Catira
10 yanvar 2020

RTdan va'z: Karimovning o‘lgan «umidi» tirildimi?

Dunyoni kim boshqaradi? Dunyoni siyosat boshqaradi. Siyosat birlamchi va qolgan hamma narsa o‘ninchi. Yurmaydigan mashinaning o‘rindig‘iga yangi charm qoplash bilan u yurib ketmaydi. Jamiyat va davlatga siyosiy o‘zgarish kerak. SIËSIY O‘ZGARISh. 

Buni Kardinal o‘zgarish desak ham bo‘ladi. Eski va zanglagan mashinadan foyda yo‘q. Eskini eplaguncha esing ketadi deyishadi. Bugun O‘zbekiston boshqaruvida o‘tirgan Safoevu Inoyatovlar eski Karimov davrining zaharli chirmovuqlari.  Bu chirmovuqlar orasiga yosh bir ko‘katni eksangiz qurib qolishi tayin. 

Aqlli bog‘bon ekkan ekini ko‘karishini istasa tuproqni chirmovuq va zirapchalardan, eng muhimi eski to‘nkalardan tozalaydi. Bu tozalangan maydonda yosh chechaklar kurtak otadi.  Davlat va jamiyat ham shunday.

MA'MURIY TIZIM YoShARDIMI?

Karimov davrida yetishgan bir guruh bor. Ularni qisqa qilib UMIDchilar deylik. 

Yanvar oyi boshlariga kelib hukumat bir vaqtlar tashkil etilgan «Umid» jamg‘armasi bitiruvchilari bo‘lgan yosh avlodni yoniga yig‘a boshladi.  Ushbu fond Karimov rahbarligida tashkil etilgan va talabalarga chet el universitetlarida o‘qish uchun grantlar bergan edi.  Bungacha shunday jamg‘arma Qozog‘istonda tashkil etilgan,  unga Nazarboev katta mablag‘ ajratgandi.  Karimov undan qolishishni istamadi. 800 dan ziyod o‘g‘il-qiz chetga o‘qishga yuborildi.

O‘zbekistonda siyosiy muxolifat haydalib, dissidentlar ustidan qamoqda qaynoq suv quyilib turgan paytda bu yigitlar Karimov bilan rasmga tushib, uning kitobini o‘qib davlat hisobidan G‘arb va AQShdagi o‘qishlarga ketishdi. Ular bilan o‘sha paytda G‘arbda uchrashganimda qo‘rqib pisib o‘zini bildirmaslikka tirishishardi. 

Biroq, 1998 yilga kelib jamg‘armani moliyalashda jiddiy muammolar yuz bera boshladi – valyuta yetmay qoldi. Aynim talabalarni qaytarishga to‘g‘ri keldi. Tez orada grant berishni umuman to‘xtatishdi. Sabablardan biri – grant berishning asosiy sharti, keyinchalik hukumat ko‘rsatgan joyda ishlash majburiyati bo‘ldi. Hukumat esa barcha bitiruvchilarni kasbiga ko‘ra ishga joylashtirib, munosib ish haqi bilan ta'minlay olmadi. Shuning uchun bitiruvchilar har xil haqiqatlar va yolg‘onlar bilan mamlakatga qaytmaslikka va o‘qigan joylaridan ish qidirishga intilishdi.

Asnoda ular karimovchi ham, vatanparvar ham, liberal demokrat ham bo‘la olishmadi. Balki tuzukroq yashash. Kattaroq yeyish. Brend ustivosh kiyish kabi moddiy ne'matlarga ko‘zi mo‘ltiragan bechoralar bo‘lib chiqishdi. Ko‘pining tagi o‘ta qashshoq bo‘lgani bois, ular o‘zlari erishgan moddiy boylikka ortiqcha hirs qo‘yishgan edi. 

Itlar o‘z egasiga sadoqatli bo‘ladi. Ammo ular itlardan farqli o‘laroq, Karimovga sadoqat ko‘rsatishmadi. «Iqtisod siyosatdan ustun» degan ilm va mantiqqa zid «g‘oya» sallotlari edi ular.

