Dayjest
6 mart 2017

O‘zTVda farmonxonlik o‘qishlari

Asta-sekin tili chiqayotgan O‘zbekiston telekanallarining ayrim dasturlarida bugun jamiyatni qiynayotgan ayrim muammolar haqida aytila boshlandi. Ammo TVlarning tili chuchuk chiqyapti shekilli, muammoning ildizlariga chuqur kirib borish hali ham yo‘q. Tahlilnamo fikr-mulohazalar bor, lekin oqil xulosa yo‘q. Chiqarilayotagn xulosalar ham yana avvalgi davrlardagidek umumiy, mujmal. Bu ko‘rsatuvlar oxirida boshlovchilarning ham, unda qatnashayotganlarning ham ichida qandaydir bir gap qolib ketayotgani, nimanidir ayta olmayotgani yaqqol sezilib turadi.

Yangiliklar dasturlaridagi yangiliklar

O‘zbekistonga yangi prezident keldi-yu, asosiy yangiliklar dasturlari bo‘lmish «Axborot» va «Davr»da bir beo‘xshov an'ana paydo bo‘ldi. Ular davlat rahbarining kun-kunora chiqarayotgan qator-qator farmon va qarorlarini efirda to‘liq o‘qib beradigan bo‘lib qoldi.

Bu qaror yoki farmon kichikroq bo‘lsa-ku, uncha ko‘p vaqtni olmaydi. Ammo hajmi kattaroq bo‘lsa, ana ko‘ring bu yangiliklar dasturlarini. To‘g‘rirog‘i, ko‘rmay qo‘ya qoling. Chunki dasturlarning asosiy qismi yana shu hujjatlarni o‘qishga sarflanadi.

Bu ham yetmagandek, agar farmon yoki qarorga birorta rasmiy sharh ilova qilingan bo‘lsa, urdi xudo. Yangi lavhalarga deyarli vaqt ham yetmaydigan bo‘lib qoldi.

Marhum prezident Islom Karimov ham bekor o‘tirmagandi. U ham biror sohani «yanada rivojlantirish», «yanada takomillashtirish» to‘g‘risida qaror va farmonlar chiqarib turardi.

Lekin yangiliklar dasturlari bu hujjatlar qabul qilinganini bildirib, ularning matni matbuotda e'lon qilinishini aytish bilan cheklanardi.

Keyin esa darhol «jannatdan xabarlar»ga o‘tilardi. Ularni tomosha qilayotgan hamyurtlarimiz gap nima haqda ketayotganini ham anglamay: «Ey, bu qanday davlat ekan? Qani biz ham shunday davlatda yashasak», deya xayolidan o‘tkazib, shirin o‘ylarga berilgan holda xotirjam uyquga ketardi.

Sovet davrida mashhur bo‘lib ketgan Kashpirovskiyning gipnoziday ta'sir qilardi bu lavhalar odamlarga.

Xalqimiz ham bu «Axborot»u «Davr»larni ko‘raverib, hozir ulardagi farmonxonlik va qarorxonlik o‘qishlaridan ancha zerikib qolgan bo‘lsa kerak.

Buning ustiga, diktor biror viloyat hokimi yoki vazir almashishi haqida avval o‘z tilidan ma'lumot berib, bu haqdagi farmonning rasmiy matnini ham to‘liq o‘qib beryapti. Kamlik qilsa, ishdan bo‘shatilgan amaldorga oid hujjatning rasmiy matni e'tiboringizga qiroat bilan havola etiladi.

To‘g‘ri, hozir ham avvalgi «jannatdan xabarlar» berilib turibdi. Lekin kun-kunora qaror, farmonlar chiqaverib, gipnozning ham beliga tepyapti.

Qolaversa, yangi an'ana sabab zamonamiz kashpirovskiylarining gonorari yopqalashib qolayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bor. Chunki ular lavha tayyorlaydi, efir esa hujjat o‘qilishi uchun band qilib qo‘yilgan.

Agar shunday davom etadigan bo‘lsa, ancha-muncha «gipnozchi» muxbirlarning ilhom parilari chalajon bo‘lib qolishi hech gap emas.

Lekin ularning professionalligiga baribir qoyil qolmay iloj yo‘q. Efir hujjat o‘qish bilan to‘layotganiga qaramay, ular o‘sha uzatilayotgan bitta-yarimta lavhalarida «muhtaram prezidentimiz», «davlatimiz rahbari rahnamoligida» qanday ishlar qilinayotganini ham aytish imkonini qo‘ldan boy bermayapti.

Tashviqot desa qop-qop…

Prezident ortidan «xalq bilan muloqot» qilishni bayroq kabi sudrab yurgan telekanallarda, yuqorida aytganimizdek, ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Ayrimlari hali ham harakat strategiyasini muhokama qilib yotgan bo‘lsa, ba'zilari dolzarbroq mavzularga qo‘l urmoqda.

Masalan, «Munosabat+» tok-shousining bir soni (06.02) «tafakkur ehtiyoji» mavzusiga bag‘ishlanib, unda terrorizm, ekstremizm, yoshlar tarbiyasi kabi masalalar ko‘tarildi.

Soqoli bo‘lmasa-da, o‘zini oqsoqol jurnalistlardan hisoblovchi Safar Ostonov targ‘ibot-tashviqot desa ilhomi jo‘sh o‘radigan ijodkorlardan biri.

