Bosh prokuratura tergovchilarining qiynoqlari
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan “O‘zmetkombinat” aktsiyadorlik jamiyati bilan xususiy firmalar orqali shartnoma imzolagan Abdusattor Shukurov, Sanobar Yoqubova va boshqa fuqarolar o‘zlarining ustidan ochilgan jinoyat ishini tergov qilish paytida Bosh prokuratura tergovchilari tomonidan shafqatsizlarcha qiynoqqa solinganini haqida sof.uz nashri e'lon qildi.
Ikki oy davomida o‘tkazilgani aytilgan jurnalistik surishtiruvdan ma'lum bo‘lishicha, 2017 yilning kuzida “metall ishi” yuzasidan 30 dan ortiq fuqaro Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bo‘yicha ayblangan.
Ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. “Tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagan, boshlariga tsellofan xalta kiydirgan, sovuq xonalarda yechintirgan, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgan”.
Fuqarolar Abdusattor Shukurov, Sanobar Yoqubova va boshqalar “O‘zmetkombinat” AJ bilan xususiy firmalar orqali shartnoma imzolashgan. Ular turli joylardan (eski binolar, chiqindixonalar va hokazolardan) yollanma ishchilar bilan metall chiqindilari yig‘ib kombinatga topshirgan.
Kombinatda metall chiqindilari eritilib, tayyor mahsulotga aylantirilgan. Bu xizmat uchun firmalar shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘lagan. Tayyor mahsulot aholiga bozordagiga nisbatan arzon narxlarda sotilgan, deb yozadi sof.uz.
Biroq 2017 yilning boshida vaziyat o‘zgargan.
“Qiziq tarafi shuki, 10 yilga yaqin shu faoliyat bilan shug‘ullangan bo‘lsak, bizga biror marta soliq, moliya, prokuratura va boshqa tashkilotlar tomonidan ayblov qo‘yilmagandi.
Soliqlarni o‘z vaqtida to‘laganmiz. Kerak bo‘lsa, o‘sha vaqti hokimlik zimmasiga yuklangan temir “rejasi”ni yopardik.
Bog‘cha, maktablar temirni qaerdan olsin? Biz ularga ham yordam berardik. Chiqindixonalarda yo‘q bo‘lib ketayotgan temirni yig‘ib, kombinatga topshirib, uni tayyor mahsulot shakliga keltirib, aholiga arzon sotganimiz aybimizmi? Nima ayb ish qildik? Davlatning pulini yedikmi? Vatanimizga xiyonat qildikmi? Aybimizni hech kim qonunan tushuntira olmayapti”, dedi Sanobar Yoqubova.
Yana bir jabrlanuvchi – firma direktori Abdusattor Shukurovning aytishicha, 2017 yilning iyun oyida tergovchilar prokuratura idorasiga chaqirishni boshlagan.
Bosh prokuratura tergovchilari Ulug‘bek Umarov, Sanjar Fayziev va Ma'sud O‘rolov uning firmasiga 30 milliard so‘m zararni qoplash majburiyatini yuklangan.
Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar unga bu summani topish uchun bir hafta muddat berib, to‘lamasa, uzoq muddatga qamalib ketishi mumkinligini aytib qo‘rqitishgan.
Biroq Shukurov va uning advokati tergovchilarga ayb isbotlanmaguncha bu pulni to‘lamaslikni bildirgan.
Shukurovga bosim o‘tkazish maqsadida bosh prokuratura Abdusattor Shukurovning ishiga aloqasi bo‘lmagan jiyani va o‘g‘lini uyidan olib ketib, muayyan muddat hibsda saqlagan.
Shundan keyin Abdusattor Shukurov 2017 yil 20 oktyabr kuni Bosh prokuraturaga borgan zahoti qamoqqa olingan.
Shukurovning bildirishicha, uni bir hafta mobaynida “Gvardeyskiy”ga (Yunusobod tumanida joylashgan davlat xavfsilzlik tergov hibsxonasi) qamashgan.
