Asosiy mavzular
23 avgust 2019

Saylov nimaligini bilmaydigan o‘lka

Davlat siyosati boshqariladi. Siyosatni siyosatchilar amalga oshiradi. Siyosatchilarni esa xalq gap-so‘zi, bo‘yi-basti va tarbiyasiga qarab saylab, tanlab oladi.

Tanlov – insonga berilgan oliy huquq. Bozorga borsangiz, mevalarning yaxshi pishganini tanlaysiz. Do‘st yoki umr yo‘ldoshini tanlaysiz.

Afsus, har narsaga tanlov bor bu o‘lkada rahbar tanlash tajribasi yo‘q. Ilgari zamonda xon o‘lib, o‘rniga yangi xon bo‘lsa, odamlar buni jarchidan eshitgan.

Sovet davrida ketmon sopini ko‘rsatib, mana shu rahbar desa, odamlar bo‘ysunib ketavergan. Mustaqillikning 30-yilida ham saylov nimaligini bilmay, bizni tepkilagan oyoqlarga sig‘inib yuraverdik.

Shu yilning 10 yanvarida prezident Shavkat Mirziyoev videoselektorda so‘zga chiqib, saylovlar erkin bo‘ladi, deb aytdi.

Parlament saylovi. Kutaylikchi, yangi saylovning burungi saylovdan farqi qanday bo‘lar ekan. O‘zbekiston eli o‘zining yangi va eski tarixi orasida bir muddat erkin bo‘lib, deputatlari hatto prezidentni muqobil asosda saylashga urinib ko‘rgan edi. Shu kichik tajriba ishtirokchisi sifatida o‘tmishni eslasam.

Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlidir…

1991 yilning 29 dekabri tonggini aniq-tiniq eslayman. Soat ertalab to‘rtda turdim. Osmon qop-qorong‘i. Qaqshatqich sovuq suyak-suyakdan o‘tadi. O‘rnimdan turib, piyodalab Urganch universitetidagi saylov uchastkasiga bordim (o‘sha yerda kuzatuvchi edim).

Tanlov tonggi yoki 10 minut mushohada

Favqulloda jiddiy edim. Bu tongning millat tongotari bo‘ladimi yo zulmatda qolavaramizmi, degan savol-javobi topiladigan tong ekanini mutlaq anglar edim.

Uyimdan universitetgacha bo‘lgan masofani o‘n minutda bosib o‘tdim.
O‘sha o‘n minut ichida zimmamizdagi ma'suliyatning naqadar kattaligini o‘yladim.

Tanlov tonggi edi. Ammo bu tanlov bir martami yoki bir umrgami, bu savol javobini saylov qutisi oldiga kelgan vatandoshlar topishi lozim edi.

Soxtakorlar bilan kurash

Saylov uchastkasiga yetib borganimda oblijrokomga oid «Villis» mashinasida oblkomsomolda ishlaydigan ikki yigitcha mendan oldin kelib, oldindan tayorlangan saylov varaqalarini pachkasi bilan tashlashga uringan-u, ammo bu urinish amalga oshmaganini bildim.

Saylov uchastkasida qorovullik qilgan rassom bolalar bu harakatga yo‘l berishmagan.

Oblkomsomolda ishlaydigan yigitning oyoq-qo‘lini arqon bilan bog‘lab, yerga yotqizib qo‘yishibdi.

Uning qo‘lida Karimovga ovoz berilgan 431 dona saylov varaqasi.
Men militsiya chaqirib, bu komsomol yigitni saylov qonunini buzgan huquqbuzar o‘laroq taslim qildim.

O‘sha payt militsiyasi ham «Erk» tarafida ekanini eslayman.
Komsomol bolani bog‘langan ko‘yi 15 sutka hibsga olib ketishdi.
Karimovga ovoz berilgan soxta varaqalarni qutiga tashlashga uringan Urganch tumanidagi maktab direktorini esa kursiga teskari bog‘lab qo‘yib, videoga olib, aybiga iqror qildirishganiga ham guvoh bo‘ldim.

Chegara bilmas doktorlar va sohibjamol kommutatorlar

«Erk» bosh shtabi gorzdrav binosida edi. Gorzdrav boshlig‘i erkchi Hakimboy aka binoni saylov uchun bo‘shatib berdi. Rassom Davronbek Yo‘ldoshev o‘zining yangigina 07 «Jigulisi»ni saylovda xizmat qilish uchun baki to‘la benzini bilan ajratib berdi.

Urganchdagi marshrutkachi yigitlar ham o‘z mashinalarida «Erk»ka xizmat qilishdi.

O‘sha paytda mobil telefon yo‘q edi. Urganch GTSdagi telefonchi qizlar ham «Erk» a'zosi edi.

Bu sohibjamol vatanparvarlar butun viloyatdagi erkchilar orasidagi aloqani ta'minlashdi.

Shuni sal tushuntirib bersam. Masalan, men turgan universitet binosi oldida telefon avtomat bor edi.

