Asosiy mavzular
25 iyun 2020

“Toshkentdagi islohotlar hali-hanuz bizgacha yetib kelmadi”

O‘zbekiston inson huquqlari forumi (Uzbek Forum) tashkiloti e'lon qilgan yangi hisobotda majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan sezilarli olg‘a siljish bilan bir qatorda hukumat tomonidan tashkil etilgan majburiy mehnat saqlanib qolayotgani qayd qilinadi. “Eltuz” ushbu hisobotning qisqacha bayonini taqdim etadi. 

Toshkentdagi islohotlar hali-hanuz bizgacha yetib kelmadi”: 2019 yilda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimidagi majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha tugallanmagan ish

Umumiy ma'lumot

2019 yil 27 sentyabrda favqulodda vaziyatlar vaziri 2100 nafar o‘t o‘chiruvchiga O‘zbekistonning turli hududlarida paxta terimida qatnashish bo‘yicha rasmiy ravishda buyruq chiqardi. Ammo bundan bir necha kun oldin mamlakatdagi o‘t o‘chiruvchilar bo‘linmalari allaqachon paxta terimiga tayyorlanib, dalaga yuborila boshlangandi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘t o‘chiruvchilarning o‘nlab xabarlari paydo bo‘lib, ular paxta terish buyrug‘ini qoralashar va yordam so‘rashardi.

“Biz yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarimiz. Har yili biz Jizzax viloyatida ikki oy davomida paxta terishga majburmiz. Kuniga 100 kilogramm paxta terish normasi qo‘yiladi. Bu hafta bizga yana terimga borish uchun tayyorgarlik ko‘rishimizni buyurishdi. Biz nima qilaylik?” (Navoiy shahri o‘t o‘chiruvchilari xabari. Paxtagram,  2019 yil 13 sentyabr).

“Biz, Buxoro viloyati yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari paxta terishga majbur bo‘lmoqdamiz. Odatda uch smenada ishlaymiz. Hozir bitta smenamiz paxta terishga jo‘nab ketgani sababli biz ikki smenada (12 soat) ishlayapmiz. Bu biz uchun og‘ir yukdir. Rostini aytsak, ismlarimizni yozib imzo qo‘yishdan qo‘rqamiz. Bizga yordam bering, iltimos”. (Paxtagram, Buxoro shahri o‘t o‘chiruvchilari xabari).

“Yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i, [ism-sharifi saqlanmagan] buyrug‘iga binoan 100 nafar xodim Jizzaxga paxta terimiga jo‘natildi. Lekin bizga jamoat tashkilotlarini paxta terimiga boshqa majburlamasliklari haqida aytishmaganmidi? “Obod qishloq” dasturida [uylarni rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash uchun] ikki yuzta xodim majburiy ishga jalb qilindi. Nega hech kim [boshlig‘imiz, ism-sharifini bermadik] jazolay olmaydi? U favqulodda vaziyatlar vaziri Xudoyberganovdan buyruq olganini aytayapti”.  (Uzbek Forum ning feysbuk tarmog‘idagi Paxta-2019 guruhidagi o‘t o‘chiruvchilar xabari. Andijon, 2019 yil 28 sentyabr).

“Biz Samarqand viloyati yong‘in xizmatida ishlaymiz. Jizzax viloyati Paxtakor tumanida paxta teryapmiz. Ular bizni hattoki it yemaydigan narsalar bilan boqishyapti. Yana bizga ovqat uchun kuniga 22000 so‘m (taxminan 2.20 AQSh dollari) to‘latishmoqda. Agar biz shikoyat qilsak, unda paxta markazi boshlig‘i [ismi saqlanmagan] va kapitan (ism saqlanmagan) bizga aytilgan hamma narsaga javobgar bo‘ladi. Nima, siz ish joyingizni yo‘qotishni xohlarmidingiz?” (Uzbek Forum ning feysbuk tarmog‘idagi Paxta-2019 guruhida samarqandlik o‘t o‘chiruvchilar qoldirgan xabar. Jizzax, 2019 yil 4 noyabr).

