Dayjest
22 fevral 2016

Qiyinlashtirilgan «propiska», «buzg‘unchi g‘oyalar» va muomaladan chiqarilgan adabiyot

O‘zbek gazetalarining bugungi mavzulari “chig‘atoy adabiyoti va tili” atamasini muomaladan chiqarishga bel bog‘lagan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Buxoroda tadbirkorlar qurgan binolarni “yurtboshimizdan” deya taqdim etilishi, jurnalistlar savoliga javob bermayotgan amaldorlar, Toshkent shahri eshiklarining viloyatlardan kelib ishlaydigan fuqarolarning vaqtinchalik propiskasiga qo‘yilayotgan yangi to‘siqlar haqida bo‘ldi.

Endi chig‘atoy adabiyoti ham yo‘qmi?

“O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi Germaniyada Alisher Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferentsiya to‘g‘risida maqola e'lon qildi.

Maqolada aytilishicha, undagi ma'ruzalarda “adabiyotimiz tarixi to‘g‘risida, xususan, “chig‘atoy tili” va “chig‘atoy adabiyoti” kabi eskicha tushunchalar” ham quloqqa chalingan. O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari bunga munosib izoh berib, hozir bunday atamalar ishlatilmasligi, balki bu ma'nolarda muomalada “eski o‘zbek tili”, “eski o‘zbek adabiyoti” degan iboralar qo‘llanilishi maqsadga muvofiqligini aytib o‘tgan.

Maqola muallifi, Amir Temur to‘g‘risida yostiqday-yostiqday bir necha kitobdan iborat yozgan asari soxtakorlikka to‘la ekani uchun erkin davralarda qattiq tanqid qilingan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali endi “chig‘atoy adabiyoti va tili” atamasini muomaladan chiqarishga jiddiy bel bog‘lagan ko‘rinadi. U va tarafdorlari xalqaro adabiy davralarda ham o‘z fikrini o‘tkazishga urinishi buning isboti bo‘lsa ajab emas.

Prezident Buxoroga bog‘ sovg‘a qilgani haqida

Buxoroda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan maqolada “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasi butun bir shaharga bag‘ishlab qurilgan dunyodagi yagona monument ekani da'vo qilinadi.

“Majmuada “Biz kimmiz?”, “Kimlarning avlodimiz” degan savollarga teran va aniq javob mujassam. Bu bog‘ yurtboshimizning biz, buxoroliklarga bebaho tuhfasidir”, deyiladi maqolada.

Hozir O‘zbekistonda qaysidir bir tumanda tadbirkor tomonidan o‘z puliga qurilgan to‘yxona yoki ko‘rimliroq do‘konni ham “Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, mustaqillik mevasi” sifatida taqdim etayotgan mahalliy OAVlardan bundan ham ortiq “bebaho tuhfalar”ni kutish mumkin.

Mum tishlagan tashkilotlar

“Pravda vostoka” gazetasi ayrim tashkilotlardan oddiygina ma'lumotlarni olish uchun juda ko‘p vaqt ketayotgani yoki umuman hech narsa olib bo‘lmayotganidan yozg‘iradi.

Xususan, gazeta “Kamolot” uylarini olishga muvaffaq bo‘lgan bir necha yigit-qizning ismi va telefon raqamlarini olish uchun “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatidan deyarli bir oy javob kutgan.

Qashqadaryolik pensioner ayolning nega uning uyiga sutkasiga bor-yo‘g‘i bir necha soatgina elektr energiyasi berilayotgani to‘g‘risidagi murojaatiga esa “O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi umuman javob bermay qo‘ya qolgan.

“OAV vakillari har doim turli matbuot anjumanlari, seminarlar, davra suhbatlariga taklif etiladi. Bu yerda muassasalarning muvaffaqiyatli faoliyati haqida turli raqamlar aytiladi. Ammo bu muassasalar faoliyatining aniq yo‘nalishlari haqida material tayyorlashga kelganda jo‘shqin ishtiyoq qayoqqa yo‘qoladi?” deya istehzo qiladi gazeta.

Navbat “internet madaniyati”ga

Internet tahdidiga qarshi kurashga otlangan O‘zbekiston jamiyatini endi “internet madaniyati”ni shakllantirish masalasi ko‘proq tashvishga solayotgan ko‘rinadi.

Bu madaniyatni shakllantirishga mamlakatdagi siyosiy partiyalar ham bel bog‘lagani shundan dalolat beradi.

Xususan, Liberal-demokratik partiya nashri “XXI asr” va Sotsial-demokratik partiya nashri “Adolat” gazetasida aynan shu mavzu ko‘tarildi.
“Adolat”chilar mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan fikr almashish uchun xorijiy ijtimoiy tarmoqlar o‘rniga partiyaning forum.adolat.uz forumini taklif etgan. Ammo bu forumda O‘zbekistonning amaldagi hukumati fikriga alternativ masalalarni ham muhokama qilsa bo‘ladimi, degan savolga oydinlik kiritilmagan.

“XXI asr” esa O‘zLiDePchilar bir necha yillardan beri “Xavfsiz internet” loyihasini o‘tkazib kelayotgani haqida yozar ekan, “hozirda buzg‘unchi g‘oyalarning aksar qismi “o‘rgimchak to‘ri” orqali tarqalayotgani sir emasligi”ni ta'kidlaydi.

“Vaqtinchalik propiska” ham qiyinlashdi

Tafsilot.uz internet nashri Toshkent shahriga viloyatlardan kelib ishlaydigan fuqarolar uchun vaqtinchalik propiska masalasida IIVdan olingan rasmiy javobga asoslanib, bu masalada amalga kiritilgan yangiliklar haqidagi ma'lumotlarni e'lon qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, endi vaqtinchalik propiskaga qo‘yishni ilgarigidek uchastka inspektorlari emas, pasport stoli amalga oshiradi. Buning uchun 10 dan ortiq turdagi hujjatlar yig‘ish talab etiladi.

Bu hujjatlar ro‘yxatini ko‘rib, Toshkent shahrida vaqtinchalik propiskaga qo‘yib, qonuniy yashash imkoniyati yanada pasayganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Nashrning bildirishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyatlik fuqaro Toshkentda vaqtincha propiskadan o‘tmasdan yashasa, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, yashashi uchun unga uyini bergan shaxs uch baravaridan o‘n baravarigacha, uni ishga qabul qilgan mansabdor shaxs esa besh baravaridan o‘n besh baravarigacha jarimaga tortiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 aprel 2023
Junaidxonning Rossiya bilan ushbu kelishuvi Xiva xonligining Taxta qal'asida imzolangani uchun “Taxta shartnomasi” deya tarixga kirgan. Bitim Sovet hukumati Xiva ...
4 fevral 2019
TIVning sobiq mulozimi Alisher Taksanov yanvar oxirida Venesuelada boshlangan voqealarni O‘zbekistonga qiyoslab yozgan she'rini feysbukda e'lon qildi. «Eltuz» tahririyati ...
23 noyabr 2015
Bugun, 22 noyabr soat 10 da, Shved shahri Estersundda 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy ustidan sud boshlandi. ...
8 avgust 2024
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Toshkent, Surxondaryo, Xorazm va Namangan viloyatlaridan. Dastlabki murojaat Toshkent viloyatidan kelgan. Poytaxt tumanining Chuvalachi mahallasiga hanuzgacha ichimlik suvi tarmog‘i yetib bormagan. “Toshkent tumani Chuvalachi MFY Mahorat ko‘chasidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...