Dayjest
4 iyul 2017

O‘z TV. Zanjiri uzilgan fil kabi…

O‘tgan iyun oyida O‘zbekiston telekanallarida OAV haqidagi chiqishlarga boy bo‘ldi. Buning birinchi sababi 27 iyunda o‘zbek jurnalistlarining kasb bayrami nishonlanishi bo‘lsa, ikkinchi sababi «prezidentning matbuotga qaratayotgan ulkan e'tibori» bo‘ldi.

«Munosabat» ko‘rsatuvida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari matbuotning holati masalasida bahslashdi. Bundan tashqari, Xalqaro press-klubda turli idoralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanlari efirga uzatildi.

Matbuotni jilovlashga urinayotgan jurnalistlar bahsi

Albatta, matbuot erkinligi yo‘q mamlakatda ayni shu mavzu atrofida bahs qo‘zg‘aladigan bo‘lsa, bu munozaralarning darajasidan qat'i nazar, muayyan qiziqish uyg‘onadi.

«Munosabat» ko‘rsatuvining matbuot erkinligiga bag‘ishlangan soni esa «davlatimiz tomonidan biz jurnalistlarga bo‘lgan katta ishonch» fonida yanada dolzarblik kasb etgani shubhasizdir. Aynan shuning uchun ko‘rsatuvning mazkur sonidagi fikr-mulohazalar OAV xodimlari tomonidan o‘zgacha bir iliqlikda kutib olindi.

Iliqlikka sababki, shu paytgacha OAV haqida bunday tortishuvlar bo‘lmagan edi. Ilk bor jurnalistlar hamma biladigan, faqat OAV xodimlarining o‘zi o‘zlarini bilmaydiganga soladigan mavzular ko‘tarildi.

Sal yuksaklikdan, haqiqiy jurnalistika nuqtai nazaridan olib qaraganda esa ko‘rsatuvda kechgan bahs-munozara aslida o‘zbek matbuotining bugungi ayanchli ahvolini, bu sohada mehnat qilayotganlarning achinarli taqdirini namoyish etib berdi.

Majburiy obuna, matbuotdan faqat targ‘ibot vositasi sifatida foydalanish O‘zbekistonda so‘nggi o‘nlab yillar davomida vujudga keltirilgan jurnalistika maydonining asliyatidir.

«Munosabat» ko‘rsatuvida mana shu asliyat yaqqol ko‘rinib qoldi. Ya'ni jurnalistlar madhiyabozlik, buyruqbozlik, xushomadga asoslangan matbuotni o‘zgartirish emas, balki ayrim mavzularni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq va kengroq yoritdik, degan iddaoni aytib olish harakatida bo‘ldi.

O‘zbek jurnalistikasining istiqlol yillaridagi tarixiga nazar tashlasak, hukumat erkin matbuotni o‘ldirishga qarshi, asosan, shu matbuot vakillaridan foydalanib kelganini ko‘ramiz.

E'tiborlisi shundaki, bugun ham matbuot erkinligi to‘g‘risida gapirish huquqi faqat mahalliy jurnalistika qotillariga taqdim etilmoqda. Shulardan biri «Xalq so‘zi» gazetasi bosh muharriri Shuhrat Jabborovdir.

Matbuot erkinligiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda uning aytgan gaplariga e'tibor bering: «Davlatga, davlatimiz rahbariyatiga yaqin ko‘makdosh bo‘lsak, aytadigan gaplarimizni xalqqa yetkaza olsak, vazifamizni bajara olgan bo‘lamiz».

Jurnalistikamizning bu «vallomati» xalqning muammolarini ko‘tarib chiqaylik, jamiyatimizdagi kamchiliklarni oshkor etib, hukumatni, davlatning e'tiborini qarataylik, demayapti.

Gapining mantiqidan kelib chiqilsa, u hali-hamon Islom Karimov davrini qo‘msayotgani, yana o‘sha «oqil va dono siyosat» zamonlari davom etishini istayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Bahs chog‘ida boshqa jurnalistlarning fikrlari ham «men bu mavzuni yoritdim, sen buni yoritmading», «biz bu mavzuga birinchi bo‘lib e'tibor qaratganmiz, sizlar qaerda edilaring o‘sha paytda» kabi kesatiqlardan nariga o‘tilgani yo‘q.

Eng e'tiborli jihati shuki, ayrim dolzarb maqolalari bilan tilga tushgan «Jamiyat» gazetasi bosh muharriri Behzod Shukurov hamma borligini biladigan majburiy obunaning mavjudligini inkor qildi.

