Asosiy mavzular
20 yanvar 2022

Sud jizzaxlik faolni jinnixonaga jo‘natdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahri sudi internetda O‘zbekiston rahbariyati va Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosatini keskin tanqid qilishi bilan tanilgan Valijon Kalonovni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburan davolash to‘g‘risida ajrim chiqardi. 

2021 yil 23 dekabr kuni sudning yopiq tartibda o‘tgan majlisida Kalonovni Samarqand viloyati ruhiy asab kasalliklari shifoxonasining umumiy tartibli maxsus bo‘limiga yuborish belgilandi. 

Sudning Jinoyat kodeksining 2441-moddasi va 158-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarda ayblangan Valijon Kalonov “ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan” deb topgani to‘g‘risidagi ajrimi nusxasi “Eltuz” mavjud. 

Unda qayd etilishicha, 2020 yil oktyabrda ham Valijon Kalonov “O‘zbekiston Prezidentiga nisbatan haqorat va tuhmat ifodalangan videomurojaatini yutub kanali orqali tarqatgani” ortidan tergovga tortilgan. Ammo JKning 158-moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib harakatdan tugatilgan. 

2021 yil 2 avgustda Valijon Kalonov jurnalist Ulug‘bek Ashurning internetdagi kanali orqali chiqishida go‘yoki O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlab, unga tuhmat qilgan. 

O‘sha yili 9 avgustda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bergan xulosada bu chiqish Prezidentni haqoratlash va unga nisbatan tuhmat qilish hisoblanmasligi bildirilgan.

Lekin xulosada Kalonovning so‘zlarida prezidentni obro‘sizlashtirishga qaratilgan fikr-mulohazalar, amaldagi davlat rahbarini hokimiyatdan chetlatishga urinishni targ‘ib qiluvchi chaqiriqlar, aqidaparastlik g‘oyalari mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Respublika sud ekspertizasi markazi bergan xulosa mazmuni ham AOKAniki bilan deyarli bir xil deyish mumkin. 

Shuningdek, sud ajrimida Toshkent shahri sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan 2021 yil 23 noyabrda berilgan xulosa ham keltirib o‘tilgan. 

Unda Valijon Kalonov “vasvasaviy buzilish ko‘rinishidagi surunkali ruhiy kasallik bilan og‘rishi” aytiladi. 

“Bu xulosani tekshiriluvchida o‘tkazilgan klinik-psixopatologik tekshiruvlar natijasi va ilgari o‘tkazilgan sud psixiatriyasi ekspertizasi jarayonida aniqlangan fikrlash paralogikligi (mantiqiy tomondan qo‘pol buzilish) va rigidligi, shubhalanuvchanlik, tanqid va bashorat qilish qobiliyati saqlanmagani tasdiqlamoqda”, deyiladi klinika bergan hujjatda.

Unda aytilishicha, “yuqoridagi jinoyatlarni sodir etgan paytda Valijon Kalonovda ruhiy buzilish belgilari yaqqol ifodalangan bo‘lgan, u o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash va boshqara olish qobiliyatiga ega bo‘lmagan”. 

Aynan mana shu tibbiy xulosa sudning Valijon Kalonovni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolash to‘g‘risida ajrim chiqarishiga asos bo‘lgan ko‘rinadi. 

Sud ajrimida sudlanuvchiga nisbatan 2021 yil 21 oktyabrda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ham qayd etilgan. 

Valijon Kalonov o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda “korruptsiyaning boshida prezidentning o‘zi turgani”, u “Xitoydan, uning rahbari Si Tszinpindan, shuningdek, Rossiya prezidenti Putindan qo‘rqishi”ni ko‘p bora aytgan. 

“Chunki Putin sizni amalga olib kelib qo‘ygan”, degandi jizzaxlik faol internetdagi chiqishlaridan birida. 

Uning majburiy davolanishi belgilangan Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasi o‘ta qattiq tartibi bilan tanilgan. 

Bu yerda marhum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimov 11 yil davomida majburiy saqlangan va “davolangan” edi.

Jamshid Karimov mustaqil jurnalistlar bilan suhbatlaridan birida “u yerga kirish bemorning eng yaqinlari uchun ham juda qiyin” ekanini ma'lum qilgandi. 

Valijon Kalonovning “Eltuz” bilan gaplashgan yaqinlaridan biri uning ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qachon chiqishini bilmasligini aytish bilan kifoyalandi.

Elruz.com

Tag‘in o‘qing
14 dekabr 2016
«XXI asr» gazetasi (08.12) bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlarga oid navbatdagi maqolani e'lon qildi. «Murojaatlar haqqoniy bo‘lsa..» sarlavhali ...
30 sentyabr 2021
Toshkentda ish boshlagan xalqaro kinofestivalning bosh qahramoni rus pop ashulachisi Kirkorov bo‘ldi. Tashkilotchilar esa festivalga 37 davlatdan 400ga yaqin ...
1 mart 2018
Prezident Mirziyoev 27 fevral kungi selektor yig‘ilishida «O‘zbekoziqovqatxolding» davlat shirkatini meva-sabzavot eksporti rejasini bajarmaganlikda ayblab tanqid qildi. Prezident tanqidi ...
6 may 2016
Umida Ahmedova o‘zining bir qator dolzarb fotosuratlari va o‘zbek ayollarining bugungi muammolarini aks ettirgan «Bokiralik yuki» filmi muallifi sifatida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...