Asosiy mavzular
25 oktyabr 2019

RTdan va'z: Qo‘rqoqning qo‘shig‘i

«Otangni onangga bepardoz ko‘rsatma. Yaxshisini oshir – yomonini yashir. Otangni o‘ldirganga onangni ber. Egilgan boshni qilich kesmaydi». Bu o‘zbek maqollari millatning siniq  etnozehniyatidan darak beradi. Mutelik, ochlik, qullik va yolg‘on ustiga qurilgan zehniyat.

Hatto qo‘rqoq odamning qo‘shig‘i ham xosiyatsiz bo‘ladi. Marhum og‘amiz Matnazar Abdulhakim o‘zining “Qo‘rqoqning qo‘shig‘i” degan turkumida bugungi manzarani usta rassom kabi chizib ketibdi:

«Eng muqaddas bayrog‘imiz pul,
Bu maydonda men ega — sen qul.
Bu maydonda men qul – sen ega.
Qashshoqlarni ezar boyroqlar,
Kichiklarni ezar kattalar…»

Qo‘shiqlarga keyin yana to‘xtalaman. Hozir o‘sha mentalitet zindoni haqidagi fikrimni davom ettirsam.

Tok shoulardan turib ma'naviyatli xolalar «yirtiq jinsi kiysang an'anaga to‘g‘ri kelmaydi», deydi.

Qalandar Qarnoqiy, Avaz O‘tar, Boborahim Mashrab yirtiq jandayu chakmon kiygan. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida esa onalarimiz mini yubka va lampa shisha soch turmagida yurishgan. Tvist, Jaz va Sheykka raqs tushishgan. Ularning ko‘pi hozir dvoynoy hoji ona.

Mening katta xolam 1981 yilda ikkita oyligini sarflab, qiziga jinsi shim  olib bergan edi. «Montana» edi o‘sha jinsi ishtonning nomi. Bir ko‘cha bola havas qilganmiz bu shim kiygan krutoy qizga.

Televizordan bizga bugun aql o‘rgatayotgan ma'naviyatli  xolalar, ayting, biz qaysi an'anaga rioya qilaylik? 1991 yildan naryog‘igami? 1924 yildan naryog‘igami. 19-asrgami? 

U davr rasmlariga qarasam, odamlar turlicha kiyingan. Topganini kiygan. Masalan, G‘afur G‘ulom asaridagi Qoravoy, ya'ni shum bolaning kiyimi umuman siz aytgan ramkaga to‘g‘ri kelmaydi.

Shum bolaning oyog‘ida urushda o‘lgan Avstriya askari etigidan qo‘nji kesilib botinkaga aylantirilgan poyabzal. Egnida Peshavordagi hindularning yengsiz to‘ni. Belida lo‘lilardan qushga almashib olgan soldat kamari. Boshida yahudiy sarroflari kiyadigan latta to‘ppi. Raj Kapur o‘ynagan “Janob 420” filmining qahramoni aslida shum boladan ilhom olgan. Darvoqe, Raj Kapur Peshavorda tug‘ilgan.

«Oyog‘imda yapon boshmoq,
Ishtonim ingliztondan,
Boshimda rus shapkasi,
Faqat yuragim Hindistondan.
Qayga boraman, maqsadim ne,
Buni  faqat yaratgan biladi…»

1951 yili katta buvilarimiz yig‘lab ko‘rgan bu kino o‘ziga xos musiqiy klip edi. Shu kunlarda xonanda Lola Yo‘ldosheva «O‘zbekkontsert» qo‘ygan ma'naviy ramkani sindirib, BITLZ guruhiga o‘xshagan tarzda ko‘chani kesib o‘tdi.

“Sevgingni  menga ayt” klipida shohona uylaru «Kaptiva»lardagi oltin zakar boyvachchalar  emas, g‘arib va hazun ko‘zlari bilan bizga boqqan vatandoshlarimiz ko‘rinadi.

Darvoqe, bu Toshkent metrosida ilk marta olingan musiqiy klipdir. Shu paytgacha Toshkent metrosi harbiy sir kabi fotokameralar ob'ektivi uchun yopiq edi. Lola Yo‘ldosheva bu taqiqni ham kesib o‘tdi. Tasanno klipmeykerlar.

Lola Yo‘ldoshevaga klip yasab berganlar qo‘shiq ijtimoiy dardlarga ham ishora qilishi mumkinligini tushungan. Lolaning ovozi yo‘qligi esa boshqa masala. Xudo bermabdi, endi nima qilaylik.  

