Asosiy mavzular
25 iyun 2020

Farg‘ona: Pilla boqqanlik uchun va'da qilingan puli qani?

Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida ipak qurti boqqan kam ta'minlangan oilalar Mehnat vazirligi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan va'da qilingan bir oylik ish haqini ololmayapti. 

“Men va xo‘jayinim mardikorlik orqasidan kun ko‘ramiz, – deydi Buvayda tumanida yashovchi Dilfuza Abdurahmonova “Eltuz” bilan suhbatda. – Adashmasam, 14-15 aprel kunlari tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakillari kelib, “Qurt boqsangiz, sizlarga bir yillik ish staji va bir oylik eng kam ish haqi yoziladi. Bir oylik ish haqi 700 ming so‘m bo‘ladi”, deyishdi. 

O‘zi bir hovlida ikkita oila yashaymiz. Bizning bir uy va bir dahlizimiz bor. Qaynog‘amning esa ikki uy va bitta dahlizi bor. Ikki quti ipak qurti olib keldik. 

Bu ipak qurtini “Rufat Bunyod” fermer xo‘jaligi rahbari boqib berishi kerak ekan aslida. Fermer xo‘jaligi rahbari Sohibjon bizga 200 ming so‘m berdi. 100 ming so‘mni mahalla idorasidan tashlab ketishdi. Uyimizni qurtga bo‘shatib berib, o‘zimiz hovlida tunab, qiynalib qurt boqdik.

Fermer Oltiariq, Yozyovon tumanlaridan barg olib kelib berdi. Bir safar barg dorilangan ekan. Qurtlar nobud bo‘ldi. To‘g‘risi, men ham, ovsinim ham qurt tutmagan edik. Shuning uchun yaxshi parvarish qila olmadik. 

Biz ipak qurtini boqishga olayotganimizda bir qutisi uchun 56 kg reja belgilangan edi. Lekin hech kim bizga rejani bajarsang, o‘sha aytilgan pulni olasan, demagan. Biz rejani bajarmasak ham kechayu kunduz uxlamay, qiynalib qurt boqdik-ku. Uyimizni bo‘shatib berdik”.

Marg‘uba Muxtorova, Anorxon Xayrullaeva, Yorqinoy Ne'matova, Farog‘at Mirzarahmatova ham hokimlik vakili va'dasiga ishonib, ipak qurti boqqan, ammo va'da qilingan ish haqini ololmagan ayollardan. 

Buvayda tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Oliyaxon Asqarova qurt boquvchilarga mas'ul etib belgilangan edi. 

Muxbirimiz Oliyaxon Asqarova bilan may oyining boshida gaplashganida: “Pandemiya sharoitida aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta'minlash maqsadida tuman mehnat va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda reja ishlab chiqilgan. 

Rejaga asosan, har bir hududdagi ishsiz, kam ta'minlangan oilalarga o‘zlarining roziligi bilan ipak qurti berilgan. Ularga mehnat daftarchasi ochildi. Bir oylik mehnatiga bir yillik staj yoziladi. Va'da qilingan pul ham beriladi”, degandi.

Buvayda tumani bandlik bo‘limi rahbari Elyorjon … ham: “Har bir korxona va tashkilotda oy to‘lganda ish haqi beriladi. Boquvchilar qurtni 15 aprelda olishni boshlagan. Hozir 2-3 may. 15-16 mayda tabel tuziladi. Qurt tutganlarga bir oylik ish haqi to‘lab beriladi”, deb aytgandi. 

Ammo mas'ullarning bu va'dalari hozirgacha va'daligicha qolmoqda.

