Asosiy mavzular
24 oktyabr 2022

Qoraqalpoq separatizmning qora yuzi

Olmaotadagi tumanlararo tergov sudi 7 oktyabr kuni O‘zbekistonda separatizmda gumonlangan qoraqalpog‘istonlik Ziuar Mirmanbetovani hibsga olish haqida qaror chiqardi.
Bundan oldin o‘zlarini Qozog‘istondagi qoraqalpoqlar diasporasi vakili deb atagan va O‘zbekistonda separatizmda ayblangan Qo‘shqarbay To‘remuratov va Jangeldi Jaksimbetov 13 sentyabr kuni Qozog‘istonda hibsga olingan edi.

Botirmi yoki jinoyatchi?

Ayni paytda separatistlar huruji bois xarbiylar doxil 20 dan ziyod kishi o‘lgan O‘zbekistonda «o‘z jinoyatiga pushaymon bo‘lgan» separatistlarni qamoqdan chiqarish boshlandi.

Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda ishtirok etgani uchun qamoqqa olingan ammo qilgan jinoyatidan pushaymon bo‘lgan 22 kishi 14 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kenges raisining so‘rovi va deputatlar kafolatlari bilan insoniylik tamoyili asosida uylariga qaytarildi. Joriy yilning avgust oyida deputatlar so‘rovi bilan Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda qatnashgan 34 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilgandi. Bir qarashda ijobiy tuyuladigan bu xabar ostidagi qoldirilgan izoxlarda esa ozod qilingan separatistlar botirlarga tenglashtirilganini ko‘ramiz.

«Sizlar aybli emas botirsizlar» deb yozadi tarmoq faoli Shinar Allanazarova. Yana bir yuzer Gulhafiza Boymurotova bo‘lsa «Mard botirlarimizsiz. Ota onagizga rahmat. Hech uyalmang. Uyaladaigan ish qilganiniz yo‘q. Ko‘kraklaringizni kerib yurishga arziysiz. Xalqimiz botirlari deb yozadi. Bu kabi yuzlab izoxlarda separatizm doxiylarini romantiklashtirish istagini ko‘ramiz.

«Separatchilar jazolanishi kerak!»

Ayni paytda barcha qoraqalpog‘istonliklar ham shunday o‘ylayotgani yo‘q. Nukusdagi «Aqbasqur» nodavlat tashkiloti rahbari Azimboy Otaniyozovning Eltuzga bildirishicha, jinoyatchilarning jazolanmasligi jamiyatda huquqiy nigilizmni keltirib chiqaradi va separatchilarga ilxom beradi.

«Millatchilik qilgan odam. Boshqa millatni kamsitgan odam. Boshqa millat vakiliiga tahdid qilgan odam jazolanishi kerak. Ko‘rsatilishi kerak. Jazo muqarrar ekanligini bilishi kerak. Sen insonsan. Inson uchun prioritet nima? Inson bo‘lishmi? Inson bo‘lishning shartlari bor. Hujjatlashtirilgan bu shartlar. Senda bor huquq, sening oldingda turgan odamdayam bor.
Separatizm bor ekan uni xalq qo‘llayaptimi degan savol tug‘iladi. Yo‘q. Separatizmni xalq qo‘llayotgani yo‘q. Bizlar xalqning ichida yuribmiz. To‘y ma'rakalarida qatnashamiz. So‘zlashamiz. Separatizmni xalq qo‘llayotgani yo‘q. Lekin separatizm xavfli narsa. U yuqumli narsa.

Ziyosiz ziyolilar

Shu kunlarda Urganchdagi tergov izloyatorida odam o‘limiga sabab bo‘lgan g‘alayonlarni tashkil qilishda ayblanib saqlanayotgan Davlatmurod Tojimurodov inson huquqlari faollari bilan uchrashtirilganida «o‘zbeklarni yoshligimdan yomon ko‘rganman va nafratlanganman deya ta'kidlab, bu fikridan hech kim qaytarolmisligini ham qo‘shimcha qilgan.

