Qancha oltin sotganimiz, qancha qazib olganimizgacha mavhumligicha qolib ketayotgandi. 

Lekin Shavkat Mirziyoevning “oshkoralik zamoni”da esa bu boradagi raqamlar birmuncha oydinlashdi. 

Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov tilla sotuviga oid ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan muhokamalarga javoban o‘tgan yili valyuta bozoridagi interventsiyalar hajmi 3,8 milliard dollar bo‘lgani, bu esa ishlab chiqarilgan oltin hajmidan kamroqligini bildirdi.

Tashqi savdoga oid ko‘rsatkichlarni solishtirganimizda, yuqorida keltirilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston oltin sotish hajmini yildan yilga oshirib borayotganini ko‘rish mumkin. 

Xo‘sh, bu nimadan darak beradi?

Avvalo, O‘zbekistonning so‘nggi ikki yildagi tashqi savdo aylanmasi hajmiga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi. 

UzStat ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda tashqi savdodagi salbiy saldo $ 5,2 mlrd bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda $6,4 mlrdni tashkil etgan. 

O‘zbekistonning o‘tgan yilgi tashqi savdo hajmi 2018 yildagiga nisbatan avvalgi yildagidan 26,2 foiz ko‘p bo‘lgani, bir tomondan qaraganda, quvonarli ko‘rsatkich. 

Ammo tashqi savdodagi salbiy saldo hajmi oshib borayotgani haqida bunday deb bo‘lmaydi. 

Eksportda qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar ulushi juda katta, ya'ni 5,1 milliard dollarni tashkil etadi. 

Jami 17,9 milliard dollarlik eksportimizning uchdan biridan sal ortiqrog‘i shu tovarlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

“So‘nggi ikki yildagi statistika fonida tahlil qilsak, mamlakatimiz tilla sotish orqali eksport-importdagi muvozanatni imkon darajasida saqlab qolishga intilayotganini taxmin qilish mumkin”, deydi “Eltuz” bilan suhbatda iqtisodchi Sanjar Aqilov.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston yangi texnologik uskunalarni sotib olish orqali o‘z sanoatini modernizatsiya qilish jarayonida turibdi.

Bu jarayonda eksport-import muvozanatini saqlashda shu vaqtgacha mehnat migrantlarining yuboradigan mablag‘lari yetakchi rol o‘ynayotgan edi.

“Ammo so‘nggi vaqtlarda texnologik uskunalar sotib olish hajmi oshgani, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish summalari ko‘paygani kabi omillar ortidan mehnat migrantlari yuborayotgan mablag‘ tashqi savdodagi muvozanatni saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmay qoldi. 

Hukumat bu muvozanatni soliq va bojxona tariflarini muqobillashtirish, ya'ni qaysidir joyda kamaytirish, qaerdadir ko‘paytirish orqali yechish harakatida bo‘lyapti”, dedi iqtisodchi. 

Uning fikricha, O‘zbekiston kabi rivojlanish yo‘liga o‘tayotgan davlatlar uchun tashqi savdodagi salbiy savdo hajmi oshishi ijobiy holat emas.

Hozircha O‘zbekiston buning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida o‘zi ishlab chiqarayotgan oltindan foydalanmoqda. 

“Lekin bu jarayonning uzoqqa cho‘zilishi yaxshilikka olib kelmaydi. Biz tashqi savdodagi muvozanatni oltin sotuvisiz saqlab turish yo‘lini qilishimiz kerak. Hozircha barcha umid yangi texnologiyalarga tikkan pulimiz o‘zini tezroq oqlashida”, dedi “Eltuz” suhbatdoshi Sanjar Aqilov.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 aprel 2018
Mirziyoev N viloyatining olis bir tumaniga vertolyotda uchib keldi. Yurtboshi tikuchar zinasidan tushib, atrofga alanglab qaradi. Atrof ivirsib yotibdi. ...
14 may 2018
O‘zbekistonda «Mardikorlar kasaba uyushmasi»ni tuzgani uchun 10 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgan Faxriddin Tillaev 12 may kuni ozod ...
14 fevral 2022
Internet texnologiyalari hayotimizni tez o‘zgartirmoqda: qaerda bo‘lmasin, ular bizga axborot olish, ma'lumot almashish va muloqotga kirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shu ...
30 iyul 2019
Karlovi Vari o‘zbek amaldorlari va ularning banditlari uchun sevimli maskan. 2015 yilning yozi issiq keldi. Sobiq bosh o‘zbek menti ...
Bloglar
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi ...
21 mart 2023
Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Bugungi ko‘rstuvimizga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan buyon AQShda yashayotgan ...
13 mart 2023
«Yeltuz» kanalida o‘z videoblogini yuritayotgan AQShda yashayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov aprel ...