Asosiy mavzular
25 yanvar 2020

RTdan va'z: Et vogue le navire

Hafta o‘tib men yana sizlar bilanman, qadrli tomoshabinlarim. So‘zimni hafta yangiliklari bilan boshlasam.

MAHALLIY YaNGILIKLAR

O‘tgan hafta prezident Karimovning yeb to‘ymas kenja kuyovi Yevropadagi mulklarini sotayotgani ma'lum bo‘ldi. Hujjatga ko‘ra, Lolaning eri Temur Tillaev Jenevadagi o‘z villasini 30 million frankka pullamoqda.

Eslasangiz, uzoq yillar Temur Tillaev “Abu Saxiy” bozoriga egalik qilgan, O‘zbekistonga bojsiz mol kirituvchi monopolist bo‘lgan. Uning turli sxemalari bois mamlakat byudjetiga yuz millionlab dollarlar tushmasdan qolgan.

Ellik dollar oylikka ishlaydigan byudjet idoralari xodimlari endilikda pullarining bir qismi Lola Tillaeva oilasi bilan yashayotgan Los-Anjelesdagi 50 millionlik villaga sarflanganidan quvonishlari mumkin.

Uch oy ruhiy shifoxonada saqlangan faol Nafosat Olloshukurova shu haftada mamlakatni tark etdi. Xayr endi, jinnilar, dedi qo‘l silkib bloger uni tekin dori berib boqqan do‘xturlariga.

O‘zbekiston mutlaqo Rossiya ta'sirida bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida qo‘shiladigan bo‘ldi. Hozircha. Ekspertlar yengil nafas olganday bo‘lishdi. Lekin bu ham ko‘pga bormasa kerak.

Karimovning tosh davri o‘z pozitsiyasini to‘la saqlab qoldi. O‘tgan haftada viloyatlarning barcha hokimlari yoppasiga yangi besh yillik muddatga qayta tayinlandi.

Siri bilan suhbat

Sovet davridagi katta shaharlarda spravkalar byurosi bo‘lardi. Bir narsani bilmasang, 2 tiyin to‘lab so‘rab olarding. Masalan, men Moskva aeroportidagi spravkalar byurosidan o‘zim kambag‘alman, shahar markaziga taksi olmay qanday boraman, deb so‘raganimda, kiosk ichidagi qiz menga qaysi avtobusga chiqib, metroning birinchi bekatiga chiqishimni sariq qog‘ozchaga yozib bergan. 2 tiyin to‘lab 30 so‘mni ekonom qilgandim. Hozir bu narsalarni telefondagi gugldan so‘raysiz. 

Ëki Siri degan qizdan. (Siri – bu Appl mobil shirkatining so‘rov tizimi). Men ermak uchun Siriga siyosiy savollarni berib javob oldim. Darrov aytay, Siri degan robot qizning javoblari o‘zbek erkak deputatlarinikidan aqlliroq.

Siridan so‘radim. – Qachon O‘zbekistonda gaz-svet normal yonadi?
– Hech qachon.
– O‘zbekiston prezidenti gaz-svet yaxshi bo‘ladi dedi-ku?
– 15 yil deputat bo‘lib, qo‘rqib indamay o‘tirgan odam yaxshi bo‘ladi desa, buning teskarisi bo‘ladi.
– O‘zbekistonga yaxshi hayot qachon kelajak?
– Yaqin 25 yilda, hech qachon…
– Nega?
– Chunki buyuk kelajak prorabi prezident kreslosida o‘tiribdi.
– Siri, sen nega O‘zbekiston prezidentini sevmaysan?
– Chunki u Putinni sevadi.
– Siri, ayt-chi, Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaevni Parijga hokim qilsa, nima bo‘ladi?
– Siri, nega jimib qolding?
– Yig‘layapman…
– Nega?
– Parijga rahmim kelyapti…
Shundan keyin Siriga savol berishni to‘xtatib, telefonimni cho‘ntakka solib, televizorni yoqdim. 

Qo‘rquv saltanati quladimi?

Televizor uch yil ichida qilingan ishlar haqida odamlardan so‘rayapti. Bitta xola gapiryapti. “Men uch yil oldin sigirimni qo‘rqib sog‘ardim. Bugun qo‘rqmasdan sog‘yapman. Chunki sigirim ham o‘zimga o‘xshab qarib qoldi”, dedi. Bu xola senator ekan. Televizor Senat a'zolarini ko‘rsata boshladi. O‘sha eski, qarib churigan odamlar. Ëshini yashab, oshini obdon oshab tashagan. 

Keyin prezident Mirziyoev yangi saylangan deputatlari oldiga chiqib, oldinlari qo‘rquv saltanatida yashagani haqida gapirdi. Demak, 3 yil oldingi qo‘rquv saltanatidan bizni qutqargan hozirgi prezident ekan-da. Mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, bu gaplardan Islom Karimov yomon rahbar bo‘lgani tushuniladi. U holda nega xalqaro aeroportga uning nomi berildi, hamma joylarga uning haykallari o‘rnatildi, jamiyatni qo‘rquvda ushlagan Inoyatov esa Senatda o‘tiribdi? Mantiq qani?  

Lekin hamma muammo qari senatorlarda, desak ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Alifni kaltak deya olmaydigan yoshlar to‘dasi balki undan ham yomon. Kasalxonaga bitta kampir kelib, chap oyog‘im og‘riydi, debdi. Doktor ko‘rib, «xola, saksonga kiribsiz, og‘riydi-da», debdi. Xola boshini chayqab, “bu gap noto‘g‘ri, o‘ng oyog‘im ham sakson yoshda, u og‘rimayapti-ku” debdi.
(Kulgi ovozi eshitiladi)

Yana televizorga qarayman.
Prezident gapiryapti.
“Jurnalistlarni hamma yomon ko‘radi, lekin men ularni yaxshi ko‘raman.”
Cho‘ntagimdan telefonni olib, Siriga savol berdim.
– Prezident jurnalistlarni nega yaxshi ko‘radi?
– Yaxshi ko‘rmaydi. Yaxshi ko‘rsa, uch yil ichida hech bo‘lmasa bitta jurnalistga intervyu berardi. Uch yildan buyon Mirziyoev hammaga savol beradi, ammo biror marta biror savolga javob bergani yo‘q. G‘alati emasmi?  

To‘rong‘ildagi lattalar

Siri bir robot. Nari borsa, temir xotin. Nimaniyam bilardi. Masalan, men uchun prezident antiqa axborotlar manbai. Masalan, kechagi chiqishida u Qashqadaryo viloyatininng oldingi hokimi Zafar Ro‘ziev irim qilib go‘ristondagi to‘rong‘ilga latta bog‘lashini aytib berdi.

Qashqadaryoga byudjetdan ko‘proq pul ajratilsin, deb oq latta bog‘larkan. Qashqadaryodagi norozilar “Ozodlik”ka chiqmasin deb qizil latta bog‘lar ekan. Niyat qilib niyat daraxtiga latta bog‘lar ekan oldingi hokim. Bunday niyat daraxtlarini tolibonlar va vahobiylar birinchi ocheredda chopib tashaydi. Demak, prezident ham o‘zimiz singari salafiy ekan. Mosholloh. Darvoqe, IShIDga o‘zbekcha biladigan rahbar tayinlandi. Mabodo, prezident uchrashib qolsa, tilmochga hojat yo‘q.

Qashqadaryoning bugungi hokimi Zoyir Mirzaev yaxshi niyat bilan fermerlarni oldin suvga bo‘ktirib, keyin kesak ko‘tartirardi. 

Afrikadagi qanaqadir tam tam qabilasi emas, O‘zbekiston haqida gapiryapman.

To‘g‘risi Mirziyoevning aljirashini eshitib, oldin befarq bo‘ldim. To‘g‘rida, bu Rossiya oshig‘i tovuqboqarning qovoq kallasidagi og‘iz deb atalgan teshikdan qachon mantiqli bir gap chiqibdiki…

Ammo sal o‘tib uyaldim. Shuncha odam bitta odamning og‘ziga qarab qolganiga.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiramiz desa ham hamma urra deb chapak chaladi.

Kirmaymiz, kuzatuvchi bo‘lamiz desa ham, hamma urrra deydi
Urra-urra vaqti o‘tdi desa ham hamma urra deb telpagini osmonga otadi.

Bittasi chiqib, siz singapurlik buyuk reformator Li Kuan Yudan ham ko‘p ish qivordingiz, devordi. Mirziyoev davrimizning Lenini, u Tramp tog‘adan ham zo‘r, desa bo‘larmidi.