«Bolalarning yonida boshqa millatni kamsitishga bo‘lmaydi. Sasabi u o‘sib borayotgan murg‘ak. Ertaga katta bo‘lganidan keyin, undan Aman Sagidullaevga o‘xshagan separatist chiqadi. Qayoqdan chiqdi u. Kichkina vaqtida eshitgan. O‘zbek falon, o‘zbek pistiyon degan gapni. Otasidan, onasidan, qo‘ni-qo‘shnidan eshitgan shu narsani. Miyasiga o‘rnab qolgan. Aybni o‘zbekdan qidiradi. Xozir o‘zbek hukumatini ayblayaptimi? Ertaga kafolat yo‘q, bu yerdagi o‘zbek vakillarini kamsitib boshlamasligiga kafolat yo‘q. Chunki eshityapmiz ana. Piterdagi qaysidir diaspora boshlig‘i referendum o‘tkaziladigan bo‘lsa Qoraqalpog‘istonga 1992 yildan keyin ko‘chib kelgan o‘zbeklar qatnashmasin, deb chiqdi.

Ertaga referendum bo‘lgan taqdirida o‘zbekning uyiga borib referendumga bormaysam demasligiga kafolat yo‘q. Bu natsizm emasmi? Bu fashizm emasmi?!»

Joriy yil boshida O‘zbekiston hukumati tarafidan «jurnalist va bloger» deya olqishlanib, qo‘llab quvvatlanib kelingan Lolagul Qallibekovaning iyul oyidagi mana bu chiqishini qanday izohlash mumkin? Nukusdagi g‘alayonni Toshkentdan turib boshqargani aytilgan «dohiy» Lolagul Kallixanova o‘z videochiqishlarida «O‘zbekistondan butunlay ayrilib chiqish»ga chaqiradi. Qallixanova talqinidagi ayrilish – bu aynan separatizmdir:

«Ne jag‘day bo‘lsada, Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistonning ichidan bo‘lak olib chiqing. O‘zbekistonning quraminda qolmang. Bor bilim va tajribangizni biriktirib, O‘zbekistondan bo‘lak chiquvga harakat eting. Mening sizlardan so‘rarim shul. Sizlardan o‘tinchim. Qo‘lga oldingizmi? Qo‘ldan yozdirmang. Iloji borincha kuchingizni biriktiring. Zavolli qoraqalpoqlar dunyoning qay jerinda yurgan bo‘lsangizda O‘zbekiston quramindan chiquvga harakat eting.» – deydi o‘z videochiqishida Kallixanova.

Bu videoga munosabat bildirgan Azimboy Otaniyozov ayni paytda Qoraqalpog‘istoning qo‘shtirnoq ichidagi ziyolilari shuurini saraton o‘smasi kabi o‘rab olgan ayirmachilik kayfiyatiga ham to‘xtaldi:

«Separatizm yo‘q deyapmiz. Ammo ko‘rdik. Intelegentsiya, ziyoli odamlarning qilmishini ko‘rdik. Davlatmurod Tojimurotov, Lolagul Qallixanovalar ham bo‘linib chiqamiz menga ergashinglar degan chaqiriqlar bilan chiqishi haligi aytganimdek ziyolilarning ziyosi yo‘qlidir. Ziyosiz ziyolilar. Bo‘linish oqibatlarini tahlil qilish yo‘q ularda. Boshqalarni eshitish ham yo‘q. O‘zida ziyo bo‘lmaganidan keyin, eshitgan narsasini tarqatadi. Izimga odam ergashadi ekan, aytganimni qiladi ekan deb shu ishlarni qilishdi. Jazolanishi kerakmi? Albatta qonun doirasida jazolanishi kerak.»

Azimboy Otazniyozovning yana aytishicha, referendum o‘tkazilgan taqdirda ham aksar aholi O‘zbekiston tarkibida qolish uchun ovoz beradi.

Separatistlar kimga tayanmoqda?