* * * *

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan olingan ushbu xabarlar O‘zbekistonda 2019 yil paxta yig‘im-terimi mavsumida sohadagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, majburiy mehnatga barham berish mushkul bo‘lganidan dalolat beradi. Shuningdek, ular majburiy mehnatni bekor qilishdagi muammolarni aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi: ayrim hududlarda ishchilarining tarkibiy yetishmovchiligi va ko‘ngilli ravishda ishga qabul qilishda hukumat vakillari yoki hukumatning tazyiqlariga aloqador bo‘lmagan samarali va axloqiy mexanizmlarning yo‘qligi. Shuningdek, o‘t o‘chiruvchilarning hikoyasi achchiq haqiqatni yoritib, majburiy mehnatni bir chetda yashirishga imkon bergan holda javobgarlik hissi noaniqligicha qolib ketmoqda. Hujjatli dalillar shuni yaqqol ko‘rsatadiki, markaziy hukumat idorasi o‘z xodimlariga paxta terishni buyurgan.

O‘t o‘chiruvchilarning majburiy mehnatdan shikoyat qilishlari, arz qilganlari uchun ishini yo‘qotishi mumkinligi haqidagi qo‘rquvlari va mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishni iltimos qilishlari xususidagi xabarlarga qaramay, hech qanday ishlar qilinmaganga o‘xshaydi. Tergov o‘tkazilgani, biror mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgani yoki jabrlanuvchilarga qandaydir himoya choralari ko‘rilganligi to‘g‘risida hech qanday ma'lumot yo‘q. O‘zbekiston majburiy mehnatga barham berish uchun siyosiy irodasini namoyish etdi va keng qamrovli islohotlarni amalga oshirdi, ammo baribir qonunbuzarlikning oldini olish, aybdorlar uchun javobgarlik va jabrlanuvchilarni himoya qilish madaniyatini to‘la shakllantirishi kerak.

2014 yil O‘zbekistonda bolalar mehnati bekor qilingandan so‘ng bir necha yil o‘tib, paxta yig‘im-terimida katta yoshlilarning majburiy mehnatini bekor qilish bo‘yicha sezilarli va tezkor yutuqlarga erishildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat oldida kuchli majburiyatlarni bajarish, bir qator muhim islohotlarni amalga oshirish va javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali paxta sohasidagi majburiy mehnatni tugatib, O‘zbekistonni modernizatsiya va isloh qilishni sa'y-harakatlarining markaziy qismiga aylantirdi. O‘tgan yil mobaynida paxta sohasida majburiy mehnat va hukumatni isloh qilish jarayoni bilan bog‘liq yana muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ammo 2019 yilgi hosil ham ish hali yakunlanmaganligini ko‘rsatdi.

2019 yilgi yig‘im-terim davrida hukumat majburiy mehnatning asosiy tarkibiy qismlari, xususan, viloyat va tuman mansabdorlari nazorati va mas'ulligi ostidagi reja tizimi va milliy ishlab chiqarish maqsadlari borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. 2019 yilgi hosildan olingan dalillar ushbu reja va maqsadlar majburiy mehnatga yo‘l qo‘yishda davom etganini ko‘rsatmoqda. Hozir islohotlar jarayoni davom etayotgani va hukumat misli ko‘rilmagan siyosiy majburiyatlarni namoyish etganligi sababli amaldorlar 2019 yilda ham majburiy mehnatning hanuz uchraganini tan olishdi, bu esa qisman hukumatning paxta yetishtirishga qaratilgan rejalashtirish kabi siyosati bilan bog‘liq. Garchi yillik rejalashtirish allaqachon belgilangan bo‘lishiga qaramay, ushbu real baholash mart oyida 2020 yilgi hosilga davlat rejasi buyurtmalarini bekor qilishga olib keldi. 