Mana sizga paradoks. Bir tomondan, u erkin matbuot oshuftasi sifatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Har holda gazetasida ko‘tarilayotgan ba'zi mavzular shundan darak beradi. Ammo boshqa tomondan o‘zi ham borligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladigan illatni yashirishga jon-jahdi bilan urindi.

Bunga sabab ikkita bo‘lishi mumkin. Birinchisi, o‘sha dolzarb maqolalari uchun ehtimoliy zarbalarni yengillashtirish, ikkinchisi, uning o‘zi ham majburiy obuna ishtirokchi ekanligi.

Majburiy obuna masalasi ko‘tarilgan paytda studiya mehmonlari tomonidan «bu yolg‘on gap» deganga o‘xshash luqmalar tashlangani jurnalistlarning aksariyati matbuot erkinligini yoki yoqlamaydi, yoki yoqlashini ochiq tan olishni istamaydi, degan xulosaga yetaklaydi.

Sh.Jabborov esa har qanday hokimiyat tizimida, u xoh sovetlar totalitarizmi yoki Karimov avtoritarizmi, xoh hali qandayligi noaniq bo‘lgan Shavkat Mirziyoev hukmronligi bo‘lsin, yashovchanligini isbotlashdan charchamaydi.

U ta'lim tizimidagi ommaviy korruptsiya, o‘qituvchi va shifokorlarning majburiy mehnati kabilarni arzimas masala hisoblaydi.

«Ayrim odamlar salbiy gaplarga, shov-shuv bo‘ladigan gaplarga o‘ch bo‘ladi. Aytilayotgan narsalar hamma joyda bor, ammo tipik, umumiy emas, onda-sonda uchraydigan salbiy holatlar», deya asl voqelikdan qochishni afzal biladi.

Demoqchimizki, «Munosabat» ko‘rsatuvida bo‘lib o‘tgan bahs-munozara mohiyatan matbuot erkinligiga, avvalo, jurnalistlarning o‘zlari qarshilik qilayotganini ko‘rsatib berdi. Albatta, buni hukumatning mustaqillik yillaridagi jurnalistikani bo‘g‘ish harakatlari oqibati sifatida ham baholash mumkin.

Ammo jurnalistlar qirq yil zanjirda saqlanib, keyin zanjiri bo‘shatilsa ham qozig‘i atrofida aylanishdan to‘xtamayotgan fil haqidagi hikoyat mohiyatini anglamayotganini nima bilan izohlash mumkin?!

Mavzumiz xulosasini esa «men»ini yo‘qotgan jurnalist» tilidan internetda e'lon qilingan, ommaviy madaniyat dunyodagi hamma aholi bitta qarash va nafas bilan yashashiga olib kelishiga ishora qilingan quyidagi fikrlar to‘ldiradi:
«Bizning jurnalistikamiz, xususan, matbuotimiz (ba'zi nashrlarni inobatga olmaganda) hozir shunday ahvolda. Butun matbuot bo‘ylab bitta yagona jurnalistik uslub va shakl mavjud. Bunda na o‘zgachalik, na yangicha yondashuv bor. Tag‘in o‘zimiz odamlar gazeta o‘qimay qo‘ydi, deb arz-hol qilib qo‘yamiz. Tuzuk-quruq narsa yozmaganimizdan keyin bechora xalqda nima ayb? Axir bu xalq nima yozsak ham o‘qish majburiyatini olmagan bo‘lsa. Obuna deysizmi? Qo‘ysangiz-chi, bilamiz-ku qanday obuna bo‘lishlarini».

Xalqaro press-klub mahalliy OAV usullariga moslashyapti…mi?

Xalqaro press-klubda turli davlat organlari rahbarlari bilan ochiq va oshkora, erkin muloqot shaklida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanlari, yig‘ilishlar ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Bu uchrashuvlarda xalqni qiziqtiradigan ancha dolzarb mavzular ko‘tarilyapti, mavjud muammolar muhokamasi ham qizg‘in tus olyapti.

Bu klub yig‘ilishlari birinchi marta O‘zbekistonda prezidentdan boshqa siyosatchilar ham borligini, ular ham fikrlay olishini, ancha-muncha muammolar yuzasidan munozaraga kirisha olishini yaqqol ko‘rsata olayotgani bilan tilga tushdi.

