Asosiy mavzular
3 iyul 2020

Paxtachilik tizimidagi xatar omillari

Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi?

O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar

Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga oid navbatdagi nashri tayyorlandi. 

Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining amaliy ijtimoiy va siyosiy fanlar maktabi rahbari, kriminologiya professori Kristian Lasslett va O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi hamkorligida tayyorlangan ushbu nashrda klasterlar ortida turgan noshaffof shirkatlar, ularni o‘rganish natijasida olingan ma'lumotlar, paxta sektorining bu tarzda xususiylashtirilishi jarayonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar haqida so‘z boradi. 

“Eltuz” sayti mazkur tadqiqotning asosiy jihatlari haqida o‘z o‘quvchilarini xabardor qilishni lozim topdi.

O‘zbekiston paxtachiligidagi klasterlar tizimiga oid sxema

Paxtachilik tizimidagi xatar omillari 

Maqolaning bu qismida gap juda ko‘p sonli xavotirli alomatlarga ega boshqaruv kompaniyalari to‘g‘risida boradi. Garchi ularni jinoiy yoki insofsiz faoliyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblash qiyin bo‘lsa-da, mavjud hujjatli dalillar klasterlar tizimida huquqbuzarliklar xatari ehtimolini oshiradi.

“Sherobod Textile Invest” va “Surxonteks” 11820 gektar maydonga ega klasterning boshqaruvchi etib tayinlangan. “Surxonteks” aktsiyalarining majoritar paketi egasi “Nortex Corporation LP” hisoblanadi. 

“Sherobod Textile Invest”ning nazorat paketi (59,2%) O‘zbekiston Milliy bankiga tegishli. Qolgan qismiga esa (40,8%) “Nortex Style” egalik qiladi. Xuddi shu kompaniya Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanidagi 8 742 gektar yer maydoniga ega yana bir klasterni boshqaradi. 

Qizig‘i mana shu joyda. “Nortex Style” “Nortex Corporation LP”ning sho‘'ba korxonasidir. Aynan “Nortex Corporation LP” bu klasterlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi asosiy offshor mexanizm sanaladi. 

Nomigagina “korporatsiya” bo‘lgan bu kompaniya Shotlandiyadagi oddiy bir shirkat, xolos. Uning Britaniya registratsiya palatasiga taqdim etgan hisobotlariga Mettyu Bredli ismli kimsa imzo chekkan. 

Asosiy nuqta shu yerda. BMT Taraqqiyot dasturi bu shaxsni firibgarlik, jinoyatkorona til biriktirish, shuningdek, BMTTD jarayonlariga xalaqit berish aybi bilan “qora ro‘yxat”ga kiritgan.

“South Development Holding” nomli guruh “Sherobod Textile Invest” va “Surxonteks” uning korporativ tuzilmasi ekanini ma'lum qilgan. Guruh o‘zining egasi Abduqodir Norbekov va “uning sheriklari” ekanini bildirgan. Ammo bu sheriklar haqida hech qanday ma'lumot yo‘q”, deyiladi Power Briefs tadqiqotida.

“South Development Holding” tarkibiga kiruvchi kompaniyalar qatorida “Nortex Style”, “Surxonteks”, “Amudartextile”, “Tela Textile”, “Janub Fayz Teks”, “Surkhon Shifer”, “Surkhon Sandwich”, “Silver Style” va “Sherobod Textile Invest” sanab o‘tilgan. 

“South Development Holding” 2017 yil 4 aprelda “Hi-Tech Bank”ni xarid qilgani haqida bayonot bergandi. O‘zbekiston hukumati bu bankni Sherobod tumanidagi klasterga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilma sifatida belgilagan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 martdagi qarori bilan “Sherobod Textile Invest”, “Surxonteks” va “Nortex Style” boshqaruvidagi klasterlar faoliyati to‘xtatildi. Ammo hukumat bunga nima sabab bo‘lgani haqida birorta tushuntirish bergani yo‘q. 

Xuddi shu vaqtda mazkur kompaniyalar vakillari ham “Hi-Tech Bank” boshqaruvi kengashi a'zoligidan chiqarilgan.

