Asosiy mavzular
30 noyabr 2020

Navbatdagi ura-ura tibbiyot tizimini malakali kadrlarsiz qoldirishi ehtimoli bor

Prezident Shavkat Mirziyoevning tibbiyot tizimini tubdan qayta qurishga qaratilgan topshirig‘i ortidan hali kasbini to‘liq egallab ulgurmagan talabalar go‘yoki amaliyot o‘tash bahonasida viloyatlarga safarbar etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbari Abduxakim Hojiboevning buyrug‘iga ko‘ra, tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining Qashqadaryo viloyatida doimiy ro‘yxatda turuvchi 5-6-kurs bakalavriat, 1-2-3-kurs magistratura, 1-2-kurs ordinatura talabalari shu viloyatga jo‘natiladi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta'lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilovning mahalliy OAVga aytishicha, bu talabalar aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, antropometrik (tana a'zolari o‘lchami) ko‘rsatkichlarni aniqlash va salomatlikni tekshirish tadbirlarida qatnashadi.

Talabalarga bu ishlar uchun haq to‘lamasligini bildirgan SSV vakili safarbarlik keyinchalik boshqa viloyatlarda ham davom etishini qo‘shimcha qilgan. 

Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi ayni shu masalada “Eltuz”ga maktub yo‘llab, “ko‘rinishidan juda ajoyib o‘ylangan qaror”ning salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi. 

Uning yozishicha, safarbarlikdan maqsad magistr va ordinator talabalarni o‘z sohasi bo‘yicha muayyan stavka bo‘yicha ishga joylashtirish hamdir. 

“Bu bosqichlarda berilishi lozim bo‘lgan chuqur malakaviy bilimni to‘liq egallamagan talaba qanday qilib o‘z viloyati yoki tumanida soha bo‘yicha ishga qabul qilinishi mumkin”, deb savol qo‘yadi maktub egasi. 

Uning ta'kidlashicha, talabalar borgan joyida ish o‘rganadi, ma'ruzalarni esa onlayn o‘zlashtiradi, degan gaplar mantiqsizlikdir. Chunki u yerda darsni kafedradagidek o‘zlashtirish uchun muhit yo‘q. 

“Tibbiyot institutida har bir dars soati qaysidir kasallik yoki uning diagnostikasi, davolash yo‘llariga bag‘ishlanadi. Lekin bu tsikllardan o‘tilmasdan turib talabalar safarbarlikka jalb qilinyapti. 

Qolaversa, 5-kurslar ham safarbarlikka olinishiga ishonmagandik. Endi bu gaplar to‘g‘ri bo‘lib chiqyapti. Safarbarlikdan maqsad butun xalqni antropometriyadan o‘tkazish ekan. 

Bundan kimga qanchalik foyda? Nima uchun biz otning kallasidek kontrakt pulini to‘larkanmiz-u, bilim olish o‘rniga odamlarning bo‘yini o‘lchab yurishimiz kerak? 

Tibbiyot va talim sifatini yuksaltirish haqida bong uryapsiz-u, amalda buning aksini qilish bilan bandsizlar. Sizlarga yaxshi kadr kerakmi, unda bizni erkin ta'lim olishimizga qo‘yib beringlar. Kimningdir og‘zidan chiqqan bir og‘iz so‘z uchun butun bir avlodning kelajagini barbod qilish shart emas”, deyiladi “Eltuz”ga kelgan maktubda.

Unda ta'kidlanishicha, o‘qish onlayn davom etishi aytilayotgan bo‘lsa-da, internet masalasi hali qanday hal etilishi ma'lum emas. 

O‘zbekiston hududlari esa so‘nggi kunlarda muntazam ravishda elektr ta'minotisiz, demak internetsiz qolgani esa hech kimga sir bo‘lmasa kerak. 

Ma'lum bo‘lishicha, safarbarlik doirasida Qashqadaryo viloyatiga qashqadaryoliklar va Surxondayo viloyati talabalari biriktirilgan.

Talabalar borishi kerak bo‘lgan tuman aniq, lekin safarbarlik qancha vaqt davom etishi noma'lum. 

Dekabr oyidan Samarqand viloyatiga Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlaridan kelgan talabalar jalb qilinadi.

Jizzax viloyatiga Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va vodiy viloyatlari talabalari safarbar etiladi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2016
O‘zbekistonliklar orasida so‘nggi kunlarda avj olgan 16 va 32 kilogrammlik polvontoshlarni qidirish vasvasasi mashhur «Oltin devor» p'esasini eslatadi, faqat ...
5 mart 2020
Xitoylik uyg‘urlar masalasi bo‘yicha taniqli tadqiqotchi, yozuvchi va tarjimon Yevgeniy Bunin (Gen Bunın) O‘zbekistonga ikkinchi marta kiritilmadi. U bu ...
30 mart 2022
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tuzilganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan Jamoatchilik kengashi imi-jimida tugatib yuborilgani hatto uning ...
10 mart 2017
Ilgari Islom Karimovning besh tamoyilidan boshqa narsani ko‘rmaydiganlar endi yangi prezidentning yangi strategiyasini dasturilamal qilib oldi. Har ikki gapning ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...