Asosiy mavzular
29 iyun 2019

RTdan va'z: Boy prokurorni nega xotini tashlab ketdi?

Tepada o‘tirganlar kaptarning butiga xat solib menga jo‘natishdi. Shu yaqin orada 9 ta ayol prezident tarafidan kechirilib, qamoqdan chiqarilar ekan. Ularning orasida Gulnora ham bormish…

Gulnora ustidan sud uning Toshkent markazidagi uyi oshxonasida bo‘luvdi. Sudyalar och qolganidan Gulnorani xolodilnigidagi yemishlarni yeb tashashgani eslanadi. Sudda Gulnoraning ko‘ppagi va qo‘rquvdan o‘takasi yorilgan farrosh xola ham ishtirok etgan. Hech kim bu sud humini o‘qimadi. Unga 5 yil berildimi, 10 yilmi? Buni ham hech kim bilmaydi. Hamma tushunyaptiki, «finita la komediya», ya'ni komediyaning tugashiga oz qoldi. 

Mayli tragikomediya deylik. Gulnoraning yurak porogiga uchragan qizi va do‘mbaloq o‘g‘li uchun onaning qamalishi fojea har holda. Bu tragikomediyadan maqsad Gulnoraning pulini qoqib olish. Gulnorani qamashning sud tizimi va adolatga mutlaqo aloqasi yo‘q.  Undan bir miliard 200 millon dollarni tortib olish uchun asir qilindi, desak ham bo‘laveradi.

Bu pullar olinib, allaqachon xarjlab yuborildi. Qayoqqa deb so‘ramang. Yangi prezidentning xarxashasi ko‘p. Balkim muz saroyiga sarflashgandir. Balki qalampir urug‘i sotib olgandir.  Xozyayin barin. Pulni qandoq sarflashni prezident sizu mendan yaxshi biladi.

Gapning po‘stkallasi, Gulnora o‘z ozodligini sotib olishi kerak. Savdolashsa bo‘ladi. Chunki Gulnora ikki bolaning yolg‘iz boquvchisi. Bolla kattayib, ho‘kizday bo‘lib ketdi, demang. Ona uchun bola doimo go‘dak. «Pulni to‘ladi, ammo xalqqa nima deymiz?» deyishdi tepadagilar.

Rahmat xalqni o‘ylaganingiz uchun. Xalq bir poda, cho‘pon nay chalib uni bog‘ovuradi, deyishdi tepadagi allamjonlar. Amr berilgani ortidan bir-ikki bloger shou biznes zvezdalari marhum prezidentning qamoqdagi qizi Gulnora Karimovaning yaqin kunlarda ozodlikka chiqishini so‘rab, duo qilish va madh etish marafoniga chopqillab yugurib ketishdi. 

Albatta, aks sado ham bo‘ldi. Yulduz Usmonova 27 iyun kuni yutub kanaliga qo‘ygan yangi videomurojaatida “Gulnora Karimovani sog‘indik”, deya ijtimoiy tarmoqda aktsiya boshlagan san'atkorlarni qoraladi.

 Endi telegramda tarqagan yana bir maktubni o‘qib bersam. 
“Gulnora ertaga ozod bo‘lib, xalqdan o‘g‘irlangan va hech kim bilmaydigan pullarini sarflab yallo qilib yuradi, sen esa instagrammda unga layk bosib, Moskva ko‘chalarini supurishda davom etasan… Shumi adolat? Shu haqiqatmi? Nima uchun o‘qituvchilar 600 ming so‘m oylikka hamma ishlarni ishdan xaydalmaslik uchungina qilib yurgan paytda, millionlab vatandoshlarimiz Rossiyada qul kabi ishlab, tualetlarni yuvib yurgan davrlarda bu “inson” milliardlab dollar pullarni yutib yubordi? Shuning uchun yaxshi ko‘rish kerakmi uni? Har xil proektlari, grantlari u o‘margan pullarning oldida dengizdan tomchi edi, xolos.” Maktub muallifi Gulnorani himoya qilayotganlarga Frantsiya malikasi Mariya Antuanetta taqdirini eslatdi.

