Asosiy mavzular
8 fevral 2019

O‘zbeklarning cho‘qqidagi burgutga taqlidi

Burgut tog‘ning tepasidagi cho‘qqida qimirlamay o‘tirardi.

Quyon bo‘lsa pastdagi adiru tepaliklarda yugurgani yugurgan edi.

Bir kuni quyon burgutga qarab: «Men ham senga o‘xshab qimirlamay o‘tirsam maylimi», debdi. «O‘tiraver», debdi burgut.

Quyon bitta tosh ustiga chiqib, burgutga taqlidan viqor bilan bir nuqtaga qiytor ko‘zlarini boqib qimirlamay o‘tiribdi.

Quyon o‘zini ulug‘vor his qilibdi. «Olamning kindigi men bo‘lsam kerak», degan o‘ylarga botibdi.

«Eh, umrim tiriklik tashvishida bir tepadan ikkinchi tepaga sakrash bilan o‘tdi! Bundoq tinchgina xotirjam o‘tirsam ham bo‘lar ekan-ku. Eh, huzur-halovatga nima yetsin!» deb battar bir nuqtada qotibdi quyon.

O‘sha joyda yurgan tulki quyonni ko‘rib qolibdi. Odatda tulkini ko‘rishi bilan mingga qo‘yib qochadigan quyon budda haykali kabi qimirlamay o‘tirganmish.

Tulki bir sakrab quyonning bo‘g‘zidan tishlabdi. Bir pasda bu quyon och tulkining oshqozonidan joy olibdi.

Qissadan hissa, harakatdan to‘xtagan tulkiga yem bo‘ladi.

Burgutga o‘xshab o‘tirish uchun burgut kabi yuksak cho‘qqida yashash kerak.

Bedananing yurishini qilaman, deb chumchuqning chatanog‘i ayrilibdi.

O‘zing kabi yasha va zinhor qimirlashdan to‘xtama…

Xo‘p, shu yerda nasihatni to‘xtatib, hayotga qaytsak. 18 yoshida uylangan yigitga kelin bola tarafidan «yashash standarti» belgilangan qizil kartochka ko‘rsatiladi.

«Kaptiva» (qimmat moshin), O‘rikzorda villa. «Versal»da tug‘ilgan kun. Ayfon. O‘sha oxirgi matoh ham 700 turadi. Ko‘kida.

Chunki falonchilarda ashnaqa tilpon bor, chunki pistiyonchilar ashnaqa uylarda yashaydi. Gapning qisqasi, cho‘qqidagi burgutlar.

Hali og‘zidan ona sutining hidi ketmagan va biror kasb-hunar boshini tutib, pul topish san'atini egallamagan 18 yashar yigit yelkasiga bu zil-zambil og‘irlik yuklanadi.

«Uylandingmi, ta'minlab qo‘y», deyishadi junbul jamoat.

Yigit alang-jalang qilib o‘ris yoki qozoqqa ketadi.

Yo‘lda u tushgan avtobus yonib ketadi (bu holatning varianti ko‘p. Hamqishloq urib o‘ldiradi. Boshiga beton tushib keladi yoki ichburug‘dan o‘ladi). Kelin bolaning nomiga temir tobut keladi. Quchoqlayver endi muzday murdani.

Assalomu alaykum, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2023
2023 yil 3 avgust kuni “Indorama Agro” kompaniyasida inson huquqlari buzilishi va yerlarning noqonuniy tortib olinayotgani yuzasidan O‘zbekiston inson ...
29 fevral 2016
O‘zbek gazetalarini o‘qirkan, tag‘in tashviqot pardasi ortidagi jamiyat muammolar, vaqtida berilmayotgan ish haqi, matbuotda urchiyotan yolg‘onlar, sinayotgan korxonalar va ...
23 oktyabr 2017
Sovet O‘zbekistonini uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidov shaxsiga har xil baho berish mumkin. Kimdir uni respublikani ruslashtirish, paxta monopoliyasini ...
15 sentyabr 2021
2020 yil oxiriga kelib O‘zbekistonning «Orient Group» kompaniyasi 700 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya yig‘ib, mamlakatdagi eng badavlat konglomeratlardan biriga aylandi.  Shotlandiyaning sakkizta noma'lum mas'uliyati cheklangan sherikligi bu ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...