Asosiy mavzular
24 may 2019

RTdan va'z: Ketga tepadiganlarni ko‘paytirish kerakmi?

Internetning o‘zbek segmentini stakan deb qarasak, bu stakan ichida vaqti-vaqti bilan to‘fonlar yuz berayotganini kuzatamiz. Ëki Matbuot agentligi bu stakanga aspirin tashlab, to‘fon uyushtiradi.

Troll armiyasi bekorga boqilmaydi.  Ikki juma o‘rtasida kunduz kuni fara yoqish qaroriga qarshi bo‘lganlar lampochkamiz kuyganidan uyim kuygani yaxshi, deb dodu faryod qilishdi. Bir ikki kunda ular ham tinchib ko‘nikib ketishdi.

Masalan, men o‘zim ko‘rgan voqeani aytib beray. Vazelin olaman deb ippodrom bozoriga qarab, jonajon Rossiyada  ishlab chiqilgan «Jiguli» mashinasida yo‘lga chiqdim.

Karimov  paytida bunaqa mashinalar qayda deysiz, boz ustiga, qo‘limda mobil telefon. Mirziyoev boshlagan o‘zgarishlar  sharofati bilan hammaning  qo‘lida telefon.

Yo‘lga qarab ko‘zim yayraydi. Atrofda bitta ham daraxt yo‘q.
Yurtboshimiz bosh vazir bo‘lgan vaqtida bizni quyoshdan to‘sgan daraxtlar kesilib, ko‘kragimizga shabada tekkanini mamnuniyat bilan eslayman.

Bozorga yaqinlashar ekanman, mirshablar viloyatdan kelganlarni tekshirayotganiga ko‘zim tushdi.

Tekshiradi-da endi, shahar bedarvoza emas, bo‘lib ham rezinkadan ham emas. Mana, prezidentimizning to‘ng‘ich qizi ham aytdi, muammo bor deb. Malades qiz.

Yurtimiz rahbari va uning qizlariga nisbatan minnatdorlik tuyg‘ulari bilan qalbim limo-lim bo‘lib bozorga kirib bordim.
Qarang, ilgari faqat bitta «Arnasoy»  vazelini bo‘lar edi, hozir esa Rossiya va Shimoliy Koreyadan  kelgan vazelinlar bisyor.

Rossiyalik oligarx Alisher Usmonov O‘zbekistonga bir vagon vazelin yuboribdi. Xayr-ehson bo‘lsa, shunchalik bo‘lar.

Yurtboshimizning tovuq boqish haqidagi hikmatli gaplari yozilgan shiorni hurmat bilan o‘qib, bozorga kirib vazelin xarid qilib chiqsam, chiqishda tirbandlik paydo bo‘libdi.

Ochered. Nimaga desam, prezident qarori bilan ippodrom eshigidan chiqayotgan odamlar ketiga bir tepdirib chiqishi kerak ekan.
Odamlar ketiga tepdirish uchun navbatida turishgan ekan.

Yaxshi qaror, dedim quvonib. Odamlarning ketiga tepib turmasa, haddidan oshadi. Masalan, Allamjnovning «Ozodlik» muxbirlarining ketiga tepish haqidagi fikriga mutlaqo qo‘shilaman.

Men ham borib ketimga teptirish uchun navbatga turdim.
Bir soatda ham navbatim kelmadi. 

Bozor ma'muriyatiga kirib e'tiroz bildirdim. «Hukumatimiz va prezidentimizning xalqqa g‘amxo‘rlik yo‘lidagi qarorlarini joylardagi sizlarga o‘xshagan byurokratlar bajarmaydi», dedim.

«Nima qilaylik», dedi yurtboshimizning savlatli rasmi ostida o‘tirgan bozorqo‘m Sotdiev Oldiboy aka. 

«Ketga tepadiganlarni ko‘paytirish kerak», dedim men.

Gapimni bozorqo‘m tushundimi yo tushunmadimi, bilmayman.

Ammo bozorqo‘m aylantirib ketimga tepdi-da, «Bezochered teptirgan» odam sifatida turniket chetidagi eshikni kalit bilan ochib chiqarib yubordi.

Zamonamdan aylanay deb xarid qilgan vazelinimni olib, tinchlik, osoyishtalik hukm surayotgan namunali uyimga yetib oldim.

Uyga kelib ijtimoiy tarmoqqa kirib, musaffo osmonimizni ko‘ra olmayotganlarni qarg‘ab, post yozib qo‘ysam, bittasi meni  «sharikov» deb haqorat qildi. Mana uning  gapi:

«Mixail Bulgakovning «Ityurak» asari qahramoni professor Filipp Filippovich Preobrajenskiy o‘z uyida yashayotan Sharikovga sovet gazetalarini o‘qishni man qiladi. Sharikovning siyosat haqidagi gaplarini «astronomik ahmoqlik», deya ataydi.

Internetning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan aksariyatning ilmi universitet yoki kutubxonada emas, Rossiya TVsini ko‘rish va radikal-klerikal tiplarning sayoz va'zlarini eshitish asnosida tarkib topganini ko‘ramiz. Qolganiga antiamerikan va antiisroil adabiyotidan iborat oldi-qochdi gaplarni yodlashgan. Rossiyada ularga «vatnik» deyiladi va ziyoli qatlam ular bilan munoqashaga kirishmaydi. Darvoqe, demokratiya dushmani bo‘lgan «vatnik»larga «bor, yo‘qol» deyilsa, sizni tsenzura va demokrat emaslikda ayblaydi. (Buniyam yodlab olgan).

Ayiqning qo‘lida baraban, maymunning qo‘lida smartfon bo‘lgani bilan ular aqlli bo‘lib qolmaydi.

Iqtibos: «V internete vыchitali-s? Da u vas, batenka, s golovoy problemы».

O‘zbek segmenti deb atalgan stakan ichidagi to‘fon edi bu. 

Aslida haqiqiy fojea va ijtimoiy to‘fonlar haqiqiy hayotda sodir bo‘lmoqda. 22 mln. so‘m hamda bitta Samsung telefoni uchun bir oila – 5 kishi qatl qilindi. Qotillar marsdan kelmagan, shu mahalla odamlari. Qotillar orasida 23 yashar yigit ham bor.

Uyi buzilishini  istamagan tayloqlik 33 yashar yigit kadastr xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘ydi. Yigit bir mash'ala kabi yonib kul bo‘ldi. Ortida uch bolasi va xotini izillab qoldi. Shu alanga ham bizning zang bosgan shuurimizni yorita olmasa, demak haqiqatda ham ketga tepishga arziydigan to‘daga aylanib bo‘libmiz.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.

Video: https://youtu.be/19ZUPRVnZKk

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 iyul 2017
Londonda yashovchi o‘zbek akteri, 42 yosh Rashid Shadat (Abdurashid Shodiev) O‘zbekistonda taqiqqa uchragan filmlar yuzasidan Eltuz muxbiriga intervyu berdi. ...
3 dekabr 2018
O‘zbekistonda internet tezligi 1 dekabrdan boshlab o‘n barobar oshilishi haqida va'da berilgan edi. 30 noyabr kuni «O‘zbektelekom» AK xalqaro ...
21 oktyabr 2022
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib, siz bilan birgaman. Kuz kelib, to‘y-to‘ychiq ko‘paygan payt… MS: Tuz ...
30 noyabr 2016
Bir guruh o‘zbek faollari Telekommunikatsiya sektoridagi korruptsion sxemalar yordamida to‘plangan aktivlarning musodara qilinishi va korruptsiya jabrdiydalariga qaytarilishi lozimligi haqida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...