“Buyuk Frantsuz revolyutsiyasi davrida yashagan Frantsiya malikasi Mariya Antuanettaga a'yonlari: «Xalq och, yegani noni ham yo‘q deyishganida» malika: «Agar yegani nonlari yo‘q bo‘lsa, pirojniy yeyishsin, nima muammo?» deb javob bergan ekan… Gulnora ham shu malika singari faqat o‘zi uchun yengil yashadi, reyderlik, poraxo‘rlik bilan boylik orttirdi. Lekin Gulnora falon pulga Parijdan modelerlar olib kelib, ko‘ngli tusagan kechalar uyushtirib yurgan davrlarda qishloqlarda insonlar kartochka tizimidagi un, yog‘, o‘tin-ko‘mir g‘amida edi… Million dollarlar pul berib, chet el yulduzlari bilan duet qo‘shiq kuylab yurganida yuzlab bolalar leykemiyadan vafot etdi… Ko‘z oldimga yallachi malika va bolasini davolatish uchun ko‘zlari miltirab har yondan najot kutib, yuragi tipirchilagan ona siymosi kelganida qanday qilib kechirish mumkinligini tasavvur qila olmayman.

Qorni ochligidan qo‘shnisining tovug‘ini o‘g‘irlab chiqqan yosh yigitni qamamoqchi bo‘lishsa, unga rahmim kelishi mumkin, kechirish kerak, aqli kiradi hali, yosh, deyishim mumkin. Lekin O‘zbekistonda eeeeng komfort sharoitlarda yashab turib ham shunaqa ishlar qilgan, pullarni o‘marib, tortib olib, tadbirkorlarni qaqshatib chetga olib ketgan malikani kechira olmayman”, deydi maktub egasi. 

Ey, g‘alcha, sendan birov so‘radimi? Umuman, xalqdan birov so‘ramaydi-ku. Prezident hammadan aqlli, o‘zlari biladilar qaydan quloq chiqarishni. Formatdan chiqmay, xabarlarga o‘tsam.

Toshkent metrosida bir erkak poezd yuradigan  chuqurga quladi. – Erkak bo‘lgandan keyin qaysi chuqurga qulashni o‘zi biladi. 
«Bochka»da ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Toshkonda yashaydigonlar tushundi qaysi bo‘chka ekanini. Bu vino qiladigon bo‘chka emas balki Bo‘stonliqdagi «bo‘chka» nomli yemakxona. Pivasi muzday. Mastavasini ichsangiz, sevinchdan yig‘laysiz. Bo‘chkaning egalari qamalib ketgan. Yangi egalari ham qamalsa kerak yaqinda. 

Mastava degandek. Andijonda kim ko‘p osh yeyish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Anjonlik Izzat polvon bir qozon oshni yeb tashadi. 
Asakadagi “Cho‘ntak”, Andijon shahridagi “Behizor”, “Sharshara,” “Tabassum”, “Doniyor”, va Paxtaoboddagi “Otalar” choyxonalarida pishirilgan oshdan tanovul qilgan yaponlar : “Andijoncha oshni Tokioda ham yemaganmiz», deb qo‘yishganini o‘zim eshitganman. Bu ovqat guruchdan qilinadi.

Asosan, qo‘y go‘shti bilan va qo‘y yog‘ida qovurib tayyorlangani sababli Andijoncha palov pishirish kambag‘allar byudjetiga zarar keltiradi. Rossiyada ikki o‘zbek bir o‘ris qizning qo‘lidagi telefonini o‘margani xabarini yozuvdim. Patriotlar darrov dod-voy solib, “o‘zbek tilpun o‘g‘irlamaydi, bu tuhmat”, deyishdi.

Bugunning o‘zida Urganch, Qarshi va Kattaqo‘rg‘onda telefon o‘marish bo‘yicha 5 ta jinoyat qayd qilindi.

23 iyun kuni Sergeli tumanida yashovchi 22 yoshli J.A. Chilonzor tumanida joylashgan “Sayyoh” mehmonxonasi oldida 19 yoshli R.B.ning qo‘lidan “Samsung” rusumli mobil telefonini tortib olib qochib ketdi.

