Asosiy mavzular
11 oktyabr 2019

Turkiston oydinlari qatag‘oni boshlanganiga 80 yil to‘ldi

Siyosiy tahlilchi Anvar Nazirning «Eltuz»ga bildirishicha, Toshkent qatlgohlarida 1938 yilning 4 oktyabridan 8 oktyabriga qadar Turkistonning besh yuzdan ziyod oydini otilgan. Uning fikricha, o‘zbek zehniyatidagi bugungi toqatsizlik aslida 37-yili boshlangan Stalin davri qatag‘onlari asoratidir.

«Toshkentning Yunusobod mavzesidagi Oqtepa hududi, undan keyin Toshkent politexnika instituti harbiy kafedrasi oldi va boshqa bir qancha joylarda qatlgohlar bo‘lgan o‘sha paytda», deydi u «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni davrda millatning Abdurauf Fitrat, G‘ozi Yunus, Xayriniso Majidxonova, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Xudoybergan Devonov kabi buyuklari uydirma ayblovlar bilan qamoqqa olingan va otishga hukm qilingan.

Biroq Anvar Nazir Stalin qatag‘onlari xotirasi hamon hukumat darajasida nishonlanmasligidan afsuslanadi.

«Biz har yili 8 oktyabrni qatag‘on kuni sifatida norasmiy tarzda bo‘lsa ham xotirlaymiz, ayni shu kuni Turkiston jadidlarining eng ko‘p nafari qatl qilingan», deydi Anvar Nazir.

Maqsad – millatning buyuklarini yo‘q qilish

Xalqning eng yorqin vakillarini yo‘q qilishga qaratilgan Stalin davri qirg‘ini butun sobiq Sovet Ittifoqini qamragan, o‘z hayoti uchun qo‘rquv tuyg‘usi ziyolilarni o‘z hamkasblari ustidan chaquv yozishga majbur qilgan edi.

Masalan, Abdurauf Fitratga qo‘yilgan ayblovga sabab uning Navoiyni ulug‘lagani bo‘lsa, Qodiriyni ruslarga qarshi gapirgani uchun yo‘q qilishgan.

«Jinoyat ishlariga oid hujjatlarda dahshatli narsalarni o‘qish mumkin. Masalan, birinchi bolalar adibi Munavvar qori Abdurashidxonovni laqabi «Student» bo‘lgan kimsaning chaquviga asosan ayblashgan», deydi Anvar Nazir.

Anvar Nazir «Eltuz» muxbiri bilan suhbatida shved jurnalida bosilgan KGB arxividan iqtibos keltirib, bugungi kunda ulug‘lanuvchi Hamid Olimjon va uning xotini Zulfiyaning ham chaquvlar uyushtirgani haqida bildiradi.

«Sotqinlik, xiyonat va tuhmat qatag‘onning asosiy motori bo‘lgan. Masalan, Hamid Olimjon «Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy bachchaboz. Menga tegajog‘lik qilishgan» qabilidagi yomon va kir narsalarni yozgan. Shular ham jinoyat ishiga kiritilgan», deydi u.

Bu chirkin tarixga baho berarkan, «bosmachilarga qarshi kurash» uncha ham shonli bo‘lmagani, ba'zan xotin er, er esa xotin ustidan chaquv yozganini aytadi.

«Stalinning maqsadi buyuk avlodni yo‘q qilish edi, u bu maqsadga erishdi. Buning uchun 20-yillardan boshlab NKVD zimdan shogirdlarni ustozlarga qarshi tayyorlay boshlagan edi», deydi u.

Bugungi davr bilan parallel

Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 27 sentyabrida MXX xodimlari tomonidan o‘z uyidan o‘g‘irlab ketilgan jurnalist Bobomurod Abdullaning yozgan maqolalari uchun badnom qilinishi, yozuvchi Nurullo Otaxonovga yozgan kitobidagi fikrlari uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi sovet qatag‘onlarining bugungi kundagi davomidir.

Anvar Nazirning fikricha, o‘sha Stalin davri yaratgan repressiv illatlarni O‘zbekistonda har qadamda kuzatish mumkin.

«Bu nafaqat tsenzura va erkin so‘zning bo‘g‘ilishida ko‘rinadi: propiskadan boshlaysiz, paxta majburiy mehnati, shaxsiy mulkning kafolatlanmagani…», deya sanab ketadi u bugungi o‘zbek zehniyatini madaniy dunyodan uzuvchi illatlarni.

«Insonga quldek qarash, uni fikrdan mahrum qilish, erkin mehnat o‘rniga majburiy mehnatga tortish, e'tibor bering shunga, primitiv mafkuralashgan dunyoqarash haliyam hukm surmoqda», deydi tahlilchi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2022
O‘zbek muxolifat lideri Muhammad Solih Eltuz muxbiri bilan suhbatda Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi. O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad ...
20 may 2024
2024 yil 30 aprel kuni hukumatparast bloger YouTube tarmog‘ida taniqli ayol huquq himoyachisi Umida Niyazovaga qaratilgan tuhmatli videoni chop ...
24 sentyabr 2018
So‘nggi kunlarda O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terim mavsumiga oid turli OAVlarda e'lon qilinayotgan xabarlar mamlakatda majburiy mehnat alomatlari kuchayib borayotganidan darak ...
31 may 2019
Sho‘rolar hukumatining keskin siyosati, aholining xususiy mulki, chorva mollarini tortib olib, ko‘chmanchi xalqlarni majburan o‘troqlashtirish, kolxozlashtirish harakatlari oqibati o‘laroq, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...