Asosiy mavzular
14 mart 2019

Uch xonga xotin bo‘lgan kanizak haqidagi kitob mukofot oldi

O‘zbekistonga kiritilmagan taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil «Jinlar bazmi» kitobi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2019 yil uchun adabiyot mukofoti bilan taqdirlandi.

Yuksak mukofot olgan «Jinlar bazmi» kitobi nima haqida?

1938 yil arafasida yozuvchi Abdulla Qodiriyni sovet KGBsi uyidan olib ketib, Toshkentdagi qamoqqa tashlagan edi. Bu yerda u mantiqsiz tergov va kaltaklar bilan bog‘liq jismoniy va ruhiy qiynoqlardan o‘zini chalg‘itish uchun qamoqdan oldin yozishga kirishgan, birin-ketin uchta xonga erga berilgan shoira Oyxon poshshoning fojiali qismati asos qilib olingan romanini xayolida tiklashga urinadi. Malikaning ham qatl kuni Qodiriyniki kabi yaqin edi…

Qodiriy avval yozgan barcha asarlaridan ustun bo‘lgan roman yozishni xohlagan. Ammo u romanni yozishni boshlaganidan so‘ng hibsga olingan. O‘n oydan so‘ng, 1938 yilda Qodiriy Stalin turmasida otib tashlangan. Hamid Ismoilning kitobi Qodiriy turmada o‘zining yozilmagan mashhur romani haqida o‘ylagan kunlari to‘g‘risidadir.

«Bu ikki romanning bir asarga jamlanganidir. Men Qodiriy uchun ham roman yozishga jur'at etdim. Voqealar uning xayolida kechadi, shuning uchun u to‘liq yozilmagan, lekin qoralamalar bor, tarix bor, maqsad va g‘oyalar bor. Bu yozilgan, ayni paytda yozilmagan romandir.

Qodiriy «Kanizak»ni o‘limi oldidan yozmoqchi bo‘lib yurgan va 37-yillari boshlagan. Bir o‘tirsam qoralab tashlayman, degan. Lekin o‘sha qish uni qamoqqa olishgan. Shuning uchun yozilmay qolganda bu narsa. Yozilgan qismlarini go‘yoki KGB yoqib tashlagan buni. Lekin men o‘zimning nomimdan yozganim yo‘q bu narsani. Abdulla Qodiriy nomidan, uning fikrlari qilib yozdim. Ya'ni roman yozildi va yozilmadi. Faqat xayolida bitdi, qog‘ozga tushgani yo‘q», dedi Hamid Ismoil «Eltuz»ga bergan intervyusida.

Hamid Ismoil 1992 yili O‘zbekistonni tark etgan, uning kitoblari vatanida chop etilmaydi, biroq u o‘zbek adabiyoti va madaniyatini dunyoga tanitgan adibdir. 2017 yili Hamid Ismoilni hech bir sababsiz O‘zbekistonga kiritishmagan edi.

«Eltuz»ga bergan intervyusida Hamid Ismoil 7 mart kuni YeTTBning Londondagi qarorgohida o‘tgan taqdimotga o‘zbeklar ham kelishgani, yuksak mukofotdan iftixor tuyib, g‘oz yurishganini aytadi:

«O‘zbeklar bor ekan o‘sha yoqlarda ishlab yurgan. Yosh-yosh, zabardast o‘zbeklar kelib qatnashib, tabriklab ketishdi. Iftixor tuyishdi. G‘oz yurishdi. Tabriklar, endi o‘zingiz bilasiz-ku, yog‘ilib keladi. Agar kimgadir javob bermasangiz, ko‘ngli yarim qoladi. Shuning uchun javob berish bilan ovoraman hozir».

Hamid Ismoilning Londondagi xursandchiligiga o‘zbeklardan tashqari dunyoning turli burchaklaridagi hamkasblari, noshirlari va tarjimonlari sherik bo‘lishdi:

«Noshirim Seulda hozir. Koreyaning Seulida. O‘zbek restoraniga yugurib ketyapti, osh qilib, bir palov yeyman, deb. Aytdiki, aktsepten spitchi… boyagi aytgan gaplarimni ko‘ribdi qaerdadir. Agar Seulda qo‘yishgan bo‘lishsa, ko‘ribdi qaerdadir».

