Asosiy mavzular
29 noyabr 2019

RTdan va'z: Nima yaxshiyu, nima yomon?

Jajjigina o‘g‘il bola otasidan so‘radi:
– Yaxshi degan co‘z nimayu, yomon degan nimasi?

Bu misralarni yozgan shoir Vladimir Mayakovskiy «Nima yaxshiyu,  nima yomon?» degan savolga javob izlaydi. Umuman, klassik adabiyot samoviy falsafa va tasviriy san'at asarlarida nima yaxshi va nimaning yomonligi allaqachon ko‘rsatib berilgan. Bizga ish qoldirishgani ham yo‘q. Masalan, niderland rassomi Breygel yomonlik timsollarini o‘z suratlarida tasvirlaydi.

O‘g‘irlik, qotillik, chaqimchilik, mechkaylik, laganbardorlik va tanballikni rassom eng yomon illat, deya xajv qiladi. Rassom sanagan illatlarning yomonligiga siz ham shubha qilmaysiz, ammo…

Shu ammo haqida gaplashsak.

Qul bo‘lishdan ko‘ra, erkinlik ma'qulligini barcha tasdiqlaydi. G‘atto Navoiydan misra o‘qib berishadi.

Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulg‘a tikandek oshiyon bo‘lmas emish.

Biroq suhbatni davom ettirsangiz, darrov Gorbachyovni yomonlay boshlashadi. Nega desangiz, “Ha, u sotqin. SSSRni yo‘q qildi», deyishadi.

Hozirgina mustaqillikni maqtab turgan edingiz, o‘sha mustaqillik Gorbachyovning ulug‘ siyosiy irodasi bilan bo‘ldi, desam indamaydi.

Chunki nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini bilmaydi.

Yaqinda «Eltuz» muxbiri sovet davrining barcha yomonliklarini ko‘rgan, Stalin repressiyasini shaxsan boshidan kechirgan, dunyoda kam qolgan keksa yozuvchilarning biri 98 yashar Shukrullo bilan suhbatlashdi.

Suhbatimizni chet el xabarlar bilan davom qildiramiz.

ChYeT EL XABARLARI

Angliya Premer ligasi O‘zbekistonda jurnalistlarga tahdid qilgan gangster hokim Yirtiqxo‘jaevning kompaniyasini reklama qilmoqda. Bergan xudoga ham yoqibdi

Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi xodimlariga xorijda ishlayotgan qarindoshlarini vataniga qaytarish majburiyati yuklandi. Bu majburiyatni bajarmagan xodimlar ishdan bo‘shatilishi bildirildi. O‘zbek IIB kattalarining qarindoshlari nuqul Dubaydan hovli oldi, deb eshitganim bor. Bir tekshirilsa yomon bo‘lmaydi.

Qirg‘izistondan 2011-2017 yillar davomida 700 million dollar noqonuniy olib chiqib ketilgan. Bu hakda jurnalistlarga aytib bergan uyg‘ur tadbirkor Ayerken Saymaiti Turkiyada 10 noyabr kuni o‘ldirildi.

Endi o‘zimizning mahalliy habarlar

MAHALLIY XABARLAR

Diniy tashkilotlar, ya'ni masjid va madrasalar 2020 yilning oxirlaridan boshlab Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanadi. Qarorga asosan, masjidlarda “xavotir tugmachalari” o‘rnatiladi. Birov «nito dvijuxa» qilsa yoki chatanog‘ini kerib vahobiycha namoz o‘qisa, Imomberdi brat shundoq tugmani bossa, tamom. Vertolyotda qora maskalilar kelib chujoy elementni enasinikiga kirgizvoradi.

Mirziyoevning navbatdagi mehmoni – Rossiyadan kelgan aralash janglar san'ati ustasi Habib Normuhammedov kambag‘al emas. U o‘z janglari uchun millionlab dollar oladi va, albatt,a uni O‘zbekistonda oliy toifali mehmon sifatida kutib olishadi. Mirziyoev kuyoviga hasad qiluvchilarning yozishicha, u Habibga uch kilolik oltin buyum sovg‘a qilgan. (foto)

Prezidentning kuyovi Otabek Umarov oltinlarni sochib chiranishda arab shayxlaridan qolishmaydi. Bu oltinlar go‘yo qaynonasi mahriga tushgan kabi kuyovlar keyingi kunlarda bosar-tusarini bilmayapti. 23 noyabr kuni oltin sepilgan steyklari bilan mashhur turkiyalik taniqli qassob va restoranchi Nusret Go‘kche (Nusret Gökçe) Toshkent aeroportida karnay-surnay sadolari ostida deyarli davlat rahbarlari maqomida qarshi olingan edi.