Rejalashtirish tizimiga qo‘shimcha ravishda ildiz otgan boshqa muammolar ham majburiy mehnatni kuchaytirdi. Garchi paxta terish ayrim kishilar, ayniqsa, qishloq ayollari uchun muhim daromad manbai bo‘lib, paxta teruvchilarning aksariyati o‘z ixtiyori bilan ishlasa-da, aholisi kam bo‘lgan hududlar va unumdor bo‘lmagan yerlarda, shuningdek, terimchilar kamroq daromad oladigan hosilning so‘nggi bosqichlarida O‘zbekiston paxta terishda qo‘l mehnatiga asoslangan tuzilmaviy ishchi guruhlar yetishmasligi muammosiga duch keladi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumat va ish beruvchilar aralashuvisiz xodimlarni xolis tanlash tizimini yaratishda ham bir nechta qadamlarni tashladi. Ushbu muammolar zaif va kam miqdordagi hisobdorlik tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, hokimlarning doimiy ravishda qishloq xo‘jaligi ishlariga aralashuvi davom etishi oqibatida davlat tashkilotlari xodimlari majburiy mehnat xavfi ostida qolmoqda. Nihoyat, fuqarolik jamiyati erkinliklari bo‘yicha islohotlar sur'ati, ayniqsa, fuqarolarning nodavlat tashkilotlari (NNT) kabi fuqarolik birlashmalari va mustaqil kasaba uyushmalarini tuzish erkinligi boshqa muhim sohalardagi islohotlar sur'atidan ancha orqada qoldi. Nodavlat notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati faollari islohotlar jarayonida shaffoflik va javobgarlikni ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. Fuqarolik jamiyati tomonidan mustaqil monitoring o‘tkazish imkoniyatini yaratish zarurati mavjud bo‘lib, bu mehnat amaliyotining xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlash uchun muhimdir.

O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish orqali juda zarur bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratish va Yevropa hamda AQShning yangi bozorlariga kirib borishga intilar ekan, mavjud majburiy mehnat qoldiqlariga barham berishda davom etib, bunday huquqbuzarlikning oldini olish va javobgarlik madaniyatini oshirish bo‘yicha muhim muammolarni zudlik bilan bartaraf qilishi lozim. Mas'ul sarmoyadorlar va brendlar majburiy mehnat bilan bog‘liq bo‘lgan biror mahsulotni yetkazib berish zanjiriga kiritmaslik uchun axloqiy va huquqiy majburiyatlarga ega. Shuningdek, ular yetkazib berish zanjirlari shaffof ekanligi va o‘z majburiyatlariga zid kelmasliklarini ta'minlash uchun ishonchli va mustaqil monitoringga ega bo‘lishlari kerak.

Uzbek Forum 2009 yildan buyon paxta yig‘im-terimi bo‘yicha mustaqil,  jamoatchilik asosida monitoring olib boradi va hisobot beradi. Oldingi hisobotlarda Uzbek Forum majburiy mehnatni fosh qilish, uning asl sabablarini aniqlash, ko‘lamini o‘lchash, institutlar va majburiy ishga jalb etilgan aholiga ta'sirini ochib berishga harakat qildi. Bu yerda biz faqatgina ijobiy o‘zgarishlarni qayd etibgina qolmay, balki muammolarni aniqlash va yechimlar to‘g‘risida munozara qilish uchun chuqur bilimlarimizdan foydalangan holda islohotlar jarayoniga hissa qo‘shishga intilamiz. Majburiy mehnatdan davomiy foydalanishni hujjatlashtirish bilan bir qatorda ushbu hisobot islohotlarni rivojlantirish va uni rag‘batlantirish bo‘shliqlarini aniqlashga harakat qiladi va oxir-oqibat azaliy an'anaga barham berish yo‘lida yechim asosida yondashish uchun zamin yaratadi.

