ART-DURBIN
17 fevral 2020

Bo‘lsam yorla to‘shakda, partiyam, sen yurakda!

rasm3045

Yoz keldi, tugadi qish,
Partiyamga ming olqish!
Mo‘ridan o‘rlar tutun,
Partiyam borligichun!
Tong otib yorishdi kun,
Partiyadan biz mamnun!
Jumadan so‘ng keldi shanba,
Partiyam sabab, manba!
Shanba o‘tdi, dam olish,
Partiyamga ming olqish!
Kislorod bor, hoynahoy,
Partiyam mehrga boy!
Oq ko‘krakli dildorim
Bergan ham hukmdorim.
Bo‘lsam yorla to‘shakda,
Partiyam, sen yurakda!

Stalin davriga bag‘ishlangan mazkur sarkastik misralarni o‘qib, bu o‘tmishda bo‘lgan, deya tabassum qilardik. Go‘yoki shaxsga sig‘inish davri bilan allaqachon xayr-xo‘sh qilgandik. Ammo o‘zbek prezidenti o‘lar ekan, unga atalgan ko‘z yoshli alyorlar, marsiya va madhiyalarni eshitib, millat hanuz o‘sha botqoqda ekan, deya g‘amgin bo‘ldim.

rasm3047

Mamlakat kasal, kasal bo‘lganda ham jiddiy kasal.

Mahalliy aholining oh-vohli faryodlari va o‘zbek matbuotining pafosli reportajlarini ko‘rib, sovet o‘tmishi bilan parallellar qurdim. Karimovning birdan o‘lgani “jurnalist” va tashviqotchilarni qisqa muddatda falaj qildi yoki ular ichi qotib, hojatga chiqa olmaydigan holatda bo‘lishdi. Ular butun bir hafta davomida og‘izlarida qatiq ivitib, yuqoridan izn kelguniga qadar jim o‘tirishdi. Ularning og‘zidan «prezident ahvoli» haqida bir og‘iz gap chiqmadi. Ular bir satr jumla ham yoza olishmadi. Keyin maxsus xizmat deya atalgan MXXdagi kuratorlar ularga qarata: “Erkin fikrli matbuot va jurnalistlarga qarab vovullang”, deya buyruq berdi. Ular alohida ishtaha va g‘ayrat bilan egalarining buyruqlarini ado qilishdi. Eng sadoqatli, zotdor tozi itlar ham havas qiladigan vafodorlik namunasini ko‘rsatishdi.

Karimovning kutilmagan o‘limi qisqa bir vaqt davomida bekitilgani, davlat «jurnalistlari»ni mulzam qildi, ular «yuqori»ning iznisiz prezident holati haqida bir satr ham yoza olmadilar.

rasm3044

Ayni hol chet el mediasidagi istehzoli maqolalarga mavzu bo‘ldi. Dunyo ko‘zi o‘ngida O‘zbekistonni hazil-mazaxga aylantirgan tashviqotchilar “Karimov tinchligi” degan plastinkani aylantirib, yovvoyi vasvasaning nodir namunalarini namoyish qilishdi. Bu vasvasa, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda rejim parvarishidagi “blogger”lar tarafidan urchitildi.

“Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz! Vatangado dushmanlarga yo‘l yo‘q! Shoqollar! Imperializm va G‘arb davlatlariga yollanganlar! Xalq dushmanlari! Ular bizning farovonligimizni ko‘ra olmaydi! Jamiyat chiyabo‘rilari!»

Stalin davrida qolib ketgan, naftalin iforli bu taxlit chaqiriqlarni bugungi kunda eshitish kulgili va alamli!

Asosan qashshoq hayot kechiradigan O‘zbekiston aholisining aksari, bu ma'raka rejissyori g‘oyasiga ko‘ra, patriotik ekstaz hamda vasvasada yakdil bo‘lmog‘i lozim. Aynan shu holatda ular hokimiyatning navbatdagi harakatini liq etib yuta oladi.

Ular allaqachon Senat raisi o‘rniga Bosh vazir vaqtincha prezident qilingani bilan bog‘liq konstitutsiyaning qo‘pol buzilishini yog‘day yutishdi.

Ikkinchi prezident saylovi 4 dekabrga belgilandi. Oldimizdagi 3 oyda aholining patriotik vasvasa kayfiyatini yanada xuruj oldirish uchun tayyorgarlik kuchaytirildi. 2016 yilning sentyabri o‘zbeklar ommasi (to‘dasi) yangi mustabid tiranni ulug‘lash uchun ovozini sozlamoqda.

Bizning o‘lkamiz o‘tgan asrning 30-yillaridagi shaxsga sig‘inishning sassiq botqog‘idan chiqmagan holda “barqaror” turibdi.

Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif taxallusi, 
Fotografiyalar: Rossiya kinofotohujjatlar davlat arxividan, 1936
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 fevral 2020
«2017 yil yanvar oyida, ya'ni mening ozodlikka chiqib ketishimga sanoqli kunlar qolganida, biz oxirgi marta uchrashib suhbatlashdik. Bizning bu ...
3 iyun 2019
Andijonda 25 may kuni e'lon qilingan shanbalik 29 may kuni ham davom etdi. Marhamat tumani elektr tarmoqlari korxonasi ishchisining ...
2 aprel 2016
Bu albatta bir xazil maktub, masalaning jiddiy tomoni, «VimpelCom” chindan ham feyk-hisobotlar uchun Gibraltarda ro‘yxatga olingan Gulnora Karimovaning bank ...
18 mart 2016
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni «tojiklarning milliy madaniyatiga begona» turkiy so‘zlar bilan ism qo‘yishni taqiqlaydigan qonunni imzoladi ...
Bloglar
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu ...
10 yanvar 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni ...