Asosiy mavzular
17 yanvar 2020

RTdan va'z: O‘ychi o‘ylaguncha tentak suv kechmasin

Birov bir nima desa, darrov laqqa tushma. Kishining gapiga quloq sol, ammo bilganingdan qolma. Yetti o‘lchab bir kes. Bu maqollar tagidagi ma'no «tanqidiy tafakkur» degan ikki jumlaga jo bo‘ladi.

Ko‘rayotganingiz buyuk frantsuz haykaltaroshi Ogyust Roden  (Ogyúst René Rodén) yasagan haykal. Tarix kitoblarida bu haykal nomi «Mutaffakkir» deya keltiriladi. Men uni “O‘ychi” deya atagan bo‘lardim. O‘ychi o‘ylaguncha tentak daryodan o‘tibdi, degan gap bor. Bugungi mavzumiz tentaklar haqida emas, o‘ychilar borasida. O‘ylab-o‘ylab qalovini topgan ekan, qor ham yonibdi, deyishadi-ku.

Xo‘sh, tanqidiy tafakkur nima o‘zi?

Inglizcha Critical thinking mazmuni mantiqiy mushohada ham deyiladi. Absolyut haqiqat puch gap ekanligini inobatga olgan holda tanqidiy tafakkur haqida ikki og‘iz gapirsam.

Tanqidiy fikrlaydigan odam hamma narsani tanqid qiladigan (musappo osmondi ko‘ralmiydig‘on) zot emas.

Tanqidiy tafakkur – bu eshitgan gapini tahlil qilib, keyin qaror beradigan odam zehniyatidir.

Biror axborotni eshitgan zahoti siz uni shubha ostiga olasiz va ichki intelektual bagajingiz ko‘magida taroziga solasiz.

Tanqidiy fikrga ega odamlar yashaydigan jamiyatda «Ahmadboy» yoki «Hasan tabib» singari moshenniklar boyib ketishi qiyin bo‘ladi.

Mirziyoev kabi populist rahbarning kursida o‘tirish imkoniyati ham tanqidiy tafakkur qiladiganlar ko‘pchilik bo‘lgan mamlakatda nolga tenglashadi.

Tanqidiy tafakkur qiladigan odam «chetga ishga yuboraman», degan loxotronlar to‘riga tushmaydi.

Karimov mamlakatni boshqargan 27 yil mobaynida hech narsani o‘ylamaydigan, «biz bilgandik, biz kutgandik», deb ma'rashdan boshqani bilmaydigan qo‘ylar suruvi yetishtirildi.

Maktabda ular miyasiga «musappo osmon» g‘oyasi singdirildi. To‘y va azada esa xurofotchi mullalarning klerikal bulshiti bilan miyaning bo‘sh qolgan qismi to‘ldirildi. Bu to‘daning «miya»sidagi suyuqlikning uchdan biri «boy otalar» va «vorovskie ponyatiya» (ya'ni o‘g‘ri aqidasi va jinoiy to‘da adolati) haqidagi cho‘pchak bilan zaharlangan.

Ayni paytda jamiyatning ko‘pchiligi miyasi dunyo tamadduni, yuksak san'at asarlari haqidagi boshlang‘ich ma'lumotdan butkul mosuvo.

Fizika qoidalari yerning yumaloq ekani, tortish kuchi yoki sig‘imi borligi haqidagi ibtidoiy tushunchalar ham yo‘q bularning miyasida.

Navoiy viloyati hokimining «Ozodlik» radiosi dushman» degan gapi yoki mamlakatdagi media rahbari Komil Allamjonovning ayni mazmundagi aljirashini eslang. Ëki Ortiqxo‘jaevning qullar va qamoqdagi mahbuslarga majburan qazdirilgan Katta Farg‘ona kanalini olqishlab gapirgani.

Demak, bularning miyasida yana bir zaharli ximikat – stalinizm virusi mavjud.

Bunday «kokteyl» to‘ldirilgan bosh chanoq sohiblari soni 30 milliondan ko‘p ekanligini anglashning o‘zi qo‘rqinchli.

