Multimedia
20 sentyabr 2019

RTdan va'z: Mirziyoev davri nepotizmi

Nepotizm lotincha nepos so‘zidan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma'nosi – “nevara” yoki “jiyan” deganidir. Ammo bu so‘zning zamonaviy ma'nosi ancha keng qamrovli.

Nepotizm qarindosh urug‘lar yoki do‘stlarga – ularning uquvi yoki iqtidori qanday bo‘lishidan qat'i nazar – qo‘shimcha imtiyoz berishni anglatadi.

Bu so‘z o‘zbek imloviy lug‘atiga hozir ham batamom o‘rnashib ulgurgani yo‘q. Buning sababi oddiy – o‘zbeklarda nepotizm qadim-qadimdan bo‘lgan.

Buni shoh Bobur “Boburnoma”da “uruq-qayoshlik”, deya qayd etgan.
Bugunda oddiy xalq nepotizmni – jo‘ngina qilib urug‘-aymoqchilik deydi.

Endi sizga nepotizmni oddiygina qilib tushuntirsam.
Faraz qiling, siz Susambil podshosisiz, ikki qizingiz bor va ko‘plab aka-ukayu qarindosh-urug‘ingiz.

Bir yil o‘tar-o‘tmas kuyovingizdan birisini o‘zingizga tansoqchilar qo‘mondoni qilib olasiz, ikkinchisiga ish boshqaruvini ishonib topshirasiz, qizlaringizga vazirlikni, qudangizga mirshablikni, e ana, boring, uzoq jiyaningizga zavod-pavodni tag-tugi bilan ishonib topshirasiz.

Buning nomini “yangicha ish boshqaruvi”, yo bo‘lmasa, “islohot” deb ataysiz.

Zamonaviy siyosatshunoslikda esa buni nepotizm deb atashadi.
Tushuntira oldimmi?

Yaqinda bir bloger do‘stim yozg‘irdi: «Prezident Shavkat Mirziyoev 30 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan mamlakatni o‘z shaxsiy tomorqasiga aylantirib oldi, – dedi u. – Uch yil ichida u nepotizm qanaqa bo‘lishini hammaga ko‘rsatib qo‘ydi».

Prezident xatti-harakatidan norozi bo‘lganlardan kimdir (go‘ringda tinch yotgur) Karimovning qizlarini eslab ensasi qotgan bo‘lsa, kimi, og‘izdan sulagi oqib, ensasi qotganlarga yopisha ketdi –
“Prezidentimizga til tekkizma! Nima qilsalar, xo‘b qiladilar! Nima, alaming kelayaptimi?”

Ikkinchi toifa Gulnora Karimovani tilga olsa, shodlikdan qaltiroq bosib, hushidan ketib qoladigan hofizu bastakor, aktyoru shoirlarni esga soladi.

Bor-yo‘g‘i 10 yil oldin Gugusha xonim ot ustida ekan, hamma atrofida girdu kapalak edi:

Yulduz qo‘shiq aytgan, Abduhoshim g‘ijjak chalgan, nomi yo‘q akademiya akademigi “Malika” deb atagan, mulloi zamon – O‘zbekiston islom universitieti domlasi esa atab muvashshah bitgandi:

Go‘zallikka mudom oshno bo‘libsiz¸
Umidbaxsh nigohdan ko‘ngillar masrur.
Latofat-la muhabbatga to‘libsiz¸
Noyob ehsoningiz hammaga manzur.
Orombaxsh so‘zingiz har dardga darmon.
Rahmat daryosidan bo‘ling bahramand
Aslo dilingizda qolmasin armon.

(Bu misralar yonboshdan o‘qilganida «Gulnora» degan ism ko‘rinadi.)

Shoh o‘ldi, malika – qamaldi.
Ot o‘rnini toy bosar ekan.

Islom Karimovni “ma'naviy otam” deb atagan Shavkat Mirziyoev odamlarni zeriktirib qo‘ymadi.

Katta qizi Saidani o‘z administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari qildi, kichik qizi Shaxnozani esa Maktabgacha ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i qilib tayinladi. Katta kuyovi Oybek Tursunov prezident administratsiyasi boshlig‘ining muovini, kichik kuyovi Otabek Umarov prezident tansoqchilari boshlig‘ining muovini, qudasi Botir Tursunov bir vaqtning o‘zida ham Milliy gvardiya va ham DXX raisiga o‘rinbosar bo‘ldi.

Ikki kuyov hozirdanoq kimo‘zarni boshlab yuborgan – nafaqat biznes sohalarini qo‘lga kiritishda, balki kim bilan suratga tushishda ham.

Katta kuyov Moskva ko‘chasini supurib, rus politsiyasini ko‘rsa qaltiroq bosadigan o‘zbek migranti kumiri – Ramzanning yelkasiga bosh qo‘ysa, Piterda qurilishda ishlab pulini ololmagan o‘zbekning kumiri – MMA jangchisi Habib bilan kichik kuyov quchoqlashib suratga tushmoqda….

Boya aytganim ikkinchi toifa allaqachon qiz va kuyovlarning instagramu feysbukdagi asosiy folloverlariga aylangan.

Endi ula Bo‘kaga safar qilgan Saida Mirziyoevaning etigi 800 yevro turishi, fitnes klubda mushaklarini ko‘z-ko‘z qilayotgan kichik kuyovning qaddu bastini, instagramda ozariy blogeri yelkasiga bosh qo‘yib, “Allohu akbar” deya takbir aytayotgan katta kuyovning uddaburonligini maqtashga o‘tgan.

Yana nepotizmga qaytsam. BMT konventsiyasiga muvofiq, nepotizm korruptsiyaning bir ko‘rinishidir.

Korruptsiya esa saraton misoli. Agar vaqtida muolaja olmasang, manziling – qora yer.

Xulosa qilish sizlarga havola!

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
17 iyun 2020
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani turg‘uni 40 yashar Saydullo So‘fiev IIBning ikki xodimi 16 iyun kuni qo‘lini qayirib, mashinaga bosib, ...
22 may 2016
Tojikiston konstitutsiyagi o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutgan referendum prezident Imomali Rahmon hokimiyatini amalda yanada mustahkamlashga qaratilgani aytiladi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar ...
20 sentyabr 2019
O‘zbekiston hukumati Toshkent shahridagi davlatga tegishli yo‘lovchi tashish transporti tashkilotlarining ko‘rgan zararlarini to‘lab bermoqda.  Xususan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, ...
5 mart 2019
O‘zbekiston TV kanallaridan «Abdulhamid» serialining olib tashlanishi turk seriallariga qarshi qatlamni tag‘in qo‘zg‘adi. Bu safar ular serialning olib tashlanishidan ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...