21 iyun kuni Qarshi shahrida yashovchi 21 yoshli ikki yigit Bo‘stonliq ko‘chasida joylashgan “Yashil bozor” binosi qarshisida 28 yoshli hamshaharini kuch ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitib, “RedMi 4 X” va “Blakberry” rusumli telefonni o‘marishdi.

Shahrisabz, Qarshi, Qo‘shrabot, Oltiariq va Uchko‘prikda ham telfon o‘g‘irlashdi. Bu o‘g‘rilarni o‘zbek sudi 5 yilga qamadi. Barakalla. Yashasin odil sud.  Qamoqda ularni dubinkalar bilan urib tashlashsa ham xafa bo‘lmaymiz.

Ammo nega shu odil sud o‘zbek tadbirkorlarini qaqshatgan, odamlarni buyurtma qotil yollab o‘ldirtirgan yovuz prokuror Mirag‘lam Mirzaev va uning jodugar xotini, sobiq advokat Muhabbat Mirzaevaga 5 yil shartli jazo berib, uyiga qo‘yib yubordi?
Odatda rivoyatni va'z oxirida aytardim. Bugun o‘rtasida aytsam. Juma va'zini yo‘l o‘rtasidan kesib o‘tgan daryo atasak, bugungi rivoyat o‘sha daryo ustiga qurilgan ko‘prik bo‘la qolsin.

Rivoyat prokuror haqida 

Prokuror haqida eshitgimiz ham kelmaydi, deganlar bo‘lsa, mayli, rivoyat tugaguncha ko‘cha  aylanib kela qolishsin. 

Voqea bizning kunlarda yuz berdi. Mana, prokuror o‘tiribdi o‘zining Toshkentdagi villasi bog‘chasida, ertalabdan choy ichib. Dasturxon zo‘r. Sariyog‘ qozoqdan kelgan. Pishloq Gollandiyaniki. Prokurorning xotini xrustal idishlardagi qora ikra, qizil ikralarga qarab, oling, adasi, quvvat bo‘ladi, deb nozli jilmayadi. Saroyning boshqa xonalaridan qanaqadir ovozlar eshitiladi. Prokuror savolomuz nazar bilan xotiniga qaraydi.

-Ha, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqanddagi qarindoshlaringiz keluvdi. 
-Kecha kelganlar kim edi?
– Jizzax va Farg‘onadagi qarindoshlaringiz.
– O‘tgan kuni kelganlar-chi?
– Ular Odessa va Dubaydagi bratlar.

Prokuror qarindoshlari ko‘pligidan faxrlanib, shirmoy nonni yer tuti murabbosiga botirib og‘ziga soldi. Ammo chaynashga ham ulgurmadi.

Shu payt osmonda vertolyot ovozi eshitildi. Anu, vertolet bor-u, prezident Milliy gvardiyaga obergan o‘sha vertolyot. Bu vertolyotdan qora maskalilar ipga osilib tusha boshlashdi. Qora maskalilar xuddi qora qarg‘alardek prokuror villasidagi bog‘ni qoplashdi.
Sukunat. Prokuror og‘zidagi nonni chaynay olmasdan ko‘zini lo‘q etib turibdi. Xotini qo‘rquvdan tarashadek qotib qolgan.
Xonaga oq kuylak kiygan, yosh bo‘lsa ham qorin qo‘ygan piska ko‘z odam kirib keladi.

– Men anuvi idoradanman. Qo‘rqmang. Mana mandat, mana  povestka, manavi esa qaror.

Prokuror xuddi kobra ilon gipnoz qilgan quyondek qimirlamasdan qarab turibdi.

Qorinboy nusxa qo‘lidagi telefonni og‘ziga oborib “boshlanglar”, deydi.

Birpasda prokurorni urib, yerga yotqizib, qo‘liga kishan solishadi. Qop kiygazib, obchiqib ketishadi.

Anuvi idoradan kelgan nusxa dasturxondagi o‘rik mag‘izidan bir hovuchni olib cho‘ntagiga soladi-da: “Mayli, kennayi, bizga ruxsat”, deydi.

