Document UZ
30 noyabr 2020

O‘zbek forumi: Ko‘p ishlar qilindi, lekin hali to‘xtashga asos yo‘q

O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida bolalar mehnatiga barham berilishi, kattalar majburiy mehnatining sezilarli darajada kamayishida O‘zbekiston inson huquqlari forumi (sobiq O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi – O‘GF)ning ham juda katta xizmatlari bor. 

“O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnat bo‘yicha 10 yillik monitoring va hisobot”da tashkilotning, ta'bir joiz bo‘lsa, o‘n yillik mehnati natijalari xulosalangan. 

Tashkilotning 2010 yilgi hisoboti bolalarni mehnatga jalb etishning og‘ir oqibatlariga bag‘ishlangan edi

Unda tashkilotning har bir yil bo‘yicha qilgan hisobotlarining asosiy jihatlari, bajarilgan ishlar, bu yo‘ldagi ba'zi qiyinchiliklar, marralar va yutuqlarga e'tibor qaratilgan.

Ayniqsa, tashkilot o‘ziga monitoring o‘tkazishda yaqindan yordam bergan jasur mahalliy huquq faollarining ishlarini, xalqaro tashkilotlarning qo‘llab-quvvatlovlarini eslatib o‘tgan. 

“Hanuzgacha majburiy mehnat tizimining jamiyat va iqtisodiyotga yetkazgan ulkan oqibat va yo‘qotishlari, shu bilan birga, son-sanoqsiz shaxsiy fojealar bilan kurashishga O‘zbekistonning qurbi yetmayapti”, deyiladi “O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnat bo‘yicha 10 yillik monitoring va hisobot”ning kirish qismida. 

Tashkilotning 2009 yilda o‘tkazilgan monitoring natijalariga bag‘ishlangan hisobotida O‘zbekistondagi inson huquqlari faollari va O‘zbek forumi tashabbusi bilan imzolangan va o‘zbek paxtasini boykot qilishga chaqirilgan petitsiya ushbu masaladan xabardorlikni oshirgani bildirilgandi. 

Suratda: Faoliyati uchun ta'qib qilingan huquq faollari Maloxat Eshonqulova va Yelena Urlaeva

O‘zbekiston inson huquqlari forumi (qisqacha – O‘zbek forumi) nodavlat notijorat tashkilotlar, olimlar, investorlar, sanoat va kasaba uyushmalaridan iborat “Paxta kampaniyasi” (Cotton Campaign) xalqaro koalitsiyasining yaqin hamkoriga aylandi. O‘zbek forumining paxta yig‘im-terimini mustaqil ravishda monitoring qilishi “Paxta kampaniyasi” targ‘ibot va kommunikatsiya strategiyasining asosini tashkil etadi.

2010 yilgi monitoring natijalari sarhisob qilingan hisobotda “ettinchi sinfdan yuqori bo‘lgan bolalar uzoq vaqt oilasidan ajralgan holda achinarli joyda yashab, ko‘pincha suvsiz, issiqlik manbaisiz va oziq-ovqat yetishmaydigan sharoitda yotoqda qolib” paxta tergani aytiladi. 

Aynan o‘sha yili O‘zbek forumi paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanish ko‘lami to‘g‘risida birinchi videoreportajini chiqargandi.

2011 yilgi hisobotida O‘zbek forumi davlat tomonidan uyushtirilgan majburiy mehnat tizimini fosh qiladi. Bolalar mehnatidan foydalanishni monitoring qilish jarayonida rasmiylar mustaqil jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilarini ta'qib qilishgani va hibsga olishgani bayon etiladi.

Mazkur hisobotda “O‘zbekiston hukumati bolalar va majburiy mehnat mavjudligini inkor etishi barobarida xalqaro hamjamiyatning aksariyati muammoning jiddiyligiga yengil qaragani” ham qayd etilgandi.

Suratda: O‘zbek forumi raxbari Umida Niyozova

2012 yilgi qo‘shma hisobotda O‘zbek forumi va “Paxta kampaniyasi” O‘zbekiston hukumatini bolalar va kattalarning majburiy mehnatiga barham berish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirib, Xalqaro mehnat tashkilotiga yuqori darajadagi uch tomonlama kuzatuvchilar missiyasi tuzishni tavsiya qilgandi. 

