Asosiy mavzular
13 avgust 2020

To‘g‘onning o‘pirilishi O‘zbekistondagi korruptsiya bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytiradi

To‘g‘onning o‘pirilishi O‘zbekistondagi korruptsiya bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytiradi

Buning sabablarini o‘rganish uzoq vaqtni talab qiladi

May oyida O‘zbekistonda to‘g‘on o‘pirilishi ortidan prezident Shavkat Mirziyoev jabrlanganlarga adolatni va'da qilishga shoshildi. U olti kishining o‘limi va 100 mingdan ortiq odamning ko‘chirilishiga sabab bo‘lgan falokat uchun javobgar shaxslar, “kim bo‘lishidan qat'i nazar”, qonun oldida javob berishini ta'kidlagandi. 

Sardoba suv ombori to‘g‘oni bor-yo‘g‘i uch yil oldin qurib bitkazilgani sababli ijtimoiy tarmoqlarda oddiy o‘zbeklar orasida bu texnogen falokat beparvolik yoki korruptsiya oqibatida yuz bergani haqidagi gumonlar paydo bo‘ldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, inshoot, shubhasiz, rasmiylar fojiada ayblagan bo‘ronlarga bardosh beradigan darajada qurilishi kerak edi.

O‘zbekiston hamda qo‘shni Qozog‘istondagi ekinzorlarni va uylarni yuvib, juda katta miqdorda moddiy zarar keltirgan vayronkor toshqindan bir necha kun o‘tgach, prezident tergov uchun maxsus guruh tuzdi. U hisobot berishlari uchun bir oy muhlat qo‘ydi.

Uch oy o‘tdi hamki, hisobotdan hanuz darak yo‘q. Endi ishchi guruh yana besh oy vaqt kerakligini aytmoqda. Ammo dastlabki ma'lumotlardanoq oddiy xalqning qo‘rquvi sezilib turibdi: to‘qqiz kishi, jumladan to‘g‘onni qurish bilan shug‘ullangan mansabdor shaxslar va firmalarning xodimlari hibsga olinib, o‘zlashtirish, firibgarlik, beparvolik, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik qoidalarini buzganlikda ayblangan. 

Mavhumlik qancha davom etishini aytish qiyin. Rasmiylar to‘qqiz nafar gumondor shaxsdan faqatgina bittasining ismini oshkor qilishdi, ammo yuqori lavozimli hech bir mansabdor yoki biznesmen hibsga olinmaganga o‘xshaydi. 

Ayni paytda to‘g‘onning qulashini o‘rgangan jurnalistlar ta'qib qilinib, ishdan bo‘shatilmoqda. Shuningdek, maxsus ishchi guruhning tarkibi hayratlanarli tarzda tuzilgan: unga davlat organining rahbari sifatida to‘g‘on qurish uchun shartnomalar tuzgan senator Abdug‘ani Sanginov kiritilgan. 

Ommaviy axborot vositalarida ham uning oilasi qurilishda ishtirok etgan ba'zi firmalarga bog‘liqligi ta'kidlanmoqda. Sanginov manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi har qanday gumonlarni rad etdi.

Tergovning bunday olib borilayotgani Mirziyoev 2016 yilda hokimiyatga kelgandan keyin boshlangan islohot ruhiga ishora qiladi. Uning marhum hamkasbi, diktator Islom Karimov butun epizodni gilam ostiga tashlagan bo‘lardi. 

Ammo hammadan ko‘ra janob Mirziyoev uchun falokat juda og‘ir botgan, chunki u to‘g‘on qurilishini bosh vazir sifatida nazorat qilib, ish boshlanishidan biroz oldin prezident bo‘ldi.

Bundan tashqari, Sanginov janoblari Mirziyoev hukumatining manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha ayblovlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan yagona a'zosi emas. 

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘nlab yillar davom etgan yopiq diktaturadan so‘ng O‘zbekiston yana biznes uchun ochiq ekanini namoyish etish maqsadida “Tashkent city”, yirik ofislar, turar joy va dam olish majmualarini qurayotgan firmalar bilan aloqalarini tan oldi. 

Shahar rasmiylarining aytishicha, shartnomalar tegishli nazorat ostida berilgan. Janob Ortiqxo‘jaev esa firmalar ularni adolatli va teng huquqlilik asosida yutib olganini ta'kidlamoqda. 

Darhaqiqat, uning nuqtai nazariga ko‘ra, ular loyihada asosan fuqarolik burchidan kelib chiqqan holda ishtirok etishmoqda.

Karimov davrida O‘zbekiston klan kapitalizmining timsoliga aylandi. Amerikalik diplomat keyinchalik e'lon qilingan telegrammada sobiq prezidentning or-nomussiz qizi Gulnora Karimovani “qaroqchi baronessa”, deb atadi. 

O‘tgan yili Karimova O‘zbekistonda biznes yuritmoqchi bo‘lgan xorijiy firmalardan Amerikada 865 million dollar pora so‘raganlikda ayblanib, so‘roq qilingandi. 

Garchi unga nisbatan sud jarayonlari shaffof o‘tmagan bo‘lsa-da, hozir u korruptsiyada ayblanib, O‘zbekiston qamoqxonasida saqlanmoqda.

Amaldagi rasmiylar Karimova hokimiyat tepasidan ketgandan beri O‘zbekiston tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan, deya ta'kidlamoqda. 

Ammo biznes va hukumat o‘rtasidagi yaqin aloqalar saqlanib qolayotir. Xususan, Mirziyoevning kuyovi va uning yuqori lavozimdagi mulozimlaridan biri bo‘lgan Oybek Tursunov bir nechta moliyaviy firmalarda, shu jumladan, yirik bank va to‘lovlar tarmog‘ida ulushlarga ega. 

Janob Mirziyoev o‘zini oshkoralik tarafdori sifatida ko‘rsatib, investitsiya muhitini yaxshilash va korruptsiyani kamaytirish bo‘yicha ta'sirchan islohotlarni amalga oshirmoqda. 

Ammo oddiy xalq davlat mablag‘lari shaxsiy manfaatlar egalariniki emas, balki jamoat mulki ekaniga ishonch hosil qilishlari kerak.

Maqola The Economist nashrida chop kilingan. Muallif Joanna Lillis, Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2020
Taniqli hofiz Rustam Hojimamedov Samarqandiy 6 aprel kuni AQShning Nyu-York shahrida koronavirusdan o‘lgani haqida yaqinlari ma'lum qildi. «Qurbon o‘lam» ...
27 aprel 2016
Gap O‘zbekistonda ancha vaqtdan beri davom etayotgan benzin taqchilligi muammosi haqida bormoqda. Bugun benzin faqat Toshkentdagina bir amallab topilayotgani, ...
26 avgust 2020
Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jozef A. Presel xotiralaridan 2020 yil 19 avgust Men 1997 yil oktyabr oyida ...
1 fevral 2016
2016 yil 27 yanvar kuni BJ’s Wholesale Club chakana savdo kompaniyasi Paxta majburiyati (Cotton Pledge)ga imzo chekkan 200 dan ...
Bloglar
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...