Ammo Xalqaro press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jaev ayrim keskin masalalar muhokamasiga kelganda «siyosiy hushyorlik»ning hadisini olganini namoyish etayotgani e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

Ayniqsa, press-klubning sportga bag‘ishlangan soni ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi. Chunki mana shu ko‘pchilik bu yerda, asosan, butun O‘zbekistonni tashvishga solayotgan futbol mavzusi ochiq-oydin muhokama etilishini kutayotgan edi.

Amalda esa bunday bo‘lib chiqmadi. Tomoshabinlar terma jamoaning Tehrondagi sharmandaligidan keyin keskin bahs-munozaralarni, qaqshatqich savollarga achchiq javoblarni kutayotgan bir paytda «Sport» telekanalining psevdotosh-shoularidagi kabi tantanavor holatga guvoh bo‘ldi.

Har doimgidek, bu yig‘ilishga taniqli sportchilar taklif etilib, tantanavor ruh ta'minlandi. Tashkilotchilar sportga erishilgan «ulkan yutuq va muvaffaqiyatlarimiz» haqida falsafa so‘qishi avvaldan bilinib qoldi.

Holbuki, TVda har doim faqat shu mavzuda ko‘rsatuvlar beriladi, maqtov va xushomadning keti ko‘rinmaydi.

Ustiga ustak, xuddi haqiqiy futbol ishqibozlari ustidan kulgandek, futbol federatsiyasi vakiliga go‘yoki muxlislar tomonidan yuborilgan va «ishonch» so‘zi yozilgan shar tuhfa qilindi.

Albatta, ko‘pchilikning ko‘nglidan joy olib borayotgan bu klub yig‘ilishlari mana shu tadbirdan so‘ng nufuzini ancha yo‘qotganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Jurnalist O‘tkir Jalolxonovning Internet nashrlarida mazkur yig‘ilish haqida e'lon qilingan maqolasi ham shunday darak berib turibdi.

Maqolada tadbir tashkilotchilari muammoli masalalar muhokamasidan imkon qadar qochgani tanqid ostiga olindi.
«O‘zbek futbolini yoritadigan eng katta internet sayt http://Championat.asia rahbari Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev so‘z so‘rab qo‘li og‘rib ketdi, lekin unga navbat berishmadi. Diyor Imomxo‘jaevdan qanchalik qo‘rqishlarini, unga qanday nafrat bilan qarashlarini o‘sha yerda ko‘rdik. Sababi – to‘g‘ri gapni gapirishi, maddohlik qilmasligi va kattalarni ko‘rganda qulluq qilmasligi», deb yozdi jurnalist.

«So‘z ko‘pincha «davlatniki» degan vahimali nomi bor OAV xodimlariga berildi. Asosiy vaqt ot zavodlari, sport kiyimlari, jismoniy tarbiya darslari haqidagi gaplarga ketmaganida Babayan nima uchun Rossiyaga ketib qolgani, Lobanov qachongacha terma jamoada o‘ynashi, nima uchun muxlislar fikri eshitilmasligining sababini bilib olgan bo‘larmidik. Biroq endi bularning hech birini bilolmaymiz, ular qorong‘uda sirligicha qolib ketdi», deb yozg‘irdi maqola muallifi.

Xullas, TVda shunaqa gaplar. Bir tomondan, erkin matbuot nimaligini bahs-munozara qilayotgan jurnalistlarning o‘zi bu boradagi tushunchalari naqadar pastligini ko‘rsatib qo‘yayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, endigina erkin fikr maydoni paydo bo‘lyapti, deya umid qilingan Xalqaro press-klub qovun tushurib o‘tiribdi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2017
«Erk» Demokatik partiyasi lideri Muhammad Solih Qozog‘istonning yil oxirigacha lotin yozuviga o‘tish qarorini qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Qozog‘iston prezidenti Nazarboev ...
30 iyun 2023
Xafta girr etib aylanib yana siz bilan muloqotdaman. Muloqot so‘zi sal bo‘rttirilgan. Chunki men gapiraman, siz eshitasiz. MS: Manam ...
13 sentyabr 2018
Toshkent shahrining jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida 12 centyabr kuni sobiq O‘zbekiston bosh prokurori 66 yashar Rashid Qodirov ...
12 aprel 2017
Erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma'ruzasi bilan tanilgan toshkentlik 42 yoshli imom Sayfuddinov mavzuni yoritgan jurnalistlarni fitnada aybladi. «Erkak kishini ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...