2012 yil iyul oyida xalqaro bosimga javoban o‘sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev bolalar mehnatini taqiqlovchi milliy qonunchilikka muvofiq, maktab o‘quvchilarini endi paxta terimiga jo‘natmaslik to‘g‘risida buyruq chiqargandi. 

Biroq ushbu ilk qadam juda yosh bolalarni qamrab olib, o‘rta maktab o‘quvchilari va kollej talabalari  hanuz davlat tomonidan paxta terimiga yuborilardi. 

2013 yilda e'lon qilingan hisobotda O‘zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkilotiga (XMT) “Paxta kampaniyasi” ko‘p yillardan buyon amalga oshirib kelayotgan terim monitoringi uchun mamlakatga kirishga ruxsat bergani, lekin XMT davlat xizmatchilari hamrohligidagi ish jarayonida majburiy mehnatga jalb qilishga doir hech bir holatni aniqlay olmagani tilga olingandi. 

Mazkur hisobotda 2013 yilda majburiy mehnat tizimi natijasida o‘n bitta fuqaro olamdan ko‘z yumgani, masalan, paxtani terayotgan onasiga hamrohlik qilgan olti yoshli bola uxlab yotganida ustiga paxta yuklanishi oqibatida bo‘g‘ilib o‘lgani, jasadi faqat tirkama bo‘shatilgandan so‘ng topilgani qayd etiladi.

Ayni o‘sha yili yuzdan ortiq kompaniya o‘zbek paxtasini sotib olmaslik to‘g‘risidagi kafolatni imzolagandi.

2014 yilgi hisobotda o‘sha kuz maktab o‘quvchilari paxta yig‘im-terimiga bormay, maktabda qolishiga ruxsat berilgan ilk kuz bo‘lgani aytiladi. 

Bu hisobotda hukumatning paxta yetishtirishdagi tovlamachiliklari ko‘lami hamda “Jeneral motors” va “Telia sonera” singari transmilliy kompaniyalarning ishtiroki fosh etilgan.

2015 yilgi hisobot “O‘zbekistonning oq oltinini oqartirish” deb nomlangandi. Unda paxtadan keladigan daromadlar Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga kelib tushishi, ammo u milliy byudjetga kiritilmasligi aytilgandi. 

2016 yil O‘zbekistonda yangi prezident Shavkat Mirziyoevning hokimiyat tepasiga kelishiga to‘g‘ri keldi. Ammo o‘sha yilgi hisobotda bu o‘zgarish majburiy mehnat tizimini tubdan o‘zgartirishga olib kelmagani qayd etilgan.

2017 yil yozida O‘zbek forumi talabalarni paxta terimiga safarbar qilishni to‘xtatishga chaqirilgan petitsiyani boshlaydi.

O‘sha yili O‘zbek forumi Human Rights Watch bilan hamkorlikda 2015 va 2016 yillardagi terim haqida 115 sahifali hisobot tayyorladi va Jahon bankining O‘zbekistondagi yarim milliard dollarlik loyihalaridagi bolalar va majburiy mehnat bilan aloqalarni ochib berdi. 

Bu sa'y-harakatlar prezident Mirziyoevning 2017 yil sentyabr oyida BMT minbaridagi nutqida majburiy mehnatdan foydalanish tarixiy ravishda jamoatchilik tomonidan tan olinishiga olib keldi.

Mirziyoevning nutqidan so‘ng Jahon bankining o‘sha paytdagi prezidenti Jim Yong Kim Mirziyoevni majburiy mehnatga barham berish uchun islohotlarni amalga oshirishga chaqirdi. 

Ertasi kuni O‘zbekiston talabalarni hamda sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimi xodimlarining bir qismini paxtadan qaytaradi. O‘shandan beri talabalar paxta terishga majburlanmagan.

O‘zbek forumining 2017 yilgi “Biz qo‘rquvdan paxta teramiz” (“We Pick Cotton out of Fear”) sarlavhali hisoboti doimiy ravishda olib borilayotgan majburiy mehnatni tasdiqlab, inson huquqlari buzilishi va majburiy mehnatni Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar bilan qayta bog‘laydi. 

