Kundalik
1 sentyabr 2020

Mustaqillikka aslida qanday erishganmiz?

Islom Karimovning qarshiligiga qaramasdan, 1990 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston parlamenti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Lekin bu deklaratsiya bir parcha quruq qog‘oz bo‘lib qoldi.

Oradan to‘qqiz oy o‘tgach, SSSRni saqlab qolish uchun 1991 yilning 17 martida referendum bo‘lib o‘tdi. Bunga Moldova, Latviya, Litva, Estoniya, Gurjiston, Armaniston singari respubliklar qatnashmadilar. Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston Kompartiyasi nafaqat referendumda qatnashdi, balki butun vujudi bilan SSSRni saqlab qolish uchun 93,7 foiz ovozni qalbakilik yo‘li bilan Moskvaga tashkil qilib berdi.

Aslida ushbu raqamlar mutlaqo soxtalashtirilgandi. Chunki xalqimiz uyg‘ongan va ko‘pchiligi mustaqillik tarafdori ekanini yashirmayotgan edi. Buni O‘zbekistonda 1991 yilning dekabrida prezident saylovi bilan birga bo‘lib o‘tgan referendum tasdiqladi. Referendumda 98,3 foiz odam mustaqillik uchun ovoz berdi. Bu raqamlar ham ko‘paytirib ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin odamlar ko‘tarinki ruh bilan saylovga qatnashib, haqiqatan ham aksariyat ko‘pchilik mustaqillik uchun ovoz berdi. 1991 yil 17 mart va 29 dekabr orasida xalq o‘z fikrini tezlik bilan «o‘zgartirishi» juda g‘alati.

Aslida odamlarning fikri o‘zgargan emas. Faqat Islom Karimov yetakchiligidagi kommunistlar ko‘zbo‘yamchilik qilib, referendum natijalarini o‘z manfaat, niyatlariga qarab o‘zgartirishgandi, xolos.

Endi yana orqaga qaytsak. 1991 yil avgustdagi GKChP paytida Islom Karimov Hindistonda bo‘lgan. 1991 yilning 18-21 avgust kunlari Moskvada davlat to‘ntarishi (GKChP) yuz berdi. SSSRni, yakkapartiyaviy rejimni saqlab qolish uchun favqulodda holat e'lon qilindi. Ammo GKChP tezda yiqildi. Islom Karimov SSSRni saqlab qoluvchilar tarafida edi. Moskvada katta tekshirish ochilib, SSSR tarafdorlari birin-ketin qamoqqa olina boshlandi. Shunda Karimov 31 avgust kuni shu paytga qadar o‘zi rad etib kelgan, 1990 yil 20 iyunida qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi talabini qonun shaklida qabul qilishni parlamentga olib chiqdi.

Gapning ochig‘i, o‘shanda hamma deputatlar “shok” bo‘lib qoldi. Hali kechagina «mustaqillik bu orqadan pichoq urish, biz mustaqil yashay olmaymiz», deb turgan odam kutilmaganda minbarga chiqib, mustaqil bo‘lamiz, deb turibdi. Hech kim qarsak ham chalmadi. Vaholanki, 1990 yil 20 iyunda Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganda zal hayqiriqlardan larzaga kelgandi. Bu safar mustaqillik Karimovning o‘ziga asqatganini hamma angladi. Shuning uchun ham u qarsak chalmaysizlarmi, degandan keyingina yengil qarsak bo‘ldi. Shunda ham Karimov yillar davomida Mustaqillik deklaratsiyasi e'lon qilingan kunni, umuman o‘sha muhim voqeani esdan chiqartirishga urindi.

Ozodlik aslida hech bir mustamlakachi tomonidan berilmaydi. Qizil imperiyaning ahvoli tangligi sababli boshqa respublikalar kabi biz ham taqdir taqozosi tufayli bir vaqtda mustaqil mamlakatga aylandek. Afsuski, mustaqillikdan uzoq yillar mobaynida butun xalq emas, bir qism kishilargina boshqalar hisobidan manfaat ko‘rdi. Agar biz haqiqatan ham adolatni tiklamoqchi bo‘lsak, o‘tmishimizning salbiy, ijobiy tomonlarini yaxshi o‘rganishimiz, bundan xulosa chiqarib olishimiz kerak. nafaqat Sovet Ittifoqi davrida, balki o‘zimizning yopiq qo‘rg‘onda ham Mustaqillikka erishgandan keyin 27 yil qo‘rqib, hadik bilan yashaganimiz rost. Birodarlar, yaqin va uzoq o‘tmishimizni o‘rganaylik. Haqiqiy tarix bu ko‘zgudir, u kelajakni yoritib turadi.

Aziz vatandoshlar, hammalaringizni mustaqillik bayrami bilan tabriklayman!!!

Otabek Toshev
feysbuk sahifasidan

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2021
Uzoq yillar davomida O‘zbekistonda talabalar uchun yangi o‘quv yilining boshlanishi paxta terimiga chiqishni anglatardi. Terimdan bosh tortish deyarli mumkin ...
14 aprel 2017
Ko‘lankadagi o‘zbek millioneri 2010 yilda bir muddat qamalganidan keyin g‘oyib bo‘lgan «Paxtakor» futbol jamoasi va “Kapital-bank”ning sobiq egasi 51 ...
18 avgust 2018
Hozirda AQSh bo‘ylab sayohat qilayotgan, ko‘pchilikka «Alvido, Jasliq!» kitobi bilan mashhur sobiq siyosiy maxbus Muhammad Bekjon «Eltuz» nashri o‘quvchilari ...
4 sentyabr 2019
Mening uzoq yillar avval yozgan bir she'rim bor edi. Unda Sharqning shoiri gul butog‘iga bog‘lab qo‘yilgan devga qiyoslanardi. Bu ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...