Asosiy mavzular
6 noyabr 2019

Qamoqdan chiqqan faol Mirziyoevning adolatiga ishonmaydi

O‘zbekistonlik inson haqlari faoli A'zam Turg‘unov 31 oktyabr kuni Pragada o‘tgan taqdimotda People in Need xalqaro tashkilotining “Jasorat” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofot Turg‘unovga yillar davomida tinimsiz diktaturaga qarshi kurashgani uchun berildi. “Eltuz” nashri ayni kunlarda Chexiya poytaxtida e'zozlanayotgan 66 yashar A'zam Turg‘unovdan intervyu oldi.

Sizni yuksak xalqaro mukofotga sazovor bo‘lganingiz bilan tabriklayman.

Rahmat tabriklaringiz uchun avvalambor. “Shuncha qiynoqlardan so‘ng yana o‘ziga o‘xshagan nohaq qamalganlarga yordam berish maqsadida o‘zining faoliyatini davom ettirayotgani uchun”, deb gapirishdi…

Mana, siz faoliyatingizni turmadan chiqishingiz bilan yana baholi qudrat davom ettiryapsiz.

Albatta.

Lekin sizning sobiq siyosiy mahkumlar bilan birgalikda tashkillashtirgan yangi tashkilotingiz ro‘yxatga olinmayapti, deb eshitdim.

Juda to‘g‘ri eshitibsiz.

Buning sababini qanday izohlashyapti?

Qarang, to‘rtinchi marta topshirdik. Ustavni biz Sergey Mayorov bilan birga ishlab chiqqanmiz, undan avval Nadejda Otaeva yordam bergan ruschasini tuzishda. Adliya vaziri o‘rinbosari Toshqulov ham tan oldi. “Yaxshi tuzilgan ustavingiz, lekin buni ro‘yxatdan o‘tkazish mening qo‘limda emas”, deb ochig‘ini ham aytdi. Sabablaridan bittasi, Qudratjon, juda qiziq-da. “Hujjatlaringiz ip bilan tikilmagan”, deb yozilgan. Men ko‘rsatyapman, mana. Men olib borgan nusxada ipning rasmiyam ko‘ringan. Shunga o‘xshash qiziq sabablar-da ro‘yxatga olmaslik uchun. Yoki, masalan, nomiga e'tiroz bildirishgan: “Adolatni qaror topshirish” nimasi bilan qo‘rqinchli?

Bu yangi tashkilotingizning nomimi?

Ha, shunday…

Mana, harakat qilyapsiz. To‘rt marta registratsiyaga bordim, rad javobi oldim, deyapsiz. Bu ish oxir-oqibat natija berishiga, O‘zbekistonda liberalizatsiya bo‘lishiga yoki Shavkat Mirziyoev kelgusida siyosiy muxolifat faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligiga ishonasizmi?

Men ishonmayman. To‘g‘risi-da. Bu mening fikrim. Men ishonmayman. Lekin mening faoliyatim, mening xarakterimni bilganlar aytadi. Men bunga qattiq kirishganman. Ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirayotgan odamlarga qanday ishonishim mumkin?

A'zam aka, 2000 yildan oldin ham siz qamoqqa tushgan ekansiz. O‘sha paytda nima uchun qamoqqa olishgan sizni?

Mana Solih aka (Muhammad Solih) chiqib ketganlaridan keyin, qarang, 93-yillar, hamma a'zolar repressiyaga uchradi-da endi, tazyiqqa uchradi…

“Erk” partiyasining a'zolari…

Ha. Men o‘sha paytda 2-avtokombinatda zamdirektorman. Bilasiz, o‘sha ikkita “Volga”ni olib berishga yordam berganman, endi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan. Lekin shunday payt bo‘ldiki, a'zolarning hammasi quvg‘inga uchradi. Men ham ketdim… Kirishim bilan oyog‘imdagi yangi tuflimning iplarini yechib olishdi. “Aka, endi to‘g‘ri tushunasiz. U edi, bu edi”, deb.

Necha yilga qamashdi?

