ART-DURBIN
17 fevral 2020

Bo‘lsam yorla to‘shakda, partiyam, sen yurakda!

rasm3045

Yoz keldi, tugadi qish,
Partiyamga ming olqish!
Mo‘ridan o‘rlar tutun,
Partiyam borligichun!
Tong otib yorishdi kun,
Partiyadan biz mamnun!
Jumadan so‘ng keldi shanba,
Partiyam sabab, manba!
Shanba o‘tdi, dam olish,
Partiyamga ming olqish!
Kislorod bor, hoynahoy,
Partiyam mehrga boy!
Oq ko‘krakli dildorim
Bergan ham hukmdorim.
Bo‘lsam yorla to‘shakda,
Partiyam, sen yurakda!

Stalin davriga bag‘ishlangan mazkur sarkastik misralarni o‘qib, bu o‘tmishda bo‘lgan, deya tabassum qilardik. Go‘yoki shaxsga sig‘inish davri bilan allaqachon xayr-xo‘sh qilgandik. Ammo o‘zbek prezidenti o‘lar ekan, unga atalgan ko‘z yoshli alyorlar, marsiya va madhiyalarni eshitib, millat hanuz o‘sha botqoqda ekan, deya g‘amgin bo‘ldim.

rasm3047

Mamlakat kasal, kasal bo‘lganda ham jiddiy kasal.

Mahalliy aholining oh-vohli faryodlari va o‘zbek matbuotining pafosli reportajlarini ko‘rib, sovet o‘tmishi bilan parallellar qurdim. Karimovning birdan o‘lgani “jurnalist” va tashviqotchilarni qisqa muddatda falaj qildi yoki ular ichi qotib, hojatga chiqa olmaydigan holatda bo‘lishdi. Ular butun bir hafta davomida og‘izlarida qatiq ivitib, yuqoridan izn kelguniga qadar jim o‘tirishdi. Ularning og‘zidan «prezident ahvoli» haqida bir og‘iz gap chiqmadi. Ular bir satr jumla ham yoza olishmadi. Keyin maxsus xizmat deya atalgan MXXdagi kuratorlar ularga qarata: “Erkin fikrli matbuot va jurnalistlarga qarab vovullang”, deya buyruq berdi. Ular alohida ishtaha va g‘ayrat bilan egalarining buyruqlarini ado qilishdi. Eng sadoqatli, zotdor tozi itlar ham havas qiladigan vafodorlik namunasini ko‘rsatishdi.

Karimovning kutilmagan o‘limi qisqa bir vaqt davomida bekitilgani, davlat «jurnalistlari»ni mulzam qildi, ular «yuqori»ning iznisiz prezident holati haqida bir satr ham yoza olmadilar.

rasm3044

Ayni hol chet el mediasidagi istehzoli maqolalarga mavzu bo‘ldi. Dunyo ko‘zi o‘ngida O‘zbekistonni hazil-mazaxga aylantirgan tashviqotchilar “Karimov tinchligi” degan plastinkani aylantirib, yovvoyi vasvasaning nodir namunalarini namoyish qilishdi. Bu vasvasa, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda rejim parvarishidagi “blogger”lar tarafidan urchitildi.

“Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz! Vatangado dushmanlarga yo‘l yo‘q! Shoqollar! Imperializm va G‘arb davlatlariga yollanganlar! Xalq dushmanlari! Ular bizning farovonligimizni ko‘ra olmaydi! Jamiyat chiyabo‘rilari!»

Stalin davrida qolib ketgan, naftalin iforli bu taxlit chaqiriqlarni bugungi kunda eshitish kulgili va alamli!

Asosan qashshoq hayot kechiradigan O‘zbekiston aholisining aksari, bu ma'raka rejissyori g‘oyasiga ko‘ra, patriotik ekstaz hamda vasvasada yakdil bo‘lmog‘i lozim. Aynan shu holatda ular hokimiyatning navbatdagi harakatini liq etib yuta oladi.

Ular allaqachon Senat raisi o‘rniga Bosh vazir vaqtincha prezident qilingani bilan bog‘liq konstitutsiyaning qo‘pol buzilishini yog‘day yutishdi.

Ikkinchi prezident saylovi 4 dekabrga belgilandi. Oldimizdagi 3 oyda aholining patriotik vasvasa kayfiyatini yanada xuruj oldirish uchun tayyorgarlik kuchaytirildi. 2016 yilning sentyabri o‘zbeklar ommasi (to‘dasi) yangi mustabid tiranni ulug‘lash uchun ovozini sozlamoqda.

Bizning o‘lkamiz o‘tgan asrning 30-yillaridagi shaxsga sig‘inishning sassiq botqog‘idan chiqmagan holda “barqaror” turibdi.

Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif taxallusi, 
Fotografiyalar: Rossiya kinofotohujjatlar davlat arxividan, 1936
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 aprel 2019
Shu yilning 20 mart kuni Xalq ta'limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv ...
15 oktyabr 2023
Qashqadaryolik 61 yoshdagi erkak jami 32 bosh echkiemarni tutib olib, ulardan 12 tasini so‘yib yegan. Qolgan 20 tasini keyinchalik ...
22 yanvar 2019
Hukumatning fermerlik uchun ajratilgan yer maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarori shunday ham ahvoli og‘ir bo‘lgan fermerlarni yana bir sinov qarshisida ...
26 iyun 2017
Bugun Shvetsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik faol Dilobar Erkinzoda sudya Nizom Rustamovning undan pora so‘raganini ochiqlarkan, Shvetsiya va O‘zbekistondagi sudlar o‘rtasidagi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...