– Biz tuman “Agropilla”ga pillani topshirib, 1 kg pilla uchun 21 ming so‘mdan pul oldik, – deydi Yorqinoy Ne'matova.  – Lekin va'da qilingan bir oylik ish haqini berishmayapti. Tuman “Agropilla” rahbari Rejabali Sheraliev: “Mehnat bo‘limi bizga pul tushirib bergani yo‘q. Ham sizlar belgilangan 56 kg.ni topshirmadilaring”, deya ish haqimizni berishdan bosh tortmoqda. Biz mehnat bo‘limiga kelsak, ular “Ish haqingizni tuman “Agropilla” hisob raqamiga tushirib berganmiz”, deyapti.

Tuman mehnat va bandlik bo‘limi ayollarga bir parcha qog‘oz bergan. Unda hududlarning bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmalari boshliqlari va hududiy “Agropilla” MChJ rahbarlariga karantin vaqtida  joylarda pilla yetishtirish ishlarini tashkil etish uchun 20 ming malakali mutaxassisni aniqlab, ularni jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan ishga yollash choralarini ko‘rish belgilanishi aytib o‘tilgan. 

Shuningdek, inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lardan pilla yetishtirish mavsumida rejalangan hosilni olgan ishsiz, kam ta'minlangan oilalarga har bir quti ipak qurti uchun qo‘shimcha 700 ming so‘m qo‘shib berish belgilangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari B.Umrzoqov, “O‘zbekipak sanoat ” uyushmasi raisi o‘rinbosari O.Jumaev bu xatni 2020 yil 5 may kuni imzolagan. 

Vaholanki, ipak qurti boquvchilarga 14-15 apreldanoq qo‘shimcha 700 ming so‘mdan berilishi va'da qilingan. O‘sha va'dada “Agar sizlar bir quti ipak qurtidan 56 kg pilla olsangiz, bu pul beriladi”, deyilmagan. 

– Bu pillachilarning o‘yinini ko‘ring, – dedi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz. – Biz ikki quti ipak qurti boqib, 85 kg pilla topshirdik. “Agropilla” rahbarlari 85 kilogrammni ikki qutiga bo‘lib, bizni belgilangan rejani yetkaza olmadi deb, bir oylik ish haqi hisoblangan 700 ming so‘mni berishmadi. Ammo o‘zlarining tanishlari ikki quti ipak qurtidan 70 kg pilla topshirgan edi. Ularga bir qutisidan 56 kg, ikkinchi qutisidan 14 kg topshirdi, deya hujjatlashtirishdi. Qo‘shnilarimiz bizdan kam pilla topshirib, qo‘shimcha 700 ming so‘m olishdi. 

Buvayda tumani “Agropilla” MChJ rahbari Rejabali Sheralievning aytishicha, pilla topshirgan fuqarolarga pillaning puli tarozining ustidayoq to‘langan. Ammo mehnat bo‘limi “Agropilla” hisob raqamiga qurt boqqanlarning ish haqi deya o‘tkazilgan pulni tuman soliq idorasi ushlab qolgan. 

– Yuqoridan topshiriq bo‘lgan, – deydi Rejabali Sheraliev. – Qurt boqqanlar 56 kg.ga yetkazmagan bo‘lsa, ularga qo‘shimcha 700 ming so‘m berilmaydi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 aprel 2016
Xalqaro Inson huquqlari tashkilotlari ma'lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlar diniy e'tiqodlari uchun ta'qib va bosimlarga uchrayotgan avtoritar mamlakatlardan biri sanaladi. ...
3 iyun 2022
Mana, g‘ir etib bir hafta o‘tdiyu ketdi. Hafta ichida qonxo‘r rus bosqinchilarining yosh go‘daklar, qizlarni zo‘rlab o‘ldirgani, ayollar, keksalar ...
6 noyabr 2020
Hyu Uilyamson, “Hyuman rayts uotch”ning Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori Tasavvur qiling, bir erkak necha yillardan buyon ...
8 fevral 2018
Bir guruh o‘zbek faollari va huquq himoyachilari 5 fevral kuni O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovga yodgorlik yaratmaslikni so‘rab britaniyalik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...