Asosiy mavzular
15 iyun 2019

RTdan va'z: Milisani urmang, u ham odam bolasi

Mana, hafta aylanib, siz bilan yana  yuzlashdik. Bu hafta ham voqealarga boy bo‘ldi.

Xalq bankining Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani filiali boshqaruvchisi bank seyfidan 100 ming dollarni o‘mardi. Boshqaruvchi qamag‘da.

Toshkent timsoli bo‘lgan fontan Jahongir Ortiqxo‘jaev buyrug‘i bilan buzildi.

– Dekabrda fontanni ottirib beramiz,- dedi hokim.

Chirchiqdagi do‘kon oldida 48 yashar yigit  54 yoshli hamshaharini urib o‘ldirdi. Hamshahar go‘rda.

O‘zbekiston prezidentidan ham qudratli amaldor Rustam Rasulevich Inoyatov Chexiyaning Karlovi Vari kurortida davolanib, Moskvaga uchib ketdi. Karlovi vari suvlari shifobaxsh.

Chet ellik inson huquqlari himoyachisi Stiv Sverdlov Toshkentda Allamjonov bilan uchrashuvidan so‘ng otelda uning oldiga kelgan allakimlar uni videoga tushirib, «nima uchun O‘zbekistonning musaffo osmonini maqtamasligi»ni so‘radi. Sverdlov shokda.

Bolani maktabga 6 yoshdan berish uchun pul to‘lanadigan bo‘ldi. Boylar xursand.

Chexiya va Turkiyada ikki o‘zbek vatandoshi o‘ldi. Birining boshiga beton tushdi, biri esa mototsiklda avariya bo‘ldi. Elchixona jasadlarni O‘zbekistonga jo‘natdi.

O‘zbekistonning bosh mullasi Madaniyat vazirligiga oid 700 yillik qadimiy daraxtni yo‘q qilishga buyurdi. Daraxt yoqildi.

Shu hafta milisalarni urib tashlashgani bilan esda qoldi.
Jizzaxda haydovchi o‘zini to‘xtatgan GAI  xodimini do‘pposlab, urib-urib tashladi.

Rahmsizlarcha kaltakladi. Bundan oldin qashqadaryolik IIB xodimini bitta yalang‘och odam  rosa tepkilagan edi.

Nimaga uramiz bechora milisalarni? O‘sha milisani o‘rnida akamiz yo ukamiz bo‘lsa-chi? Bu bechora o‘zbek milisalari haqida latifalarni eshitib ham odam kulish o‘rniga yig‘lagisi keladi.

Xullas, melisa boshlig‘i do‘zaxga tushib qolibdi. U do‘zax nazoratchisidan:

«Ruxsat ber, bir yerga qo‘ng‘iroq qilib olay», deb iltimos qilibdi. Nozir rozi bo‘libdi.

Melisa boshlig‘i ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, tergovchilari, ularning ish yurituvidagi “delo”lar, 364-moddaga asosan to‘xtatilgan jinoyat ishlari, yangi yuborilayotgan jadvallar, davomat, bayonnomalar, jurnallar, mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor uchrashuvlar, stajyorlarning ish rejasi, qonun va kodekslarga yangi o‘zgarishlar kiritib borilayotgani, sudga yuborilayotgan jinoyat ishlari, yuqori idoralarga hisobotlar, sektor faoliyati, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq” va boshqa davlat dasturlari bo‘yicha tashkil etilgan shtablar, qishloq xo‘jaligi ishlari ahvoli, bug‘doy rejasi, chigit ekish uchun yer tayyorlash kabi masalalarni surishtiribdi. Uzundan-uzoq suhbatni tugatib, go‘shakni qo‘yibdi.
So‘ng qaltirab do‘zax noziridan:

– Mendan qancha bo‘ldi? – deb so‘rabdi. 
– Bepul, – deya javob beribdi nozir. – Do‘zaxdan do‘zaxga qo‘ng‘iroq qilish bepul, tarmoq ichidagi so‘zlashuv-ku bu!..

Bu qissadan ikki hissa bor. Bugungi O‘zbekistondagi ahvol milisalar uchun ham, oddiy xalq uchun ham jahannam. Qolaversa, milisa bo‘lmasa, viloyatdan kelganlarni Tokent shahrida kim so‘roq-savol qiladi?

Toshkent shahri IIBB mas'uli Qudrat Yo‘ldosheving aytishicha, shahar miqyosida O‘zbekistonning pasport-viza qoidalarini buzgan jami 586 ming 351 vatandoshi aniqlangan.