Yozuvchi taqdimotdagi chiqishida Qodiriy davridan buyon o‘zbeklarning doimiy yo‘qotishlariga sha'ma qilib, bir latifa aytganini eslaydi:

«Latifa aytganim esimda bor. Latifa, haligi Nasriddin Afandi bozordan qaytib, xotiniga aytarmish. E… bugun qiziq kun bo‘ldi. Hamma bugun bozorda hamyonlarini yo‘qotishdi. Xotini jon holatda «Siz-chi, siz?» desa, «E, meni bilasan-ku, birinchi bo‘lib yo‘qotdim!» dermish. Ya'ni hozirgacha o‘zbekning falsafasi yo‘qotishdan iborat edi. Endi bundan buyog‘iga g‘alabayam bor bo‘lsa kerak, degan gaplarni qildik-da».

Yuksak mukofot 20 ming funt sterling qiymatidadir. «Eltuz» muxbirining bu pullarni nima qilmoqchi ekani haqidagi savoliga Hamid aka bunday javob berdi:

«Topishim… 20 mingta. Tarjimon bilan bo‘linadi. Ikkita tarjimonim bor. Ikkita tarjimon bilan bo‘linadi bu narsa. She'rlarni bitta odam tarjima qilgan, tekstni boshqa odam. Uchta odamga bo‘linadi bu. Undan tashqari, Xudo xohlasa, mana, Abdulla Qodiriyning 125 yilligi kelyapti. Muzeylariga qandaydir xarajatlar kerak bo‘lar, ko‘ramiz-da. Hozir Nobel olsangiz ham bitta uy ololmaysiz Londonda».

Sermahsul ijodkor prozadan tashqari keyingi kunlarda ko‘p-ko‘p she'rlar ham yozayotganini aytadi:

«Yoshim meni proza tomon ega boshladi, deb aytgan ekan Pushkin. Yoshgayam bog‘liq bo‘lsa kerak, lekin oxirgi payt juda ko‘p she'r yozgan ekanman. O‘zim uchun yozib yuribman. Hech qaerda bosmayman. Bir katta kitobga sig‘adigan she'r yozganman. Adabiyot keng narsa, bilasiz-ku endi. Dunyo adabiyotida har xil narsalar bor. Ommabop adabiyot bor, jiddiy adabiyot, ko‘ngil keng bo‘lishi kerak. Hammaga joy yetadi adabiyotda. Har kimning o‘z o‘quvchisi bor, har kimning o‘z vazifasi bor bu dunyoda. Shuning uchun, eng asosiysi, o‘zingizga sodiq bo‘lib qolsangiz, shu endi eng asosiysi».

Hamid Ismoil «Eltuz»ga Londondagi yuksak mukofot taqdimotiga O‘zbekistonning Britaniyadagi elchisi ham taklif qilingani, biroq uning tadbirga kelmaganini aytdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2021
«Abdulla G‘arip Prodakshn», Rassom Tuz, rassom Elsevar va «Eltuz» namoyish qiladi. (IKKINChI QISM) Avtobus o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan ketyapti. Cirtiga “O‘zbekiston ...
18 fevral 2020
«2017 yil yanvar oyida, ya'ni mening ozodlikka chiqib ketishimga sanoqli kunlar qolganida, biz oxirgi marta uchrashib suhbatlashdik. Bizning bu ...
3 avgust 2018
Toshkentda Yo‘l harakati xavfsizligi nozirlari yo‘lda ro‘molli haydovchi ayollarni to‘xtatib, ularga chora ko‘rayotgani haqida xabar tarqaldi. Rassom Tuz O‘zbekistondagi ...
10 yanvar 2024
10 million dollarlik keys! Kuppa kunduzi toshkentlik boy otaning qizi va nevarasi o‘g‘irlab ketilib, ularning kallasi 10 million dollarga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...