Oldin sakkiz yil berdi. Keyin 5 yilga tushirishdi…

Demak, sizga o‘shanda “Erk” partiyasiga yordam berganingiz yoki mashina ajratganingiz uchun bosim ko‘rsatilgan va qamalgansiz?

Ha!

Bu qachon bo‘ldi?

1997 yilning dekabr oyida. 6 yil muddat bilan meni Tovoqsoyga jo‘natvorishdi. Ikki yilu yetti oy o‘tirdim.

A'zam aka, sizning gaplaringizdan xuddi tarix qayta-qayta takrorlanayotganday ko‘rinyapti ko‘zimga.

Albatta…

95-yillarda bo‘lgan voqealar va keyinchalik (2008 yili) yana 9 yilga qamashdi sizni. Har ikkala holatda ham siz siyosiy faoliyatdan huquq faoliyatiga o‘tyapsiz. O‘z faoliyatingizni yana davom ettiryapsiz. Shu hol yana qaytalanmaydi, deb o‘ylaysizmi shu bugungi kunda? Siyosatning borishiga qarang, masalan, bloger Shabnam Olloshukurovani jinnixonaga yotqizishdi. Bu yoqda esa nepotizm alomatlari ko‘rinyapti. Prezidentning qizlariga bo‘layotgan imtiyozlar, masalan. Xuddi Karimov davridagi kabi.

Qarang, siz savolingizga boshida o‘zingiz javob berib ketdingizda “Tarixning takrorlanmasligi” deb. Takrorlanadi, erta-indin ularning ham boshiga tushadi. Mana, qarang-da. Tergovda o‘tirganimda, ustimga qaynoq suv quyib yuborishlaridan ikki minut oldin, tergovchi zaharxandalik bilan aytyapti: “Siz ovvora bo‘lasiz. Bu yerdan tirik chiqolmaysiz! AQSh elchixonalariyam, xalqaro tashkilotlar ham, advokatlaringiz ham yordam berolmaydi. Sizni ilintirish uchun, bilasizmi, ikki yil ovvora bo‘ldik”, deb gapirib o‘tiribdi tepamda turib. Yosh-yosh yigitlar edi. Yaqinda eshitib qoldim, bittasi avariya bo‘lib o‘libdi, yana biri yana bir kori hol bilan shunday… Tarix takrorlanadi, albatta. Men ishonch bilan aytaman buni.

Lekin biz tunnelning oxirida nur ko‘rganday bo‘lyapmiz. Ya'ni sizni bugungi kunda People in Need (Muhtoj odamlar) xalqaro tashkiloti taqdirladi…

Siz ko‘rayotgan o‘sha nurni men ham ko‘ryapman. Chunki hozirgi o‘tirgan rahbarni men oxirgi kommunist deb bilaman.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 aprel 2017
2017 yil 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari 68 yashar Bo‘ritosh Mustafoev yurak kasalligi bois yuzaga ...
25 may 2017
20 may kuni O‘zbekiston telekanalining Tahlilnoma dasturida sovet davri afsonasiga aylantirilgan ayol – Tursunoy Ohunova hayotiga bag‘ishlangan lavhani nimoyish ...
28 oktyabr 2015
Sutkalab svet yonmaydigan, gaz o‘tkazilgan holatda, gazni trubasidan havo ham kemaydigan qishloqda, dvijok yoqib o‘tirganizda, xayolingizni bo‘lib, televizordan yonayotgan ...
13 aprel 2018
Yaqin tanishimning qizi rus maktabida o‘qiydi. O‘zbek maktablarida ta'lim berish sifati pastligi bois farzandini shu maktabga bergan. Shunday bo‘lsa-da, ...
Bloglar
2 iyul 2020
6-sinfda o‘qirdim, Kampuchiyada davlat to‘ntarishi bo‘lib hukumatga Pol Pot rahbarligidagi “Qizil kxmerlar” kelganini, ular butun ...
25 iyun 2020
​​Xalqaro press-klubda matbuot anjumani bo‘lib o‘tibdi, unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ...
21 iyun 2020
(bo‘lgan voqea) Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan ...