Document UZ
29 noyabr 2021

Babashevani deputatlikdan olishmoqchi

Tarmoqlarda yalang‘och videosi tarqalgani ortidan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani hokimligi binosida 3 dekabr kuni bo‘ladigan yig‘ilishda 43 yoshli deputat Feruza Babasheva deputatlik maqomidan mahrum qilinishi mumkin. Toshkent viloyati mahalliy deputatlarining telegram guruhidagi «Eltuz» tanishgan e'londa shu kuni Babashevaning deputatlikdan haydalishi masalasi ko‘rilishi aytilgan.

Joriy yilning 18 noyabr kuni Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani kengashi doimiy komissiyasi Xalq demokratik partiyasidan deputat Babashevani daxlsizlik maqomidan mahrum qilgan edi.

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq hokimligi binosida Babashevaning deputatlik ishi va odob-axloqi muhokamasiga oid yig‘ilish deputatning ishtirokisiz o‘tgan edi. «Eltuz» bilan suhbatda Babasheva bu holatni tazyiqlarning yangi to‘lqini, deb ta'kidladi: «Daxlsizligimni yechishgani kam ekan, endi deputatlikdan olishmoqchi. Anovi videolardagi shallaqi ayollarga prezident portaliga yozdirishibdi. Kamiga deputatlardan ham yozdirishibdi menga qarshi. Hokimning qo‘li uzun, xohlagan joyiga yetadi. Deputatlar hokimga so‘zsiz bo‘ysunishadi».

«Eltuz» muxbiri holat bo‘yicha mas'ullar bilan bog‘landi. O‘zini kengash kotibasi deb tanishtirgan xodimga ko‘ra, 3 dekabr kuni soat 12 da O‘rtachirchiq tumani kengashining navbatdan tashqari 30-sessiyasi bo‘ladi.

«Kun tartibida reglament va deputatlik odobi bo‘yicha doimiy komissiya raisi Dilorom Zulyorovaning axboroti asosida deputat Babashevaga oid qaror qabul qilinadi. Qaror loyihasi bor, ammo uni sizga bera olmayman», dedi xodim.

O‘tgan safargi yig‘ilishga kiritilmagan Babasheva «Eltuz»ga, shuningdek, yig‘ilish bayonnomasi va natijasi deputat va OAV vakillariga taqdim qilinmagani va oradan bir kun o‘tib ham o‘zining ishtirokisiz o‘tgan yig‘ilish bayonnomasini olmaganini ma'lum qilgan edi.

«Menga deputatlik guvohnomamni bekor qilish talabi asosi, taqdimnomasi ko‘rsatilmadi. Mening ustimdan kelib tushgan shikoyatlardan ham xabarim yo‘q. Faqat ular orasida «Agrobank» ATB Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Qiyomovning arizasi borligidan xabarim bor. Unda men u ishlayotgan bank va uning shaxsini ijtimoiy tarmoqda haqorat qilib, shaxsning ishchanlik qobiliyatiga daxl qilganim aytilibdi.

Ammo 2021 yilning iyul oyida bo‘lgan ushbu voqea yuzasidan men allaqachon holatning yolg‘on va asossiz ekanini tegishli tartibda isbotlab berganman. Yig‘ilishda yana nima muhokama qilingani menga ma'lum emas. Advokatim va yuristimga ham yig‘ilish bayonnomasi taqdim etilmadi. Meni rasman yig‘ilishga chaqirishmadi, kelishim so‘ralmadi ham», dedi deputat Feruza Babasheva.

Foto: Feysbuk sahifasidan. Deputat Feruza Babasheva saylov tadbirida.

Deputat Feruza Babashova uzoq yillar prokuror va Bosh prokuratura tizimida rahbar lavozimida ishlab kelgan Muhiddin Qiyomov bilan shaxsan adovati yo‘qligini, yuzma-yuz nizolashmaganini aytdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bir guruh o‘qituvchilar Feruza Babashevaga oyliklari «Agrobank» tomonidan bir foiz naqdlashtirishga ushlab qolinayotgani bo‘yicha arz qilgan.

Babasheva bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda post qoldirgan va chiqishlar qilgan. Chiqishlarida deputatning kuzatuvchilari «Agrobank»ni o‘g‘ri bank, deya izoh qoldirishgan. Buni matndan yulib olib effekt.uz saytida «Agrobank eng o‘g‘ri bank» nomli material chiqadi. Unga deputatning videosi ham ilova qilingan. Video ko‘p o‘tmasdan o‘chirilgan. Biroq «Agrobank» ATB Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Qiyomov tomonidan deputatga tazyiq, bosimlar uyushtirilgan.

Deputatning «Eltuz» muxbiriga ochiqlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda aylangan video 2 oktyabr sanasida Toshkent viloyatidagi dala hovlilarning birida bo‘lgan. U yerda deputat yolg‘iz bo‘lmagan. Yana 4 fuqaro bo‘lgan.

Uning aytishicha, qolgan 4 fuqaro uylariga ketkazib yuborilib, faqat Feruza Babasheva so‘roq qilingan. Barmog‘iga ozor berilib, telefoni olib qo‘yilgan. Dala hovliga IIBning uch xodimi va yana oddiy fuqaro kiyimidagi ikki kishi kelgan. Voqea joyida Toshkent viloyati IIB xodimi mayor Ziyodulla Rahimov ham bo‘lgan.

Bu bo‘yicha mayorning o‘zi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq hokimligi yig‘ilish bayoni e'lon qilinmaguncha holat yuzasidan ma'lumot berolmasligini bildirdi. Feruza Babasheva 1978 yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Oilali. Uzoq yillar tuman maktabida direktor va o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritgan. Bir farzandi bor.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 oktyabr 2015
O‘zbekistonda aholi ikki toifaga bo‘linadi. (Hukumat nazarida) Birinchisi: Ayblanuvchilar. (Bularga qo‘lga olingandan boshlab to mahbus bo‘lib, qamoqda o‘tiruvchilar kiradi.) ...
26 mart 2018
Namanganning Pop tumanida 25 mart kuni mobil telefonni hojatxona chuquridan olmoqchi bo‘lgan ikki kishi o‘ldi. Voqea kechqurun soat 22.00 ...
8 mart 2020
Rassom Dumham Eltuz.com
8 fevral 2022
2022 yil 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudi mahalliy bloger Sobirjon Boboniyozovni O‘zbekiston prezidentini haqorat qilishda ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...