O‘zbekiston hayotini yorituvchi OAV va huquq faollariga qarshi veb hujumlar
O‘zbekistonga oid ma'lumotlarni yorituvchi mustaqil ommaviy axborot vositalari va mamlakat huquq himoyachilariga qarshi internet orqali yashirin fishing va veb hujumlar kampaniyasi amalga oshirilmoqda.
Fuqarolik jamiyati saytlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan Deflect servisi tayyorlagan hisobotda shu haqda ma'lum qilingan.
Hujum ob'ektlari orasida O‘zbekistondan xabarlar tarqatuvchi Eltuz, Fergana News, Centre1 va Falastinda inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilotning Palestine Chronicle sayti bor.
Deflect mutaxassislari hisobotidan yuqoridagi saytlar ichida eng ko‘p hujumga Eltuz.som nashri duch kelayotgani ayon bo‘lmoqda.
Masalan, 2017 yilning dekabridan 2019 yilning fevraliga qadar aniqlangan jami 15 hujumning 10 tasi Eltuz nashriga qaratilgan.
Deflectning bildirishicha, bu kampaniya 2016 yil boshidan buyon davom etmoqda, xususan, veb hujumlar 2017 yilning dekabridan, fishing esa 2018 yil martidan buyon qo‘llanilmoqda.
O‘z hisobotida mazkur servis veb hujumlar va fishinglar qanday qo‘llanilayotgani hamda jinoyatchilar qanday infratuzilmadan foydalanayotganini batafsil keltirib o‘tgan.
“Biz bu kampaniya ortida kim turganini bilmaymiz, ammo uning nishonlari ro‘yxati mazkur jarayon O‘zbekistonning mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati faollariga qarshi qaratilganini taxmin qilishga asos bo‘ladi”, deyiladi hisobot muqaddimasida.
Elektron pochtalarni buzish uchun fishing hujumlari
Deflest mutaxassislarining aniqlashicha, keng miqyosda olib borilgan fishing hujumlari sayt egalarining elektron pochtasini buzishga qaratilgan. Deyarli barcha maktublarda Gmail nomidan e-mayl egalariga muayyan ilovani bosish taklif etilgan.
«Faqat bitta maktub bu yerda istisno», deya yozadi Deflest hisoboti mualliflari. Yuqoridagi «maktub egalari»dan farqli Lola ismi ostida 2018 yilning 16 oktyabrida Eltuz nashri rahbari Umida Niyozovaga yo‘llangan maktub egasi go‘yoki unda Toshkentning sobiq hokimi haqida konfidentsial ma'lumot borligi haqida yozgan.
Hisobotda yozilishicha, ko‘plab inson huquqlari tashkilotlari avtoritar deb hisoblaydigan O‘zbekiston internet tsenzuraning keng ko‘lamli infratuzilmasini yaratgan ilk davlatlardan biridir.
Bu infratuzilma mustaqil OAV va huquq himoyachilari saytlariga kirishga to‘siq qo‘yish, raqamli kuzatuvni amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi. Xususan, O‘zbekistonda Hacking Team kompaniyasining raqamli kuzatuvga yordam beradigan serverlari mavjudligi 2014 yildayoq aniqlangan.
Privacy International tashkilotining 2015 yildagi hisobotida O‘zbekistonda ommaviy kuzatuv vositalari bilan jihozlangan bir necha monitoring markazlari tashkil etilgani bildirilgan. Bu vositalar Isroil kompaniyalari tomonidan yetkazib berilgan.
Deflect ning ta'kidlashicha, o‘zbekistonlik mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilariga qarshi boshlangan kampaniya professional dasturlar va qimmat servislar vositasida amalga oshirilmoqda.
Bu ishni bajarish uchun 2016 yil fevralda faollashgan yovuz niyatli kishilar guruhining birinchi hujumi 2017 yil dekabrdan boshlagan.
Deflect mutaxassislari hujumlar, asosan, 3 ta IP manzildan foydalanib amalga oshirilganini aniqladi. Bu IP manzillarning ikkitasidan “Eltuz” va “Fergana” saytlariga 2017 yil dekabrdan 2019 yil fevralga qadar 15 marta hujum uyushtirilgan.
Shuningdek, hujumga uchragan saytlar egalari va o‘zbekistonlik huquq himoyachilari bilan o‘tkazilgan so‘rovlar chog‘ida ularning ikkitasi 2018 yil martdan 2019 yil fevralgacha bo‘lgan oraliqda 14 ta fishing elektron maktub olgani ma'lum bo‘ldi.
“Odatda maqsadli hujumlar va kiberjinoyatchilik o‘rtasida aloqalar topish qiyin, ammo ushbu surishtiruv jarayonida biz mazkur kampaniya va kiberjinoyatchilar guruhining o‘zaro hamkorligini aniqladik”, deyiladi Deflect hisobotida.
“Hisobotimiz raqamli hujumlar inson huquqlari himoyachilari va mustaqil OAVlar uchun xavf tug‘dirishini yana bir bor ko‘rsatib beradi”, deb yozadi Deflect hisoboti mualliflari.
Eltuz.com