Bugun dunyoda separatizmning 50 dan ziyod o‘chog‘i mavjud. Shundan 20 tasi o‘ta agressiv bo‘lib qurolli konfliktlar xamirturishiga aylangan. Ukrainaning Lugansk va Donetsk bo‘lgasidagi Rossiya parvarishlagan separatizm minglab odamlar hayotiga nuqta qo‘ydi. Joriy yilning iyul oyida separatizm to‘lqini O‘zbekistonni ham silkitdi. 14 oktyabr kuni Ostona shahrida «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammitida so‘zga chiqqan Belarus prezidenti Lukashenko iyul oyida Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlariga ishora qildi. Bu ishorada agar kim Rossiyaga sodiq bo‘lmasa nizo konfliktlar chiqaveradi degan po‘pisa ohangi bor edi. Abxaziya, Qrim, Lugansk va Donbasdagi separatistlar Rossiya parvarishida ekani hisobga olinsa Lukashenkoning gaplari shunchaki ritorik po‘pisa emasligi tushuniladi.

«Ozgina bag‘ri kenglik tufayli keyingi davrda erkinlik epkinlari esa boshladi. Lekin negadir separatizm avj oldi. Albatta ularni chetdan boshqarib turgan odamlar bor. Separatizmni keltirib chiqarishdan manfaatdor kuchlar bo‘ladi» – deya izohlaydi Otaniyozov.

Uning kuzatishiga ko‘ra, 2014 yil Rossiya Qirimni annektsiya qilgani Qoraqalpoq separatchilariga ilxom bergan:

«Qrimni Rossiya anneksiya qilgan vaqtda ko‘rdik, kuzatdik. Separatistlarni boshqarganlar tarmoqda «Davay Putinga yozamiz! Bizni anneksiya qilsin!» degan gaplarni yozgan. Endi, aqli raso odam buni gapirmaydi. Lekin aqli raso odam gapirgan bo‘lsa nega intellegentsiya jim turibdi degan savol tug‘iladi».

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev iyul oyida Nukusda yuz bergan voqealarda “tashqi kuchlar”ni ayblagan. Mirziyoevga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlarini tashkillashga tashqi kuchlar tomonidan yillar davomida tayyorgarlik ko‘rilgan.

«Mana qo‘llarida miltiq bilan Milliy gvardiyani otdi. Bu nima degan gap? Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan», – degan prezident Mirziyoev 6 iyul kuni.

Xo‘sh Mirziyoev aytganidek yillar davomida tashqaridan turib qoraqalpoqlar shuuriga separatizm fitnasini yerlashtirgan kim? Iyul voqealarini boshqargan kim? Tashkil qilganlar kimlar?
Nukusdagi Aqbasqur tashkiloti rahbari Azimboy Ataniyozov fikricha, 10 yil mobaynida ijtimoiy tarmoq orqali separatizm g‘oyalarini tarqatib nukusliklar shuurini chet eldan turib parvarish qilgan «Separatchi»maskasini kiygan korruptsioner Amanbay Sagidullaev Nukusdagi g‘alayonlarning sababchilaridan biridir.

«Boshida turgan odam. Biz eshitib kelayotganimiz, 2014-2015 yillarda avval Qirg‘izistonda, keyinchalik Norvegiyadan qochqinlik maqomini olga Omon Sagidullaev. Avval qaysidir tumanda hokim bo‘lib ishlagan. Keyin lizingga olingan, bug‘doy o‘radigan, sholi o‘radigan «Keys» kombaynlarini sotivorgan, degan ayblar bilan unga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shu sababli qochib ketgan. Norvegiyadan qochqinlik maqomini olgan. 2015 yildan boshlab aktiv… Faol bil tarzda o‘z tashviqotini olib borayapti. Men uni mudom kuzatib o‘tirganim yo‘q. Bir ikki videosini ko‘rganimdan so‘ng ma'lum bo‘lgan…»

O‘zbekiston «Ezgulik» inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanovning Eltuzga bildirishicha, separatizm g‘oyalari Qoraqalpog‘istondagi rahbar xodimlarining ham miyasini ishg‘ol qilgan.

