Anvar Nazir: «Kirilga qaytmaymiz, qozoqlarni qo‘llab quvvatlaymiz!»
O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazirning Eltuz muxbiriga bildirishicha, yaqinda Toshkentda hokimiyat darajasida o‘tgan komissiya yig‘ilishida kirilga qaytmaslik, lotin alifbosini saqlab qolishga rasmiy qaror berilgan.
«Men fursatdan foydalanib sizga yangilikni aytmoqchiman, lotin alifbosi saqlab qolinadigan bo‘ldi. Karimov o‘lganidan so‘ng bir guruh ashaddiy kiril imlosi tarafdorlari lotinga o‘tish jarayonini to‘xtatishga bel bog‘lashgan edi. Bu masala uzil-kesil hal bo‘ldi, lotin alifbosi isloh qilinadi va kamchiliklari to‘ldirilib O‘zbekiston bu imloga to‘liq o‘tadi», dedi Anvar Nazir.
U o‘z intervyusida, hokimiyat doiralarida, shuningdek internetdagi forumlar va tarmoqlarda, Karimov o‘lganidan keyin, lotin imlosi muxoliflari birdan bosh ko‘tarib qolishganini aytadi.
Lotin alifbosiga O‘zbekiston bundan 25 yil burun o‘ta boshlaganiga qaramay, jarayon cho‘zilib, ichki qarshiliklarga ko‘p duch kelgani, faqat yaqinda bo‘lib o‘tgan hukumat komissiyasi bunga uzil-kesil nuqta qo‘yganini aytadi u Eltuz muxbiriga bergan intervyusida.
«Bu yangilik haqida hali hech qaerda bildirilmagan, lekin ertami kech bu rasman ma'lum qilinadi» dedi u.
Uning fikricha, Markaziy osiyodagi turkiy xalqlarni sharqiy slavyan tillariga mansub kiril imlosiga o‘tkazish zo‘rovonlik bilan amalga oshirilgan va bu xalqlarni biri biridan ajratishga xizmat qilgan.
«Hozir komissiya tomonidan o‘zbek lotin alifbosiga kiritiladigan o‘zgarishlar yuzasidan takliflarni ishlab chiqishgan. Qozog‘istonning ham shu alifboga o‘tishi ayni muddao bo‘ldi, bu turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytiradi», dedi tahlilchi Anvar Nazir Eltuz muxbiriga bergan intervyusida.
Eltuz.com