«Axir ular inglizcha biladi» desam, bir o‘rtog‘im AQShning bir qavatli qismidagi millionlab rednek va bomjlar ham ingliz tilini biladi deb havasimni so‘ndirgan edi. Bu UMIDChI degan to‘p ichida, masalan Saakashivili kabi siyosiy isloxotlar zarurligini tushunadigan birortasini ko‘rmabman. Xolbuki Saakashivili ham ular kabi G‘arbda o‘qigan ekspat edi. 

Besh yil Karimovning besh tamoyilini chuldirab, 20 yil davomida G‘arb oshqozonida singib, yaxshi oylik olguvchi klerklarga aylangan galstukli jamoa (Umidchilar) yana sahnada paydo bo‘lib eski ashlani aytmoqda.

Toshkentda 3-4 yanvar kunlari «El-yurt umidi» fondi 300 dan ortiq mutaxassisni bir anjumanga to‘pladi. 

Ularning, 120 nafari chet ellarda qolgani ma'lum bo‘ldi. Mantiqan olganda jamg‘arma miyalarni mamlakatdan yuvish bilan shug‘ullandi. Biroq, shu o‘rinda bitiruvchilarni ayblash noo‘rin. Karimovning o‘zi ularni vatanida munosib ish bilan ta'minlay olmadi. Gap nafaqat munosib ish haqining yo‘qligida,  balki mamlakatda meritokratiya va vertikal harakat tizimining mavjud emasligidadir.

Yoshlarning aksariyati 1997-2003 yillarda «Umid» fondi orqali chet elda bilim olishgan. Bir qismi xorijda turli sohalarda ishlayotgan o‘zbekistonliklar. Ikkinchi qismi esa O‘zbekistonda davlat, nodavlat va xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan kadrlar.

Ularni birlashtiradigan narsa bo‘yinlaridagi galstuk va Siyosatning jamiyatni o‘zgartiruvchi kuch ekanligini tushunmaslik kabi shizofreniya.

Ular Karimov haykali tikilgan yurtda «biror narsa o‘zgaradi» degan o‘zlari ham ishonmaydigan cho‘pchakka boshqalarni ishontirmoqchi.

Bularga qarata men texaslik kovboylar aytadigan gapni qaytaraman. Yerda o‘lib yotgan odamga qarab kovboy «Sen shunchalik krutoy bo‘lsang, nega o‘liksan?» deydi.

Nega bunchalik o‘liksiz?

O‘likdan biror naf chiqmaydi. Karimovning o‘ligidan va uning o‘lgan «Umid»idan ham.

Siyosiy isloxot. Lyustratsiya va eski tizimning demontaj qilinishini taqozo qiladi. Bu siyosiy islohotga Karimov davrida yetishgan boshqaruv elitasi qamoq xujrasining panjarasidangina qarab o‘tirish huquqiga ega.

Birmuncha munosib odamlarni mamlakat boshqaruviga jalb qilish nuqtai nazaridan biron bir narsa o‘zgaradimi yoki barchasi tag‘in navbatdagi bla-bla gaplar bilan yakun topadimi? Biror narsani o‘zgartirish uchun radikal ma'muriy islohot zarur. 

Ma'muriy islohot nima?

Ma'muriy islohot – bu turli mansabdagi shaxslarning samarali ishlashi, hukumat tepasida kim bo‘lishidan qat'i nazar, aholiga tez va effektiv xizmat ko‘rsatishidir.  Yaxshi ishlaydigan ma'muriy tizimni faqat yaxshi ishlaydigan,  aqlli va halol odamlargina yaratishi mumkin.  

«Nima uchun Gruziya muvafaqiyat qozondi?» kitobida islohotchi Saakashvili hokimiyat tepasiga keliboq,birinchi galda odamlarni almashtirgani haqida yozadi:

«Bizga zudlik bilan o‘nlab soliq xizmati xodimlari,  o‘nlab halol politsiyachilar va vijdonli vazirlar kerak bo‘ldi. Ammo buning uchun hech bo‘lmaganda minimal ish haqi lozim edi. Shuning uchun biz BMT Taraqqiyot Agentligiga murojaat qilib,  ulardan istisno tariqasida (ular hech qachon bunday qilishmagan) ushbu mansabdor shaxslarga ish haqi to‘lash uchun mablag ajratishni so‘radik». 

