Dayjest
19 sentyabr 2016

Yurtboshilikka tayyorlanayotgan «elkadosh»

«XXI asr» gazetasi (17.09.2016) Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasidan bo‘lajak davlat rahbari sayloviga vaqtinchalik prezident lavozimini egallagan bosh vazir Shavkat Mirziyoev nomzodini ilgari surishga bag‘ishlangan majlisdan reportaj e'lon qildi.

«Mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilish yuksak sharaf va ulkan mas'uliyatdir» umumiy sarlavhasi ostida berilgan lavhada Siyosiy kengash majlisida so‘zga chiqqan partiya yetakchisi Sodiqjon Turdiev, avvalo, yaqinda vafot etgan prezident Islom Karimov «rahnamoligida tarixan qisqa davrda O‘zbekiston jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallagani o‘zbek xalqining olamshumul yutug‘i ekani»ni ta'kidlagani aytiladi.

Gazetada avval bo‘lib o‘tgan ikkita prezident saylovida Islom Karimov nomzodi aynan O‘zLiDePdan ko‘rsatilgani faxr bilan tilga olinadi.
S.Turdiev prezident sayloviga partiya nomidan Sh.Mirzieyov nomzodini ko‘rsatish taklifini bildirib, nomzodni «umrini xalqimiz saodatiga bag‘ishlagan fidoyi inson», deya ta'riflagan.

rasm1893
«XXI asr» gazetasining 17-sentyabr soni

«…mamlakatimiz birinchi prezidenti Islom Karimovga yelkadosh bo‘lgan, butun kuch-g‘ayratini yurtimizning gullab-yashnashiga bag‘ishlayotgan,… o‘z hayotini Vatan, xalq taqdiri bilan bog‘lagan va shu tufayli hamyurtlarimiz orasida katta hurmat, obro‘-e'tibor qozongan Shavkat Mirziyoev nomzodini ilgari surishni bugungi kunning eng to‘g‘ri qarori hisoblaymiz», degan S.Turdiev.

Eng e'tiborlisi, «mamlakatimiz iqtisodiyotining 6 barobar ko‘paygani, unda sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga o‘sgani» kabi «muvaffaqiyatlar» shu kungacha faqat va faqat Islom Karimov nomi bilan bog‘lanardi.

Endi, gazetaga ishonadigan bo‘lsak, bu «muvaffaqiyatlarda mamlakat hukumatini 13 yildan beri boshqarib kelayotgan Sh.Mirziyoevning ham alohida hissasi bor» ekan.

Majlisda so‘zga chiqqanlar I.Karimovning «Xorazm viloyatini obodonlashtirish, «Angren-Pop» temir yo‘lini qurishga doir tashabbuslari ijrosini Sh.Mirziyoev to‘la ta'minlagani»ni, «Samarqand viloyatini boshqarganida yoshlarga alohida e'tibor qaratgani»ni, «Jizzax viloyatiga hokim bo‘lganida ilg‘or xo‘jaliklar rahbarlari, tajribali dehqonlar va mexanizatorlar bilan bamaslahat ishlagani»ni eslatgan.

Gazetada marhum prezidentga «elkadosh», «hukumatni muvaffaqiyatli boshqarib kelgan», «xalq o‘rtasida katta hurmat»ga ega shaxsning nomi nega shu paytgacha barchaning e'tiboridan chetda qolib kelgani masalasi yana ochiq qoldirilgan.

Shuningdek, boshqa barcha partiyalar o‘z yetakchilarini prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatayotgan bir paytda O‘zLiDeP nega bor-yo‘g‘i partiya Siyosiy kengashi a'zosiga bu sharafni loyiq ko‘rganiga ham oydinlik kiritilmagan.

Yana e'tibor qaratish mumkin bo‘lgan jihat shuki, gazetada majlisda nomzodning o‘zi qatnashganmi-yo‘qmi, degan savolga javob yo‘q. Agar qatnashgan bo‘lsa, nimalar degan, qatnashmagan bo‘lsa, o‘zi yo‘q shaxsni nomzod qilib ko‘rsatishga turtki bo‘lgan sabablar nima kabi savollar ham javobsizdir.

Marhumning obro‘yi soyasida

Oxirgi kunlarda O‘zbekiston matbuotida bir tendentsiya yaqqol kuzatilmoqda. Bu matbuot O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng avvaliga kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yib, kimga qulluq qilishni bilmay qolgandi.

So‘ng esa marhumning nomini qo‘shmay, barcha «yutuq va muvaffaqiyatlar»ni istiqlol sharofatiga yo‘yishga o‘tdi. Keyin esa Islom Karimovning nomi yana sharaflana boshlandi. Ammo endi uning nomi oldidan «O‘zbekistonning birinchi prezidenti» ta'rifi qo‘llanilmoqda.

Ayni kunlarda esa «birinchi prezident» maqtalgan maqolalarda muvaqqat davlat rahbari bo‘lmish bosh vazir Shavkat Mirziyoevning nomi ham tez-tez tilga olinayotir. Marhum prezident eslangan ko‘pgina materiallar uning nomisiz chiqayotgani yo‘q.

Xususan, «Oila davrasida» gazetasida (15.09.2016) «oddiy dehqon, fermer xo‘jaligi rahbari» nomidan e'lon qilingan «To‘g‘ri so‘z, to‘g‘ri ko‘ngil – bizning eng to‘g‘ri yo‘limiz» sarlavhali maqolada «birinchi prezident oshkora, ochiq-oydin fikr yuritish usuli bilan xalqni ergashtira olgani, endi u o‘rgatgani kabi jips bo‘lishimiz kerakligi» ta'kidlanadi.

Keyin esa Senatning bosh vazirni vaqtinchalik prezident lavozimiga tayinlash qarori yuzasidan fikr bildirishga o‘tiladi.

«Oddiy dehqon sifatida ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlarini bosh vazir zimmasiga yuklash qarori hozir yurtimizdagi tinchlik, obodlik, farovonlikni barqaror ushlab turish, nafaqat ushlab turish, balki bu oqilona siyosatni davom ettirish uchun ayni paytdagi eng to‘g‘ri yo‘ldir», deb xulosa qilinadi gazetada.

Xullas, ayni paytda O‘zbekiston matbuotidagi tendentsiya marhum davlat rahbarining xalq o‘rtasida totalitar qo‘rquv asosida orttirilgan obro‘sidan vaqtinchalik prezidentni doimiyga aylantirish maqsadida foydalanilayotganini ko‘rsatayotir.

Albatta, bu tendentsiyaning yuzaga kelishi va bugungi shaklga kirishida yuqorida o‘tiradigan dirijyorlar qo‘li yaqqol ko‘rinib turibdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2018
Rossiyaning O‘zbekistonda AES qurish g‘oyasi o‘zbek jamoatchiligining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. «Eltuz» nashri «Ko‘zqarash» rukni ostida toshkentlik tahlilchi Anvar ...
25 noyabr 2017
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaev 20 noyabr kuni ta'lim tizimi xodimlari bilan o‘tkazgan majlisida o‘qituvchilarga «oylik berishning yangi sharti»ni ...
17 iyun 2019
«Jiyan, endi men senga hech qachon “unday qilma, bunday qilma” demayman. Seni Allohdan boshqa hech kim, hech narsa isloh ...
4 dekabr 2017
O‘zbek qamoqxonasida 21 yil yotgan dissident, qashqadaryolik Murod Jo‘raev 65 yoshida 4 dekabr kuni vafot etdi. «Erk» demokratik partiyasi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...