Qanaqa xalq bo‘lsa, shunaqa prezident. Ko‘k choynakka ko‘k qopqoq, oq choynakka oq qopqoq. Ammo sovuqning shashti tushgani ortidan deputatlar uyg‘onib, eski bosh vazirni yangi bosh qilib saylashdi.
Ko‘klam kelsa, o‘rtoqlar, uyg‘onadi butoqlar, uyg‘onmasa o‘rtoqlar, gullab ketar butoqlar.

Hazil ko‘payib ketmadimi o‘rtoqlar. Aslida xazilning tagi zil. Bu gaplar yig‘layotgan odam tabassumidir. Temir xotin kinosidagi qo‘chqor aka aytganidek, “baribir yig‘lamayman”

Kanada chegarasiga yetib olish

Mana, Mirziyoev davrida bloger Shabnam qochib ketdi. Undan oldin jurnalist Malohat Eshonqulova ham qochuvdi.

Shabnamning qochgani haqidagi video tagiga qo‘yilgan sharhlarni o‘qiymiz.

Abror Olimov: Manam shunaka kilip amerikaga ketvoremikina, jonga tegdi muttaxamlar bilan yashash.

Guli Xojieva: Dokument tayyor edimi? Kanday birdaniga chet elga ketib koldi? Odamlar necha yil kutadi?

Makbule Jumaeva: Xamma chikib ketsa, kim kelarkan O‘zbekistondan

Rustem: U davrlar o‘tti degan Sh.Mirziyaevning balandparvoz gaplari kaerda koldi? O‘zbekiston o‘zgargani yo‘k, aksincha cho‘kishi tezlashib ketiyapti.

Bu mening emas, odamlarning gapi. Ko‘pchilik O‘zbekistondan chiqib ketsam, deb orzu qiladi. O‘zbeklar AQShga ketish uchun grin kard o‘ynaydiganlar soni jihatdan dunyoda ikkinchi o‘rinda. Nima qilib bo‘lsa ham Mirzyoev boshqargan musappo osmonli davlatdan qochib Kanada chegarasigacha yetib olish barchaning orzusi. Chetga yuboraman, deb yolg‘ondan firma ochib ko‘ring, million odam kelib, ocheredga turadi «meni yubor» deb. 

Bu tagi teshilgan va mana-mana cho‘kaman deb turgan shaloq kema ichidagi manzaraga o‘xshaydi.

1983 yili Federiko Fellini suratga olgan “Kema suzmoqda” degan kino syujeti ana shunday edi.

Bundan 100 yil oldin jahon urushi boshlangan kunlari cho‘kib ketgan kemadagi oxirgi kunlar haqida edi bu film.

O‘zbekistondagilar o‘zlarining cho‘kayotganlarini bilmagani kabi bu film personajlari ham oyoq ostidagi falokatni sira o‘ylashmaydi.

Faqat bir personaj og‘zidan chiqqan gap falokat shamoyilini belgilaydi.

“Men bir pasdan keyin vulqon otiladigan tog‘ning tepasidaman”, deydi u.

Tashqaridan sobit ko‘ringan tog‘ ichidagi norozilik vulqoni otilar ekan, eng avvalo, ana shu tog‘ cho‘qqisidagilar halok bo‘ladi.

Bu gap O‘zbekistonga taalluqli.

Bugun O‘zbekiston degan tog‘ cho‘qqisida Mirziyoev oilasi va bu oilaning cho‘ntaklari bo‘lgan yirtiqxo‘jaevlar o‘tiribdi.

Shuningdek, bu oila qilmishlariga sherik bo‘lganlar podasi tog‘ cho‘qqisida o‘rmalab yuribdi.

Tog‘ning ichida esa lava tashqariga chiqish yo‘lini qidirmoqda.

Odatda lava ko‘zga ko‘rinmaydi. Ko‘p hollarda ustamon vulqonshunoslar ham vulqon qachon otilishi haqida aniq prognoz bera olmaydi.

Vulqon otilib, har yer to‘s-to‘rpoq bo‘lganida esa shunday sokin tog‘ ichidan vulqon otiladi deb o‘ylamagandik, deyishadi.

Zilzila¸ vulqon va boshqa kasofatlarni itu mushuklar savqi tabiiy ila sezib, bu hududdan qochishga harakat qilishar ekan.

Boya aytganimdek, O‘zbekistondagi odamlar nima qilib bo‘lsa ham mamlakatdan chiqib ketish harakatida.

O‘zbek ertagidagi uy hayvonlari zolim xo‘jayindan qochib, o‘tlari yashil, suvlari sovuq susambilga yo‘l oladi.

Bu ertak bugungi hayotimizdir.