Hozirgina  baxtu saodat, farovonlik, to‘kin-sochinlik, huzur-halovat ufurib turgan xonadonning fayzi qochgan edi.

Birinchi bo‘lib, prokurorning xotini o‘ziga keladi. Telefonini olib, advokatga qo‘ng‘iroq qiladi:

– Erim bilan ajrashaman. Tez hal qil.

Bu paytga kelib O‘zbekistonning 12 ta viloyatidan kelib prokuroning uyida tekin yeb ichib yotgan qarindoshlar to‘dasi qochib shimoliy vokzalgacha  etib olishgan edi.

– Noinsoflar,- deydi xotin. – Odam amaldan tushganda bilinadi kimning kim ekanligi.

Ammo prokuror xotinining onasi va  ukalari uyni tark etmagan edi. Qaerga borardi sho‘rtumshuqlar.

– Xullas, mening erimni qaysi ishi uchun qamashganini bilmayman. Uning shu qadar ko‘p jinoyati bor. Har bir jinoyati uchun bittadan stolbaga osishsa ham mamlakatdagi simyog‘och yetmaydi.
Prokuror xotinining ukasi  gapiradi:

– Endi men nima qilaman. O‘zi 3-klass savodim bor. Bozorda arava tortmayman-ku. Pochchaning bo‘lari  bo‘ldi. Endi uning mol-mulkini musodara qilishadi. Musodara qilinishidan oldin bu mulkni yo‘q qilish lozim.

Prokurorning xotini kosmik tezlik bilan barcha mol-mulklarni sotishni boshlab yubordi. Pullarni Odessadagi bank hisobiga o‘tqazaverdi. Uyda bittagina pianino qoldi.

– Pochcha doira chalishni ham bilmaydi-ku. Pianinoni maqladi, deydi prokuror xotinining ukasi tirjayib.

– Bu pianinoning ichidagi simi va dastgohi oltindan. 200 kilo oltin bu. Turaversin qora kunga yaraydi desak, bilib qolishsa. Buniyam zargarlarga sotib pulini Odessadagi bankga o‘tqazvor. 
Xullas, sakkiz soatda sakkiz milliard dollarlik mol-mulkni sotib tashadi, endilikda eridan ajrashishga ham ulgurgan xonim.
Kechga yaqin eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Xotin eshikni ochib taxtadek qotib qoldi.

Eshikda ertalab qo‘liga kishan, boshiga qop solib olib ketilgan prokuror, endilikda sobiq er jilmayib turar edi.

– Qo‘yvorishdi. Prezidentimiz mehribon, u hammani kechiradi.

Prokurorning endilikda sobiq xotini baqrayganicha turaverdi. Sukunatni xonaga dodlab kirgan ukaning faryodi buzdi:
– Opajon, xonavayron bo‘ldik. Ukrainaning yangi prezidenti bankadagi 8 milliard dollarimizni o‘g‘irlik, deya musodara qilibdi. Sarvatimdan ayrildim. Voy-dod.

Voqeani tushungan prokuror ozroq xafa bo‘ldi.
– Ajrashgan bo‘lsang katta ko‘cha. Meni sendan boshqa yana ikkita o‘ynashim bor, tender o‘tkazib bittasini qonuniy xotin qilib rasmiylashtiraman. O‘zi yoqmay qoluvding menga.
Qo‘ltig‘ing ham sasiydi.  Mol-mulk qo‘lning kiri. 33 millionlik xalqim bor. O‘shalarni qaqshatib, bir pasda 8 milliard dollarni to‘plab olaman. Endi marsh otsuda.

Prezientimiz aytganidek, sadoqatsizlar albatta xiyonat qiladi. Sadoqatda vafoli bo‘l – bevafoni kechirmaslar.

Rivoyat tugadi. Qissadan hissa shuki, bitta eshik yopilsa, albatta yana bir eshik ochiladi.

Prokuror bu – pul oqadigan daryo o‘zani.  Oqqan daryo oqaveradi. Eng muhimi, o‘zan bor. “Biz yaxshi yashayapmiz”, deydi prokurorlar va to‘g‘ri aytishadi. Ular yaxshi yashaydi. To‘q farovon.

