Dayjest
14 sentyabr 2016

«Namunali yakkahokim»

Nemis OAVlarida O‘zbekiston prezidenti vafotiga oid e'lon qilingan maqolalarda, asosan, Karimovning qattiqo‘llikka asoslangan uzoq yillik hukmronligining ziddiyatli merosi, bu uning G‘arb mamlakatlari, ayniqsa, Germaniya bilan iliq munosabatlariga ta'sir etmagani, shuningdek, vorisga taalluqli hal etilmagan masalalar to‘g‘risida fikr yuritiladi.

Nemis OAVlari avgust oyining oxirgi kunlarida O‘zbekistondan kelayotgan yangiliklarning bir-biriga zidligi va Islom Karimovning sog‘lig‘i holatiga oid noaniqliklarga e'tibor qaratdi. Karimovning o‘limi haqida rasman e'lon qilinguniga qadar nemis OAVlari bu mavzu yuzasidan chuqur tahillar va sharhlarga ko‘p ham o‘rin bergani yo‘q. Eng nufuzli nemis gazetasi bo‘lmish Die WELT o‘zbek diktaturasini ishonchli ma'lumotlarni faqat muayyan muddat o‘tgandan keyingina olish mumkin bo‘lgan «qora quti»ga mengzadi.

«Qattiqo‘llikka asoslangan avtoritar boshqaruv»

Nemis matbuotidagi O‘zbekistondagi voqealar sharhlangan barcha maqolalarda Karimov o‘rnatgan va O‘zbekiston prezidenti lavozimidagi 25 yillik hukmronligi davomida rivojlantirib kelgan avtoritar va repressiv tuzum haqida eslatiladi. Masalan, Deutsche Welle O‘zbekistondagi saylovlarda raqobat, to‘la faoliyat yuritadigan hokimiyat taqsimoti va siyosiy muxolifat yo‘qligini xabar berdi. U siyosatshunos Uve Xalbaxdan («Fan va siyosat» jamg‘armasi vakili) iqtibos keltirib, Karimovni «postsovet hududidagi namunali avtokrat prezident», O‘zbekistondagi siyosiy tizimni esa «Rossiyadagidan ham yorqinroq namoyon bo‘lgan to‘liq prezidentlik boshqaruvi», deya ta'rifladi.

SPIEGEL Online O‘zbekiston hech qachon demokratik mamlakat bo‘la olmaganini, bu davlat g‘irrom saylovlar, har qanday muxolifatga nisbatan shafqatsiz qatag‘onlar va tizimli qiynoqlarga asoslangani tilga oldi. Tuzumni tanqid qilganlar jim bo‘lishga majburlandi yoki ko‘pincha terrorizmda ayblanib qamoqqa tiqildi.

ZEIT Online Karimov mamlakatda xavfsizlikni qatag‘on va zo‘ravonliklar vositada ta'minlagan O‘zbekistonni «mintaqadagi eng shafqatsiz diktatura» o‘laroq Turkmaniston bilan bir safga qo‘ydi.

TAZ.de ham shunday nuqtai nazarda bo‘lib, O‘zbekistonni so‘z erkinligi yoki birorta huquqiy muxolifat bo‘lmagan, ammo qiynoqlar keng ko‘lamda qo‘llaniladigan «dunyodagi eng shafqatsiz diktaturalardan biri», deb atadi. Nemis tilida eng ko‘p nusxada chop etiladigan BILD nashri Karimov boshqaruvini «Freedom House» tashkiloti indeksiga ko‘ra 180 mamlakat orasida 166-o‘rinni egallagan «qatiqqo‘likka asoslangan avtoritar boshqaruv» sifatida ta'rifladi.

Karimov boshqaruvining repressiv harakatlari haqida gapirilar ekan, nemis OAVlaridagi ko‘plab maqolalarda, masalan, Süddeutsche Zeitung, Tagesschau.de, Frankfurter Allgemeine Zeitung va Deutsche Welleda 2005 yilgi Andijon voqealariga ishora qilinadi.

Süddeutsche Zeitung, Frankfurter Allgemeine Zeitung va SPIEGEL Online paxta sektoridagi majburiy mehnatga oid davlat siyosatiga urg‘u beradi.

«So‘nggi sovet dinozavri»

Süddeutsche Zeitung O‘zbekistonda sovet davri tuzilmalari shu kungacha qanchalik darajada saqlanib qolganini ko‘rsatib berdi: vorislik masalasi hal etilmay turib, yetakchining nafaqat o‘limi, balki kasalligi haqida ham ochiq gapirish diktaturalarga xos emas. Shu bois, O‘zbekiston xalqi faqat Karimovning o‘limidan so‘nggina bu mavzuga oid yangiliklardan xabardor etildi va voris masalasini hal etishda ishtirok etishdan chetlashtirildi. Boshqa postsovet mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham erkinlik va demokratiyaning yarim yo‘lida to‘xtab qoldi va unga yetisha olmadi. Bu kabi davlatlar Sovet Ittifoqi merosiga asoslanib yashaydi. Karimov kabi hokimi mutlaqlar o‘zlari yaratgan tizimni boshqaradi va bunda o‘zlarining shaxsiy manfaatlariga moslashtirilgan eski hokimiyat tuzilmalariga suyanadi.

