Asosiy mavzular
19 avgust 2020

Belarusda diktaturaga darz ketdi

Belarusdagi norozilik namoyishlari o‘n birinchi kun davom etmoqda. Namoyishchilar iqtidordagi prezident Aleksandr Lukashenko saylovlarda yutqazdi, deya hisoblashmoqda va tinch yo‘l bilan hokimiyatni yangi prezident – Svetlana Tixanovskayaga topshirishni talab qilishmoqda. Tinch namoyishlarning dastlabki kunlari belarus huquq-tartibot kuchlarining oddiy odamlarga o‘ta shafqatsiz munosabati yanada katta ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. 16 avgust, yakshanba kuni Minsk ko‘chalariga 200-250 ming odam chiqdi. Mamlakat sharhlovchilari fikricha, bu Lukashenkoga qarshi mustaqil Belarus tarixidagi eng ommaviy norozilik aktsiyalari bo‘ldi. Shu kunlarda Belarusda sodir bo‘layotgan voqealar jahonning yetakchi nashrlari bosh sahifalariga chiqdi. E'tiboringizga Nyu-York Tayms gazetasida chop etilgan maqolani havola qilamiz.

___________________________________

Aftidan, Aleksandr Lukashenko hukmronligi ostida yashovchi xalq unga umrbod toqat qilishni istamaydi.

Chorak asrdan beri Aleksandr Lukashenko temir mushti bilan boshqarayotgan Belarusda diktatura bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazib keldi. Ammo 9 avgustdagi saylov soxtalashtirilganiga oid keskin tanqidlardan so‘ng navbatdagi dars diktaturani qanday tugatish kerakligi to‘g‘risida bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Sutchining o‘g‘li bo‘lmish janob Lukashenko Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Belarusda o‘tkazilgan birinchi demokratik prezident saylovida hokimiyat tepasiga kelgan. Keyin u har qanday muxolifatni yo‘q qilish, parlament, sud va ommaviy axborot vositalarini qattiq nazoratga olish yo‘lidan bordi va «Yevropaning so‘nggi diktatori» degan shubhali unvonni qo‘lga kiritish uchun eski sovet KGBsining xavfsizlik apparatini shaxsiy mashinasiga aylantirdi.

G‘arb tomon burilmaslik uchun Rossiyaning saxiy ko‘magi ostida imtiyozli narxlarda, asosan, gaz va neft kabilarni olib, janob Lukashenko Rossiya va boshqa sobiq sovet respublikalarining boshiga tushgan tartibsizlik, keng miqyosli xususiylashtirishdan qochib, asosiy sanoat tarmoqlari, ulardagi ish o‘rinlari va homiyliklarini hukumat qo‘lida saqlab qoldi.

Ammo so‘nggi saylov jarayonlari oldidan Lukashenkoning ishlari o‘ngidan kelmayotgandi. Uning koronavirus pandemiyasiga bema'ni va befarq munosabati, jumladan, o‘z fuqarolarini mashina haydash, sauna qabul qilish va aroq ichishga undashi, kasallik tarqalishi va iqtisodiyotning pasayishi bilan ko‘plab odamlarning sabr-toqati toq bo‘ldi.

Uning odatiy taktikasi – har qanday jiddiy raqibni qamoqqa olish yoki diskvalifikatsiya qilish bo‘lib, sobiq ingliz tili o‘qituvchisi hamda  demokratiya tarafdori bo‘lgan mashhur blogerning xotini Svetlana Tixanovskaya o‘z nomzodini e'lon qilganidan keyin hibsga olindi. Uning butun platformasi jo‘shqinligi va soddaligi bilan boshqalarnikidan ajralib turar, barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilish, erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish va'dalaridan iborat edi. Uning mitinglari olomonni jalb qildi va saylov kuni saylov uchastkalarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

Janob Lukashenko o‘zining tanish tsenariysiga yopishib olib, mutlaqo aqlga sig‘maydigan g‘alabani talab qildi. Tixanovskayaga berilgan ovozlarning o‘ndan biriga egalik qilishni so‘rab, bunday dedi: «Bizning jamiyatimiz ayollarga ovoz berish uchun hali yetarlicha tayyor emas». Ishonchli kuzatuvchilar bo‘lmagani sababli Tixanovskaya aslida qancha ovoz olganini bilishning iloji yo‘q, lekin u deyarli g‘alaba qozongani aniq. Haqiqiy natijalarni ko‘rsatgan ba'zi saylov uchastkalarida u 70 foiz ovoz to‘plagan.