Ularning 120 mingi aynan turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmay yashayotganlardir. 

Savol: Toshkent chet elmi? Nega O‘zbekiston vatandoshi o‘z boshkentida erkin yura olmaydi?

Taklif: «Propiska» degan fitnaning mamlakat yaxlitligiga qarshi jinoyat ekani fosh qilinib, tezda yo‘q qilinsin.

Bu propiska tizimidan o‘ziga cho‘ntak yasab olgan mulozimlar 159-modda bilan qamalib, o‘zi va qarindoshlarining mol-mulki musodara qilinsin.

Talab qat'iy – shikoyatga o‘rin yo‘q. Mamlakat taqdiri va uning butunligi kartaga tikilgan.

Yo‘qolsin propiska!

O‘zbekistonda hamma birday yomon yashayapti,  barcha kambag‘al, desak xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Masalan, hokimlar boy yashar ekan.

Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametovning xonadoniga tushgan o‘g‘ri ushlandi. Pachka -pachka dollar va bir qopga sig‘adigan oltin buyumlarni o‘g‘irlaganini o‘g‘ri tan oldi.

Faqat oylik olib ishlaydigan Sarvar Mahametovning uyida kilolab oltin va million dollar nima qiladi, degan savol ochiq qoldi.

To‘g‘ri, jabrlanuvchi, Chilonzor hokimi Sarvar Mahametov 2010-2016 yillarda Bektemir tumani hokimi, 2016-2018 yillarda Yakkasaroy tumani hokimi sifatida ham ishlab, oyiga 200- 300 dollarga teng oylik olib turgan.

Ammo sanab chiqsam, Mahametovning so‘nggi 10 yilda olgan oyligi ham million dollarga yetmadi. Oldinroq qamalgan Yunusobod tumani hokimi ishkopidan 400 ming dollar chiqqan edi.

Samarqandning sobiq hokimi seyfidan ham millon chiquvdi.

Bo‘l-bo‘l, hokim bo‘l ekan. Hech bo‘lmasa, puldan kamchilik bo‘lmaydi. Ammo bu million dollar pul qanday qilib va qaysi yo‘l bilan hokimning cho‘ntagida paydo bo‘lishini tushunmadim. Balki bu pul Xalq bankining Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani filialidan o‘g‘irlangandir. Vallohi a'lam.

Darvoqe, Ichki ishlar vazirligi kunduz kuni yoqilmagan faralar bo‘yicha to‘langan jarimalar qaytarilmaydi, dedi. Rozi bo‘pqo‘yoraslar.

Yana nima desam ekan. Hammasini o‘zlaringiz ko‘rib turibsizlar.  Rivoyat esa budir:

Bir odam qorni og‘rib tabib oldiga kelibdi.

– «Voy o‘laman, ey tabib, meni qutqar bu darddan»,- dedi bemor.
Tabib bemordan nima yeganini so‘rabdi.

– Men novvoyman. Har kuni non yopib sotaman. Kuyib qolgan nonlarni o‘zim yeyman,- debdi bemor.

Tabib o‘z shogirdidan ko‘z og‘rig‘iga davo bo‘ladigan dori keltirishni so‘radi. 

Novvoy taajjublanib: «Sen mening ustimdan kulyapsanmi? Mening qornim og‘riyapti, ko‘zim emas», dedi. Tabib unga qarab: «Nega ko‘zing sog‘ bo‘lsa, kuygan non yeysan»,  deb dakki berdi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/jaYmTNkWiFQ

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 aprel 2018
O‘zbekistonning iqtisodiy qon tomiri, oltin-valyuta zaxiralarini o‘zida saqlovchi Markaziy bankning yana bir yuqori mulozimi, 23 yil davomida sobiq rais ...
10 yanvar 2017
Reina tungi klubini qonga belagan va 39 kishini qatl qilgan xujumchiga qatl buyrug‘ini berganlikda gumonlangan Ilyos Mamasharipov qo‘lga olindi ...
19 may 2021
Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar 9 may arafasida bog‘ hududini tozalash ...
26 fevral 2019
Toshkent shahri prokuraturasi shahar hokimligining Anhor bo‘yidagi buzilayotgan 78-uyda yashovchilarni ko‘chirishda qatnashgan mulozimga intizomiy chora ko‘rdi. Bu ayni mahalla ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...