Qizlar chet ellik er qidirishmoqda, bilagida kuchi borlar O‘rusiyaga qarab engan. Sal pal kitob o‘qigani esa Ovrupoyu Amriqo tarafga qarab juftakni rostlagan. Yo‘lini topganlar Koreyaga qarab o‘kchani ko‘tarishgan.

Odamlar ichidagi savqi tabiiy ularning idrok ostiga signal yuborib, ertangi vulqon oqibatlaridan nari turishga undayapti.
Zotan, falokat eshik qoqmaydi. Vulqon birdan otiladi, yer to‘satdan qimirlaydi¸ kema esa darhol cho‘kib ketadi.

Faqat keyinroq ma'lum bo‘ladiki, to‘satdan yuz bergan falokat tasodif emas, balki yillar davomida yig‘ilib kelgan sabablar oqibatidir.

Ammo hali kema cho‘kmasdan turib, halokat sababchisi haqida taraddudsiz ayta olaman. Bu aybdor Islom Karimov yaratgan va uning sadoqatli shogirdi Shavkat Mirziyoev parvarishlayotgan rejimdir.

Demokratik davlatlarda Mirziyoevga o‘xshaganlarni falokat yuz bermasidan oldin itqitib tashlaydigan katapultalar bo‘ladi.

Xuddi qisqa tutashuv paytida yong‘in bo‘lmasligi uchun predoxranitel otib yuborgani kabi.

Biz bunaqa katapultani yarata olmaganimiz uchun cho‘kib ketishga, vayron bo‘lishga mubtalomiz.

So‘zim oxirida qo‘limdagi telefonni olib Siriga Mirziyoevning gapini eshittirib berdim.

“Bizni og‘ir davrlar kutyapti”, dedi prezident.

Sirining javobi qisqa bo‘ldi: “Davlat boshlig‘ining vazifasi xalq og‘irini yengil qilish”.

Maladets, temir xotin. Bilasan-a, bilasan. Ammo og‘ir davr degani nima? O‘zbekiston o‘z tarixida ochlik davrlarini ko‘rgan. Odamlar kunjara yeb shishib o‘lgan desam, yonimdagi molboqar, “e, Tuz tog‘a, kunjara molga yo‘g‘-u, siz odamni gapirasiz deydi”.

Siz shunga loyiqsiz

O‘zim kal, ko‘nglim nozik deganidek, shu holiga mamlakat oltin zapasini tonnalab sotib “Humo” muz areanasi qurdik. Mana “Humo” degan aviakompaniya ham ochilarkan. 

“Humo” degan uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatlikda aybladi. Eronda “Humo” degan uchoq shirkati bor ekan. Umuman, Eronning lyuboy ko‘chasiga borsang, sakkizta “humo” restorani va o‘ttizta “humo” nomidagi hammom bor ekan.

Eron mifologiyasi ramzi va hayotda mavjud bo‘lmagan bu qushni 1991 yili O‘zbekiston gerbiga tiqishtirgan odam Pirimqul Qodirov edi. Fuqaro so‘zini tiqishtirgan ziyonlilardan biri ham o‘sha odam edi.

O‘zlikdan uyaladi desam, bu odamning o‘zligi ham bo‘lmasa kerak. Mayli, o‘ldi-ketdi. Ammo O‘zbekiston kabi turk davlatida eron timsoli “nima qiladi”, degan savol o‘lmadi.

O‘zbekiston davlatining tarixiy o‘tmishi sifatida ko‘riladigan Temur davlati timsoli bo‘lgan tug‘ ko‘k rangda va uchta oq dumaloqdan iborat edi. Ko‘k rang tangri va osmon mazmunini beradi, fondagi oq dumaloqlar Temur ishg‘ol qilgan uch qit'a tasviri edi.
Zamonaviy grafik dizayn nuqtai nazaridan qaralsa ham mukammal va ortiqcha tafsilotdan xoli timsol.

Bugungi kunimizdagi o‘zbek harbiylari o‘ziga faxr deb biladigan xorazmshoh Jaloliddin Menkgburni ko‘targan bayroq qora rangdagi to‘g‘ri to‘rtburchak matodan iborat edi.

Zamonaviy tilda minimalizm deb ataladigan dizayn. Xuddi rassom Malevich chizgan qora kvadrat kabi.

Hindistonni ishg‘ol qilgan Bobur ko‘targan bayroq sariq fondagi qizil uchburchakda iborat edi. Yana o‘sha minimalizm. Yana o‘sha davlat piramidasi ramzi bo‘lgan uchburchak.