«Balki chindan ham, faylasuflar aytgandek, inson dunyoni bilib borar. Balki ertalab tongda “falon yulduzda hayot bor”, degan e'lon bizni quvonch larzasiga solar.

Biz mo‘'jizalar kutib yashaymiz».

Muhammad Solih, «Ulug‘bekning barmog‘i».

Muhammad Solihning bu maqolasini o‘qiganimda shahardan olisdagi tuman maktabining to‘qqizinchi sinfida edim. «San'at» degan jurnalda bosilgan edi maqola. O‘shanda esse degan janr borligini ilk bora bilgandim. Idrokka xitob degan tushuncha bor, inglizcha chelenj anglamiga uyg‘un. Bu maqola mening idrokimga xitob edi. Uni o‘qiganimdan keyin sovet borlig‘iga seskanish bilan qaray boshladim. Maqolada tasvirlangan bolakayning yoshi ham bugun qirqqa yaqinlashdi. Komil og‘aning o‘g‘li Ulug‘bek. Odatda bu tarz maqolalar mazmuni 40 kunga bormay eskirmog‘i lozim edi. Bugun uni qayta o‘qib, hanuz dolzarb ekaniga amin bo‘ldim. «Navoiyga o‘xshagan yigitlar, Nodiraga o‘xshagan qizlar ko‘p. Faqat navoiylar va nodiralar yo‘q», deb afus qilgan muallif pirovardida beshikda yotgan boladan umid qiladi. To‘g‘ri ma'noda bu umid ushalmadi. Komil og‘aning o‘g‘li bugun Rossiyada mardikorlik qiladi….

Ammo Umid hanuz beshikda yotibdi.

Minnatdor o‘quvchi sifatida bugun to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotgan yoshlarga tavsiya qilaman buni o‘qishni.

“Inson dunyoni bila borib, mo‘'jiza oddiy narsaga aylanadi va … u bo‘lak hayratlanmaydi».

Ammo Lev Tolstoy hayratlanaveradi.

U bir kuni yo‘lda qariqiz butasidagi singan shoxchani ko‘rib taajjublandi, siniq shoxchaning hayot uchun mardona kurashini ko‘rib, shoh asarlaridan biri — “Hojimurod”ni yozdi.

Siz “Hojimurod” qarshisida hayron qoling, Tolstoy qandaydir o‘simlikning singan shoxini ko‘rib, ikkinchi Hojimurodni tasvirlasin.

Chunki u notanish qizaloqning qing‘ir-qiyshiq yozilgan maktubini o‘qir ekan, ko‘ziga yosh oladigan odam, chunki u kuz yaprog‘ini ko‘rib, hikoya yozadigan kishi. Chunki u odamning mavjudotlar ichida eng mukammali ekanini bilsa ham undan hayratlanaveradi.

O‘z do‘stiga xat yoza turib: “Odamlar osiladigan o‘sha inshoot dor qaysi yog‘ochdan quriladi”, deb hayratlanadi, inson o‘z og‘aynisi — inson bo‘yniga bemalol sirtmoq tashlashi mumkinligidan taajjublanadi u. 

Chet el xabarlari: Shinjondagi millatchilik

Shu haftada huquq himoyasi bilan shug‘ullanuvchi nufuzli tashkilot bo‘lgan «Hyuman rayts uotch» dunyo bo‘ylab inson huquqlari vaziyatiga oid hisobotini e'lon qildi. Bu yilgi hisobotda o‘zbek xalqiga tili va madaniyati jihatidan eng yaqin bo‘lgan uyg‘urlarning ahvoli haqida so‘z boradi.

Xitoyda qatag‘onlar har qachongidan yuqori va texnologik darajada amalga oshirilmoqda. 13 million musulmon (uyg‘urlar, qozoqlar va boshqa turkiy ozchiliklar) yashayotgan Shinjonda aholi ustidan elektron kuzatuvning misli ko‘rilmagan dahshatli tizimi ishlamoqda.