«Qoraqalpog‘istondagi ayirmachiliknig asosiy sabablaridan bittasi, ma'lum bir ziyolilar qatlami o‘rtasida separatistik g‘oyalar borligidir. Masalan, bu amaldagi qoraqalpoq hukumatining ayrim vakillari ichida ham bor. Tashqarida esa, mana Aman Sagidullaev degan faoli bor. O‘zi horijda istiqomat qiladi. Har yili ular tadbirlarini qilib kelishadi. Halqaro doiralarda Jenevada va Venadagi tadbirlarida o‘zlarining chaqiriqlarini qilib kelishadi. Endi, albatta Yevropa mamlakatlarida demokratiya va so‘z erkinligi judayam qadrlangani uchun har hil gaplarni eshitishadi, lekin aslida, bu ayirmachilik g‘oyalaridir. Men 2006 yildan beri yig‘ilishlarga qatnashib kelayotgn bo‘lsam, har yildi diasporalarning o‘shanday chiqishlarini qilib kelishiga guvoh bo‘lganman…»

Abdurahom Tashanov nomini aytib o‘tgan Aman Sagdullaev nafaqat tadbirlarda balki ijtimoiy tarmoqlar orqali separatchilik g‘oyalarini tarqatib keladi. Joriy yil boshida Sagidullaev qoraqalpog‘istonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov bilan suhbat chog‘ida qoraqalpoqlarni partizanlik kurashiga chaqirib o‘zbek xarbiylarining qurollarini tortib olinlar deya targ‘ib qiladi.

«Buning birdan bir yo‘li, yopiq harakatga keluvimiz kerak. Qoraqalpog‘istondan O‘zbekistonning bari askarlari chiqib ketishi kerak. Bo‘lmasa, qoraqalpoq azamatlari ularni qurolsizlantirishi kerak!» deya izohlaydi videodagi chiqishida o‘z g‘oyasini Aman Sagidullaev.

Oddiy korruptsioner

Qariyb 10 yildan beri ijtimoiy tarmoq orqali separatizm g‘oyalarini tarqatib nukusliklar shuurini chet eldan turib parvarish qilib separatizm g‘oyasini chetdan turib «Alg‘a Karaqalpaqstan» degan TG kanal orqali tarqatayotgan «faol» Amanbay Sagidullaev kim?

Sagidullaev 2016 yil iyul oyida siyosiy qochoq maqomi bilan Norvegiya davlatidan boshpana olib, ushbu davlatning Stavanger shahrida yashab kelayotganidan habardor edik.

Biz u kishiga Norvegiyaning istalgan mehmonxonasida biz bilan uchrashib videokamera oldida chiqish qilib o‘z harakatlariga ochiqlik kiritishni taklif qildik.

U kishiga beradigan savollarimizni ochiq yozdik. Sagidullaev yillar mobaynida Nukus va atrof tumanlardagi mulozimlar orasida tashviqot olib borganini yashirmadi. Ikki kun davomida Sagidullaev «har kuni urib o‘ldirilayotgan yuzlab qoraqalpoqlar haqidagi dalilsiz gaplarni gapirib oxiri suhbatga rozi bo‘lmadi.

Eltuzda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Aman Sagidullaev O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari tomonidan qidiruvga berilgan, hozirda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi esa uni qaytarish bo‘yicha Norvegiya qirolligi mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Sagidullaev nega xalqaro qidiruvga berilgan? Yoxud chinovnikdan siyosiy qochoqqa aylangan “faol” kim?

O‘zbekiston «fuqaroviy jamiyati» deb atalgan olaquroq guruhning so‘ng 30 yillik tarixiga nazar tashlasangiz savodsiz, joxil va biror joyda ishlamay parazitlik bilan kun ko‘radigan notavonu shubhali shaxslarning bir aylanib, o‘zidan halol-pok inson, demokrat, inson huquqlari faolini yasab olgani faktiga ham duch kelasiz.

Ammo bu gurux ichida sobiq mulozimlar oz. O‘z vaqtida amalidan, tanish-bilishlari imkoniyatlaridan foydalanib, davlat pulini o‘margani iddao qilingan va o‘z korruptsion o‘tmishini yashirish uchun «faol» rolini o‘ynayotganlardan biri Amanbay Sagidullaevdir.
Nukusda yuz bergan oxirgi voqealardan so‘ng o‘zining chiqishlari bilan jamoatchilikni o‘ziga qaratishga urinib kelmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Xo‘sh, Sagidullaev kim?

