Dayjest
4 aprel 2017

Maqtalgan ko‘rsatuvlar va tilni chala biluvchi boshlovchilar

O‘zbekiston telekanallari bahorning birinchi oyini an'anaviy tarzda butkul bayramona o‘tkazdi.

Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan o‘zbek ayollarining qanchalik “baxtiyorligi, vatanparvarligi, oilaparvarligi, ibo-hayoliligi”, xullas, dunyoda neki yaxshi xislatlar bo‘lsa, barchasiga egaligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar efirdan tushmadi.

Hay-hay deguncha buyog‘i Navro‘zga yetdik. Xotin-qizlar esdan chiqib, endi “bahor yurtimizga o‘zgacha kelgani”, “Navro‘z ko‘p asrlik qadriyatlarimiz ramzi” ekani, “bayramning bu yil o‘zgacha nishonlanishi xalqimizga ma'qul kelayotgani”ga o‘tildi.

“O‘zgachalik” haqidagi bu gap-so‘zlar yangi prezidentning Navro‘zni xalq sayllari shaklida nishonlash to‘g‘risidagi farmoniga bog‘liqligini esa ziyrak tomoshabinlar darhol anglab oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston telekanallari bayram oralatib mamlakat prezidentning Turkmaniston va Qozog‘istonga tashriflari, yurtimiz hududlari bo‘ylab safarlarini zavq-shavq bilan yoritdi.

Mahalliy telekanallarning mart oyidagi faoliyatiga sharhimizni bu gal sal boshqarcharoq rakursda yoritishga qaror qildik. Biz bu faoliyat haqida matbuotda berilayotgan baholarga e'tibor qaratmoqchimiz.

Shu bilan birga, bu telekanallar efirga uzatayotgan ko‘rsatuvlar xususidagi ayrim fikr-mulohazalarga oid nuqtai nazarimizni ham bildirib o‘tmoqchimiz.

“Tomoshabinini topib ulgurgan” ko‘rsatuvlar

“Milliy tiklanish” gazetasi (29.03) O‘zbekiston telekanallarida efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar haqida butun bir sahifali “Oynai jahon ma'naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lsin” sarlavhali kattagina maqola e'lon qildi.

Tahlil maqomidagi bu maqola “yumshoqqina” boshlanadi. Avvaliga “o‘z tomoshabinini topib ulgurgan” ko‘rsatuvlar sanab o‘tiladi. Bundaylar sirasiga “O‘zbekiston” telekanalining “Biz uchun muhim”, “O‘zingni angla”, “Munosabat”, “Oydin hayot”, “Ijod mahsuli”, “Yoshlar” telekanalining “Dolzarb mavzu”, “Madaniyat va ma'rifat” telekanalining “Kaftdagi chiziqlar”, “Qiyofa”, “Ko‘ngil bekatlari”, “Mahalla” telekanalining “Ezgu so‘z, ezgu amal” kabi tok-shou va ko‘rsatuvlari kiritiladi.

Biz ham bu ko‘rsatuv va tok-shoularning hamma sonlarini kuzatib borish “baxti”ga muyassar bo‘lmasak-da, ayrimlariga ko‘zimiz tushgan. Shundan kelib chiqib ularni ikki guruhga bo‘lish mumkin.

Birinchi guruhga “Munosabat”, “Biz uchun muhim” kabi iqtisodiy-siyosiy sharhlar, fikr-mulohazalarga moyil ko‘rsatuvlarni kiritish mumkin.

Ikkinchi guruhdan esa “Ko‘ngil bekatlari”, Ezgu so‘z, ezgu amal” singari pandu nasihat, qadriyatlar, ma'naviyat haqidagi umumiy gaplarning mahalla xotinlari o‘rtasidagi mayda-chuyda dedi-dedilarning qorishiqlari o‘rin olgan ko‘rsatuvlar o‘rin olgan.

Ko‘rinib turibdiki, “tomoshabinini topgani” aytilayotgan bu ko‘rsatuvlar aslida juda ham maqtanarli darajada emas. Ayniqsa, jamiyat, xalq uyg‘onishi, dunyoqarashi, siyosiy qarashlari shakllanishi uchun muhim bo‘lgan siyosiy tok-shoular shunchaki nomiga, rang-baranglik tusini berish uchun tayyorlanayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Ular mavzuning ustida yuradi. Ichiga chuqur kirib borilmaydi, turli rakurslarda fikr yuritilmaydi. Mavzu to‘g‘risida fikr-mulohazalarda “siyosiy hushyorlik” birinchi o‘rinda turadi va balandparvoz e'tiroflar, soxta yutuqlardan maqtanish bilan yonma-yon yuriladi.

Maqtalgani shunday bo‘lsa, tanqid qilinganlari qanday ekan?

Maqolada bugungi rasmiy TVning qotib qolgan an'anaviy formatiga muqobil tarzda yangicha shakllarda faoliyat yurishga urinayotgan “Mening yurtim”, “Zo‘r TV”, “Milliy TV” kabi nodavlat telekanallarda tayyorlanayotgan ayrim ko‘rsatuvlar tanqid ostiga olingan.

Ular “milliy qadriyatlarimizga soya tashlayotgan”, “ma'naviyatimizga mos kelmaydigan” ko‘rsatuv va tok-shoulari uchun malomat qilingan.

