Asosiy mavzular
9 noyabr 2020

Milliy teatrda “Jaloliddin Manguberdi”spektakli namoyishi

Yaqinda O‘zbek milliy akademik drama teatriga Nazar Eshonqul qalamiga mansub “Jaloliddin Manguberdi” spektaklini tomosha qilgani bordim. Bu yangi mavsumning ochilishi edi. 

Karantinchilikdan zerikkan barcha odam shu yerda yig‘ilgandek go‘yo. Nazoratchilar odamlar isitmasini o‘lchab, keyin teatrga kirgizyapti.

Foeda xalq artistlari, yozuvchi-shoirlar va olimlar ishtirokida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dargohning otaxon artistlari so‘zga chiqdi.

Foto: eltuz.com

Yaqindagina teatr rahbarligiga tayinlangan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa'diev mavsum ochilishi bilan tomoshabinlarni qutladi. Qo‘shimchasiga jonli ijroda qo‘shiq aytdi.

Muhtasham teatrga kelgan odamlar zalda Dilbar Ikromova, Fathullo Ma'sudov va Abdurayim Abduvahobov suratlari qo‘yilgan xotira burchagiga kelib duo qilishdi, yana kimdir teatrning otaxon aktyorlari bilan suratga tushdi…

Foto: Eltuz.com

Yarim soatlik tadbirdan so‘ng tomosha zali eshiklari ochildi. Marosimda munkillabgina turgan qariyalar chopqillab eshikka o‘zini urdi. Yoshlar ham bo‘sh kelmadi.

Axir shunday qilmasa, joy yetmay qolishi aniq. Hozir teatrlarda kamdan kam hollarda chipta raqamiga qaraladi. Chipta olishsa bo‘ldi. Xohlagan joyiga o‘tirib olishadi. 

Birovdan oldin, birovdan keyin men ham kirdim. Oxirgi qatorlardan biriga o‘tirish nasib etdi. Oldimda sahnaning yarmini to‘sib novcha odam, yonboshimda ko‘zi ojiz ayol o‘g‘li bilan yonma-yon o‘tirdi. 

Zal tomoshabinlar bilan to‘ldi. Oraliq masofa saqlash, degan narsa bo‘lmadi. Hatto odamlar masofa saqlashlari uchun bog‘lab qo‘yilgan o‘rindiqlarning bog‘ichlari ham yechib olindi. 

Men ham shunday qildim. Hatto sig‘may qolganlar ham bo‘ldi. Negadir, tomoshaga kelganlarning aksariyati qariyalar. (Keyin bilsam, keksalarga chipta tekin tarqatilgan ekan).

Eltuz.com

Tomosha boshlanishi belgisini bildiruvchi kuy chalindi. Shovqin solayotgan olomon tinchlandi. Spektakl Jaloliddin Manguberdi tavalludi bilan boshlandi. Sahnaga biri-biridan bachkana liboslarni kiygan aktyorlar chiqib keldi. 

Soch va soqollari beo‘xshovligi yetmagandek, grimmlar ham o‘ziga yarasha. Bundan bilish mumkinki, teatr yaxshi pardozchi va liboslar bo‘yicha mutaxassisga muhtoj…

Foto: Eltuz.com

Spektaklda aktyorlar rollarini mahorat bilan ijro etishga intildi. Sahna asari tarixiy haqiqatdan uzoqroq bo‘lsa-da, tomoshabinni nimagadir ishontirishga urinilgan. Aqlli dialoglardan foydalanilgan.

Xorazmshohlar saltanatidagi o‘sha davrda hukmron bo‘lgan boshboshdoqlikni ham ochib berishga harakat qilingan.

Yonimda o‘tirgan ko‘zi ojiz ayol aktyorlarni mendan ko‘ra yaxshi tanirkan. Ovozidan tanib, haqiqatan shumi, deb o‘g‘liga tasdiqlab olyapti. O‘g‘li pichirlab voqealarni tushuntirib beryapti. Ota ketdi, ona keldi. Jaloliddin tiz cho‘kdi, sahna almashdi…

Sekin telefonni olib, esdalikka suratga olaman. Nazoratchi opa suratga olish mumkin emasligiga ishora qiladi. Shovqin solgan odamlarning oldiga borib urushib keladi. 

