Kundalik
23 sentyabr 2020

Tuzilmasdan bo‘lingan partiya

Iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov uch oy oldin yangi partiya tuzish payiga tushgandan buyon unga ko‘rinmas kuchlar tomonidan zarbalar berilmoqda.

Bu zarbalar ortida O‘zbekistondagi xavfsizlik kuchlari turgani haqida iddaolar bor.

O‘zbekistonda hukumat cho‘ntagidan tashqarida bo‘lgan siyosiy partiya tuzaman degan olim partiyani “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi deb nomladi.

Ammo harakat boshlangandan buyon biror ro‘shnolik ko‘rmadi.

Unga ergashib yurgan “Adabiyot gazetasi” bosh muharriri ham ko‘plab tazyiqlar girdobida qoldi. Bu orada koviddan 45 kunlik karantinga tushib, harakat erkinligi cheklandi.

Karantindan chiqishi bilan gazetaning soxta soni chop etilgani o‘zbek blogosferasida muhokamaga sabab bo‘ldi.

Soxta son aslida jurnalist Baxtiyor Karim va gazetasining obro‘sini tushirishi va hatto tuzilajak partiyaga berilgan katta zarba bo‘lishi kerak edi.

Ammo bu O‘zbekistonda jurnalistikaning kimlarningdir qo‘lida o‘yinchoq ekanini ko‘rsatdi.

Xidirnazar Allaqulov va Baxtiyor Karim gazetaning soxta sonini chiqargan kishilarni topib beringlar, deb kerakli joylarga arz qildi. Internet orqali xalqqa videochiqishlar taqdim etdi.

Gazetaning AQShdagi xaloskori kabi ko‘ringan Jahongir Muhammad ham soxta son haqida chiqishlar qildi.

O‘zbekistonda adolat yo‘qligini isbotlamoqchi bo‘lib, soxta gazetani bunga misol qilib ko‘rsatdi.

Jon kuydirishga asos bor edi. Chunki soxta gazetada Jahongir Muhammad haqida ham ayrim tanqidiy fikrlar bildirilgandi.

Shunga qaramay, fan va texnologiyalar taraqqiy etgan XXI asrda soxta gazeta kim tomonidan chop etilgani noma'lumligicha qolmoqda.

Bu borada jurnalist Abduqodir Mo‘minov ham yutubdagi “Ko‘zgu” kanalida soxta gazetani chiqarganlarni topish ilinjida ko‘rsatuvlar tayyorladi.

Partiyaga xayrixoh bo‘lib o‘zini va yutubdagi kanalini ancha jonlantirib olgani kuzatildi.

Aslida Jahongir Muhammadning tavsiyasi bilan bu ishlarni qilayotgani iddao qilingan Abduqodir Mo‘minov tez orada Xidirnazar Allaqulovning o‘g‘illari qatoriga kirib oldi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi…

AQShdan turib partiya ishlaridan xabardor bo‘lib turgani aytilgan Jahongir Muhammad “men hatto partiyaning nomini to‘liq bilmayman, Xidirnazar domla bilan aloqam yo‘q”, deb barchani ishontirishga urinayotgan bir paytda Abubakir ismli cholning intervyusi e'lon qilindi.

Unda Jahongir Muhammad va Xidirnazar Allaqulovning yozishmalarini telegram orqali bir-biriga Abubakir yetkazib bergani aytilgan…

Xullas, ishi o‘ngidan kelmayotgan Xidirnazar Allaqulov oxiri tadbirkorlarni hamkorlikka chaqirdi. Atrofida cho‘ntagi pulga to‘la tadbirkorlar yig‘ila boshladi. Ular bilan birga yana Abduqodirning yutubdagi kanalida chiqishlar qildi.

Ammo kutilmaganda tadbirkorlar hukumatning odami ekanini bilgan Xidirnazar Allaqulov bu xayrixohlardan masofalandi. Abduqodirga ham erkin jurnalistligida omad tilab xayrlashdi.

Xidirnazar Allaqulov haqida ikki og‘iz so‘z. U 1956 yil Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Termiz davlat universiteti rektori bo‘lib ishlagan vaqtda qo‘l ostidagi nojo‘ya harakat qilgan amaldorlarni ishdan bo‘shatib, o‘ziga dushman orttirgan.

2002 yilda universitet rektorligiga tayinlanib, ikki yil ishlagach, mablag‘larni talon-taroj qilganlikda ayblanib ishdan bo‘shatilgan. So‘ng sud orqali o‘zini oqlashishga erishgan.

Tag‘in o‘qing
19 yanvar 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
13 sentyabr 2017
Sirdaryo viloyatining Sayhunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev kaltaklagan maktab direktorlaridan biri «Eltuz» nashriga intervyu berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mushtumzo‘r ...
5 fevral 2018
O‘zbekiston parlamentining ikki deputati Vazirlar Mahkamasining yuridik shaxslar avtomobillari haydovchilarining aynan «Avtotest-Report» MChJ malaka kurslarida o‘qib, majburiy sertifikat olishi ...
24 oktyabr 2017
Farg‘ona viloyatidan safarbar etilgan 15 mingga yaqin aholi bugungi kunda Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida paxta terayotganiga qaramay, ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...