2019 yilgi hosil davomida olingan asosiy ma'lumotlar

•        Aksariyat terimchilar ko‘ngilli ravishda ishlayotgan bir paytda Uzbek Forum davlat tashkilotlari xodimlarining majburiy ravishda jalb qilinishi va ishchilar o‘z o‘rniga terimchi yollash uchun pul to‘laganini hujjatlashtirdi. Mamlakatning turli hududlarida ishlaydigan xodimlarning ta'kidlashicha, ular dalaga borishdan bosh tortishga qo‘rqishgan yoki hukumat mansabdorlari va ish beruvchilarning ko‘rsatmasiga binoan, paxta terimi uchun o‘z o‘rniga ishchi yollashga pul to‘lashgan. Ammo yirik shaharlar va ayrim tuman markazlarida boshqalariga nisbatan keng ko‘lamdagi majburiy safarbarlik kamroq qayd etilgan. 

•        O‘zbekiston hukumati paxta yetishtirish bo‘yicha yana faolligicha qolib,  jumladan,xususiylashtirilgan paxta klasterlari, reja tizimi va ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish uchun zo‘ravonlik qilishga o‘tdi. Hududiy va mahalliy amaldorlar majburiy mehnatning asosiy omili bo‘lmish hukumat yuklagan ishlab chiqarish rejalarining bajarilishini nazorat qilish majburiyatini oldilar. Mansabdor shaxslar xalqdan majburiy ravishda paxta terishni talab qildi, aks holda ular ishini yo‘qotishi, ijtimoiy nafaqalar yoinki ish joyida jazo choralari ko‘rilishi kabi oqibatlarga duchor bo‘lishadi. Shuningdek, Uzbek Forum bir qator viloyatlarda mahalliy amaldorlar terimchilarni xususiylashtirilgan klaster dalalarida ishlashga majburan jalb qilgani borasidagi holatlarni hujjatlar asosida monitoring qilmoqda.

•        2019 yilda majburiy mehnat yukining asosiy qismi sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida maoshi past bo‘lgan ishchilar, shuningdek, o‘rta darajadagi davlat xizmatlari lavozimlarida ishlaydigan bank, mahalliy boshqarmalar va davlat idoralari xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar, militsionerlar, harbiy kursantlar va favqulodda vaziyatlar idoralari ishchilarigardaniga tushdi. Ushbu xodimlar yo paxta terishlari, yoki o‘rinlariga terimchi yollash uchun pul to‘lashlari, yoki ish joyida turli jazo choralariga duchor bo‘lishga majbur edi. Shuningdek, tadbirkor va savdogarlar paxta terishga borishi yoki hosilni yig‘ish harajatlarini qoplash uchun pul berishi, yoinki ularning biznesiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan soliq tekshiruvlari xavfiga duch kelishi kerak bo‘ldi. Andijon viloyatining birgina tumanining o‘zida Uzbek Forum kuzatuvchilari mahalliy davlat idoralari, soliq inspektsiyasi, kommunal shirkatlar, fermerlar kengashi, qishloq xo‘jaligi inspektsiyasi, banklar va sug‘urta kompaniyalarining dalalarga yuborilgan terimchilari yoinki yollangan terimchilarini hujjatlar asosida aniqladi.

•        Aksariyat hududlardagi maktab va shifoxonalar xodimlari yig‘im-terimda umuman qatnashmagani o‘tgan yillardagi vaziyat bilan taqqoslaganda sezilarli yutuqdir. Biroq Xorazm, Jizzax, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istondagi maktab va bolalar bog‘chalari xodimlari dam olish kunlarida paxta yig‘im-terimiga jalb qilish oktyabr oyi oxirida boshlangani haqida guvohlik berishdi. Tuman hokimligi tomonidan maktab direktorlariga hashar e'lon qilinib, maktab xodimlarining kamida yarmini, shu jumladan, o‘qituvchilar va texnik xodimlarni jalb qilish topshirig‘i berildi. Birdamlik markazi ko‘magida o‘tkazilgan milliy onlayn so‘rovga javoban sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasi xodimlari (Metodologiya,  8-betga qarang) yig‘im-terimda qatnashishdan bosh tortganlik uchun jazo choralari va ish sharoitining yomonligi haqida ham xabar berishgan.