Uning qaerda ekani haqida na qarindoshlariga, na advokatlariga xabar berishgan. Keyin “Toshturma”ga (Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-tergov izolyatori) olib ketishgan.
2017 yil 4 noyabrda Abdusattor Shukurov Bosh prokuraturaga olib borilib, tergovchilar Ulug‘bek Umarov, Sanjar Fayziev va Ma'sud O‘rolov bilan uchrashtirilgan.
Ular “jinoyatchi”ni boshdan-oyoq yechintirib, sovuq kirishi uchun xona derazalarini lang ochib tashlagan. Isinishi uchun “tur-o‘tir” deb jismoniy mashqlar qildirgan.
Yoshi katta bo‘lishiga qaramay, uni 20 kilogrammdan ortiq yukni ko‘tarishga majburlashgan. Yukni ko‘tara olmayotganini ko‘rib, tergovchilar Umarov va Fayziev uni ikki tarafdan duch kelgan joyiga urgan.
Tergovchi Sanjar Fayziev Shukurovning boshiga oq tsellofan xalta kiydirib qiynagan. O‘zini himoya qilish maqsadida Fayzievni itarib, tsellofanni yirtib tashlaganidan so‘ng hushidan ketguncha kaltaklashgan.
Hushiga kelgan tadbirkor “bo‘ldi, o‘lib qoladi, o‘lib qolsa, o‘ligi tirigidan qimmatga tushadi”, degan ovozlarni eshitgan. O‘ziga kelganda “nashatir spirti”ni hidlatishib, sovuqda yalang‘och holda yotishiga qaramay, ustidan suv sepishgan.
Qo‘llarini kishanlashib, boshiga ikkinchi marta tsellofan xalta kiydirishib, yana hushidan ketguncha do‘pposlashgan. Muayyan muddat o‘tib o‘ziga kelgandan so‘nggina tergovni tugatishgan.
Tergovchilar bu kabi vahshiyliklarni bir qancha ma'lumotlar yozilgan hujjatga qo‘l qo‘ydirish maqsadida qilishgan.
Abdusattor Shukurov qamoqqa olinganidan so‘ng yetti oy mobaynida to uy qamog‘i to‘g‘risida sud ajrimi chiqquncha advokatlari bilan uchrashtirilmagan. Unga qamoqda saqlanayotgan vaqtida ham turli darajada ruhiy bosimlar o‘tkazishgan.
Ular bilan birga tergov qilingan boshqa fuqarolar ham tergovchilarning nima qilib bo‘lsa ham ayblov qog‘ozlariga imzo chektirish maqsadida insoniylikni unutishlaridan jiddiy arz qilishgan.
Advokat Umid Eshonqulovga ko‘ra, tergovchilar tomonidan tergov vaqtida jinoyat ishiga guvoh sifatida chaqirilgan shaxslardan zararni qoplash uchun pul undirish amaliyoti qo‘llanilgan.
Tergovchilar guvohlarga ayblanuvchilarning ahvolini ko‘rsatib, ular ham shu holga tushib qolmasligi uchun aytilgan mablag‘ni to‘lashi lozimligini tushuntirishgan. Natijada guvohlar aytilgan pullarni Bosh prokuraturaning depozit hisob raqamiga to‘lashgan.
Sud qarori chiqmay turib undirilgan pul “O‘zmetkombinat” AJ hisobiga o‘tkazib yuborilgan. Advokat bu bo‘yicha unda Bosh prokuraturaning xati ham mavjudligini aytdi.
Bosh Prokuratura 22 fevral kuni “Bekobod metallurgiya kombinati”ga oid jinoyat ishi yuzasidan tekshirish boshlanganini bayon qildi. Unda «tekshirish natijasiga ko‘ra, e'lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta'minlanadi» deyilgan.
Eltuz.com