Bugun O‘zbekistondagi muhim lavozimlarni Sodiq Safoev yoki Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kabi eski kadrlar egallab kelarkan, ular raxbarligida yigirma yil boshqarilgan O‘zbekiston dunyoning eng qashshoq mamlakatiga aylandi.  Mirziyoev esa ulardan sira qutulmoqchi emas. 

Jamg‘arma bitiruvchilarining guruh bo‘lib tushgan fotosuratida ularning allaqachon qarib qolganligini ko‘rishingiz mumkin.  Ularni yosh avlod deb atash qiyin.  Bir oyog‘i bilan ular allaqachon eski patronaj tizimida.  Bu hatto ularning aftidan ham ko‘rinib turibdi.  Ortga qaytganlar allaqachon Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev kabi rahbarlar qo‘l ostida ishlashlari va ularga moslashishlariga to‘g‘ri kelgan.  Fotosuratdan ko‘rinadiki, ularning ba'zilari tashqi jihatdan, nafaqat jismonan,  balki o‘zini tutish,  boshqaruv uslubi jihatidan ham G‘anievga o‘xshab ketayotgani seziladi. 

Adolat yuzasidan ta'kidlash joiz, bir nechta «umidchilar», Mirziyoev kelganidan so‘ng vazirlik portfellarini olishdi. Quyidagilarni shular sirasiga qo‘shish mumnkin 

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov (1964 yilda tug‘ilgan,  1996 yilda AQShning Kolorado shtati iqtisodiyot universitetini tamomlagan),  

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov (1980 yilda tug‘ilgan,  2001 yili Buyuk Britaniyadagi Varvik  universitetini tamomlagan) 

 Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov (1977 yilda tug‘ilgan, 2000 yili  AQShning Yel universitetini tamomlagan),  

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov (1977 yilda tug‘ilgan,  Britaniyadagi Reding Universitetini tamomlagan).  

Ular boshqa hukumat a'zolari bilan taqqoslaganda ko‘proq zamonaviy ish uslubini namoyish etishmoqda va ma'lum darajada umumiy yo‘nalishning shakllanishiga ta'sir qilishmoqda.  Biroq ular hukumatda birinchi skripkada o‘ynashayotgani yo‘q.  Bundan tashqari,  ular hokimiyat tepasida qolgan avtoritar rejimga va Karimov davrida ishlab chiqilgan (gapda boshqa, ishda boshqa) sxemalarga moslashishga majbur bo‘lishmoqda. 

Aslida, hatto Karimov davrida ham cheklangan tarkibda texnokratlarni hukumatga qo‘shish amaliyoti mavjud edi.  1991 yili Karimov Rustam Azimovni tayinlaganida shu holat sodir bo‘ldi.  O‘sha paytda «Ipak yo‘li» kichik xususiy bankining direktori,  O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar «Milliy banki» boshqaruvi raisi,  birmuncha vaqt o‘tgach,  1998 yilda moliya vaziri va 2000 yili Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi.   Keyinchalik, go‘yo ilg‘or fikrli sanalgan Rustam Azimov,  Karimov hokimiyatining avtoritar mashinasida yaxshi ishlaydigan bir g‘ildirakka aylandi.

Umuman olganda,  Karimovdan keyingi ma'muriy tizim hali ham shakllanish jarayonida.  Ammo u tobora ko‘proq qozoq va rus oligarxik davlat kapitalizmi modellariga o‘xshab ketmoqda.

Davlat kapitalizmi – bu hokimiyatning biznes ustidan nazorati va hokimiyatning katta kapital bilan qorishib ketishini anglatadi.

Ushbu modelda yosh texnokratlar uchun ma'lum bir joy ajratiladi,  ammo umuman olganda ular oligarx doiralarga va norasmiy urug‘ aymoqlar va do‘stona ittifoqlarga tayanch bo‘lib, avtoritarligicha qolib ketaveradi.

Tuzatmasa bo‘lmaydigan ahvol

Davlat boshqaruvini yangilash va yashartirish haqida gaplashdik.  Yaqinda to‘ylarni cheklash haqidagi qaror ijrosini ta'minlaydigan idoralar ro‘yxatiga ko‘zim tushdi. 32 ta davlat byudjetidan ta'minlanadigan parazit idora.