Men bu avtomatga tiyin solmasdan 09 ni terib, Sultonposhshani so‘rar edim. Sultonposhsho (GTS boshlig‘i) meni xohlagan odam bilan ular edi. Masalan, Toshkent bilan ham ulagan.

Demokratiya uchun atalgan gummalar

Ovoz berilgan sandiqlarni qo‘riqlash masalasi favqulloda jiddiy edi. Urganchdagi xudfonddnig 30 dan ortiq xodimi bunga jalb qilindi. Ular hatto ovqat yeyish uchun ham sandiq yonidan ayrilishmadi. Obshepit tizimida ishlaydigan erkchilardan biri bu nazoratchilarni ovqatlantirishni o‘z zimmasiga oldi.

Maxsus mashinada barcha saylov uchastkalaridagi kuzatuvchilarga ovqat yetkazib berildi. O‘sha kungi menyu esimda. Gumma, qaynagan tuxum va non. Termosda qaynoq choy. Shakar. Qahatchilik davri uchun katta narsa edi. Demokratiya uchun ehson qilingan gummalar edi bu.

Radioxuliganlar

Saylov uchun davlatdan bir tiyin olmadik. Har kim qo‘lidan kelganicha yordam berdi.

Yangibozorlik Komiljon og‘a bir sezon sholisini sotib pulini berdi.

Xivalik o‘ymakor usta esa ikkita eshikni sotib pulini berdi.
Bu pullarga saylov plakatlarini qo‘lbola usulda bosib chiqardik.
Davlat TV va radiosida chiqish limitlangan edi. Shu bois, biz radioxuliganlar qo‘liga pul berib, har kuni saylov targ‘iboti yangragan kassetalarni qo‘ydirdik.

Ovozlarni sanash

Sandiqdagi ovozlarni sanash chog‘i men mehnat samarasini ko‘rgan ishchi kabi sevindim.

Yil bo‘yi ishlab, mo‘l hosil olgan dehqon kabi shodlandim. Shoh asarni yaragan rassom kabi g‘ururga to‘ldim. Odamlar Muhammad Solihga ovoz berishgan edi.

Bitta voqeani yaxshi eslayman. Yurolmaydigan qari kishilar uchun maxsus quti bor edi. Bu quti MSKga oid mashinada saylovchining uyiga olib borilar edi.

Xonimjon momo degan 90 dan oshgan kampirning uyiga bordik. Xonimjon momo «Men Sog‘liq degan kishi uchun ovoz beraman», dedi.

MSK hodimi Sog‘liq degani kim u, deb savol berdi. Kampir ko‘rpachaning tagidan plakat chiqarib, Muhammad Solihning rasmini ko‘rsatdi. Ovoz berib bo‘linganidan keyin MSK xodimi kulib, «Ena, siz ulli yoshulliga qarshi ovoz berdingiz-ku», dedi.

Kampir bo‘lsa, «Mayli, shuning uchun meni qamasa qamay qo‘ysin», deb javob qildi.

Ovozlarni sanar ekanmiz, hukumat vakillarining yuzlari bezday oqara boshladi. Ba'zilarining yuragi yomon bo‘lib, doktor ham chaqirdik. Karimovning yutqazgani¸ yutqazganda ham sharmandali yutqazgani ayon edi. Ammo soxtakorlik bilan taxtda qolishga muvaffaq bo‘lgan Karimov to o‘lganiga qadar erkin saylov degan narsadan o‘latdan qochgan kabi uzoq turdi.

Buning oqibatda O‘zbekiston saylov nimaligini bilmaydigan qoloq o‘lka bo‘lib qoldi. Bularni eslashdan maqsad kelasi saylovlarda faol bo‘laylik. Toki farzandlarimiz bizni la'natlamasin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2020
“Kamolotchi” barmog‘ini bigiz qildi va chekkada o‘tirgan vasyokni o‘rnidan turg‘azdi. – Ho‘v san, qani o‘rningdan tur-chi! Qatta ishlaysan? Ko‘rinishingdan ...
11 iyun 2019
Rassom Kirpieltuz.com
10 noyabr 2017
Bu yil O‘zbekistonda majburiy terimchilar – pedagog, tibbiyot xodimlari va boshqa turli kasblardagi byudjet va xo‘jalik korxonalari xizmatchilari paxta ...
11 aprel 2017
Stokgolmda teraktni amalga oshirgan samarqandlik Aqilovning qo‘lga olingan sheriklari deya gumon qilinayotgan shaxslar, Eltuzning ishonchli manbalariga ko‘ra, 47 yoshli ...
Bloglar
28 iyun 2021
Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylarimiz haqida «Do‘stlik bayrog‘iga» yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni badbo‘y ...
25 iyun 2021
Texnik sabablarga ko‘ra, bugun juma va'zi efirga uzatilmaydi. Ammo aziz mushtariylar uchun bir paytlar Urganchdagi ...
21 iyun 2021
«Paxtakor»ning kelib chiqishi turk, lekin shveytsariyalik Derdiyok (o‘zbekchasiga Dardiyo‘q) degan futbolchisi bor. Yillik maoshi 1,3 ...