Klasterlarga aloqador kompaniyalarning benefitsiar egalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarda aniqlik yo‘qligi, shuningdek, ularning klaster tizimidagi ishtiroki kutilmaganda to‘xtatilgani xavotirlar kuchayishi uchun qo‘shimcha sabab bo‘la oladi.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tashkil etilgan klaster boshqaruvi esa “Digital Prime Textile”ga berilgan. Bu kompaniya to‘lig‘icha Britaniyada 2012 yilda ro‘yxatga olingan “Vitcom Textile Limited” shirkatiga tegishli. 

O‘zbekiston hukumati taqdim etgan hisobotlarga ko‘ra, “Vitcom Textiles Limited” Buyuk Britaniyadan 14,6 mln dollar investitsiya kiritish kanali hisoblanadi. 

Eng e'tiborlisi, bu shirkat ortidan ham “firibgarligi” uchun BMTTDning “qora ro‘yxati”ga kiritilgan Mettyu Bredlining soyasi qalqib chiqadi. “Nortex Corporation LP” egasi bo‘lgan bu shaxs “Vitcom Textiles Limited”ni ham boshqaradi.

Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, taqdim etilgan hisobotda “Vitcom Textiles Limited” shirkatining asosiy nazorat paketi egasi sifatida O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Ergashev ko‘rsatilgan. Shuningdek, “LinkedIn” ijtimoiy tarmog‘idagi profilida u O‘zbekistondagi to‘qimachilik konglomerati bo‘lmish “Anteks” guruhi asoschisi sifatida tilga olingan. 

O‘zbekistonga taqdim etilgan korporativ hisobotda uning to‘liq ismi-sharifi Ergashev Ulug‘bek Oripovich ekani ko‘rinadi. 

“Vitcom Textiles Limited” asosiy aktsiyadori bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxatida “Digital Prime Textile”, “Magnus Textile”, “Global Orient Textile”, “Skorton Textile”, “Inter Global Tekstil”, “Elite Group Tekstil”, “Fan Tekstil”, “Anteks Group”, “Trust Rest Servis” va “Shaxrixon-Avto Ravon” nomlarini ko‘rish mumkin. 

Ularning yakuniy aktsiyadorlari qatorida esa Mettyu Bredli va Ulug‘bek Ergashevdan tashqari Ergashevning qarindoshlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan Umidbek Oripov va Dilnozaxon Oripova ismlari uchraydi. 

Britaniya registratsiya palatasiga 2019 yil uchun taqdim etgan hisobotida “Vitcom Textile Limited” 21 337 dollar zarar ko‘rganini bildirgan. Shuning uchun u Britaniyada daromad solig‘ini to‘lamagan. 

“Vitcom Textile Limited” bilan bog‘langan “Anteks Group” O‘zbekiston avtomobil sanoatida ham o‘ziga xos “jinoiy iz” qoldirganini ko‘rish mumkin. Kompaniyaning Toshkent fond birjasiga jo‘natgan ma'lumotlarida “Anteks Group” Andijondagi “Shaxrixon-avto Ravon” avtosaloni faoliyatini ham nazorat qilgani aytiladi. 

Ammo 2018 yil sentyabrda “General Motors” mazkur avtosalon bilan shartnomani bekor qildi. “General Motors”ning bayonotida aytilishicha, bunga “Shaxrixon-avto Ravon” avtosaloni faoliyatidagi noshaffoflik, korruptsiya, firibgarlik, vakolatlarni suiiste'mol qilish sabab bo‘lgan. 

“Vitcom Textile Limited” va “Anteks Group” faoliyatidagi yuqorida qayd etilgan salbiy holatlar ularning paxtachilik klasteri tizimida halol va shaffof ishlay olishi yuzasidan asosli xavotirlarni yuzaga keltiradi. 

Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi klaster boshqaruvi “Bukhara Cotton Textile Cluster Agrokompleks (BCT cluster)” shirkatiga berilgan. Ammo QQS to‘lovchi o‘zbek kompaniyalari ro‘yxatida uning nomini topishning imkoni bo‘lmadi. 

Nomi unikiga ancha o‘xshash bo‘lgan “Bukhara Cotton Textile”ning esa 85 foiz aktsiyasi “Paraglide Limited”ga tegishli. Paxta klasterlari tizimiga aloqador yuqori martabali rahbarlardan birining ilmiy maqolasida mazkur kompaniya “Bukhara Cotton Textile” Britaniya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasidan olingan 123,1 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya yordamida tashkil etilgan. 