O‘zbekistonda byudjetga kana bo‘lib yopishgan parazit tashkilotlar soni Karimov davridagidan ko‘ra ancha ko‘paygan. Mixail Saakashivili Gruziya prezidenti bo‘lganidagi ilk ishi shunday parazit tashkilotlarni kamaytirish bo‘lgan edi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi, 

“O‘zbekkontsert” davlat muassasasi, 

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi

 “Nuroniy” jamg‘armasi

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi 

Bu tashkilotlardan na millatga, na davlatga foyda kelmaydi. Zararkunda va parazit bular. Butun bir xalq soliq to‘lab, boqib o‘tiribdi bu to‘ralarni.

Tassavur qiling, birdan O‘zbekistonda Konstitutsion sud  yo‘q bo‘lib qolsa, masalan hammasi ich burg‘idan o‘lsa mamlakat uchun katta yo‘qotish bo‘ladimi?

O‘zbekistondagi muammolar haqida gapirayotganlar ko‘p.

Lekin eng muhimi, O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirishdir.

Dunyoda 194 mamlakat bor. Hamma intiladigan boy va farovon davlatlar demokratiya va erkin bozor iqtisodiga asoslangan tuzumni tanlashgan.

Masalan Shimoliy Koreyaning ahvolini ko‘ringu, uni Janubiy Koreya bilan solishtiring.

Afsus, O‘zbekiston ham Shimoliy Koreya kabi qoloq davlatlar safida.

Konstitutsiyaga zid tarzda iqtidorga kelib, shaffof bo‘lmagan shubhali saylov orqali keti kresloga svarka bo‘lgan prezident, uning  qizlari va yeb to‘ymas kuyovlari. Urug‘i va aymog‘i. 

Butun mamlakatni yamlab yutishga urinayotgan birinchi oila mansublari  va mulozimlar. 

Ulardan qolganni o‘g‘irlash uchun sudranayotgan mentlar, OVIR, Propiska, tsenzura va odamlarni poylab yuradigan DXX iskovuchlari.

Bu manzarani ko‘rib dahshatga tushasan va buni tezda buni TUZATISh zarurligini anglaysan.

Tuzatmasa bo‘lmaydi bu ahvolni. Reforma va Lyustrátsiya zarur. ( lustratio — lotin tilida tozalash, qatron qilish demak)

Men bir ikkita odamdan so‘radim. Masalan mingdan oshiq odam ishlaydigan O‘z MTRK o‘chib qolsa bilinadimi deb. Bilinmaydi deyishdi.

Chunki, Toshkent, Samarqand kabi shaharlar o‘ris TV ko‘rar ekan, qishloqlarda esa chiroq yo‘q.

Savolni davom ettirib birdan O‘zbekistonda DXX  yo‘q bo‘lib qolsachi, deb so‘radim. Koshki deyishdi. Propiska va OVIR yo‘q bo‘lib qolsachi? Yo‘lto‘sar GAI xodimlari o‘rniga oddiy videokamera o‘rnatilsachi? Masalan, Yoshlar ittifoqi  yo‘q bo‘lib qolsa¸yoki prokuratura. Bu judolikdan xalq sevinadimi yo qayg‘uradimi?

Oliy majlis qonunchilik palatasi va Senat deputatlarini hammasini tok urib falaj bo‘lib qolishsa, O‘zbekistonning bugungi vaziyati uchun qanchalik hatarli bo‘ladi.

Masalan prokuratura eshiklari yopilib qolsa va ichidagilar dimiqib o‘lib, mamlakat prokuraturasiz qolsa nima bo‘ladi, nima o‘zgaradi. Adolat qaror topmay qoladimi?

Darvoqe, Ukrainada eski xokimiyatga hech aloqasi bo‘lmagan shaxs haqiqiy erkin saylovlardan keyin Davlat mahkamasi lyustratsiyasini boshladi.

Bosh prokuratura qayta shakllantirildi, qayta attestatsiya va ishdan haydash natijasida prokurorlarning 55 foizi korruptsiyalashgan va malakasiz ekani ma'lum bo‘ldi.