Toshkentning «Paxtakor» klubi uy uchrashuvlari o‘tkazib keladigan «Paxtakor» markaziy stadioni yopildi. Endi stadion buzilib, o‘rniga yangisi quriladi. Bundan oldin muz saroyi qurilgan edi. Mirziyov shunaqa keraksiz narsalarni qurishga juda ishqiboz chiqib qoldi.

Uyida chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir.

Chunki nima yaxshiyu, nima yomon ekanligini gaplashayotgan edik.

Aqlli odam maqtanchoqdan yaxshi.

Masalan, uchoq tez uchib marraga yetishi uchun ortiqcha vazndan xoli bo‘lishi kerak. Bugun dunyodagi barcha uchoqlarda chekish taqiqlangan. Ammo negadir kuldonlar turibdi. Bu kuldonlar uchoq tezligining ko‘payishiga xizmat qilmaydi. Aqlli shirkatlar tezgina bu kuldonlarni yechib olib tashlashdi.

Ëki, masalan, havo sharida uchayotgan odam tepaga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, kajava ichidagi ortiqcha yukni pastga uloqtiradi. Chunki uchuvchining orzusi bitta – balandlik.

Maqtanchoq esa faqat maqtanishni o‘ylaydi. Mana siti qurdim deydi, endi Nyu-York bo‘ldim, hamma havas qilsin, deydi. Holbuki, u hech narsa bo‘lgani yo‘q.

Muz saroylari, kongress xoll va stadionlar – bu oyoqqa osilgan tosh. Bu yuk bizni va Mirziyoev hukumatini botqoqqa cho‘ktiradi.

Mamlakatga maktab, bog‘cha, tekis yo‘l, tez-arzon internet va ko‘priklar kerak. Muz saroyiga o‘ris nag‘machilarni keltirib, o‘rischa ashula aytayotgan prezident qizlari va kuyovlarining ko‘ngilxushligi millat va davlat uchun og‘irlik qilmoqda.

Agar biz rivojlanmoqchi bo‘lsak, bu bashang olomonni kajavadan uloqtirishimiz kerak.

Keyingi ikki oy ichida gaplashganim yuzlab o‘zbeklar «bizga erkinlik kerak emas, qornimiz to‘ysa bo‘lgani», deya bir xil gapni turli tarzda aytishdi.

«Rossiya bizni bosib oladimi, bayrog‘imizni yulib olib yerga tashlab, bizni qul qiladimi, bizga baribir. Qorin to‘q, cho‘ntak but bo‘lsa bo‘lgani», deyishdi.

Ulug‘ shayx G‘azzoliy odam bilan hayvonni solishtiradi: «Hayvon qorni ochsa, ovqat yeydi. Charchasa, uxlaydi. Hirsi qo‘zisa, juftiga qo‘shiladi. Odam ham ayni ishlarni qiladi. Ammo unda bir farq bor, – u ham bo‘lsa, aql zakovotdir».

G‘azzoliy o‘lchoviga ko‘ra, “faqat qornim to‘ysin “ deganlar shunchaki hasharotlarmi?

“Tomimizda kimning bayrog‘i hilpirasa bizga baribir», degan gapni uyalmasdan aytadigan zamonlarga ham yetdik.

Ustozim, marhum shoir Matnazar Abdulhakim “Manqurtlar uchun to‘kin dasturxon bayroq bo‘la oladi”, degan edi.

Keyin bu fikrni Matnazar og‘a o‘z she'rlarida ko‘p marta “Bu yurtning bayrog‘i supradir”, deya ifoda qildi.

Matnazar og‘a odamlardagi ikkiyuzlamachilikni sevmas edi.
Hozirgina «men Temur avlodiman, Boburning nevarasiman» deb turgan odamning birdan «o‘risga qul bo‘lsak, qornimiz to‘yadi. Ketni qisgan boy bo‘ladi», deb turlanishidan Matnazar og‘a oshkora hazar qilar edi.

Matnazar og‘adan bayt budir:

Maqtovlarga berilganda erk,
Garchi osmonlarning oyimiz.
Qarg‘asalar qarg‘ish tekkudek,
Yo‘qdir biror halol joyimiz.

Matnazar og‘aning 2008 yilda yozgan bir she'ri bor. Bu she'r O‘zbekistonda 2008 yili chop qilingan “Javzo tashrifi” kitobiga kiritilgan.

Bu she'r mamlakat chekkasida ko‘rinmasgina bo‘lib o‘tirgan shoir qalb ko‘zi bilan mamlakat siyosiy vaziyatini siyosatshunosdan ko‘ra aniqroq kuzatganiga dalildir:

Bulbullar ketgandir bu go‘zal yerdan¸
Bo‘stonda dard bilmay yashaydi qarg‘a.
Nolalar chekmaydi, fig‘on tortmaydi¸
O‘qrayib-o‘qrayib qag‘illar gulga.
Zaharlab navqiron merosxo‘rlarni,
Shum kampir egalik qilmoqda mulkka.

