Asosiy mavzular
12 noyabr 2020

12 noyabr – Murod Jo‘raev ozod etilgan kun

O‘zbekiston “Erk” demokratik partiyasi faoli, jamoat arbobi va parlament deputati, tinch siyosiy faoliyati uchun qamalgan dunyoning eng keksa mahkumi marhum Murod Jo‘raev 2015 yilning 12 noyabr kuni 63 yoshida, o‘limidan ikki yil burun turmadan ozod etilgan edi.

1994 yilning 18 sentyabrida hibsga olingan Murod Jo‘raev nohaq yigirma bir yil panjara ortida o‘tirdi. Dastlabki to‘qqiz yillik jazo turli bahonalar bilan 12 yilga uzaytirildi. Bu davr mobaynida uni muttasil qiynoqlarga tutishgan va u jiddiy kasal bo‘lgan.

O‘zbek hukumati Jo‘raevning qiynoqlarga solgani, o‘zboshimchalik bilan uning jazo muddati muttasil cho‘zib kelingani, unga turmada zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmaganligi yuzasidan faktlar astoydil o‘rganishi kerak, deyiladi “Hyuman rayts uotch” (HRU) inson huquqlari tashkiloti e'lon qilgan bayonotda.

“So‘nggi yigirma bir yil Murod Jo‘raev va uning oilasi uchun misli ko‘rilmagan jahannam bo‘ldi, – deydi HRUning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

– O‘zbek hukumati endi Jo‘raevni qiynoqqa solgan va qamoq muddatini o‘zboshimchalik bilan uzaytirgan shaxslarni javobgarlikka tortishi lozim”.

Hibsga olinguniga qadar Jo‘raev 1991-1992 yillarda parlament deputati, muxolifatdagi “Erk” partiyasining taniqli arbobi, shuningdek, Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimi bo‘lgan.

“Sovet Ittifoqi qulatilgach, Jo‘raev birinchilardan bo‘lib kompartiyaning shahar qo‘mitasini tarqatib yuborgani uchun prezident Karimov g‘azabiga duch kelgan shaxsdir”, deyiladi HRUning matbuot relizida.

1994 yilning 18 sentyabrida u Qozog‘istonda hibsga olinib, O‘zbekistonga jo‘natilgandi. U hibsga olish payti qattiq kaltaklanadi, qovurg‘alari sindiriladi.

1995 yilning 31 mayida Jo‘raev, jumladan, taqiqlangan “Erk” partiyasiga a'zo yoshlarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazgan, degan tuhmat bilan sudlanadi. Hokimiyatni ag‘darmoqchi bo‘lgan, degan iddao bilan dastlab 12 yilga ozodlikdan mahrum etiladi, keyinchalik muddat 9 yilga tushiriladi.

“O‘zbek hukumati o‘zining potentsial tanqidchilari sifatida ko‘rgan ko‘plab mahkumlarni muttasil jazolagan, ularning qamoq muddatlarini absurd ayblovlar bilan asossiz tarzda cho‘zib kelgan”, deydi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti (IHXH) direktori Brijit Dyufar.

Hukumat o‘zboshimcha tarzda Jo‘raevning jazo muddatini 2004, 2006, 2009 va 2012 yillarda to‘rt marta “turma qoidalarini buzish” ayblovi bilan cho‘zib kelgan.

Jo‘raevga qo‘yilgan ayblovlar sirasiga “sabzini noto‘g‘ri to‘g‘raganlik” va kazarmaga kirishda “poyabzalni noto‘g‘ri joylash” kabi mantiqsiz sabablar ro‘kach qilingan. Shu zayl u 21 yil Karimov turmasida qolgan.

2011 yili Frantsiyaning ASAT tashkiloti uni turmada qattiq qiynoqqa solishgani va u sil kasaliga chalinganini bildirgan. Jo‘raevning rafiqasi 2013 yili u bilan uchrashganida barcha tishlarining tushib ketgani, qiyin ovqatlanayotgani, doimo boshi va oshqozon og‘rig‘idan, o‘ng qo‘li esa vaqti-vaqti bilan jonsizlanib qolishidan shikoyat qilgan.

U so‘nggi bor tergov chog‘ida uni turmada tirik saqlab turgan yagona narsa “muttasil uzoq davom etgan mahkumligi davrida ruhan qo‘llab -quvvatlab kelayotgan o‘z rafiqasiga bo‘lgan minnatdorlik tuyg‘usi” ekanini bildirgan.

Sog‘lig‘i yomonligi va yelkasida kuchli og‘riq borligiga qaramay, turma mulozimlari Jo‘raevni g‘isht zavodidagi og‘ir ishlarni bajarishga majbur qilishgan.

Murod Jo‘raev 2017 yilning 4 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Muborak shahridagi uyida 65 yoshida vafot etgan.

Qarindoshlarining aytishicha, Murod Jo‘raev choy ichib o‘tirgan vaqtida to‘satdan joni uzilgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 avgust 2020
Karantin paytida odamlarga qulaylik yaratilmayapti, deb yozmoqda Farg‘ona viloyatidagi muxlisimiz. Uning aytishicha, bankdan qarz olgan. Karantin paytida aholini qo‘llab-quvvatlash ...
18 mart 2016
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni “tojiklarning milliy madaniyatiga begona” turkiy so‘zlar bilan ism qo‘yishni taqiqlaydigan qonunni imzoladi ...
26 dekabr 2016
Yer Oydan, Quyoshdan ajralib qolsa, u yo‘q bo‘lib ketadi. Buni bilish uchun astronom bo‘lish shart emas. Lekin O‘zbekiston misolida ...
20 iyun 2016
Qirg‘iz matbuotining bildirishicha, 18 iyun kuni militsiyaga murojaat qilgan jalolobodlik ayol, qishloq masjidi imomining o‘z o‘g‘lini zo‘rlagani haqida ariza ...
Bloglar
13 yanvar 2021
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani ...
11 yanvar 2021
Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. ...
6 yanvar 2021
Tinch tururmi bu ko‘hna dunyo, Tinch tururmi dog‘uli zamon… A.Oripov. Koronavirusning yangi shtampi deyilyapti. Bu ...