Endilikda jamiyat ishonchini qozongan Rusla Ryabolashka Bosh prokuror bo‘ldi.

Endi O‘zbekistonda kimni bosh prokuror etib tayinlashganiga qarang. Nigmatulla Yo‘ldoshev. Mamlakatda avj olgan repressiya va qashshoqlik uchun javobgar bo‘lgan Senatdagi ko‘rimsiz sichqon.

Qimorga tikilgan davlat

Eng yomon ko‘rgan gapim. “O‘zbekistonni o‘ziga mos yo‘li bor” degan safsata. Uning o‘ziga xos yo‘lsizligi bor xolos.

Yangi yildan bir kun oldin puli milliondan oshgan o‘zbek yigit bilan gaplashdim.

Uning aytishicha texnologiya masalasida Germaniyadan o‘tadigani yo‘q.

«Shu bois 200 ming yevroga «Maybax» moshinasini sotvoldim» dedi pul topib aql topgan birad.

Germaniyaning iqtisodiy rivoji va bu mamlakatga ergashish lozimligi haqida bundan bir yil oldin Mirziyoev ham gapirgan edi.

Ishi yurishganlarga taqlid qilish o‘zbeklarga xos odat.

Aytmoqchi bo‘lganim:

Germaniya o‘zidagi mavjud 7 ta atom elektrostantsiyasidan biri faoliyatini to‘xtatdi.

31 dekabr kuni Filipsburgdagi atom elektrostantsiyasi o‘chirib qo‘yildi.

Germaniya 2022 yilgacha barcha atom elektrostantsiyalaridan voz kechadi.

Xolbuki bu elektrostantsiyalar texnik jihatdan mukammal, bozor nuqtai nazaridan foydali.

Nega shunday sog‘in sigirdan Germaniya voz kechmoqchi?

Chunki nemis mutaxasislari shamol va quyosh energiyasi istiqbolini anglashdi.

Chunki nemislar milliondan bir xolatda ham ehtimoliy falokat sodir bo‘lishini istashmaydi.

Gapni qaerga olib borayotganimni bildingiz. Nega shu masalada Germaniyadan saboq olmaymiz.

Nega korruptsiyaga botgan va qoloq Rossiyaga atom elektrostantsiyasi qurdirmoqchimiz?

Nega faqat qoloq mamlakatlar klubi bo‘lgan Yevroosie ittifoqiga a'zo bo‘lmoqchimiz?

Rossiyaga atom elektrostantsiyasi qurdirishdan Mirziyov va Putinning oilaviy biznesi manfaat ko‘rishini tushunamiz.

Otkatlar tizimi bu ikki oilaga mansub to‘rtta odam cho‘ntagini boyitar. Yana bitta uchoq. Yana bitta qasr va yana bitta yaxta olishar.

Ammo bular o‘ynayotgan qimorga millat va davlatchilik manfaatlari tikilgan.

3 yil ichida mamlakatni «banan» respublikasiga aylantirgan Mirziyoevga to‘xta deydigan siyosiy iroda sohibi bo‘lgan muxolif bormi?

«Yaxshiga yondoshu – yomondan qoch» deya maqolni to‘qigan xalq nega bu qadar mute va aqlsizlikka mubtalo bo‘ldi?

 To‘g‘ri. Bir amallab  yashayapmiz, o‘lganimiz yo‘q 

Assalom O‘zbekiston Juma muborak. 

Tag‘in o‘qing
28 aprel 2016
Turkiya ichki ishlar vazirligiga oid maxsus guruh Ko‘nya shahar markazidagi masssaj saloni islovatxonaga aylantirilgani haqida ma'lumotni tekshirish uchun borganida ...
31 avgust 2020
«Temir daftar»da, ya'ni surunkali kam ta'minlanganlar ro‘yxatida to‘qlikdan cho‘chqaday semirgan, yem yegan eshakdek tepong‘ich kimsalar ham bor. Ko‘p. Ular ...
7 may 2021
Rassom Kirpi
1 iyun 2018
Shvetsiyadan yurtiga qaytmoqchi bo‘lgan 58 yoshli o‘zbek qochqini Muhiddin Qurbonov 23 may kuni O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilinib, Toshkent aeroportidan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...