Dayjest
18 fevral 2016

“Olamshumul Karimov nutqi”, yoshligida paxta tergan deputat va mamnun jurnalistlar…

“Izzatini bilgan biror baliq bunday gazetaga o‘rashlarini istamasdi” degan chikagolik jurnalist Mayk Roykoning so‘zlari bugungi o‘zbek gazetalari haqida aytilganday, bundan tashqari ular tashqi “tahdidlar”ga qarshi mantiqsiz tashviqu targ‘ibotlarga yo‘g‘rilgan.

Xullas, mag‘ribu-mashriqni lol qoldirgan Karimov nutqi, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi g‘azot otiga mindirilgan o‘zbek mullalari, yoshligida paxta tergan deputat ayol va nomi sir saqlangan ombudsmen. Bundan tashqari “Turkiston press” axborot agentligi bosh muharriri Luiza Mahmudova intervyu olayotgan jurnalistning ko‘zlari mamnunlikdan porlab turishi lozimligini bildiradi.

Internet “tahdidi”ga qarshi kurashga mullalar ham jalb etilmoqda

“Kun.uz” internet nashri turli ta'lim dargohlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepovning “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobi taqdimoti o‘tkazilayotganini ma'lum qildi.

Unda yozilishicha, O‘zbekiston milliy universitetida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirda qatnashgan Shayx Zayniddin jome masjidi imom xatibi Odilxon qori Ismoilov bu kitobda “turli tahdidlarga qarshi kurashish va yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish asoslari, buzg‘unchi g‘oyalarning asl qiyofasi hayotiy faktlar, savol-javoblar va psixologik testlar orqali batafsil ifodalangani”ni aytgan.

So‘nggi vaqtlarda “shukronalik siyosati”ning asosiy targ‘ibotchilariga aylangan diniy arboblarning bunday harakatlari davr nafasiga juda hamohang.

Prezident ma'ruzasi shunchalik olamshumulmi?

O‘zbekiston prezidentining yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasi so‘nggi vaqtlarda jahon afkor ommasining aql-hushini o‘g‘irlagan ko‘rinadi.

Har holda “Jahon” axborot agentligining “Xalq so‘zi” gazetasida e'lon qilingan maqolasini o‘qigan xudo bexabar kishi shunday xulosaga kelishi mumkin.

“Prezidenting bu ma'ruzasi jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. U xorijiy mamlakatlar ekspert doiralari vakillari tomonidan atroflicha muhokama etilib, sharhlanayotgani buning isbotidir”, deyiladi maqolada.

Ma'ruza yuzasidan fikr bildirganlar orasida Yevropa energetika xartiyasi bosh kotibi Urban Rusnak, Yevropayu Osiyoning turli kompaniya va muassasalari vakillari bor.

Ma'ruzani o‘qigan ko‘pchilik xolislar negadir undan dunyoni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan birorta pichoqqa ilingulik gap topa olmay boshi qotayotgan bir paytda yuqoridagi kabi xalqaro ekspertlarning gaplari odamni shoshirib qo‘yadi. Ekspert baribir ekspertda, bir nimani biladi bular, deb yuboradi kishi.

Paxta terimi qizlar salomatligi uchun xavfli emasmi?

“O‘zbekiston ovozi” gazetasidagi “Sog‘lom onalar va bolalar mamlakati” sarlavhali maqolada O‘zXDPdan saylangan deputatlarning “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi mulohazalari bayon etiladi.

Xususan, O‘zXDPdan Jizzax viloyati kengashiga saylangan deputat, partiyaning shu viloyatdagi kengashi raisasi Mo‘'tabar Karimova “sobiq tuzum davrida onalar salomatligi, qizlar parvarishi haqida hech kim qayg‘urmagani”dan yozg‘iradi.

“Yoshligimiz paxta dalalarida, ochig‘i, qizlar salomatligi uchun xavfli sharoitlarda o‘tgan”, deydi deputat opa.

Qiziq, O‘zbekistonda kollej, oliygohlarda o‘qiydigan talaba qizlar hali-hamon majburiy ravishda oylab paxta terimiga ommaviy jalb qilinayotganini deputat bilmaydimi yoki hozir paxtadagi sharoitlar qizlar salomatligiga salbiy ta'sir etmaydi, deb hisoblaydimi?

Ombudsmanning ismi-sharifi davlat sirimi?

“Pravda vostoka” gazetasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlamentning inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning 2015 yilgi faoliyati haqidagi hisobot tinglangani to‘g‘risida xabar berdi.

Unda mamlakatdagi qonunsizlik, nohaqliklar yuzasidan qancha fuqaro Ombudsmanga shikoyat qilgani, qanchasi adolat topgani to‘g‘risida bir satr ham yo‘q. Faqat umumiy gaplar, oldi-qochdi takliflar.

Eng qizig‘i, dunyoda adolatsizliklar mamlakati sifatida tanilgan O‘zbekistonda xalqning huquqlarini himoya qilishga bel bog‘lagan (yoki shunday rol tanlab berilgan) bechora Ombudsmanning na ismi-sharifi, na rasmi bor xabarda. Yoki xalq o‘z “qahramon”larini bilishi shart emasmi?!

Fanga nisbatan jihod va mamnun jurnalist

“Hurriyat” gazetasi O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi huzuridagi “Yosh jurnalistlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi haqida maqola e'lon qildi.
Unda yozilishicha, yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili yosh jurnalistlarga din nima, jihod va shahid bo‘lish nima ekani haqida tushuncha bergan.

Xususan, vakil jihod ba'zi munofiqlar da'vo qilayotganidek qon to‘kish emas, go‘zal ibodat ekani, masalan, talaba biror fanni chuqur o‘zlashtirishga harakat qilishi fanga nisbatan jihod ekanini aytgan.

Klubning yana bir mehmoni “Turkiston press” axborot agentligi bosh muharriri Luiza Mahmudova bo‘lgan.

Jurnalist yosh hamkasblariga “intervyu olayotganda jurnalistning ko‘zlarida ishonch va mamnunlik porlab turishi muhim”ligini uqtirgan.
Intervyu olish paytida ko‘zdagi mamnunlik qanday rol o‘ynashiga oydinlik kiritilmagan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 avgust 2018
Dunyoda eng uzoq muddat turmada bo‘lgan jurnalist Muhammad Bekjon Jasliq qamoqxonasini tark etgach, uni Toshkentning Zangiota turmasiga etap qilishadi ...
16 iyun 2017
Islom Karimov hukmronligi davri amaldorlarning so‘kong‘ich, urong‘ich bir toifasini paydo qildi. Bu toifa o‘z qo‘l ostidagilarni, aholi vakillarini do‘pposlash, ...
18 dekabr 2018
O‘zini tarmoqda «tabibi mutlaq Hasan domla» deya tanitib,  minglab kasallarni faqat asal va pista bilan davolashga urinayotgan, o‘zida Iso ...
12 may 2021
Rassom Tuz karikaturasi
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...