Asosiy mavzular
15 fevral 2016

Maddohlik uchun grantlar, o‘zbek modeli va chiroqlarni o‘chirish tartibi

Bugungi o‘zbek gazetalari ham suvi ko‘pu ko‘miri oz maqolalarga to‘la bo‘ldi. Ajnabiylar tilidan gapirayotgan «Xalq so‘zi»ga ko‘ra, O‘zbekiston «dunyodagi rivojlanayotgan besh davlatning biri». Lekin gazeta chiroqlari muttasil o‘chiriladigan, hukumat milliardlari rejimni madh qilish uchun ajratiladigan, onalar esa tuqqan chaqaloqlarini sotadigan davlat qanday qilib bunday yuksak maqomga erishgani haqida lom-mim demaydi.

Ajnabiylarni ham o‘zbekday gapirtirayotgan “Jahon”

“Jahon” axborot agentligining “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan maqolasi O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida prezident I.Karimovning Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidagi ma'ruzasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan davra suhbati to‘g‘risidadir. Tadbirda Belgiyaning rasmiy, ishbilarmon, ilmiy hamda jamoatchilik doiralari, bu yerdagi diplomatik missiyalar, Yevroparlament vakillari ham ishtirok etgani aytilgan “O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakatdan biridir” sarlavhali maqolada bir qancha xorijiy arboblarning fikr-mulohazasi keltirilgan. Xususan, Yevroparlament maslahatchisi Frank Shvalba-Xot “o‘zbek modeli iqtisodiyotni modernizatsiyalash, sanoatni diversifikatsiyalash, yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirish yo‘lini tutish nuqtai nazaridan ko‘pgina davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin”ligini aytgan. Bu fikr-mulohazalarni o‘qib, xorijliklar ham xuddi o‘zbeklarday gapirar ekan, degan xayol o‘tadi ko‘ngildan. Ularni shunday gapirtirayotgan “Jahon”ga ham qoyil, degingiz keladi.

Demokratik kuchlar blokining boshqotirmasi

“XXI asr” gazetasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Demokratik kuchlar bloki “Mehnatni muhokama qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilgani to‘g‘risida maqola e'lon qildi. Maqolada bu blok qonun loyihasining qanday konkret moddalari to‘g‘risida gaplashgani, qanday taklif va tavsiyalar bergani haqida hech gap yo‘q. Lekin maqola so‘nggida blok aynan taklif va tavsiyalarni mas'ul qo‘mitaga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilgani aytilgan. Xullas, maqoladan O‘zbekiston parlamentida O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyalari ishtirokida tuzilgan Demokratik kuchlar bloki borligidan boshqa biror ma'lumot olaman degan odamni yechimi yo‘q boshqotirmani yechishga bel bog‘lagan chapaniga qiyoslash kerak bo‘ladi.

Hamdu sano uchun NTTlarga 11 milliard so‘m

Joriy yilda nodavlat notijorat tashkilotlar loyiha va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 11 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bu haqda xabar bergan “Jamiyat” gazetasining yozishicha, yil davomida 6 ta asosiy mavzu va 62 dan ortiq ustivor yo‘nalishda davlat granti tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘zbekistonda NTTlarning bugungi kundagi ahvolidan kelib chiqib, bu mablag‘lar ham hukumat yuritayotgan har qanday siyosatni dastaklash uchun ishlatiladi, degan mulohazaga borish mumkin.

Chiroqni o‘chirish tartibi

aholi bilan kelishilishi kerak. Yo‘g‘-ey! “Adolat ko‘zgusi” gazetasining yozishicha, O‘zbekistonda mavjud tartibga ko‘ra, elektr energiyasini cheklashda iste'molchilar bilan ham o‘zaro kelishilishi va zarur paytda uzilishlar haqida ogohlantirilishi kerak. Gazeta agar elektr ta'minoti bo‘yicha sifatsiz xizmat ko‘rsatish, mavjud uzilishlar natijasida fuqaroga zarar yetsa, yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni tegishli tartibda undirish mumkinligini ma'lum qiladi. Bunda fuqarolar Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishi kerakligi aytilgan. Maoshi hisobidan majburan undiriladigan elektr haqini ortig‘i bilan to‘lab qo‘ygan O‘zbekistonning yuz minglab, balki millionlab fuqarosi kuniga bir necha soatgina chiroq yonishiga zor bo‘lib turgan shu kunlarda birov bunday murojaatlar ish berishiga ishonarmikin?! Aholini elektr uzilishi haqida ogohlantirgan elektr ta'minoti korxonasini biladigan biror kishi bormikin o‘zi?!

Bir yarim million so‘mlik chaqaloq

“Kuch – adolatda” gazetasida yozilishicha, uzoq yillar farzand ko‘rmagan ayol oy-kuni yaqinlashganda tug‘ruqxonaga olib kelingan. Lekin jarrohlik yo‘li bilan dunyoga kelgan farzand ko‘p o‘tmay nobud bo‘lgan. Ayolning o‘zi ham og‘ir ahvolda ancha vaqt shu yerda davolangan. Farzandi nobud bo‘lganidan bexabar ayolning Ma'mura ismli opasi unga bildirmasdan boshqa chaqaloq izlashga tushgan. Boshqa tumandagi bir tug‘ruqxonada ko‘zi yorigan, farzandini birovga asrab olish uchun berishga rozi bo‘lgan kasalmand ayolga chaqaloq va tug‘ruqxonadagi dori-darmon xarajatlari uchun 1,5 million so‘m bergan. Gazeta ushbu jinoyat odam savdosi o‘laroq malakalanib, ayblanuvchilar qilmishiga yarasha jazo olganini ma'lum qilgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 oktyabr 2019
O‘zbekiston siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti yangiliklarini yoritib kelayotgan togri.uz sayti faoliyati 14 oktyabrda to‘xtatildi. Sayt muharriri Xurshid ...
8 oktyabr 2023
Yevropaning bir qancha davlatlari tomonidan Rossiya avtomobillari kirishiga qo‘yilgan taqiq yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili Mariya Zaxarova ...
12 noyabr 2015
Pahlavon Sodiq Bi bi si 1999 yil kuzida Oliy Sudda Toshkent portlashlari yuzasidan sud majlislaridan biriga Murod Jo‘raevni qo‘llarida ...
1 fevral 2022
Toshkent shahrining turli hududlarida aka-uka Zokirovlarga qarashli “Quyun” MChJ tomonidan barpo etilgan uylarda qurilish va xavfsizlik talablari qo‘pol ravishda ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...