UzPoster
2 oktyabr 2019

O‘n daqiqa o‘ttiz sakkiz soniya

Zamonamiz turk yozuvchilari orasida O‘rxon Pomuq kabi dunyoda nom qozongan o‘tkir qalam sohibi Alif Shafaq kitobxonlar orasida ancha mashhur.

Ayni vaqtda Alif Shafaq faol, inson haqlari, ayollar, bolalar va himoyalanmagan ozchilik vakillari himoyachisi sifatida ham Turkiya ichida va dunyoda tanilgan.

Turkiyadagi antidemokratik jarayonlar, ayollar o‘limi va jinsiy zo‘ravonliklar masalasida Erdo‘g‘on hukumatining tanqidchilaridan biriga aylangan.

Natijada unga qarshi jinoyat ishi ochilib, sirtdan hukm qilingan.

Hozirda Londonda istiqomat qilayotgan Alif xonimning bu yil nashrdan chiqqan, muhafazakor jamıyatda ayollar, ozchilik hayoti va Turkiyaning yaqin siyosiy tarixini hıkoya qiluvchi  «10 daqiqa 38 soniya» nomli kitobi jahonning  eng saralangan adabiyot mukofotlaridan biri -«Buker prayze» nomzodlari orasiga kirdi.

Alif Shafaqning bu romanida yozuvchi oxirgi yillardagi ilmiy tadqiqotlarda o‘limdan keyin ham inson miyasining  muayyan bir vaqtgacha ishlab turishi va bu vaqt oralig‘ining 10 daqiqayu 38 soniyagacha uzayishi mumkinligi nazariyasidan yo‘lga chiqadi.

Asar qahramoni Istanbulning  qorong‘u orqa ko‘chalarida yashaydigan, hayotning achchiq, shafqatsiz o‘yini  bilan «yomon yo‘llarga» kirib ketgan Tekila Laylodir.

Kitob Tekila Layloning shahar chekkasida bir axlatxonaga tashlab ketilgan jonsiz jasadi tasviri bilan boshlanadi.

Layloning yurak urishi va nafas olishi to‘xtagan, lekin shuuri ochiq, miyasi hali ham binoyidek ishlab turar edi. Klinik ma'noda Laylo o‘lgan edi.

Daqiqa-daqiqa eski xotiralari,  o‘tgan kunlari, hayoti bir kino sahnalari kabi jonlanar edi uning shuurida…

O‘n daqiqa o‘ttiz sakkiz soniya ichida butun hayot hikoyasini, dindor muttaasib oilada shakllangan bolaligini, Istanbulga olis Van viloyatidan kelib qolish qismatini eslaydi.

Ëzuvchi Alif Shafaq Tekila Laylo timsolida Turkiyaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga, sinflar orasida chuqurlashib borayotgan tengsizliklarga, jamiyatning sirtdan muhofazakor kabi ko‘rinuvchi, lekin aslida mutaasib-lyumpen qatlamlariga va Istanbulning o‘sib borayotgan qing‘ir shaharlashish muammolariga ishiq tutadi (projektor qaratadi).

Tekila Laylo bugun Turkiyada tajovuzga ma'ruz qolgan, yolg‘izlashtirilgan, chetlatilgan,  o‘ldirilayotgan himoyasiz minglab ayollarning hikoyasidir.

O‘zbekistonlik Layloning hikoyasi

Oxirgi yillarda O‘zbekistondan ham Turkiyaning yirik shaharlariga ko‘plab mehnat muhojirlari hijrat qilishmoqda. Bular orasida eng zaifi, himoyalanmagani qabih insonlarini tuzog‘iga tushib qoluvchilar, albatta, ayollar.

Zero, Turkiyada ayollarga qarshi jinsiy zo‘rovonlik, oila ichidagi shiddat va ayollar o‘limi bilan yakunlanayotgan jinoyatlar kun sayin ortib bormoqda. Muammoning ildizi juda chuqur.

An'anaviy jamiyatdagi erkak tarbiyasidan davlatning ayollarni qo‘riqlash uchun chora-tadbirlari yetarsizligigacha e'tibor qaratishimiz mumkin.

Lekin, asosiysi, mavzuimiz kuni kecha sodir bo‘lgan mudhish bir jinoyat.  Bu jinoyatning biz o‘zbeklar uchun dahshatli tarafi – vatandoshimiz 23 yashar Nodira Qodirovaning o‘ldirilishi yoki, rasmiylar aytayotgandek, “o‘z joniga suiqasd” qilishi.

Har turli holatda ham bir qotillik sodir bo‘lgan va bu qotillikni zudlik bilan yashirishga harakat bo‘lyapti.

Chunki qotil bir johil yoki shahar lyumpeni, tajovuzchi emas. U Turkiyada qudratda bo‘lgan iqtidor partiya – AKP millatvakili, ya'ni Erdo‘g‘onga yaqin bir anqaralik amaldorlardan.

Qizimiz Nodiraning qismati Alif Shafaq asari qahramonni Tekila Layloning taqdiri bilan mohiyatan o‘xshash.

Lekin Laylodan farqli o‘laroq, Nodira jamiyatimizda qabul qilingan «nomus» normalari ichidagi qiz. Kelajakda o‘qish, pul topish maqsadida balkim iymonli deb ishongani islomchi bir partiyaning musulmon amaldori uyida xizmatchilik qilayotgan edi.

Nodira faqatgina himoyasiz, kimsasiz, chorasiz bir ayol bo‘lgani uchun bir sharafsiz tarafidan tajovuzga ma'ruz qoldi.

Ehtimol nomusini, sharafini himoya qilishga urindi va shuning uchun ham o‘ldirildi.

Layloning o‘limi arafasida zehnidan kechgan o‘ylar o‘n daqiqalik qisqa bir zamon tilimida ehtimol bechora Nodiraning ham shuuridan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Biz uchun bu qorong‘u. Nega o‘zining Amerika vatandoshi bo‘lib tug‘ilmagani, nega vatanidan uzoqda, bir sharafsizning panjasiga tushgani,  nega davlatidan hech kimning bu jinoyatning oydinlanishi uchun jilla qursa tekshiruv ham olib bormayotgani va nega bu dunyoga AYoL bo‘lib kelgani kechgandir balkim maqtul shuuridan bu o‘n daqiqa ichida.

Balkim Erdo‘g‘on Turkiyasida na bir mahkamaning, na-da bir huquq organining bu amaldorlarga kuchi yetmasligi ham kechgandir ongidan, zero, bu sharafsizlarni qo‘lovchi katta bir olomon bor Turkiyada. Bu olomon ichida Nodiraning vatandoshlari ham borligi dardimizga dard qo‘shadi.

Ruhing shod bo‘lsin, Nodira!

Bahodir Fayz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2020
Koronavirus chiqqani ortidan tualet qog‘ozi talamon bo‘ldi. Rassom Kirpidan pandemiya mavzuiga oid yangi karikatura. Eltuz.com
9 oktyabr 2016
9 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 12.20 da Buxoro viloyatining Olot tumanida Yelena Urlaeva va Maloxat Eshonqulovalar ushlangan ...
22 dekabr 2016
21 dekabr kuni Toshkent shahar sudida Davron Norboev hakamligida diniy ekstremizmda ayblanayotgan to‘rt nafar shaxs ustidan sud davom etdi. ...
23 oktyabr 2015
Akmal Nabiev Eltuz.com Bir yil avval yozgan ekanman… U paytlar do‘stlarimiz yozgan maqolalarga munosabat bildirib turardim, albatta samimiy, chin ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...