Bularning bari go‘yoki bir necha yil burun ayirmachilar sodir etgani iddao qilingan zo‘ravonliklar takrorlanishining oldini olish bahonasida boshlangan, ammo bu keyinchalik har qanday aql bovar qiladigan xavfsizlik quyushqonidan chiqib ketgan. Millionlab amaldorlar va partiya a'zolari musulmon xonadonlariga chaqirilmagan «mehmon» maqomida borish, ba'zan hatto tunab qolishga safarbar qilinmoqda.

Xitoy hukumati butun Shinjonni kuzatuv kameralari bilan qamradi, ularni qiyofani tanish tizimiga uladi, «mehmonlar»ning kuzatuvi natijalari va elektron nazorat punktlariga biriktirilgan mobil ilovalar ishlab chiqildi.

Olingan elektron ma'lumotnoma asosida «qayta tarbiyalash»ning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror chiqariladi. So‘nggi o‘n yilliklar ichida dunyo Shinjondagi kabi lagerlar tizimini ko‘rmagan. U yerga noma'lum muddatga «siyosiy qayta tarbiyalash» uchun turkiy millatga mansub kamida bir million musulmon surgun qilindi. Shu bilan bir vaqtning o‘zida «etimlar»ni g‘oyaviy qayta tarbiyalashga ixtisoslashgan bolalar uylari va internatlar ham tashkil etildi.  Ko‘rinishidan, asosiy maqsad musulmonlarni diniy va etnik o‘ziga xosligi va mustaqil siyosiy mavqeidan butunlay mahrum qilishdir. Lagerdan chiqish uchun siz xitoy tilida gaplashadigan va «haqiqiy» xitoy kabi o‘ylaydigan bo‘lishingiz, ya'ni hech qanday islomni tan olmasligingiz va Xitoy Kommunistik partiyasi raisiga cheksiz sadoqatli shaxs ekaningizga kuratorlarni ishontirishingiz kerak.

Xitoy propagandasi hatto o‘zbek tashviqotchi jurnalistlarini ham o‘z domiga tortmoqda, ular uchun Xitoyga safarlar uyushtirmoqda. 2019 yilning avgust oyida «Sinxua yangiliklari nashri Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidovning Xitoy tomoni taklifi bilan Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumaniga tashrif buyurgani haqida yozdi. Xitoyning iqtisodiy yutuqlari haqida o‘zining hayajonli taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, o‘zbekistonlik jurnalist Muhammadjon Obidov: «Dunyo hamjamiyati masalaga bir yoqlama yondashayotgan va yumshoq qilib aytganda muammoni noxolis yoritayotgan G‘arb ommaviy axborot vositalarining xulosalariga asoslanmasligi kerak. Taraqqiyot tinchlik tarafida. Bu Xitoyning tinchlikni ta'minlash yo‘lidagi tanlovidir», deya ta'kidlarkan, aslida Xitoydagi uyg‘ur qardoshlarimizga qarshi ommaviy qatag‘onni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ulug‘bekning barmog‘i

Ko‘rsatuv boshida Muhammad Solihning tanqidiy tafakkur haqidagi essesidan parcha keltirgandim. Yana bir uzintiga diqqatingizni tortsam:

«— Van Gogning “Avtoportret”iga o‘xshab qoptimi? Men esankirab qoldim. Faqat savoldan emas, suratning mashhur “Avtoportret”ga o‘xshaganligidan ham.

Og‘ayni, senga faqat rassom Van Gog emas, shoir Mashrab ham, Verlen va Nerval ham o‘xshaydi, buni bilmaysan. Suratkash sal asbobini burasa, sen Napoleonga ham o‘xshab qolishing mumkin.

Albatta, sen Van Gogga o‘xshash uchun qulog‘ingni kesib berishga tayyorsan, men esa pakana jahongirga o‘xshash orzusida oyog‘imni kesib beraman, ammo biz Van Gogning natyurmortidagi kartoshka gulini o‘z tomorqamizda ko‘rsak ajablanmaymiz yoki men oq chodirda yotib, “Verter iztiroblari”ni yetti marta o‘qishdan erinaman.