•        Kuzatuv hududlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlari, jumladan, hamshiralar va o‘rta ma'lumotli tibbiyot xodimlari o‘zlarining bevosita rahbarlari va Jizzax, Xorazm,Qoraqalpog‘istondagi tumanlar hokimliklaridan ko‘rsatmalar olib, dam olish kunlari terimga safarbar etildi. Jizzax viloyatidagi tibbiy xodimlarning dalalarga yuborilishini kuzatgan Uzbek Forum kuzatuvchisining so‘zlariga ko‘ra, bosh shifokor o‘rinbosari va hokimlikvakili avtobusga chiqib ro‘yxatdagi terimchilarning ism-shariflarini tekshirib ko‘rishgan va ularni ogohlantirishgan: “Hech kim sizni paxta terishga majburlamadi. Sizlar hasharga boryapsizlar”.

•        Monitoring o‘tkazilgan barcha hududlar orasida tibbiyot xodimlarining paxta yig‘im-terimiga eng ko‘p jalb qilinishi Qoraqalpog‘istonda kuzatildi. Masalan, 28 oktyabr kuni Uzbek Forum kuzatuvchisi To‘rtko‘l tumani markaziy shifoxonasi tug‘ruqxonasi hamshirasi bilan suhbat o‘tkazdi. U xodimlar har ikki kunda paxta terishga ketishi yoki o‘rniga terimchi yollashga pul berishi kerakligini, tug‘ruqxonaning 80 nafar xodimidan 25 tasi yo o‘zi, yoki yollanma terimchilari har kuni paxta terish uchun jo‘nab ketishi zarur bo‘lganini bildirdi.

•        2019 yilda Uzbek Forum majburiy mehnatning hukumat tomonidan tashkillashtirilishi davom etganligini yoki davlat idoralarining safarbarlikka oid buyruqlari singari davlat siyosati natijalarini ko‘rsatadigan hujjatlarni qo‘lga kiritdi.

•        Xususiylashtirilgan paxta klasterlari hosili davlat tomonidan buyurtma qilingan paxta yetishtirish rejalariga kiritilgan. Mahalliy mansabdorlar ushbu kvotalarning bajarilishi uchun javobgar bo‘lib, hokimlarga klasterlar ishiga aralashishi uchun imkoniyat yaratdi. 2019 yilgi mavsumda amaldorlar terimchilarni klasterlarga bog‘liq fermer xo‘jaliklarida paxta terimiga majburan jalb etib, o‘z zanjirlarida majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olishga intilayotgan korxonalar uchun ziddiyatli tanlovlarni namoyish etishdi.

•        Uzbek Forum ning 2019 yilgi paxta mavsumi paytida olingan ma'lumotlari shuni ko‘rsatadiki, xususiylashtirilgan klasterlar fermerlar bilan shartnoma miqdorini rejalashtirish tizimiga o‘tgan. Klaster shartnomalarini boshqarish ko‘pincha prokuror yoki boshqa mansabdor shaxslar nazorati ostida kechmoqda. Fermerlarda mustaqillik va himoya yetishmaydi, savdolashish huquqi yo‘q va shartnomaviy klaster bo‘yicha sheriklariga nisbatan haqiqiy tanlov mavjud emas. Shartnoma rejasini bajarmaganlik uchun jarimalar, jumladan,hokimlarning yerni tortib olishi kabi tahdidlarga ro‘baro‘ bo‘lishadi. Klasterlar orasida sezilarli tafovut mavjud bo‘lsa-da, ayrim klasterlar mahalliy hokimiyat bilan qo‘shma korxona sifatida ishlaydi. Bu orqali klasterlar moliyalashtiriladi va hokimlik fermerlarni shartnoma rejalarini bajarishga majburlab, ba'zi hollarda terimchilarni jalb qiladi.

