Asosiy mavzular
20 yanvar 2022

Sud jizzaxlik faolni jinnixonaga jo‘natdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahri sudi internetda O‘zbekiston rahbariyati va Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosatini keskin tanqid qilishi bilan tanilgan Valijon Kalonovni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburan davolash to‘g‘risida ajrim chiqardi. 

2021 yil 23 dekabr kuni sudning yopiq tartibda o‘tgan majlisida Kalonovni Samarqand viloyati ruhiy asab kasalliklari shifoxonasining umumiy tartibli maxsus bo‘limiga yuborish belgilandi. 

Sudning Jinoyat kodeksining 2441-moddasi va 158-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarda ayblangan Valijon Kalonov “ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan” deb topgani to‘g‘risidagi ajrimi nusxasi “Eltuz” mavjud. 

Unda qayd etilishicha, 2020 yil oktyabrda ham Valijon Kalonov “O‘zbekiston Prezidentiga nisbatan haqorat va tuhmat ifodalangan videomurojaatini yutub kanali orqali tarqatgani” ortidan tergovga tortilgan. Ammo JKning 158-moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib harakatdan tugatilgan. 

2021 yil 2 avgustda Valijon Kalonov jurnalist Ulug‘bek Ashurning internetdagi kanali orqali chiqishida go‘yoki O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlab, unga tuhmat qilgan. 

O‘sha yili 9 avgustda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bergan xulosada bu chiqish Prezidentni haqoratlash va unga nisbatan tuhmat qilish hisoblanmasligi bildirilgan.

Lekin xulosada Kalonovning so‘zlarida prezidentni obro‘sizlashtirishga qaratilgan fikr-mulohazalar, amaldagi davlat rahbarini hokimiyatdan chetlatishga urinishni targ‘ib qiluvchi chaqiriqlar, aqidaparastlik g‘oyalari mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Respublika sud ekspertizasi markazi bergan xulosa mazmuni ham AOKAniki bilan deyarli bir xil deyish mumkin. 

Shuningdek, sud ajrimida Toshkent shahri sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan 2021 yil 23 noyabrda berilgan xulosa ham keltirib o‘tilgan. 

Unda Valijon Kalonov “vasvasaviy buzilish ko‘rinishidagi surunkali ruhiy kasallik bilan og‘rishi” aytiladi. 

“Bu xulosani tekshiriluvchida o‘tkazilgan klinik-psixopatologik tekshiruvlar natijasi va ilgari o‘tkazilgan sud psixiatriyasi ekspertizasi jarayonida aniqlangan fikrlash paralogikligi (mantiqiy tomondan qo‘pol buzilish) va rigidligi, shubhalanuvchanlik, tanqid va bashorat qilish qobiliyati saqlanmagani tasdiqlamoqda”, deyiladi klinika bergan hujjatda.

Unda aytilishicha, “yuqoridagi jinoyatlarni sodir etgan paytda Valijon Kalonovda ruhiy buzilish belgilari yaqqol ifodalangan bo‘lgan, u o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash va boshqara olish qobiliyatiga ega bo‘lmagan”. 

Aynan mana shu tibbiy xulosa sudning Valijon Kalonovni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolash to‘g‘risida ajrim chiqarishiga asos bo‘lgan ko‘rinadi. 

Sud ajrimida sudlanuvchiga nisbatan 2021 yil 21 oktyabrda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ham qayd etilgan. 

Valijon Kalonov o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda “korruptsiyaning boshida prezidentning o‘zi turgani”, u “Xitoydan, uning rahbari Si Tszinpindan, shuningdek, Rossiya prezidenti Putindan qo‘rqishi”ni ko‘p bora aytgan. 

“Chunki Putin sizni amalga olib kelib qo‘ygan”, degandi jizzaxlik faol internetdagi chiqishlaridan birida. 

Uning majburiy davolanishi belgilangan Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasi o‘ta qattiq tartibi bilan tanilgan. 

Bu yerda marhum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimov 11 yil davomida majburiy saqlangan va “davolangan” edi.

Jamshid Karimov mustaqil jurnalistlar bilan suhbatlaridan birida “u yerga kirish bemorning eng yaqinlari uchun ham juda qiyin” ekanini ma'lum qilgandi. 

Valijon Kalonovning “Eltuz” bilan gaplashgan yaqinlaridan biri uning ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qachon chiqishini bilmasligini aytish bilan kifoyalandi.

Elruz.com

Tag‘in o‘qing
21 iyul 2017
Joriy yil boshida Turkiyadagi Reina tungi klubiga hujum qilib 39 kishini o‘ldirgan Abduqodir Masharipovga ko‘mak berganlikda gumonlangan 42 yosh, ...
30 sentyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida shvetsiyalik o‘zbek muhojiri Do‘stnazar Xudoynazarov qizil va oq baliqdan «oltin baliq» qanday tayyorlanishini namoyish qiladi. ...
25 aprel 2017
23 aprel kuni Stokgolm hujumchisi Raxmat Oqilovning sherigi deya gumon qilinayotgan uchinchi shaxs qo‘lga olindi. Chechen millatiga mansub 26 ...
23 fevral 2021
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov “Eltuz” orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini prezident Shavkat Mirziyoevning ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...