Poytaxt Minsk, shahar va qishloqlarning ko‘chalari g‘azablangan namoyishchilar bilan to‘lganida, Lukashenkoning kallakesarlari favqulodda shafqatsizlarcha javob berishdi. Namoyishchilar dubinka va etiklar bilan kaltaklangan, minglab odamlar hibsga olingan. Keyinchalik qo‘yib yuborilgan shaxslarning aytishicha, ular tor kameralarda saqlanib, muntazam ravishda kaltaklangan. Rasmiy shikoyat bilan murojaat etayotganida Tixanovskayani politsiya ushladi. Uch soat o‘tgach, saylovdan voz kechish to‘g‘risida aniq majburlangan bayonot bilan chiqdi va xalqdan norozilik bildirmasliklarini so‘radi.

Zo‘ravonlik faqat qarshilikni kuchaytirdi. Minsk va boshqa shaharlarda oq kiyinib, gullar ushlab olgan ayollar politsiyaning shafqatsizligiga qarshi tirik zanjir hosil qildilar. Bir nechta davlat korxonalarida o‘z-o‘zidan ish tashlash boshlandi. Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, belaruslik Svetlana Alekseevich Lukashenkoni o‘z xalqiga urush e'lon qilganlikda ayblab, uning iste'fosini talab qildi.

Yevropa Ittifoqi va Amerika Qo‘shma Shtatlari politsiyaning zo‘ravonligi va saylovni soxtalashtirishga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqishdi va mas'ul mansabdor shaxslarga nisbatan sanktsiyalar joriy etish haqida gap bordi. Bunday sanktsiyalar ilgari ham qo‘llanilgan va janob Lukashenko taktik imo-ishoralarni, masalan, ba'zi siyosiy mahbuslarni ozod etish kabi G‘arbni unga murojaat qilishga undashga o‘rgandi. Inqiroz boshlanganida, Tramp ma'muriyati Minskdagi elchini qayta tiklash bilan mashg‘ul edi.

Haqiqat shundaki, janob Lukashenko hech qachon o‘z bilganidan qolmaydi. Agar u hozirgi qiyinchiliklardan omon qolsa, unga hech qanday imkoniyat bo‘lmaydi. Belarus ko‘chalaridagi namoyishchilar endi hayotlarini xavf ostiga qo‘ymaydilar, lekin saylovda xalqning tanlovi qadrlanib, janob Lukashenko sentyabr oyining boshlarida o‘z prezidentlik muddati tugaganda hokimiyatdan ketishini talab qilmoqdalar. … «Belarus boshqa hech qachon o‘zining sobiq hukmdorlari qo‘li ostida yashashni xohlamaydi», dedi Litvaga chiqib ketgan Tixanovskaya o‘z videomurojaatida.

Lukashenkoning irodasiz, shafqatsiz va noqonuniy boshqaruvidan nihoyatda charchagan Belarus xalqiga G‘arb xayrixohlik bildirishi va shak-shubhasiz uni  qo‘llab-quvvatlashi kerak. Yevropa Ittifoqi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Belarus saylovini na erkin va na adolatli deya baholashmadi, namoyishchilarga qarshi bosimni qoralashdi. Ular, shuningdek, Lukashenko g‘alabasiga oid rasmiy natijalarni qabul qilmasliklari va agar o‘z kuzatuvchilarini chaqirib olishlari, yangi va ishonchli saylov o‘tkazilmasa, uni g‘olib deb tan olmasliklari haqida ogohlantirishlari mumkin. Shu mantiqdan kelib chiqib Vashington Minskka yangi elchi yuborishdan bosh tortishi kerak.

Diktaturaning oxirgi sabog‘i shundan iboratki, odamlar zulmga abadiy toqat qila olmaydilar va oxir-oqibat unga qarshi turishadi, boshqa joylardagi erkin odamlar ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Nyu York Tayms gazetasidan «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
9 sentyabr 2021
6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy ...
18 may 2020
Prezident Mirziyoev qizining eri, prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarovning tug‘ilgan kuniga atab o‘zbek shou-biznesi va sport ...
7 dekabr 2017
AQSh Davlat departamenti; AQSh Adliya departamenti; Birlashgan qirollikning Hamdo‘stlik ishlari va tashqi ishlar vazirligi. Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi, ...
1 yanvar 2020
O‘zbek hukumatining Rossiya qaramligiga intilishi fonida mamlakatda gaz taqchilligi 2019 yili ham davom etdi. Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasidan O‘zbekistonning 600 ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...