«Xalqchi?» deya savol beradi bitta dordan qochgan vatangado. Xalq, qanaqa xalq?

O‘zbekistonda to‘da bor. Guruh bor. Poda bor. Ammo xalq yo‘q. Bir- ikkita odam deb xalqqa malomat qilmanglar, deyishadi. Ammo bugun Gulnoraning ketini yalayman deb turgan to‘da ishtiyoqini ko‘rib yana gapiraman. Xalq va millat bo‘lishga erta. Bular shoqollar to‘dasi.

«Falon temani nega yozding?» deyishadi ba'zi maktab ko‘rmay, cho‘pchak eshitib katta bo‘lgan birodarlar.

Xohlagan temani yozamiz. O‘tqazib qo‘ygan joyi yo‘q hech kimning. «Eltuz» tashkil bo‘lganiga yaqinda 5 yil bo‘ladi. Shu davr ichida pasportining millati degan joyiga o‘zbek deb yozilgan birorta yaratiq nashr faoliyati uchun yarim tiyin bermadi. Bermaydiyam. 
Zotan moliyaviy ko‘mak so‘ralgan joyi bor nashrning. Chechen, gurji, armani va tojiklar o‘z dardini aytadigan nashrlarga ko‘mak berishadi. 100 yildan ko‘proq vaqt oldin chop qilingan “Taraqqiy”, “Oina”, “Samarqand” kabi gazetalar millat boylari ko‘rsatgan moliyaviy ko‘mak bois umr ko‘rgan edi.

Millat bir-biri bilan gazeta orqali gaplashadi. O‘z dardini bo‘lishadi. Oq-qorani taniydi. Yaxshini yomondan ajratadi. Ammo bu xislat millatga oid. Bizning to‘da o‘zini emas, bosqinchi o‘risning gazetasini o‘qiydi, o‘risning televizorini ko‘radi. Yaqinda o‘risning armiyasini ham boqsa kerak. Chunki o‘ziniki yo‘q. Cho‘ntagidan sariq chaqa chiqsa joni chiqadigan ziqna, baxil, xasis, qurumsoq bir yaratiq. Gulnora Karimovani bir og‘iz amr bilan maqtayotgan to‘daga qanday yorliq ossang oz. Bular shu qadar johil, shu qadar primitiv. Ertaga Mirziyoevni ag‘darib o‘rniga boshqa bittasi kelsa «Yashasin!» deydi. O‘ris bosib olsa ham «Yashasin!» deydi. Bosh prokuror qamalsa ham «Yashasin!» deydi. Ko‘tiga aylantirib tepsang, xudoga shukur deydi. Bu gaplarning tagiga «umumlashtirmang, xalqda ayb yo‘q», deb yoza boshlashadi. Qani xalq? Gazini o‘risga berganiga, jiim o‘tirib, tezak yoqqan poda xalq ekanmi? Bugun matbuot bayrami kunidagi jo‘shqin fikrlarim shu edi.

Yetim va g‘arib matbuot botirlari, sizlarni tabriklayman. Va qani endi shu irkit poda yuziga ko‘zgu tutsangiz, degan havasdaman.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/bWOXucHwhmU

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 sentyabr 2017
Mamlakatimizda o‘zgarishlar boshlangandan so‘ng matbuotda «nima qilsak mamlakatimiz yuksaladi» mazmunidagi ko‘plab maqolalar chop etildi, etilmoqda. Bularning ba'zisini o‘qib kulgingiz ...
22 aprel 2019
Ukraina saylovida shoumen Zelenskiyning g‘olib chiqqani o‘zbek hajvchisi va telegram blogeri Nozim Safarini o‘z kanalida «prezidentlik saylovchasi» o‘tkazishga undadi. ...
23 yanvar 2024
2024 yilning 18 yanvarida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘tmishda Rossiyaga tegishli bo‘lgan, sovet ittifoqi qulaganidan so‘ng mustaqil mamlakatlar ...
25 oktyabr 2016
Chaqimchilik va tirikchilik O‘zbekistonda bir-birining ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Bu endi birgina militsiya, MXX yoki ularga ishlaydigan maxsus ayg‘oqchilar, ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...