Biz sizdan davo topdik…
Keyingi 6 oy davomida biz ularni urdik, kaltaklab mayib qildik. Bonusiga poraxo‘rsan, ta'magirsan, dedik. Mashina glushiteli teshilganida ustaga shartta 200 dollar chiqarib beradigan krutoy boy odammiz. Ammo medsestra ukol qilganiga 5 ming so‘m olsa, chetga chiqib uning onasidan so‘kdik.
«Biz sizdan davo topdik, mehribon shifokorlar», deb qo‘shiq kuyladik. Ammo 8 yil o‘qigan odamga tuzukroq maosh tayin qila olmadik.
Harf tanimaydigan prokuror million dollarlik qasrlar sotib olib yashayapti. Doktorlar esa oq xalatini yuvish uchun kir mashina sotib olsa, taraddudlanib cho‘ntak kavlaydi.
Bugun ular uxlamay bizning dardimizga davo izlamoqda. Uch kundan beri uyiga bormagan doktorlar bor.
Aziz doktorlar. Shifokor va hamshiralarim. Novvot va shiralarim. Bratlarim. Medbratlarim. Sizga tasanno va ta'zim. Siz bugun Luqmonsiz, Hakimsiz, Ibn Sinosiz, Gippokratsiz, Doktor Aybolitsiz.
Sizni beqadr qilganimiz uchun ular nomidan uzr so‘rayman.
Italiyadagi to‘rtta hamshira pitstsa buyurtirganida pitstsachi pulini olmadi.
Kassa qog‘oziga «sizga rahmat», deb yozib berishdi.
Kulfatdan saboq chiqarib shifokor qadriga yetgan itoliyonlardir.
Koshki, bozorda meva sotayotgan o‘zbek tujjor ham xarajat qilayotgan doktordan bir safar pul olmasa, deb orzu qilaman.
Ammo osmon uzilib tushsa ham bunday bo‘lmaydi. Non bergan odamning qo‘lini, yo‘l ko‘rsatgan odamning oyog‘ini sindirib o‘rganib qolganmiz.
Ammo na esa…
Men sizdan davo topdim, mehribon shifokorlar. Sizga sharaf, sizga shon – zamonamiz Ibn Sinolari.
(Foto: O‘zbekistonlik mediklarning feysbukdagi fleshmobidan)
(c) Rassom Tuz