Birinchi e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masala shundaki, u fe'lan nepotizm bilan sug‘orilgan Qoraqalpoq boshqaruv elitasi uchun begona emas. U Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sobiq raisi, marhum Musa Yerniyazovning qarindoshi hisoblanadi. Marhumning turmush o‘rtog‘ining qarindoshligi sababli respublikada yog‘li joylarda ishlaydi. Aman Sagidullaev 2007-2011 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi «Agrointexnika» AMTP bosh direktori lavozimida faoliyat olib borgan. Shu vaqt ichida, aniqrog‘i 2008 yil oktyabridan 2009 yil martigacha Nukus tumani xokimi vazifasini vaqtincha bajargan.

Eltuz suhbatlashgan mahalliy mulozim iddaosiga ko‘ra, Aman mansabparast, befarosat, kalandimog‘, “yuqori”dagilarga tanishiligini pesh qilib, ochiqchasiga korruptsiya bilan shug‘ullanadigan bezbet chinovnik bo‘lgan.

Eltuz muxbiri ko‘rgan hujjatlarda Sagidullaevning davlatga millionlab zarar yetkazgani aks etgan. 2010 yilning oktyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan Aman Sagidullaevga nisbatan davlatga keltirilgan 139,56 mln. so‘mlik (o‘sha vaqtda rasmiy kurs 1640 so‘m bo‘lgan – 85 ming dollar bo‘lgan, hozirda qariyb 1 mlrd. so‘mga teng) zarar uchun Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismi (o‘zlashtirish yoki rastrata), 205-moddasi 2-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 209-moddasi 2-qismi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘sha paytda oddiy xalq ichida yurgan gap-so‘zlarga ko‘ra, Aman Sagidullaev 4 ta «KLASS» rusumli kombayn va 8 ta MTZ traktori hamda traktorlarning texnik qismlarini sotib yuborgan. Oqibatda A.Sagidullaev 2011 yil iyul oyida jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida mamlakatni tark etgan va Rossiya davlat universiteti – K.A.Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xo‘jaligi akademiyasining «Tabiyatshunoslik…» fakultetida aspiranturaga o‘qishga kirgan hamda oila a'zolari bilan birga qochib ketib, Moskvada yashagan.»

Sagidullaevning o‘z nutqlarida Qoraqalpoqlarning 97 foizi 1991 yilgi referendumda SSSRni yoqlagan deya ta'kidlagan sovetparast ritorikasi bugungi kreml ritorikasi bilan uyg‘un. Bu uyg‘unlik Sa'dulllaevni Moskva parvarishlagan degan extimolga asosday ko‘rinadi.

Ayirmachilik

«Ayirmachilik, ya'ni separatizm (lotin tilida separatisme separatus-alohida degan mazmun beradi) – nazariya, siyosat va amaliyot, ajralib chiqish, ayrilish (ajratish) istagi. Bu hududning bir qismini davlatdan ajratishga chaqiradigan va olib boradigan mafkuraga asoslangan siyosiy va boshqa harakatlar yoki tendentsiyalarning alohida turi. Bunday harakatlar, qoida tariqasida, ommaviy tartibsizliklari fonida sodir bo‘ladi va hududni davlatdan ajratishga, uning ushbu qismi ustidan suverenitetini yo‘q qilishga qaratilgan.

Separatizm aksariyat siyosatshunoslar tomonidan o‘z taqdirini o‘zi belgilashning o‘ta salbiy va radikal shakli sifatida qaraladi.»

BMT nizomiga muvofiq, Xalqaro huquq tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiyada (1970 yil) mustahkamlangan xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili xalqlarning teng huquqligini ta'minlayotgan davlatlarda setsessiya (bir tomonlama chiqish) imkoniyatini rad etadi.
Shuning uchun unitar davlatda ham, federativ davlatda ham davlat suvereniteti yagona va bo‘linmasdir, bitta davlatda ikkita suverenitet bo‘lishi mumkin emas.

Masalan Rossiya Federatsiyasi tarkibida 22 ta avtonom respublika bor, ularning birortasi “suveren” hisoblanmaydi.

RF Konstitutsiyaviy sudining 2000 yil 7 iyundagi qarorida ko‘rsatilganidek, suverenitet davlat hokimiyatining ustunligi, mustaqilligi va erkinligini, o‘z hududida davlatning qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyati to‘liqligini hamda xalqaro munosabatlarda mustaqilligini nazarda tutadi.