Yoshlarning terrorizmga tortilib ketishi oldini olish uchun u «terrorchilarning targ‘ibot-tashviqotlarini chuqur o‘rganib, ularnikidan oshirib targ‘ibot-tashviqot qilish»ni taklif qilib qoldi.

Ammo aybdorni oson topganiga qoyil. Hamma gap mahallada ekan. Ular mahallada nechta ishsiz bor, nechta yosh borligini bilmas ekan. Ishiga panja orasidan qarayotgan ekan.

Studiyada o‘tirganlardan birortasi «Kerakli idoralarga qop-qop hujjat yetkazib turadigan mahalla ko‘p narsani biladi, lekin u bechora nima qilsin», deya olmadi.

Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev ilgari yuz minglab chiqadigan kitoblar bir haftada tarqab ketgani, hozir 500 ta chiqsa ham birov olmayotganidan gap boshladi.

«O‘zi jamiyatda tafakkurga ehtiyoj bormi», degan haqli savolni o‘rtaga tashladi olim. Lekin bu savolga o‘zi ham, studiyada o‘tirganlar ham javob bera olmadi.

Chunki agar bu savolga javob berilganida o‘tgan chorak asr davomida tafakkuri o‘tmaslashtirilgan xalq, jamiyat haqidagi haqiqat o‘rtaga chiqishi mumkin edi-da.

Buning o‘rniga bir deputat akamiz davlat yoshlar uchun sarflayotgan pullar haqida safsata sotib, yoshlarni muttahamga chiqarishga urindi. Yoshlarning o‘ziga, ota-onalariga ayb qo‘ya ketdi.

So‘nggi vaqtlarda sal tili chiqayotgan boshlovchi Quddus A'zamov bu mavzuni ko‘targan talaba aksariyat o‘quvchilar kollejni bitirgandan so‘ng o‘qishga kira olmayotgani, ishsiz yurgani, sirtdan o‘qish yo‘q qilingani haqida so‘rayotganini aytib, uning jazavasini bosishga harakat qilib ko‘rdi.

Ammo hech kim: «Ey, banda. Bugun yoshlarning aksariyati o‘z kunini o‘zi ko‘ryapti. Davlatning puli kamolotchilardan ortayotgani yo‘q. Qolaversa, yoshlarga sharoit yaratish davlatning vazifasi. Buning uchun minnat qilish emas, imkoniyatlarni yanada ko‘paytirishga harakat qilish kerak», deb deputatning og‘ziga urmadi.

Mahalliy siyosatshunoslarimiz ham o‘ziga yarasha. Studiyaga taklif etilgan siyosatshunos Suhbat Yusupov deganidan mavzu bo‘yicha o‘z xulosalarini aytish so‘ralganda umumiy gaplardan nariga o‘ta olmadi.

«Qadriyatlar ustivorligi ketma-ketligi almashib qoldi. Biz qadriyatlarimizning mana shunday almashib qolishidan saqlanishimiz kerak», deb bo‘sh aravani sudradi siyosatshunos.

Muammolardan chetda yurilgan yillar

Umuman, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston telekanallarining ahvoli sezilarli darajada o‘zgarmayotgan bo‘lsa-da, formati muloqotga asoslangan ayrim ko‘rsatuvlarda ancha-muncha ochiq gaplar bor, muammolar haqida, fikrimizcha, belgilab berilgan doira darajasida gapirilmoqda. Korruptsiya, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi noxush holatlar tilga olinyapti.

Shunga qaramay, muammolarning ildiziga chuqur nazar tashlanayotgani yo‘q. Prezident ba'zi chiqishlarida bugungi ayanchli ahvolga aslida hukumat shu paytgacha yuritgan siyosat sababchi ekaniga ishora qilib o‘tayotgan bo‘lsa-da, hali davlat rahbaridan boshqa birorta shaxs O‘zTVda bu haqda og‘iz juflab ham qo‘ymadi.

«Munosabat+» ko‘rsatuvida adabiyotshunos Shuhrat Rizaev aytganidek, biz shu paytgacha «yutuqlar haqida gaplashib, muammolarni esdan chiqardik, endi buni tuzatishimiz kerak».

Tuzatish uchun esa muammo sabablari aniq, ochiq-oshkora aytilishi, uning yechimiga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlar olib tashlanishi kerak nazarimizda.

Afsuski, hali ham O‘zbekiston telekanallarini qo‘ysangiz, yutuqlar haqidagi son-sanoqsiz lavhalardan, balandparvoz gap-so‘zlardan ko‘zingiz tinadi…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2021
Aziz do‘stim, ko‘zlari intizor singlim, mehribon opajonlarim, duogo‘y onaxonlar, yuzidan farishta yoqqan otaxonlar, akalar, ukalar, muqaddas Ramazon oyi muborak!   ...
6 avgust 2021
Tojikiston manfaatlari uchun josuslikda ayblangan surxandaryolik Abdug‘ani Erdonov 9 yildan buyon qamoqda qolmoqda. 63 yoshli Erdonov qamoqqa olingunga qadar kichik ...
28 aprel 2021
Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboevni sudga ...
6 iyun 2019
Andijon viloyati hokimi o‘tkazgan matbuot anjumanida mahalliy televidenie rahbari xorij ommaviy axborot vositalarini “umumiy dushmanimiz”, deb atadi. Shu kunlarda ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...