O‘zbek qo‘shiqchiligi deganda mening ko‘z oldimda go‘zal qiz mensimay tashlab ketgan kambag‘al, qashshoq va uquvsiz erkakning ing‘illab yig‘layotgani ko‘rinadi. Nega tashlab ketding men bechorani. Ër meni yoqding, yondirding, jonimda darmon qolmadi…

Nega millat dardini qarsillatib aytadigan qo‘shiqchilar yo‘q? Ë millatning dardi yo‘qmi? Farg‘ona voqealarida mesxeti turk ayollarining tiriklay yoqilishi. Non qimmatlagani bois 1992 yili namoyishga chiqqan talabalarning Karimov tarafidan o‘qqa tutilishi.

1999 yil fevralidagi portlash. 2005 yil 13 mayda Andijonda isyon qilganlarning otilishi. Bu voqealarni kim qo‘shiq qiladi? Kim O‘zbekiston haqida og‘zidan qon tuflab kuylay oladi? Kim?
Ikki juma orasida Ramshtaynni eshitdim. Keyin klipini ko‘rdim. “Doychland” degan rok ballada.

Boshida bu gruppa  Rammstein-Flugschau  (Ramshtayn flugshou) «Rammstein-uchoq shou») deb atalgan edi. Ular doimo ijtimoiy ahamiyatga ega qo‘shiq kuylashadi.

Guruh nomi ham 1988 yilda NATOning Ramshtayn aviabazasi uzra yuz bergan aviahalokat bilan bog‘liq. O‘shanda bir necha uchoq samoda suzishib, 80 kishi o‘luvdi.

Bu safar Deutschland degan klipda zavolli nemis tarixi aks etadi. Kontslagerlar, mahkumlar, mazlumlar, uringan, suringanlar.

«Germaniya! Yuragim otashda yonib kul bo‘ldi.
Farzandlar  qul, sharafu shavkat bir pul bo‘ldi.
Men seni sevaman va la'natlayman,
Germaniya! Sening sovuq nafas olishing,
Qanday yosh, navqiron va o‘limtik chol kabi qari
Germaniya!
Takabbur, mug‘ambir, hammadan oldda,
O‘zingga olasan, boshqaga berasan,
Eng so‘nggi nonini o‘g‘riga bergan,
Ajdodlar shonini opichlab quchib,
Sen meni hayratga solasan.
Hujumgga o‘tasan qaqshatqich!
Germaniya, Germaniya, barchadan baland,
Sarbaland, eng ulug‘, eng buyuk… ammo
Ko‘zlaringda yosh… Ko‘zlarimda yosh.
Germaniya! Seni sevish —
Bu tavqi la'nat va sharaf.
Germaniya! Sevgilim mening
Qo‘ynimda, yig‘lagan ingrab,
Men senga qo‘shilib yig‘lay,
Ammo seni yupatolmayman,
Senga hech narsa bera olmayman,
Faqat bosh egaman, qayg‘ungga so‘zsiz,
Germaniya!
Germaniya! Yuragim otashda yonib kul bo‘ldi,
Men seni sevaman va la'natlayman.
Doychland mayn herts in flammen.

Gapni Kapurdan boshladim. U aytgan qo‘shiqda usti-boshi yupun xalqining ovvoraligi aks etadi. Ramshtayn metall guruhi esa Germaniya dardini doston qiladi.

Boya aytganimdek, bizning dardimizni kim doston qiladi? Kim qo‘shiq qo‘shadi? Ma'naviyat ramkasini tutib, yirtiq jinsi kiyma, deganlar buni biladimi? Shu kunlarda turk qo‘shiqchisi Umid Ëmon Anqarada o‘lgan o‘zbek qizi Nodira Qodirovaga atab qo‘shiq aytdi.
Anqara jim. Ko‘chalar jim, Vijdonlar sukutda. Uxladingmi sen, Nodira? Qani tur o‘rningdan, onang seni so‘radi.

Biz aytmagan qo‘shiqni qardoshimiz aytdi. Turk qo‘shiqchisi hurmatimizni qilib, Toshkent sukutda, O‘zbekiston soqov demadi.
O‘ngga yurma, so‘lga yurma. Siyosatga aralashma. Taqiqlangan kitobni o‘qima. Pul top. Ota-onamiz aytadigan diydiyo shundan iborat. Buning ustiga, maqol ham tayyor: «Orqani qisgan boy bo‘ladi». Ëlg‘on bu. Qul va mutening kosasi oqramaydi. Biri ikki bo‘lmaydi.

Hikoya

O‘zbek bolaga onasi xarjlik deya bir dollar berdi. Bola pulni olib, bir banka qatiq sotib oldi. Uydagi sovutkichga ikki baklashka suvni muzlatdi. Muz bilan qatiqni bir chelak suvga aralashtirib, bozorda sotib, bir dollarni o‘n dollar qildi. Kechqurun onasiga pulning yarmini berdi.