O‘z navbatida, bu qo‘shma korxona “Paraglide LTD” va “Petromaruz” (Rossiya) tomonidan tuzilgan. Boshqa materiallarda “Petromaruz” Britaniya investori sifatida keltiriladi. 

Xuddi shu sheriklar Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida tashkil etilgan klasterni ham boshqaradi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, ular juda katta yer maydoni va infratuzilmani tekinga olgan. 

Qaror bilan ularga bojxona to‘lovlaridan va boshqa bir qator imtiyozlar berilgan, past foizli qarz ham taqdim etilgan. Klaster boshqaruvi bu qo‘shma korxonaga shaffof va raqobatli tender asosida berilganiga oid birorta ma'lumot yo‘q.

“Umuman, mazkur qo‘shma korxonaga tegishli ikkita klaster, hujjatlarga ko‘ra, 345,6 million dollarga ega”, deyiladi Power Briefs tadqiqotida. 

Endi bevosita bu sheriklarning biri “Paraglide Limited” faoliyatiga oid ma'lumotlar bilan tanishing. 2012 yilda Londonda ro‘yxatga olingan bu mas'uliyati cheklangan shirkatning uchta direktori bor: Yeji Miroslav Gavrishchak, Stiven Jon Goldsmit va Muzaffar Rahmatov. 

Tasdiqlangan so‘nggi bayonotlarga ko‘ra, shirkat aktsiyadorlari “Alphabet Capital Inc” va “Ilion Nominees Ltd” hisoblanadi. Uning aktivlari debitor qarzdorlik (1 411 178 dollar) va 284 dollar naqd puldan iborat. 

Bor-yo‘g‘i shu. Uning boshqa birorta aktivi ko‘rsatilmagan. Ammo moliya yili hisobotida “Paraglide Limited” O‘zbekistonda umumiy qiymati 20 150 000 dollar bo‘lgan beshta savdo korxonasini xarid qilgani bildiriladi.

Uning uchta direktoridan ikkitasi – Gavrishchak va Rahmatov Britaniyada “Paraglide Limited” bilan bitta yuridik manzilda ro‘yxatdan o‘tgan “Company Petromaruz Limited” boshqaruvi kengashi a'zolari hisoblanadi. 

Yeji Gavrishchak tomonidan yaqinda imzolangan hisobotga ko‘ra, “Company Petromaruz” 931 funt sterling qiymatdagi toza aktivga ega.

Boshqa tomondan, O‘zbekistondagi yuridik shaxslarning yagona reestrida “Company Petromaruz Limited” neft qazib oluvchi yirik “Jarkurgonneftqaytaishlash” kompaniyasining 55 foiz aktsiyasiga egalik qilishi ko‘rsatilgan. Qolgan 45 foiz aktsiyaga esa davlatga qarashli “Jarqo’rg’onneft” korxonasi egalik qiladi. 

O‘zbekistonda mahalliy yuridik manzilga ega bo‘lgan “Petromaruzgaz” kompaniyasi ham bor. Uning eng yirik aktsiyadorlari Mustafo Rahmatov (75%) va Mustaqim Rahmatov (25%) hisoblanadi. 

“Ozodlik” radiosi o‘tkazgan surishtiruvda “BCT cluster” ishchilari ularga shartnomada ko‘rsatilgan maoshning faqat yarmi berilayotgani, belgilanganidan ko‘p ishlatilayotgani, texnik xavfsizlik qoidalariga umuman rioya etilmasligidan shikoyat qilgan. Ishchilar “BCT cluster” rahbariyati xavfsizlik xizmatining sobiq amaldorlaridan tashkil topganini ham aytgan. 

Xorijdagi yashirin manzillardan foydalanadigan, noshaffof tuzilmaga ega bu kompaniyalarning klasterlar boshqaruvida viloyat hokimliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtiroki ular faoliyatini jiddiy o‘rganishni talab etadi. 

2018 yilda Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida tashkil etilgan klaster AQShning “Silverleafe International LLC/Silverleafe Capital Partners” kompaniyasi va O‘zbekistonning “BMB Trade Group” konglomeratiga qarashli qo‘shma korxona hisoblanadi. 

Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarorida klaster qo‘shma korxona ishtirokchilari 344 mln dollar investitsiya kiritish majburiyatini olgandan keyin tashkil etilgani aytiladi.

