29 aprel – huquq faoli A'zam Farmonov qamoqqa olingan edi
2006 yil 29 aprel kuni ertalab 27 yashar huquq faoli A'zam Farmonov taksida viloyat kasalxonasi tomon ketayotganida uchta militsiya mashinasi taksini yo‘lning chetiga siqib to‘xtatishgan edi.
Militsionerlar A'zam Farmonovni taksidan sug‘urib olib, qo‘liga kishan solishdi va militsiya mashinasiga tiqib, Guliston shahri militsiya bo‘limiga olib ketishdi.
O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi A'zam Farmonov, o‘z hamkasblari fikriga ko‘ra, qaynatasi Tolib Yoqubovning ijtimoiy faoliyati sabab, rasman esa 300 dollarga yaqin miqdordagi pulni “ta'magirlik” bilan olishda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
2015 yil aprelda Farmonov “jazoni ijro etish muassasasi qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlikda” ayblanib, uning jazo muddati tag‘in besh yilga uzaytirildi.
O‘n yildan ortiq hibsda saqlangan inson huquqlari faoli A'zam Farmonov o‘tgan yilning 3 oktyabr kuni 38 yoshida qamoqdan ozod etildi.
Eltuz.com