Temur tug‘i ham, Jaloliddin va Bobur ko‘targan bayroqda ham hilol tasviri bo‘lmagan.

552 yildan 603 yilgacha Sirdaryo bo‘ylari, Yettisuv va Tolos vodiysida hukm surgan Ko‘kturk imperatorligi bayrog‘ida ko‘k (osmon va tangri ramzi) fonida bo‘ri kallasi aks etgan edi.

Qoraxoniylar sanjog‘ida daraxt, xunlar gerbida esa burgut aks etgan.

Ya'ni tariximizga asos bo‘lgan va bugungi O‘zbekiston o‘zini merosxo‘r deb biladigan va tarixda barlos, mang‘it, qo‘ng‘irot, ming va juz urug‘laridan chiqqan xonlar boshqargan davlatlarning bir suri simvollari bor.

Bularni qo‘yib xayoliy humoni timsol qilgan davlat rivoji ham xayolda qolib ketadi.

Bugun dunyoga maydon o‘qiyotgan davlatlar tug‘i timsollariga qarang.
Amerikada burgut, Germaniyada shunqor, Britaniyada arslon tasviri.

1992 yili bayroq va gerb tanlangan kuni parlamentda nutq so‘zlagan shoir Erkin Vohidovni asosan kolxoz raislaridan iborat deputatlar tushunmadi.

-Biz bugun paydo bo‘lgan davlat emasmiz. Bayroq va gerb chizishga ehtiyoj yo‘q.

Bobolarimiz davlat qurib bayroqlarini nafaqat o‘z saroyiga, balki dunyo peshtoqiga ilib qo‘ygan. Shu bayroq va timsollardan birini olaylik. Qarang, Gruziya ham, Ukraina ham o‘zining eski bayrog‘ini ko‘tardi. Biz nega shuncha qadim davlatchiligimiz bo‘la turib, yangi bayroq chizib o‘tiribmiz.

Boya aytganimdek, 98 foizi kommunist bo‘lgan sutsog‘ar va traktorchilardan iborat parlament bu gaplarni tushunmadi.

Yangi timsol ham qabul qilishgani yo‘q. Eron mifologiyasi simvoli humo qushi va shia mazhabidagi 12 imom tamsili bo‘lgan 12 yulduzli bayroqni tug‘ qilib ko‘tarishdi, qo‘yishdi.

O‘zga timsol va yot bayroq ostida o‘tgan 28 yil tubanlik, darbadarlik va qashshoqlikdan iborat bo‘ldi.

Siz bunga loyiqsiz.

Chunki siz tarix va o‘zlikni unutdingiz. Kurashish va haq talab qilish nimaligini ham bilmaysiz. Nafaqat qadringizni, balki qorningizni ham o‘ylamaydigan notavonga aylantirildingiz.

“Bizga ertakdagi humo emas, tuxum qiladigan tovuq kerak”, degan odamni uchratmadim.

“Malibu” degan mashinani knyaz deb ulug‘lab qo‘shiq kuylaganni ko‘rdim.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

(qo‘shiq parchasi)

Tag‘in o‘qing
12 aprel 2018
PosterUz
7 dekabr 2015
Omadli biznesmen va O‘zbekistondagi ilk xususiy bankni tashkil qilgan Rustam Usmonov, o‘sha paytlarda hali Toshkentdagi eng oliy kabinetlarga kira ...
31 avgust 2020
31 yanvar O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun Shavkat Mirziyoev Shahidlar xotirasi xiyoboniga ...
7 iyun 2016
O‘zbekiston telekanallarida mamlakat iqtisodiyotining “qudrati”, “imkoniyatlari”, dunyoda salkam eng rivojlangan ekani to‘g‘risida eshitsangiz ajablanmang. Chunki 20 yildan oshdiki, faqat ...
Bloglar
2 mart 2021
Bir og‘aynim qo‘qqisdan men haqimda daholarcha bashorat qilib bunday deb qoldi: Kerak bo‘lsa, ming foiz ...
25 fevral 2021
Bolaligimda mendan 5-6 yosh katta qo‘shni kaptarvoz bola bo‘lardi. Ko‘pincha kaptarlari bizning hovlimizga uchib kelib ...
17 fevral 2021
Hali gazga o‘tilmagan yonilg‘i sifatida faqat benzindan foydalaniladigan vaqtlar edi. Benzin esa avtomobillarga yonilg‘i quyish ...