“BMB Trade Group” o‘zini yosh investitsiya va konsalting kompaniyasi sifatida tanishtiradi va 500 mln dollar qiymatdagi loyihalarni boshqarayotganini iddao qiladi. 

Ayni paytda kompaniyaning eng yirik aktsiyadori (40%) Aziz Mamatqulovdir. Kompaniya boshqaruvi raisi Bekzod Mamatqulov, uning maslahatchisi esa Tursunali Qo‘ziev hisoblanadi. 

2011-2013 yillarda Qo‘ziev madaniyat va sport ishlari vaziri bo‘lgan. “Ozodlik” radiosi ma'lumotlariga ko‘ra, u “moliyaviy mablag‘larni talon-taroj qilgani” uchun lavozimidan bo‘shatilgan.

“BMB”ning bosh direktori ilgari “Kamolot”ning Toshkent shahri kengashini boshqargan Mahmud Asomovdir.

Power Briefs tadqiqotida aytilishicha, “Silverleafe International” benefitsiar egalar haqidagi ma'lumotlar oshkor etilmaydigan Delaver shtatida ro‘yxatga olingan. Ko‘rinishidan u bilan yaqin bog‘liq bo‘lgan “Silverleafe Capital Partners” ham shu yerda ro‘yxatdan o‘tgan. 

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, investitsiyalar bo‘yicha konsalting kompaniyasi hisoblanadigan “Silverleafe Capital Partners” Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyaga yillik hisobot topshirishga majbur. 

Yaqinda taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, kompaniya shtati 5 kishidan iborat bo‘lib, to‘rttasi investitsiya maslahatchisi hisoblanadi.  47 ta mijozning 226 261 918 dollar, shuningdek, jismoniy shaxslarning 32 024 479 dollar qiymatidagi aktivlarini boshqaradi. 

Hisobotlarda “Silverleafe Capital Partners”ning 75% aktsiyasi Uilyam Deniel Patterson (Den Patterson)ga, 10-24% oralig‘idagi aktsiyasi Jon B.Rasselga, 5-9% aktsiyasi esa Jeyms Meyson Kazens i Brok Filip Krayttsga tegishli ekani aytilgan. 

Paxtakor klasteri o‘z faoliyatini boshlagandan buyon ishtirokchi fermerlarning tanqidiga uchrab keladi. 2019 yilda e'lon qilingan materiallarda fermerlar boshqaruv kompaniyasidan o‘z haqlarini undirolmayotgani, kompaniya va hokimlik ularning muammolariga e'tibor qaratmayotganini bildirgan. 

Nazariy jihatdan olib qaraganda, bu qo‘shma korxona-klaster yuqorida nomlari tilga olingan boshqa kompaniyalarga nisbatan kamroq xavotir uyg‘otishi kerak. Shunga qaramay, bir qancha omillar borki, noqonuniy amaliyot ehtimoliga ishora beradi. 

Xususan, klaster rahbarining siyosiy aloqalari, davlat tomonidan juda katta ko‘mak berilishi, shtatida o‘z vakolatini suiiste'mol qilgan sobiq amaldor borligi, klaster faoliyatidan fermerlarning noroziligi shular jumlasidandir. 

Qolaversa, qo‘shma korxonaning xorijiy ishtirokchisi to‘qimachilik sanoati yetakchisi emas, balki moliyaviy konsultant ekani, 344 million dollar hajmidagi ulkan investitsiya mavjudligi ham bu klaster bo‘yicha izchil o‘rganishlarni talab etadi. 

Tag‘in o‘qing
29 may 2017
Andijonning Shahrixon tumanida muzqaymoqdan zaxarlangan 100 kishiga salmonellyoz kasalligi tashhisi qo‘yilgan. Bu haqda Eltuzga ismi sharifini sir tutishni so‘ragan ...
14 iyun 2020
Farg‘ona viloyatida davlatga qarashli mol-mulkning talon-taroj qilinishi, ya'ni atayin arzon narxlarda xususiy qo‘llarga o‘tishida viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ham ...
29 oktyabr 2019
Joriy yilning oktyabridan O‘zbekiston maktablaridagi darslar o‘quvchilarning madhiya kuylashi bilan boshlanadigan bo‘ldi. Bu haqda 25 oktyabr kuni Xalq ta'limi ...
25 oktyabr 2021
22 oktyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani fuqarolik ishlari sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning da'vo arizasiga binoan bo‘lib o‘tgan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...