Bu tanqidlarda, albatta, jon bor. Ayniqsa, auditoriya uchun kurash borar ekan, telekanallar shou biznes vakillari – xonanda, qiziqchi va aktyorlarni boshlovchilikka jalb etayotgani, ularning hammasining ham saviyasi yuqori darajada emasligiga ishora beriladi.

Masalan, “Mening yurtim” telekanalida efirga uzatiladigan “Bola tilidan” ko‘rsatuvi boshlovchisi bo‘lmish xonanda Ruxshona 4-5 yoshli bolalarga “Ko‘z ostingga olib qo‘yganing bormi?”, “Nega erkaklarda soqol bor, ayollarda yo‘q” kabi o‘rinsiz, beo‘xshov savollar berib, kishining g‘ashiga tegadi.

“Ma'naviy jihatdan saviyasiz bu kabi ko‘rsatuvlar, “ommaviy madaniyat” omillarini targ‘ib qilish, millat farzandlarining ongini yot illatlar bilan ko‘r-ko‘rona to‘yintirishga kuch berish millatning oppoq ko‘ylakdek ma'naviyatiga dog‘ tushirish bilan barobardir”, deb yozadi muallif.

Kam ham, ko‘p ham emas. Butun O‘zbekiston OAV ommaviy madaniyat, yot g‘oyalar bilan kurashib yotgan bir paytda mahalliy TVlar ularni targ‘ib qilish bilan band, degan ayblovlar qo‘yilyapti maqolada.

Televidenie boshlovchilarning til o‘rganishi uchun tajriba maydonimi?

Shuningdek, unda Rossiyadagi ommabop ko‘rsatuvlar xususiy telekanallarda beo‘xshov talqinda namoyish etilayotganiga e'tibor qaratiladi. Bular qatorida Rossiyaning 1-telekanalida (sobiq ORT) namoyish etilayotgan “Vecherniy Urgant” tok-shousi muqallidi sifatida “Milliy TV”da efirga uzatilayotgan “MTV-shou” tilga olinadi.

O‘zbekchani chala-chulpa biladigan xonanda Rayhon yaqin-yaqingacha “Top-10” ko‘rsatuviga boshlovchilik qilgan. Mahalliy OAVga bergan intervyusida o‘z ko‘rsatuvi orqali o‘zbek tilini o‘rganayotganini aytadi.

“Lekin televidenie til o‘rganish uchun tajriba maydoni emas-ku”, deya yozg‘iradi muallif.

Shu o‘rinda maqolada tilga olinmagan “Xontaxta” ko‘rsatuvini eslash o‘rinli bo‘ladi. Bu ko‘rsatuvning boshlovchisi bir vaqtlar Gulnora Karimovaning turli tadbirlari kunda-shundasi bo‘lgan xonandasimon Jahongir Poziljonovdir. Foziljonov emas, aynan Poziljonov.

Familiyasi ham ko‘rsatuvda ishlatiladigan shevaning aynan o‘zidan olingan. Xalqning oldiga chiqadi, televizorda noto‘g‘ri yozilmasa kerak, deb o‘ylaydigan oddiy aholi buni o‘zbek tili shunday bo‘lsa kerak, deb qabul qiladi.

Aytgan qo‘shig‘idan saviyasining qandayligi bilinib turadigan bunday shou-bizneschilarni nafaqat boshlovchilikdan, balki butun TVdan ham orqasiga bir tepib haydab yuborish kerak bo‘lgan holda ular o‘zbek tomoshabiniga aql, madaniyat o‘rgatishiga, ma'naviyatdan dars berishiga yo‘l qo‘yib berish ma'naviy yuksaklikka da'vo qilayotgan xalq uchun yarashmasligini tushunish uchun uncha katta farosat kerak emas shekilli.

Til masalasi nafaqat milliy xavfsizlik, balki jamiyat manfaati nuqtai nazaridan ustuvor masala bo‘lgani uchun bu muammoga telekanallar panja orasidan qarayotgani yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini hozirdanoq tushunib olish va yechimini topish mantiqli ko‘rinadi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 iyul 2016
30 yashar O‘zbekiston vatandoshi Munisa Oyxo‘jaeva Turkiyaga kelguniga qadar 128 kilo tosh bosgan edi. Semizlikni hastalik deb bilgan Munisa ...
31 oktyabr 2015
Akmal Nabiev Eltuz.com Ukam, men ko‘pni ko‘rgan, siz eslasangiz kerak Tojikistonda bo‘lgan urushni. Men o‘shanda Dushanbeda bo‘lgan, bir tomonda ...
1 avgust 2016
Eski ToshMIning Nikolay g‘ishtdan qurilgan va O‘zbekiston tarixiy yodgorliklar idorasi muhofazasida bo‘lgan binosi Bosh vazirning bir imosi bilan buzildi. ...
12 dekabr 2017
12 dekabr kuni taniqli mustaqil jurnalist, 45 yoshli Sid Yanishev Toshkent shahridagi 61-militsiya tayanch punkti xodimlari tomonidan hibsga olindi. ...
Bloglar
18 yanvar 2021
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq ...
13 yanvar 2021
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani ...
11 yanvar 2021
Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. ...