O‘zbekiston sovet tuzumi sharoitlarida yashashda davom etayotgandek taassurot uyg‘otishi haqida nemis matbuotida e'lon qilingan boshqa maqolalarda ham aytib o‘tiladi. Masalan, TAZ.de da chop etilgan maqolada Karimov Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboev bilan birga «so‘nggi sovet dinazavrlari» sifatida tilga olinadi.

Elita kiborlarcha hayotdan rohatlanayotgan bir paytda xalq qashshoqlikda yashamoqda

Nemis OAVlari Karimov korruptsiya chuqur va keng darajada quloch yozgan hamda sezilarli iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishilmagan, tanazzulga uchragan mamlakatda qanday yashaganini bayon etadi. SPIEGEL Online, ZEIT Online va Süddeutsche Zeitung mamlakat tabiiy zaxiralarga boy bo‘lsa-da, aholining katta qismi qashshoqlikda yashayotgan bir paytda hukumat elitasi kiborlarcha hayot tarzidan lazzat olayotganini bildiradi.

«Xalqaro maydonda javlon urish»

Nemis OAVlaridagi aksariyat maqolalarda inson huquqlari muntazam buzilishi haqidagi ayblovlarga qaramay, G‘arb mamlakatlari, avvalo, Germaniya va AQSh bu tuzum bilan hamkorlik qilib kelgani eslatiladi. TAZ.de O‘zbekiston ko‘p yillar davomida «xalqaro hamjamiyat e'tiboridan isinib kelgani»ni ta'kidlaydi. Garchi Germaniya va AQSh yaqinda mamlakatdagi harbiy ishtirokini to‘xtatgan bo‘lsa-da, terrorizmga qarshi kurash borasidagi yangi hamkorlikka debocha yaratmoqda. Global miqyosda harakat qiluvchi Rossiya va Xitoy kabi «o‘yinchilar» Deutsche Welle va Tagesschau.de da mintaqadagi ta'sir doirasi eng yuqori hamkorlar sifatida tilga olinadi hamda O‘zbekistonning strategik va iqtisodiy hayotida raqobatli manfaatlarga egaligi ta'kidlanadi.

Hal etilmagan meros masalasi

Nemis OAVlaridagi barcha maqolalarda Islom Karimovning vorisi kim bo‘lishi mumkinligi muhokama etildi va mintaqadagi ehtimoliy beqarorlik tahdidi masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Boshqa nemis OAVlaridagi kabi Tagesschau.de da mamlakatda hokimiyatning adolatli almashinuvi ehtimoli juda kamligi aytildi. Aksariyat OAVlar, xususan, BILD, Deutschlandfunk, Tagesschau.de va Deutsche Welle hokimiyatdagi bo‘shliqni mintaqadagi beqarorlikning ehtimoliy manbai sifatida ko‘rmoqda.

O‘zgarishlarga umid kam

Nemis OAVlari voris sifatidagi uch nafar ehtimoliy nomzodni tilga oldi: kuni-kecha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev, moliya vaziri Rustam Azimov, Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) raisi Rustam Inoyatov. Oilaviy mojarolar e'tiborga olinib, Islom Karimovning qizlari otasining hokimiyatiga real nomzod sifatida ko‘rilayotgani yo‘q. Ko‘plab nemis OAVlari (masalan, Die WELT va SPIEGEL Online) Karimovning o‘rniga uning yaqin atrofidan chiqqan, «ota» rolini bajaradigan boshqa bir kuchli yetakchi – «ikkinchi Karimov» kelishini bashorat qilyapti. Uning kim ekani muhim emas, birorta nemis OAVsi mamlakatda o‘zgarishlar bo‘lishiga nekbinlik bilan qaramayapti. Garchi eng so‘nggi «sovet apparatchilari»dan birining ketishi mintaqadagi muayyan davrning tugashini belgilab bergan bo‘lsa-da, uning ketidan liberalroq kunlar kelishini kutish uchun asoslar yo‘q (Die WELT).

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 may 2017
Bugun «ochiqlik», «xalq dardini tinglash», «aholining huquqiy v qonuniy manfaatlarini himoya qilish» kabi balandparvoz so‘zlar o‘zbek matbuotidagi o‘ziga xos ...
20 sentyabr 2015
“Hokimiyat tomonidan yerim noqonuniy tortib olib qo‘yildi” degan shikoyat bilan o‘tgan yili Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi ...
5 yanvar 2021
Rassom Elnur Egamov suratga olgan animatsion filmda poraxo‘rlik asorati hajv qilinadi. Film ijodkorlari uni Sardoba cuv ombori halokatiga 230 ...
10 may 2017
Joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi (O‘zbekiston tarkibidagi respublika) 39 yoshli huquq himoyachisi A'zam Farmonovni ozodlikdan mahrum ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...