RF Konstitutsiyaviy sudi xulosasiga ko‘ra, davlat suverenitetining sohibi Rossiya Federatsiyasining ko‘p millatli xalqidir, demakki, RF sub'ektlari suverenitetga (hatto qisman) ega emas. Shu sababli RF tarkibida bo‘lgan, Konstitutsiya tomonidan davlatlar deb e'lon qilingan respublikalar ham xuddi o‘lka va viloyatlar kabi suverenitetdan mahrum sub'ektlardir.

Joriy yilning iyul oyida yuz bergan separatchilik g‘alayonlariga 1992 yili o‘sha paytdagi prezident Karimov tashabbusi va rahnamoligida yaratilgan Konstitutsiyaning 70 moddasidagi jumla sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu moddada Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi degan jumla ishlatilgan.

O‘zbekiston «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov fikriga ko‘ra, «hukumatning konstitutsiyadagi suveren so‘zini olib tashlash fikridan qaytib separatchilarga «yon berishi» hali taslim bo‘lishni anglatmaydi:

«O‘zbekiston hukumati o‘z hududiy yaxlitligini saqlash nuqtai nazaridan ozgina irodasizlik qildi degan iddao va ta'nalar ham bor. Lekin hozir butun dunyoda kechayotgan ziddiyatlarni inobatga olganda O‘zbekiston hukumatining Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritish taklifini kun tartibidan olib tashlab, vaziyatni o‘nglashga qarata qilgan harakatini bir tomonlama oqlash mumkin, chunki vaziyat qaltis, bu odamlarning kayfiyati bilan ham bog‘liq»

Ayni paytda Tashanov bu muammo kelajakda yana ko‘tarilishini tahmin qiladi:
«Lekin kelajakda baribir bu muammo ko‘tariladi. Chunki, mamlakat yaxlitligini, suverenitetini xohlagan har bitta inson bunga qarshi turishi kerak deb o‘ylayman. Chunki vatan manfaati hamma narsadan ustun».

Maqolaga so‘ng so‘z sifatida taniqli o‘zbek oydini Umida Haqnazarning tarmoqda yoyinlangan mana bu da'vatnini olishni ma'qul ko‘rdik:

«Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan chiqib Rossiyaga qo‘shilishini istayotganlar diqqatiga. Yagona davlat suvereniteti doirasidagi avtonomiya bu avtonomiyada milliy o‘zlik, til, madaniyat, bayroq, gimn va boshqa timsollar, hatto o‘z konstitutsiyasi va hokimiyat organlari yo‘qotilishini anglatmaydi.

Shu bois, “milliy o‘zlik, bayroq, gimn, til, konstitutsiya va hokazolarga tahdid” to‘g‘risida to‘satdan paydo bo‘lgan gap-so‘zlar, albatta, yoki ig‘vo, yoki nodonlikdir.

“Tarkibdan chiqish” va kimgadir (RFmi yoki Qozog‘istongami) qo‘shilish chaqiriqlari ham juda katta bilimsizlik va ibtidoiy populizmdir».

Joriy yilning iyulida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi Nukusda g‘alayonlar tashkillashtirilgan edi. O‘zbekiston rasmiylari bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 1-2 iyul kunlari Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan. Buning ortidan 500 kishi qo‘lga olingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 sentyabr 2016
Ba'zi imomlar, hattoki, paxta terish har bir musulmon uchun «vojib amal» deya hukm chiqargan, shu bilan birga, Ozodlik radiosi ...
15 fevral 2019
Bugunga qadar «Eltuz» tahririyati DXX rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqidagi silsila maqolalariga biror rasmiy izoh ola olgani yo‘q. Shunga qaramay, tahririyat ...
23 yanvar 2019
Prezident Mirziyoevning 21 yanvar kuni Berlinga rasmiy tashrifi chog‘ida «Ozodlik» jurnalisti Shuhrat Bobojonning «Ozodlik radiosidan sizga salomlar», degan replikasi ...
30 yanvar 2019
Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi raisi va bosh vazir o‘rinbosari ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...