Oshpazga mengzaydigan Suqrot tabiatning oldida tiz cho‘kadi, undan hayratlanadi, suqrotpeshona oshpaz esa tabiatga qarab esnaydi.

Aytdim-ku, odamlar o‘xshash, deb.

Navoiyga o‘xshagan yigitlar, Nodiraga o‘xshagan qizlar ko‘p. Faqat navoiylar va nodiralar yo‘q.

Baribir, beshigimizda umid yotibdi. U bizning yagona farzandimiz. Uni mudhish loqaydlikdan saqlay olsak, bas. Unga aytgan allamizda yolg‘on bo‘lmasa, bo‘ldi».

Umid haqida eng optimistik bitik yozgan ekan Muhammad Solih.  Bu bitik yozilganidan 20 yil o‘tib shoir Asqar Mahkam umidsizlik haqida yozdi.

Sen endi non emas,

Bir makon tilan.

Ey mulki xomtalash

Ey mulki barbod…

Vataningni o‘lchar

Qadami bilan

Seni Vataningdan haydagan jallod.

Yerning tili edi daryolar o‘ksuk

Uni qonga pishdi tirik qo‘y kabi…

Xalqning yarmi qildi jallodga qulluq,

Yarmi qochib ketdi orqalab qabrin,

…Buncha vatan deysan, ey bevatanim…

Buncha vatan deysan, vatangadoyim…

Tanqidiy tafakkur haqida gaplashayotgan edik.

Tanqidiy tafakkur qiladigan odam chiqmagan jondan umid qilmaydi. Tentaklardan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga artadi. Orzu va umidning ilinjdan farqi bor. Insonni ilinj o‘ldiradi. Yaqinda Yulduz Majidova degan yurtdoshim bir rivoyatni eslatdi:

«Kambag‘al odam boyning qorovuli bo‘lib ishlaydi. Qishning qahraton kunida boy ishdan qaytib qorovuliga: “Buncha yupun kiyindingiz. Havo sovuq-ku. Hozir sizga issiq po‘stin olib chiqib beraman”, deydi. Boy uyga kiradi, o‘z ishlari bilan chalg‘ib, yupun kiyingan qorovulni esidan chiqaradi. Ertalab qarasa, qorovul eshik oldida sovuqdan to‘ngib, muzlab o‘lib qolgan bo‘ladi. Qissadan hissa shuki, bu qorovul bundan oldingi qahraton sovuq kunlarni ham shu yupun yirtiq kiyimida o‘tkazgan. Hatto shamollamagan ham. Lekin boyning unga bergan ilinji, sarobga aylangan umidi uni shu tundagi ayozda muzlab o‘lishiga sabab bo‘ldi».

Nima demoqchiman. Ilinj emas, umid va orzu qilaylik. Teshik kemani eng birinchi bo‘lib kalamushlar, eng oxirgi bo‘lib umid tark qiladi. Shunaqa gaplar.

1936 yilning 14 fevralida O‘zbekiston g‘arbidagi Urganch shahrida tug‘ilgan buyuk qo‘shiqchi Anna German kuylagani kabi “umid bizga yo‘l ko‘rsatguvchi kompasdir”.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
31 iyul 2023
Shaxrixonsoyda uch o‘spirin jasadi topildi. 30 iyul kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoydan uchta o‘spirin yigit murdasi ...
4 mart 2016
O‘tgan fevral oyida ham O‘zbekiston telekanallari “eski ashulalari”ni baralla kuylashdan charchamadi. Ya'ni telekanallarning bosh mavzulari yana o‘sha “ma'naviyatni yuksaltirish”, ...
17 aprel 2018
O‘zbekiston prezidentining diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida soha rivojining ustuvor yo‘nalishlari xususida to‘xtalib o‘tilgan. Farmondan iqtibos: ...
12 noyabr 2019
Parlament saylovi oldidan “demokratiya o‘yini” o‘ynashga kirishib ketgan partiyalar rahbarlari bilib-bilmay jamiyatning katta qatlami noroziligiga sabab bo‘ladigan bayonotlar berishda ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...