Asosiy mavzular
8 fevral 2019

O‘zbeklarning cho‘qqidagi burgutga taqlidi

Burgut tog‘ning tepasidagi cho‘qqida qimirlamay o‘tirardi.

Quyon bo‘lsa pastdagi adiru tepaliklarda yugurgani yugurgan edi.

Bir kuni quyon burgutga qarab: «Men ham senga o‘xshab qimirlamay o‘tirsam maylimi», debdi. «O‘tiraver», debdi burgut.

Quyon bitta tosh ustiga chiqib, burgutga taqlidan viqor bilan bir nuqtaga qiytor ko‘zlarini boqib qimirlamay o‘tiribdi.

Quyon o‘zini ulug‘vor his qilibdi. «Olamning kindigi men bo‘lsam kerak», degan o‘ylarga botibdi.

«Eh, umrim tiriklik tashvishida bir tepadan ikkinchi tepaga sakrash bilan o‘tdi! Bundoq tinchgina xotirjam o‘tirsam ham bo‘lar ekan-ku. Eh, huzur-halovatga nima yetsin!» deb battar bir nuqtada qotibdi quyon.

O‘sha joyda yurgan tulki quyonni ko‘rib qolibdi. Odatda tulkini ko‘rishi bilan mingga qo‘yib qochadigan quyon budda haykali kabi qimirlamay o‘tirganmish.

Tulki bir sakrab quyonning bo‘g‘zidan tishlabdi. Bir pasda bu quyon och tulkining oshqozonidan joy olibdi.

Qissadan hissa, harakatdan to‘xtagan tulkiga yem bo‘ladi.

Burgutga o‘xshab o‘tirish uchun burgut kabi yuksak cho‘qqida yashash kerak.

Bedananing yurishini qilaman, deb chumchuqning chatanog‘i ayrilibdi.

O‘zing kabi yasha va zinhor qimirlashdan to‘xtama…

Xo‘p, shu yerda nasihatni to‘xtatib, hayotga qaytsak. 18 yoshida uylangan yigitga kelin bola tarafidan «yashash standarti» belgilangan qizil kartochka ko‘rsatiladi.

«Kaptiva» (qimmat moshin), O‘rikzorda villa. «Versal»da tug‘ilgan kun. Ayfon. O‘sha oxirgi matoh ham 700 turadi. Ko‘kida.

Chunki falonchilarda ashnaqa tilpon bor, chunki pistiyonchilar ashnaqa uylarda yashaydi. Gapning qisqasi, cho‘qqidagi burgutlar.

Hali og‘zidan ona sutining hidi ketmagan va biror kasb-hunar boshini tutib, pul topish san'atini egallamagan 18 yashar yigit yelkasiga bu zil-zambil og‘irlik yuklanadi.

«Uylandingmi, ta'minlab qo‘y», deyishadi junbul jamoat.

Yigit alang-jalang qilib o‘ris yoki qozoqqa ketadi.

Yo‘lda u tushgan avtobus yonib ketadi (bu holatning varianti ko‘p. Hamqishloq urib o‘ldiradi. Boshiga beton tushib keladi yoki ichburug‘dan o‘ladi). Kelin bolaning nomiga temir tobut keladi. Quchoqlayver endi muzday murdani.

Assalomu alaykum, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 sentyabr 2016
Bosh Vazir Shavkat Mirziyoev o‘zining mushtumzo‘rligi bilan, shuningdek, Toshkentdagi aholi uy-joylarini, garajlarini buzish, poytaxt aholisini ommaviy tarzda shahar chekkasidagi ...
13 may 2016
Andijon voqealaridan 11 yil o‘tib, Amerika Qo‘shma shtatlari, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini javobgarlikka tortish talablarini ...
11 mart 2020
Ota o‘g‘liga telefonda: «Damasga pulim yetmadi, bolam. Yana o‘n million yubor». Rassom Kirpi
9 may 2019
“Ishdagi ishq”, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Sannikov yeri” kabi kinolarni o‘zbek tilida gapirtirgan dublyaj rejissyori Mirg‘iyos Soatov 9 may ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...