•        Hukumat majburiy mehnatdan foydalanayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirib, takroriy qonunbuzarliklarni jinoiy javobgarlikka tortayotgan bo‘lishiga qaramay, Mehnat inspektsiyasi, asosan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yayotgan mansabdor shaxslarning javobgarligini oshiradigan tegishli tekshiruvlarni o‘tkaza olmadi. Mehnat vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining fuqarolarning majburiy mehnat to‘g‘risida xabar berishlari uchun o‘zaro aloqa mexanizmlari zaif bo‘lib, aholi ishonchini qozongani yo‘q. Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan odamlardan shikoyatni ro‘yxatdan o‘tkazishlari uchun ism-sharifi, manzili, pasporti va ish joylari haqida ma'lumot berishlari so‘raladi. Tekshiruvlar odatda buyruqlar zanjiriga kirmaydi, balki paxta terimchilarini topishga majbur qilingan quyi darajadagi amaldorlar va rahbarlarni mo‘ljalga olishadi.

•        Jarimalar samarasiz. Uzbek Forum ning Qoraqalpog‘istondagi kuzatuvchisi shifoxona xodimlaridan paxta terishni talab qilgan bosh shifokor haqida xabar berdi. Keyinroq esa mehnat inspektori shifokor allaqachon jarimaga tortilganini tasdiqladi, shunga qaramay, u bosim ostida bo‘lganligi sababli xodimlarni dalaga yuborishda davom etdi.

•        Terimchilarni ixtiyoriy yoki majburiy ravishda yollashda ham mahallaning roli hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Mahalla raislari ijtimoiy nafaqalarni to‘lashdagi o‘zlarining mas'uliyati va mulohazakorligi tufayli o‘z jamoalarida katta ta'sirga ega. Shu sababli aholi paxta terish uchun qilingan “iltimos”ni rad etishga qodir emasligini his qiladi. Mahalla rahbarlaridan biri Uzbek Forum kuzatuvchisibilan suhbatda: “Agar bizda nafaqa oluvchilar bo‘lmaganida, biz terimchi topa olmas edik”, dedi. Raislar mahalla nomidan terimchilar yetkazib berishga majbur bo‘lmoqdalar. Bu holat jamoat tashkilotlari xodimlari o‘rniga yollanib ishlashni afzal ko‘radigan terimchilar o‘rtasida ommaviy emas, chunki ular yollanib ishlaganliklari uchun  kilogramm narxiga qo‘shimcha ravishda badal puli olishlari mumkin.

•        Fuqarolik jamiyati oshkoralik va ma'suliyatlilikni ta'minlash, huquqbuzarlikni aniqlash, hujjatlashtirish va qonunbuzarliklarni bartaraf etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Garchi hukumat paxta yig‘im-terimini mustaqil ravishda kuzatishga ruxsat berish majburiyatini olgan bo‘lsa-da, u mustaqil huquq himoyachilari yoki fuqarolik jamiyati tashkilotlarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay sharoit yaratmadi. Soxta jinoiy ayblovlar va o‘zboshimchalik bilan hibsga olish orqali mustaqil kuzatuvchilarning ishiga aralashishda davom etmoqda.

Hisobotning to‘liq PDF matnini bu yerdan olib o‘qish mumkin

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2017
14 dekabr kuni HRW tadqiqotchisi Stiv Sverdlov O‘zbekistondagi rasmiy matbuotning ikkiyuzlamachiligi haqida maqola chop qildi. Podrobno.uz saytida 5 dekabrda ...
23 aprel 2021
Termizlik bloger Otabek Sattoriyning advokati Umid Davlatovning aytishicha, 2021 yil 19 martda jurnalistlarga intervyu berayotgan vaqtida unga nisbatan shantaj qilishga ...
12 avgust 2023
Toshkent shahar IIB binosidan 12 avgust kuni 33 yashar Doniyorbek Usmonovning o‘ligi chiqdi. Eltuz manbalari uni IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi ...
13 fevral 2018
O‘zbekistonda og‘ir kasallar uchun ishlatiladigan og‘riqni qoldiruvchi narkotik va psixotrop dorilar yetishmayapti. Mamlakat dorixonalariga narkotik dorilarning kam miqdorda yetkazib ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...