Matnazar og‘a “yugurgani somonxonagacha” bo‘lgan bu xalqning og‘zini lag‘monning ipi bilan bog‘lash mumkinligini yozar ekan, oqibati nima bo‘lishini ham ta'kidlab ketgan edi.

Natija

Bog‘lar — cho‘l, tog‘laring talqona chiqdi,
Rost deb aytganlaring yolg‘ona chiqdi.
Daryo deb qazganing do‘ndi zaxkashga,
Qasr deb qurganing — molxona chiqdi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston matbuoti mustaqillik qasri deya ataydigan oshiyon molxona, uning sokinlari esa mol bo‘lib chiqdi.

G‘azzoliy aytganidek, qorni ochsa, ovqat yeydigan, charchasa, uxlaydigan, hirsi qo‘zisa, juftiga qo‘shiladigan hayvon. Rossiyadagi kampirlarni zo‘rlagan o‘zbek mardikorlari hikoyasining esa matbuotda siyqasi chiqib bo‘ldi.

Bugun marhum shoir og‘amiz Matnazar Abdulhakim she'riyati prizmasi orqali ko‘ringan manzara shunday.

Komil Yashinning “Inqilob tongi” spektaklidagi mazlum rolini o‘ynagan Amin Turdiev “Ahvolimiz tomoshabopmi?” deydi.

Spektakldagi bu jumla aytilganidan keyin ruslar Buxoroni ishg‘ol qiladi.

Buxoro bir olma kabi uzilib ruslarning qo‘liga tushadi. Chunki amir bachchabozlik, ovqat yeyish va o‘g‘irlikdan boshqa narsani o‘ylamagan.

Chunki mullalar davlatchilik va milliy manfaatni kufr deb bilishgan. Chunki oddiy xalq avom, boylar johil, askarlar esa och bo‘lgan.

Bu davr haqida Avaz O‘tar yozadi:

Sipohi pora istar,
Mullo ijora istar,
Bechora chora istar,
Bir chora zamon bormu.

Bu chora “millatparvarlik” degan siyqa kalimaga joy bo‘lganiga Matnazar og‘a chin dildan ishonar edi.

Matnazar og‘aning eng sevgan hikoyasi ulug‘ islom olimi Najmiddin Kubroning mo‘g‘ullarga qarshi qo‘lida qurol olib kurashgani haqida:
«Din ahllari va ayniqsa so‘fiylarning o‘z ichiga yoshurunib, millat uchun kurashmagani aytiladi.

Boz ustiga, mullalar chor askarlariga Toshkent darvozasini ochib bergani ta'na-dashnom bilan eslanadi.

Ammo so‘fiy Najmiddin Kubro qo‘liga qilich olib, bosqinchilar bilan kurashib, o‘z davlati va millatini himoya qiladi.

Tengsiz kurashda Najmiddin Kubro mo‘g‘ullar sanchgan o‘nlab nayzalar zahmidan yiqilar ekan, so‘ng damda panjalari bilan dushman bayrog‘ini g‘ijimlaydi.

Millat qahramoni Najmiddin Kubro yerga yiqilar ekan, o‘zi bilan birga dushman tug‘ini ham yerparchin qiladi.

Matnazar og‘a uchun, qolaversa, men kabi u kishining ukalari uchun bu vatanparvarlikning go‘zal hikoyasi edi.

Garchi Chingizxon Najmiddin Kubroga ko‘p pul hamda lavozimlar va'da berib, evaziga faqat bir narsa – qarshilik qilmaslikni so‘ragan edi.

Ammo Shayx Najmiddin Kubro o‘z davlatini bosqinchilardan himoya qilishni dushman qo‘lidan ehson olib tirik yashashdan afzal deb bildi.

Bobom Shayx Najmiddin Kubro qo‘lida,
G‘ijimlanib qolgan manfur tug‘laring.

Chirib-chirib yotar Urganch yo‘lida, – deb yozgan edi marhum shoir og‘amiz.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 mart 2020
Rassom Kirpi Eltuz.com
7 may 2020
Sardoba suv ombori o‘pirilishidan zarar ko‘rgan aholi haqida reportaj qilish uchun Sirdaryoga borgan O‘zA muxbiri Anora Sodiqova 6 may ...
23 fevral 2018
«Ular mahalliy tadbirkorlarni adolatsiz ravishda turmaga tiqqanini bilaman. Menda hatto qiynoqlar qo‘llanilganiga oid fotosuratlar ham bor. Men bu yovuzlikni ...
29 may 2020
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun. Ulug‘ demokrat shoir Rudakiyning bu misrlari kimgadir siyqa tuyular, ammo zinhor ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...