Shuningdek, hisobotda markaziy hukumat hududiy va mahalliy hokimliklarga terimchilarni safarbar qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishda davom etayotgani aytiladi.

Xuddi o‘sha yili O‘zbekiston hukumati davlatning azaliy monopoliyasiga chek qo‘yish uchun paxtachilikni xususiylashtirishni boshlaydi.

O‘zbek forumining 2018 yilgi hisobotida dalalarga yuborilgan terimchilar sonini qisqartirish bo‘yicha erishilgan sezilarli yutuqlar tan olinsa-da, ishlab chiqarish rejalari kabi tuzilmaviy omillar tufayli keng tarqalgan majburiy mehnat davom etgani ta'kidlanadi.

Shu bilan birga, fermerlarning vaziyati tobora xavfli bo‘lib borayotgani, paxta rejalarini bajarmagani uchun ulardan yerlari olib qo‘yilayotgani, ba'zan o‘z joniga qasd qilish holatlari bo‘layotgani haqida xabar beriladi. 

Aynan o‘sha yili O‘zbek forum tashkiloti “xalqaro e'tirofga loyiq muhim ish”i uchun Inson huquqlari va biznes mukofotiga nomzod bo‘lib, tashkilot raxbari Umida Niyozova O‘rta yer dengizi jurnalistlari forumining “Tinchlik uchun reportyor” mukofotini oldi.

O‘zbek forumining 2019 yilgi terim hisobotida xizmatchilarni ishga yollash bo‘yicha samarali usullarning yetishmasligi hukumatning majburiy mehnatdan foydalanishda ishtirok etishining oldini olishdagi asosiy to‘siq sifatida keltiradi.

Bundan tashqari, O‘zbek forumi fermerlarning yerlari xususiy paxtachilik korxonalari foydasiga noqonuniy ravishda musodara qilinganligi to‘g‘risida xabar beradi. 

Bu paytda Yevropa Ittifoqi parlamenti O‘zbek forumi va boshqa tashkilotlarning inson huquqlari va majburiy mehnatni bekor qilish borasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarini ma'qullaydi.

2020 yil mart oyida O‘zbekiston hukumati nihoyat O‘zbek forumi va boshqalar yillar davomida kuzatib kelgan majburiy mehnatning asosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan davlat paxta rejasini bekor qildi. 

Ayni paytda O‘zbek forumi Mirziyoev islohotlari dasturi samaradorligi va barqarorligi uchun sinov bo‘lgan 2020 yilgi terimni monitoring qilmoqda. 

Hali xulosa qilishga erta bo‘lsa-da, dastlabki dalillar mamlakat bo‘ylab majburlash va tovlamachilik holatlari uchraganini tasdiqlaydi.

Demak, O‘zbek forumi va majburiy mehnatga qarshi kurashuvchi turli tashkilotlar va inson huquqlari faollari oldida hali bu yo‘nalishda qilinishi kerak bo‘lgan ancha ishlar turibdi…

Ilovada: Hisobotning to‘liq PDF nusxasi

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 avgust 2019
(Prokurorlarning ochiq xati to‘liq va stilistika saqlangan holda e'lon qilinmoqda)  Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirzieev, xalqsevar yurtboshimiz, murojatimiz boshida Sizga, ...
17 aprel 2019
Ommaviy axborot vositalarida turk aktyori Burak O‘zchivitning yangi tug‘ilgan chaqalog‘iga Toshkentdan uy sovg‘a qilingani haqidagi xabarlarni 17 aprel kuni ...
1 sentyabr 2016
31 avgust kuni rossiya OAV, Islom Karimov tirik ekani va uni Burdenko nomidagi Neyroxirurgiya Ilmiy tadqiqot Instituti (ITI) shifokorlari ...
20 oktyabr 2017
18 oktyabr kungi sog‘liqni saqlash tizimiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida prezident Mirziyoev tibbiyot xodimlarini tag‘in jiddiy tanqid qildi. President.uz saytiga ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...