Telefonda baqirib gaplashayotgan ikki-uch kishini tashqarida gaplashing, deb chiqarib yuborganini ko‘rdim. Tomosha zalining o‘zida besh yoki oltitacha nazoratchi opa bor. 

Vazifasi juda oddiy, ammo ular teatrda tomosha qilmaydi. Tomoshabinlarni kuzatadi. Zerikib ketgan odamlarga sabr qiling, spektakl tugashiga falon daqiqa qoldi, deya aytib turadi.

Tomosha yarmiga bormay, o‘rindiq uchun talashgan odamlarning ko‘pi chiqib ketdi. Birinchi navbatda, yosh bolali ayollar. So‘ng sabri yetmagan qariyalar va hafsalasi pir bo‘lganlar. Asl tomoshabin qoldi. Qolganlar ham kam emas.

Oldimda o‘tirgan novcha amaki ham ketdi. Sahna yorqin ko‘rina boshladi. Hammadan ham ajablanarlisi, sahnadagi dekoratsiya bir marotaba ham o‘zgarmaydi. 

Foto: eltuz.com

Oradan 30 yil o‘tadiyam o‘sha manzara. Yozda ham, qishda ham o‘sha. Mo‘g‘ullar uchun ham, xorazmshohlar uchun ham o‘sha… Manzara deb ham bo‘lmaydi. Na saroy, na cho‘l. Dekoratsiya kishi e'tiborini tortmaydi. Ramziylikka qurilgan, deyishmoqda. 

Teatr rassomi, O‘zbekiston san'at arbobi Shuhrat Abdumalikov bilan bu bo‘yicha suhbat qurganimizda, bu sahna didli odamlar uchun, Yevropani ko‘rib kelganlar tushunadi, deya javob berdi. 

Tomosha yakunlandi. Sahnaga spektakl ijodkorlari birma-bir chiqib kelib, soxta mulozamatlar ostida gullar, qarsaklarni qabul qilib oldi. 

Ammo eshikdan chiqib ketayotgan tomoshabinlar spektaklga juda past baho bergani bor gap: “Qani tarix? Qani haqiqat? Jaloliddin haqida ham yolg‘on yozasanmi? Yozuvchi o‘zi tarixdan xabardormi? Sahnasi nega qamishzorga o‘xshaydi. Muqaddas Xoliqovadan boshqasi o‘ynolmabdi. Nega yoshlar mutanosibligiga e'tibor qaratilmagan? Chingizxon Jaloliddindan yosh. Hayotda unday bo‘lmagan…”.

Tomoshabinlarning hozirgi o‘zbek spektakllariga baho berayotgan gaplarini eshitib, ko‘ngli xijilligi bilan teatrdan uyga qaytdim.

PS: Bu toshkentlik oddiy tomoshabinning kuzatishlaridir. Sahna bezaklari¸ grimm va voqealarning sahnaviy talqini haqida san'atshunos va soha mutaxassislari boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin. «Eltuz» ularning ushbu spektakl haqidagi fikrlarini kutib qoladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 mart 2023
Bugun taniqli o‘zbekistonlik jurnalist Hurmat Bobojonning tug‘ilgan kuni. Hurmatning maqolalari bir qator horijiy tillarda ham yangrayotgani bilan ham qadri ...
24 aprel 2016
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi o‘z muassisi bo‘lmish xalq demokratik partiyasi rahbari, partiyaning parlament quyi palatasidagi fraktsiyasi rahbari Hotamjon Ketmonovning intervyusini ...
6 noyabr 2023
Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkentda o‘tishi rejalangan “Mashina vremeni” rok gruppasi kontserti qoldirildi. O‘zbekistonlik galerist Bella Sobirova, Toshkentda ...
6 sentyabr 2016
Singlim kichkina rahbar. To‘g‘risi O‘zbekistonda porasiz, ilmi, ma'rifati va odamgarchiligi tufayli tayinlangan sanoqli bog‘cha mudiralaridan. Kechasi ikkida hokimlikdan telefon ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...