O‘sha kuni qozoq bolaga onasi xarjlik deya bir dollar berdi. Bola kitob do‘konga borib, fizika haqidagi kitobchani oldi. Puli yetmadi. Ertaga qolganiini obkelib beraman, deb kitobni uyiga obketdi.
Oradan 10 yil o‘tdi. O‘zbek bola hanuz bozorda ayron sotib yuribdi.
Qozoq San-Fransiskodagi silikon vodiysida oyiga 10 ming dollar oylik olib ishlamoqda.

Qissadan hissa – oxurdagi somonni emas, osmondagi lochinni o‘ylaylik. Maqsadni katta qilaylik. Olis manzillaru yuksak cho‘qqilarni ko‘zlaylik.
Yerga yopishgan
chirmovuqmiz hammamiz,
Don ta'mamiz, turqi
sovuqmiz hammamiz.
Ertang ruh qushlari uchadir
Biz esa qolamiz,
Chunki tovuqmiz hammamiz.

(Pahlavon Mahmud)

Bu gaplarni yozib o‘tirib, oldingi va'zlar ostiga qoldirilgan izohlarni o‘qidim.  Ko‘pchilik meni O‘zbekistoni qoralab huzur oladigan yovuz, deb la'natlabdi. O‘z mamlakatini tanqid qilish bizga jadid otalar sunnati, deb javob yozib qo‘ydim.

Ammo eng og‘ir botgani, meni yaxshi bilgan eski do‘stim maktub yozib, meni badbinlikda ayblabdi. Men u do‘stimga javob maktubi yozdim. Shuni o‘qib beray, boshqa do‘stlar ham eshitsin.

«Azizim. Bu maktubni sen bildirgan e'tirozlarga javoban bitdim.
Meni dunyoga qora ko‘zoynak bilan qaraydigan¸ shum xabarlarni tarqatib, kayf qiladigan badbin odam, deya ta'na qilibsan.
Yana sen meni kishilar baxtiqaroligini bemalol istehzo qiladigan tsinik, deya tamg‘alabsan.

Men chizgan karikaturalarni esa millatni oshkora masxara qilish deya bilarkansan. Sen meni urush davrida qora xat tarqatishdan huzur oladigan yovuz pochtachiga ham o‘xshatibsan.

Shuncha ta'nalardan keyin ham do‘st bo‘lib qolar ekansan, demak hali dunyodagi eng yomon odam emas ekanman. Faqat qora ranglarni ko‘rasan, debsan. Bu gaping menga go‘zal lutf egasi Lutfiyni eslatdi.

Esingdami, azizim, Lutfiy kitobining muqovasini olib, Dontsova kitobi ustiga kiydirganimiz.

Metroda kitob o‘qiyotganda odamlar bu Lutfiyni o‘qir ekan, deya hurmat ila qaraydi, aslida Darya Dontsova degan bemazaning qissalarini o‘qib o‘tirgan bo‘lardim.

Darvoqe, Lutfiyni nega esladim. Lutfiyga ta'na qilishadi – “qora rangdan boshqasini ko‘rmaysan”, deya. Lutfiy esa oqargan sochiga barmoq niqtab “bu oq rang-ku”, deydi.

Azizim, doktorlarning aytishicha, soch g‘am, alam, dard, hasrat va stressdan oqarar ekan. Tolibonga asirga tushgan bir o‘zbekning sochi bir kechada oqarib ketgan edi.

Azizim, Lutfiyni originalda tushunadigan qadar zakiysan.
Shu bois undan direkt-kvot keltirsam.

«Qarolikdan boshqa rang yo‘q der ersang
Qaro sochim oqardi bu qayondin?

Sening izning bilan bu maktubni konvertdan chiqarib, ayvon to‘siniga mix bilan qoqib qo‘yaman.

Barcha o‘qisin. Chunki meni badbinlikda ayblayotgan birgina sen emassan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 may 2016
O‘zbek rasmiylari milliy til rivoji va rag‘batini hukumat farmonlari, qarorlari bilan ochilgan universitet va uning tarkibida ochilgan o‘zbek tili ...
5 iyun 2017
Eltuz nashri «Prezidentga maktublar» turkumi ostida Respublika prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat etayotgan shaxslarning xatlarini e'lon qiladi. Yil yakunida bu ...
25 fevral 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Askarlikdan qaytganimda bir milliyatchi edim. Ammo ikki yil davomida o‘qiganim butun adabiyotlar rus tilida edi. ...
6 aprel 2016
O‘zbekistondagi partiyalarning nashrlarini ko‘zdan kechirib, ularning parlamentdagi deputatlariga o‘z saylovchilari bilan ogohlik, hushyorlik, «yot g‘oyalarga qarshi kurash» mavzularida uchrashuvlar ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...