Asosiy mavzular
15 oktyabr 2019

Gulchehra Nurullaeva: Shohlar huzurida emaklash nechun?

Eltuz nashri «Yozarning sasi» ruknida o‘zbekistonlik taniqli shoira Gulchehra Nurullaeva fikrlarini e'tiboringizga taqdim etadi:

«Gorbachyovning oshkoralik siyosati barchamizning ko‘zimizni ochib yuborgan edi. Bizning avlod sovetlar ruhida tarbiyalangan edi.

Mustaqillikka men bir ishonch va shubha bilan kirib keldim. Ishonganim shundan iborat ediki, bundan buyon davlatni bir o‘zbek boshqaradi. Biroq biz ishongan odamlar biz kutgandek chiqarmikan, degan shubha ham bor edi… Ming afsuski, shuncha davr oxirida mendagi ishonchdan ko‘ra shubha ustun keldi.

Mustaqillik avvalida prezident Karimov shaxsan meni qabul qilib, ikki soat suhbatlashgandi. O‘shanda men unga bir qadar ishongan edim. U menga «Siz va sizlar xohlagan tuzumni yaratamiz. Siz va sizlar xohlagan jamiyatni yaratamiz. Faqat menga imkoniyat beringlar, menga vaqt beringlar», deb aytdi.

Endi ko‘rayapmanki, yildan yilga ahvolimiz yomonlashib bordi. Endi buyog‘iga chidash mumkin emas, deb o‘ylayman. Qashshoqlik, fohishalik, mardikorlik, tilanchilikning haddan tashqari ko‘payishi. Bir hovuch odamlarning boyigan sari mutlaqo ko‘zi to‘ymasligi.

Ular haddan ziyod boyib boryapti, mening ona xalqim borgan sari qashshoqlashib boryapti. Bu men orzu qilgan jamiyatning butunlay aksi bo‘lib chiqdi hozir.

Shoir hech qachon yolg‘on so‘zlamasligi kerak. Dor tagida ham, o‘lib qolgan taqdirda ham. Ming afsuski, o‘zbeklar juda katta umid bog‘lagan, qahramonlik unvonlari berilgan shoirlarimiz Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlar chin ma'nodagi saroy bulbullariga aylanishdi.

Men ularning pozitsiyasiga hayron qolaman. Hech bo‘lmasa Erkin Vohidov bilan Abdulla Oripov o‘z atrofiga barcha ziyolilarni to‘plaganida edi va ular vaqti-vaqti bilan prezidentga ochiq murojaatlar qilib turishganlarida edi, jamiyatni hozirgiday jar yoqasiga olib kelib qo‘ymagan bo‘lardik, degan xayollarga boraman.

Mana bu qurilishlarni aytishadi. Buni ko‘rib ijodkorning ko‘zi quvonishi kerak… Lekin ikkinchi tomonda qashshoqlar, gadoylar, tilanchilarni ko‘rib turgan paytim ularning bir tiyinlik qadri qolmaydi.

Avval ta'limni to‘g‘ri yo‘lga solaylik, korruptsiyadan voz kechaylik, ana unda qurilishlar yarashadi.

Men avlodlarimga sirayam istamasdim bugungiday davrni. Koshki bu holat mening hayotimdan o‘chib ketgan bo‘lsa, yangi bir avlod kelsa, men istagan o‘sha demokratik boshqaruv bo‘lsa.

Hozirgi yoshlar oldingi davrni ko‘rishmagan. Borigayam, yo‘g‘igayam ko‘nikib ketayotgan bir avlod. Ular ko‘p narsadan mahrum. O‘z adabiyotini, o‘z tarixini o‘qishmaydi. O‘zining buyuklarini bilmaydi. Yarim manqurt avlod yaratildimi, deya katta bir shubhaga tushaman…

Mening nazarimda, bunga ziyolilar, birinchi navbatda shoir, yozuvchilar aybdor. Biz qanchalik to‘g‘ri, rostgo‘y, halol bo‘lsak, Xudo bizni bandam deydi. Bu firibgar, aldamchi, yulg‘ich odamlarni Xudo albatta qarg‘asa kerak…

Beqiyos dardkashlik xiyobonida
Kezguvchi shoirin sevar-ku ochun.
Yo‘q ekan bu hatto shoh imkonida
Shohlar huzurida emaklash nechun.

Gulchehra Nurullaeva
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 iyul 2016
Qarshimizda Sovet Markaziy Osiyosida isyonchilik harakatiga qarshi kurashish davrida olingan eng muvaffaqiyatli fotohujjatlardan biri desa bo‘ladigan fotosurat turibdi. Biz ...
27 avgust 2021
Bir kunda mustaqil bo‘lgan mamlakat bir sekundda oldingi holatiga qaytishi mumkin. Buni pushtun millatchilaridan iborat terrorchi to‘da – «Tolibon» ...
9 oktyabr 2023
Jurnalist Ibrat Safo yozadi: O‘zbekistonda 8 oy ichida 25 ming nafarga yaqin bola ota yoki onasiz yashashga majbur bo‘libdi. ...
26 noyabr 2024
Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari dushanba kuni bu mamlakatda yahudiy ravvinini o‘ldirishda gumon qilingan uch nafar shaxsni aniqladi. Aytilishicha, ular O‘zbekistondan ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...